Dashti qipchoqlik ko’p sonli urug’, qabilalar Movarounnahr hududlariga kirib kelar ekanlar, ular, eng avvalo, mahalliy qardoshlari, elatdoshlari bilan tabiiy suratda yaqinlashib, ulardek o’troq hayotga moslashib, ularning turmush tarziga xos hamma eng yaxshi narsalarni o’zlariga qabul qilib, singdirib bordilar. Eng muhimi, kirib kelgan urug’, qabilalar bu zaminda o’zlarining ikkinchi vatanlarini topish barobarida asta-sekin bu erning tubjoy aholisi tarkibiga singishib bordi. Bu narsa ayniqsa ularning avvalgi ko’chamanchilik hayotiga xos turmush tarzidan o’zlaridan madaniy va maishiy sohalarda ancha yuqori darajada bo’lgan mahalliy halqning ilg’or turmush tarziga o’tishida, uning ko’p asrli boy ma’naviy merosi sarchashmalaridan bahra topib borishida yaqqol namoyon bo’ldi. Shuning uchun ham ular mahalliy qardoshlari bilan qorishib, ma’nan yuksalishga yuz tutib, ularning ilg’or hayot tarzini o’zlariga uzil-kesil singdirib bordilar. Endi «O’zbek» atamasi va uning iste’molga kirib kelishi hamda keng yoyilishi xususida to’xtaladigan bo’lsak, aytish joizki, bu masala ham ma’lum ma’noda printsipial ahamiyatga molikdir. Negaki, bu nom zamirida butun bir halqning tarixiy kechmishi, taqdiri bilan bog’liq holatlar kuzatiladi. Sobiq sovet tarixshunosligida, shuningdek, ayrim qo’shni davlatlarning mualliflari qarashlarida ham «o’zbek» atamasini o’zbek halqining kelib chiqishi bilan atayin bog’lashga urinish hollari kuzatiladi. Bu esa mazkur nozik masalani chalkashlashtirish yoxud suvni loyqalatishdan boshqa narsa emas, albatta. Yurtboshimiz o’zining «Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q» asarida mana bu so’zlarni bejiz ta’kidlab o’tmagan: «O’zbek nomi qachon paydo bo’lgan? Sovet tarixshunoslarining yozishicha, XVI asrda bizning zaminimizni Dashti Qipchoq xonlari ishg’ol qilgandan keyin o’zbek nomi paydo bo’lgan emish. Axir biz Movarounnahr deb ataydigan ikki daryo oralig’ida ungacha ham xalq yashaganku! Yoki bu xalq boshqa millat bo’lganmi? Mantiq qani bu erda»19 Bu keskin va haqqoniy aytilgan so’zlarning ma’no, mazmunini chaqar ekanmiz, millatimiz haqidagi bor haqiqatni bilishimiz, uning nomi bilan mazmun-o’zagi o’rtasidagi tafovutni aniq-tiniq tasavvur etishimiz nechog’lik muhim ekanligi o’z-o’zidan ravshanlashadi. Ma’lumki, xalqimizning «o’zbek» atamasi bilan nomlanishi XVI asr boshlariga to’g’ri keladi. Bu hol asosan yurtimiz hududlariga Dashti Qipchoqdan katta oqim sifatida kirib kelgan o’zbek degan umumiy nomni XV asrda qabul qilgan urug’lar va qabilalar hayoti bilan bog’liq yo’sinda yuz bergan. Negaki, ular bu zaminga kelib joylashib, mahalliy aholi qatlami tarkibini boyitish, uning yuksak ma’naviyati, boy asriy qadriyatlarini o’zlashtirish barobarida o’zlarining umumiy o’zbek nomini asta-sekinlik bilan shu hududda yashagan barcha aholiga ham nisbat bera bordilar. Bu esa «o’zbek» atamasining shu davrdan e’tiboran butun Movarounnahr bo’ylab keng yoyilishiga, bu erdagi xalqning shu nom bilan atalishiga bois bo’ldi. Biroq shu narsa ravshanki, o’zbeklar, avvalo, qaysi qabilaga mansub bo’lsalar shu nomni uzoq vaqt saqlab qolganlar. Hatto XX asrga qadar ham Turkiston o’lkasida ajdodiy-qabilaviy nomlar saqlanib qolganligi buni tasdiq etadi. Ammo bu degani o’zbek xalqining kelib chiqishi faqat XVI asrda yuz bergan, degan ma’noni aslo anglatmaydi. Bu erda gap faqat «o’zbek» iborasining etnik nom sifatida paydo bo’lgan vaqt xususida borayapti. Vaholanki o’zbek xalqi o’z mazmun, mohiyati, teran tomirlari bilan Turonzamin hududida juda qadimiy zamonlardan buyon yashab kelganligi, boy tarix, olamshumul ahamiyatga molik ma’naviyat durdonalarini ijod etganligi hammaga ma’lumdir. Shu ma’noda Prezidentimizning: «Biz xalqni nomi bilan emas, balki madaniyati, ma’naviyati