Reja:
1.Me’yor tushunchasi.
2.Davlat siyosatining til me’yoriga ta’siri.
3. Adabiy tilning me’yoriyligi.
4.Adabiy me’yor va badiiy adabiyot.
5. Til me’yori va yozuv
6. Umumiy va xususiy me’yorlar.
Tayanch so‘z va iboralar: me’yor, me’yoriy ko‘rinishlar, imlo, urg‘u, talaffuz, tinish belgilari, leksik, grammatik, uslubiy, so‘z turkumlarida me’yor, so‘zlarning bog‘lanish qonuniyatlari, boshqaruv, moslashuv, bitishuv, so‘z tartibi, nutqiy kamchiliklar – og‘zaki va yozma nutqdagi kamchiliklar, varvarizmlar, dialektizmlar, vulgarizmlar, jargonizmlar, orfografik va punktuatsion me’yorlar buzilishi, umumiy, xususiy, adabiy til.
1.Me’yor tushunchasi. Me’yor - jamiyat a’zolari tomonidan qabul qilingan, ma’qullangan va ularga tushunarli bo‘lgan til birliklarining nutq jarayonida qo‘llanish holati va imkoniyatidir.
Til va nutq tizimida me’yor o‘ziga xos o‘rniga ega. Til material sifatida nutq jarayonida xizmat qila boshlagan lahzalardanoq uni me’yorlashtirish jamiyat ehtiyojiga aylangan va me’yoriy muammolar kun tartibiga qo‘yilgan.
Jamiyat taraqqiyoti bilan baravar holda til va nutqdagi me’yoriy holatlarni o‘rganish, tahlil qilishga ham ehtiyoj kuchayib borgan va bu muammolarni hal qilishda xalqning maishiy, ma’naviy-ma’rifiy turmushi, ijtimoiy-falsafiy va estetik dunyoqarashi, urf-odatlari singari qator omillar e’tiborga olingan. Til hodisalarini, uning me’yoriy jihatlarini tadqiq etishda yana tilning milliy xususiyatlarini hisobga olmaslik ham aslo mumkin bo‘lmagan.
Demak, me’yor milliylik va tarixiylik mazmunini kasb etadi, necha yuz, ming yillar davomida shakllangan an’anaviylikka ega bo‘ladi. Tildan foydalanishdagi an’anaviy me’yorlarning davrlar o‘tishi bilan o‘zgarib, yangilanib turishi ham tarixiy jarayondir.
Anglashiladiki, til me’yorini belgilash muammolarini hal qilish har bir milliy til madaniyatini rivojlantirishning uzviy qismiga aylanadi. Shuning uchun ham me’yor masalalarining nutq madaniyati doirasida o‘rganilishi bejiz emas.
Afsuski, tildagi me’yoriy muammolarni, qiyinchiliklarni qisqa muddatlar ichida hal qilishning imkoni yo‘q. Bir tarixiy holatni eslaylik. 1989-yilda «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida» qabul qilingan Qonunini hamda 1995-yilda yangi tahrirda qabul qilingan «Davlat tili haqida»gi Qonunni katta quvonch bilan kutib oldik va uni amalda tatbiq etishga ishtiyoq bilan kirishdik. Ammo uning hamma moddalarini birdaniga va tezlikda bajarishning imkoni bo‘lmadi. Muomala jarayonida, rasmiy ish qog‘ozlarini yuritishda, turli darajadagi anjumanlarni o‘tkazishda rus tilidan foydalanishdagi mavjud an’analar o‘z kuchini saqlab turdi. To‘g‘risini aytganda, bu nuqsonlardan to‘laligicha qutilish hozir ham oson kechmayapti.
O‘tgan vaqt mobaynidagi tildan foydalanish jarayoni bir narsani isbotladi – til me’yoriy muammolarining ijobiy hal qilinishi vaqt degan hakamga ham bog‘liqligi ma’lum bo‘ldi.
Til elementlarining ma’lum bir me’yorga keltirilishi, bir tomondan, til mutaxassislari tomonidan boshqarib borilsa, ikkinchi tomondan, tabiiy ravishda ham yuz beradi. Ammo, shu narsani unutmaslik kerak: tilning amalda bo‘lish holatlariga tazyiq o‘tkazib bo‘lmaydi. Bu obyektiv jarayondir.
Xo‘sh, me’yorni belgilashning amaliy jihati nimadan iborat? Tadqiqotlar va kuzatishlar natijasida til elementlarida qanday mazmuniy va shakliy imkoniyatlar mavjudligi tahlil qilinadi, lingvistik imkoniyatlari ochib beriladi va ulardan nutq jarayonida foydalanish yo‘llari tavsiya qilinadi?
