Testlar «qoricha» yodlash darajasini tekshirmasligi lozimligi borasida bir necha bor aytganman. Shuningdek, bir necha bor qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga qaramay, bu muammo yechilmay qolayotganini ham yozgan edim. Bu yilgi imtihonlardan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, shuningdek, DTM saytida e’lon qilingan test topshiriqlari namunalarini tahlil qilsak, ularda «kim?», «nima?», «qayerda?», «qachon?» singari savollar ko‘pligini ko‘rish mumkin, demak, yaqin kelajakda qoricha yod olishdan forig‘ bo‘lishimiz dargumon.
«Gazeta.uz» tahririyatining xotira testidan ta’lim standartlariga belgilangan kompetensiyalarni sinashga qachon o‘tilishi to‘g‘risidagi savoliga «DTM test topshiriqlari sifatini oshirishga hamisha e’tibor qaratib kelgan», «test topshiriqlari Davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va amaldagi darsliklar asosida shakllantiriladi», «kompetensiyaga asoslangan test topshiriqlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh shakllantirilgan» deb javob berishdi.
Bir narsani tushunish lozim. Kompetensiyani tekshiruvchi va «darsliklar asosida tuzilgan» testlar — bu bir-birini istisno qiluvchi tushunchalardir. Kompetensiya bu Davlat ta’lim standartida belgilangan ta’rifga asosan bilim, ko‘nikma va malakalarni kundalik hayotda qo‘llash qobiliyatidir. Bu degani, agar maqsad kompetensiyalarni sinash bo‘lsa, unda test topshiruvchi darslik chegarasidan chiqib, darslik yordamida olgan bilimlarini turli vaziyatlarda qanday ishlata olishini ko‘rsatishi kerak.
Oddiy misol. Tasavvur qilaylik, matematikadan «kvadrat tenglamalar» mavzusi o‘tilgan. Agar o‘qituvchi o‘quvchilarda kvadrat tenglamalarni yechish ko‘nikmasi shakllanganligini tekshirmoqchi bo‘lsa, u holda u nazorat ishida ularga darslikda bo‘lmagan va sinfda yechilmagan yangi tenglamalarni yechishni beradi. Aks holda, o‘quvchi shunchaki yodlagan yechimlarini takrorlashi mumkin. Agar o‘qituvchi o‘quvchida kompetensiyani tekshirmoqchi bo‘lsa, o‘quvchilarga shunday hayotiy muammo berishi kerakki, uni yechish uchun kvadrat tenglamalardan foydalanish zarur bo‘lsin.
Chet tillari o‘qituvchilariga ustama belgilash maqsadida o‘tkaziladigan test sinovlarida turli xalqaro imtihonlarga tayyorlanish uchun chop etilgan qo‘llanmalar va saytlarda berilgan topshiriqlardan foydalanish ham xotira testi sifatida ko‘rilishi mumkin. O‘qituvchi chet tilini yetarli darajada bilgani uchun emas, balki javoblarni oldindan yod olgani uchun testdan kerakli ball to‘plab o‘tishi mumkin. Bundan tashqari, agar mazkur qo‘llanma yoki sayt mualliflari DTM testlarida o‘z materiallaridan foydalanishga yozma rozilik berishmagan bo‘lsa, bunday harakatga davlat organining mualliflik huquqlari to‘g‘risidagi qonunlarni buzishi sifatida qaralishi mumkin.
Agar xalqaro tajribaga nazar tashlasak, IELTS, TOEFL, SAT, A-Level va boshqa imtihonlar darsliklar asosida ishlab chiqilmaydi. Ular kompetensiyani sinashga qaratilgan, o‘qituvchi va o‘quvchi esa kompetensiyalarni rivojlantirish uchun har qanday darsliklardan foydalanishi mumkin. Bizda esa DTM tomonidan nashr etilgan darsliklar ro‘yxatiga binoan, bu yil maktabni tugatayotgan o‘n birinchi sinf o‘quvchisi 2020 yil chop etilgan 5-sinf darsliklarini o‘rganib chiqishi kerak, vaholanki u beshinchi sinf o‘quvchisi bo‘lganida bu darsliklar hali mavjud bo‘lmagan edi.
Xotirani tekshiruvchi testlarning nimasi yomon? Birinchidan, ma’lumki, baholash tizimi ta’lim tizimidagi ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatadi hamda o‘qituvchilar va o‘quvchilarning harakatlarini yo‘naltiradi. Agar baholash tizimida asosiy e’tibor yod olishga qaratilsa, o‘quvchilar kelajakdagi o‘qishlarida va hayotlarida zarur bo‘lgan kompetensiyalarni rivojlantirishga intilmasdan, ko‘r-ko‘rona yodlashni maqsad qilishadi.