Shu mazmunda til mutaxassislari, ziyolilar o‘zlarining to‘g‘ri maslahatlarini, tavsiyalarini berishlari, bu borada jonkuyarlik qilishlari mumkin. Ammo hal qiluvchi gapni bu tildan foydalanuvchilar aytadi. Buning ustiga, har bir til elementining me’yor holiga kelgunicha ma’lum vaqt o‘tishi ham lozim bo‘lib qoladi.
Imlo va talaffuz qoidalari asosida yozish va so‘zlashni xalqimiz orasida ommalashtirish, bu qoidalarni lug‘atlar shaklida mustahkamlash, har bir sohada tildan foydalanish me’yorlarini belgilash bugunning dolzarb vazifalaridan bo‘lib qolmoqda. Bular orasida xalqimizning nutq madaniyatini yuksaltirish masalasi ham dolzarbligicha turibdi. Chunki milliy istiqlol g‘oyasi yurtdoshlarimizni ma’naviy yangilanish va islohotlar jarayonining faol ishtirokchisiga aylantirish, yoshlarimizni esa erkin, yangicha fikrlashga o‘rgatishni maqsad qilib qo‘yar ekan, bunga til madaniyatisiz erishib bo‘lmaydi.
Til birliklarini me’yorlashtirish, hamma uchun umumiy va tushunarli bo‘lgan bir qolipga keltirish umuman tilshunoslikning vazifasi sanalsa ham, u nutq madaniyati sohasining xizmatlarini inkor etmaydi. Binobarin, me’yor muammolari hamisha ushbu sohaning tadqiqot obyekti bo‘lib qolaveradi. Nutq madaniyati tilda ma’lum me’yorda keltirilgan til birliklarining nutqda qo‘llanish shart-sharoitlarini, qonuniyatlarini nazariy jihatdan asoslaydi hamda bu me’yorga amal qilishni bir jihatdan nazorat ham qilib boradi. Nutqdagi yutuq va kamchiliklar tahlil qilinib, bu kamchiliklarni tugatishning eng ma’qul yo‘llari ko‘rsatib turiladi. «Nutq madaniyati keng miqyosidagi til tarbiyasini va ommaviy stilistik savodlilikni, boshqacha aytganda, so‘zlovchi va yozuvchi omma orasida til haqidagi fanning hozirgi zamon yutuqlarini tatbiq etishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yadi»1.
Til elementlarining me’yorlashishidek uzluksiz jarayonda eskilik bilan yangilik o‘rtasida kurash hamisha davom etadi. Tilda yashab turgan so‘z va iboralar ularning o‘rniga kelayotgan yangilariga osonlikcha o‘rnini bo‘shatib bermaydi. Ma’lum muddat ular teng darajada, parallel yashab turishi va vaqtlar o‘tishi bilangina o‘rnini bo‘shatib berishi mumkin.
Xuddi mana shu eskilik bilan yangilik o‘rtasidagi kurash va bu kurashda tildagi me’yoriy ko‘rinishlarning tanlana borishi jarayonida adabiy til shakllanib boradi. O‘zbek milliy adabiy tili garchi umumxalq tilidan o‘sib chiqqan bo‘lsa ham, unda mavjud bo‘lgan dialektlar va shevalardan, jargonlardan, oddiy so‘zlashuv tilidan, umuman oddiy xalq tilidan ba’zi jihatlari bilan farq qiladi. Chunki umumxalq tili o‘zbek tilida uchraydigan barcha elementlarni o‘z ichiga oladi va ishlanmagan shaklda bo‘ladi. Adabiy til esa undan o‘zbek millati uchun tushunarli bo‘lgan va foydalanishda qulay deb topilgan variantlarini tanlab oladi hamda ularni millat vakillari uchun me’yor sifatida tavsiya etadi.
Tilning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi xalq hisoblansa ham, uning taraqqiyotida olimlarimizning, shoir va yozuvchilarimizning, davlat va jamoat arboblarining, huquqshunoslarimizning, pedagoglar va matbuot xodimlarining, kino, teatr san’ati ustalari va nashriyot xodimlarining hamda jurnalistlarning xizmatlarini qayd qilish lozim. Ayniqsa mustaqillik davrida tilshunos olimlarimiz, shoir-yozuvchilarimiz va jurnalistlarimizning xizmatlari katta bo‘ldi. Ularning samarali mehnatlari tufayli tilshunoslikning ko‘pgina yo‘nalishlari bo‘yicha qat’iy me’yorlar belgilandi, til birliklarining yozuv va muomala jarayonidagi namunaviy variantlari tavsiya etildi, til tizimidagi ko‘pgina munozarali masalalar o‘zining nazariy asosiga qo‘yildi.