Buyuk matematik, astronom va geograf olim Muhammad Muso al-Xorazmiy (783-850)nomi fan tarixida alohida o’rin tutadi. Olim o’zining «Hisob aljabr val Muqobala», «Hind arifmetikasi haqida kitob», «Quyosh soatlari haqida risola», «Astronomik jadvallar» singari asarlari bilan «Algebra» faniga asos soldi. Uning arifmetika risolasi hind raqamlariga asoslangan bo’lib, hozirgi paytda biz foydalanayotgan o’nlik hisoblash sistemasining Evropada tarqalishiga sabab bo’ldi. Allomaning «al- Xorazmiy» nomi «algoritm» shaklida fanda abadiy muhrlanib qoldi. Olimning «Kitob surat al-arz» nomli geografiyaga doir asari shu qadar fundamental ahamiyatga egaki, u arab tilida ko’plab geografik asarlarning yaratilishiga zamin yaratdi. Uning Sharq geografiyasining otasi deb nomlanishi ham shundan. Xorazmiy yaratgan «Zij» Ovro’pada ham, Sharqda ham astronomiya fanining rivojlanishi yo’llarini belgilab berdi. Alloma qalamiga mansub «Kitob at-tarix» («Tarix kitobi») asari Movarounnahr, Xuroson va Kichik Osiyo halqlarining VIII-IX asrlarga oid tarixini to’laqonli yoritishda muhim qo’llanmadir. Al-Xorazmiyning arab ilmiy dunyosining yirik markazi - Bag’doddagi Ma’mun akademiyasida ishlagan davrlari uning iste’dodining eng barq urgan paytlari bo’ldi. U shu akademiyaning rahbari sifatida ilm ahliga ibrat ko’rsatdi. O’rta Osiyolik buyuk allomalar orasida Ahmad al-Farg’oniy (797-865)nomi alohida ko’zga tashlanib turadi. Olimning to’liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg’oniy bo’lib, aslida Farg’onaning Quva shahrida tavallud topgan. Ilm yo’lida zahmat chekib ko’p yurtlarni kezgan. Umrining ko’p qismini xorijiy ellarda, xalifalik markazlarida o’tkazgan. Uning butun ongli hayoti va faoliyati fan yo’liga bag’ishlangan. Ahmad al-Farg’oniy etuk astronom, matematik va geograf olim sifatida shuhrat topgan. Juda ko’plab fundamental asarlarning muallifi, Bag’doddagi Baytul Hikma (akademiya)ning nomdor namoyandalaridan biridir. Al-Farg’oniy ilmiy salohiyatining mahsuli bo’lgan «Astronomiya asoslari haqida kitob», «Asturlub yasash haqida kitob», «Al-Farg’oniy jadvallari», «Oyning Er ostida va ustida bo’lish vaqtlarini aniqlash haqida risola», «Etti iqlimni hisoblash haqida», «Al-Xorazmiy «Zij»ining nazariy qarashlarini asoslash» nomli kitoblari haqli ravishda jahon fani xazinasining noyob durdonalari sanaladi. U G’arb olimlari orasida «Alfraganus»nomi bilan mashhur. Jahon fani ravnaqiga benazir hissa qo’shgan Uyg’onish davri daholari orasida buyuk yurtdoshimiz Abu Nasr Forobiy (873-950) siymosi yorug’ yulduzdek fan osmonida charaqlab turadi. O’zining qomusiy bilimlari, ayniqsa falsafa sohasidagi betimsol xizmatlari bilan u «Al-Muallim as-soniy» - «Ikkinchi muallim» (Aristoteldan keyin), «Sharq Arastusi» nomi bilan mashhurdir. Ilmu urfonga oshuftalik, insoniyat baxtu saodati yo’liga o’zni baxshida etishlik Farobiyni o’z tug’ilgan ona yurti - Forob-O’trorni o’smirlik chog’idanoq tark etib, o’sha davrning eng mashhur ilm maskanlari hisoblangan Eron va Arabiston shaharlariga borib, bir umr ilm-fan bilan mashg’ul bo’lishga undaydi. U tabiiy va ijtimoiy fanlarga oid 160 dan ziyod asarlar yaratgan. Ayniqsa falsafa ilmini rivojlantirishga katta ulush qo’shgan. Forobiyning Aristotel (Arastu) asarlarini, xususan uning «Metafizika», «Etika», «Ritorika», «Sofistika» singari shoh asarlarini chuqur ilmiy sharhlash, mazmunmundarijasini teran yoritib berishdagi xizmatlari benazirdir. Forobiyning «Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi», «Falsafaga izohlar», «Fozil odamlar shahri»singari asarlari alloma qiziqish doirasi, ma’naviy olamining nechog’lik kengligi, behududligidan nishona berib turadi. O’rta asrlar davri sharoitida Vatanimiz sharafini o’zining beqiyos dunyoviy asarlarida ulug’lagan, astronomiya, fizika, matematika, geologiya, geodeziya, geografiya, mineralogiya, tarix singari fanlar yo’nalishida mislsiz kashfiyotlar qilgan qomusiy bilm sohiblaridan yana biri Abu Rayhon Beruniy (973-1048)dir. Asli Xorazm yurtidan bo’lgan allomaning butun hayoti to’laligicha ilm-fanga bag’ishlangan. Uning qalamiga mansub yuzlab noyob asarlar ichida bizning davrimizgacha saqlanib, o’z bebaho ahamiyatini yo’qotmay, bugungi avlod kishilari uchun o’rganish manbai bo’lib kelayotganlari ham talaygina. Bular jumlasiga «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», «Xorazmning mashhur kishilari», «Hindiston», «Ma’sud qonuni», «Mineralogiya», «Saydona», «Astrologiyaga kirish», «Astronomiya kaliti», «Jonni davolovchi quyosh kitobi», «Foydali savollar va to’g’ri javoblar», «Ibn Sino bilan yozishmalar» singari tarixiy kitoblarni kiritish mumkin. Beruniy asarlari ko’p asrlardan buyon Sharqu G’arbda keng tarqalgan bo’lib, ular yuksak qadr topgan. Alloma merosi uning bugungi mustaqil yurtida, minnatdor avlodlari nigohida, doimiy e’tiborida, e’zozidadir. Abu Rayhon Beruniyning zamondoshi va safdoshi Abu Ali ibn Sino (980-1037)ham o’z davrining etuk allomasi, fan fidoyisi sifatida mashhurdir. Ibn Sino asarlari umumiy sonining 450 dan oshishi ham bunga guvohdir. Biroq bulardan 160 ga yaqini bizgacha etib kelgan, xolos. Alloma nomini dunyoga tanitgan narsa, bu uning tibbiyot sohasidagi mislsiz kashfiyotidir. Ibn Sinoning arab tilida yaratgan 5 jildli «Al-Qonun» («Tib qonunlari»)asari tibbiyotga oid benazir dasturilamaldir. 5 mustaqil kitobdan iborat bu majmuani ko’zdan kechirarkanmiz, allomaning yuksak tabiblik salohiyatiga, kasalliklarni aniqlash, ularni davolash borasidagi mahoratiga, bilimdonligiga tan beramiz. Jumladan, «Qonun»ning ikkinchi kitobida 800 ga yaqin dorilarning shifobaxsh xususiyatlari bayon etilganligi buning ayni isbotidir. Abu Ali ibn Sino ilm-fanning boshqa sohalarida ham barakali ijod qilgan. Uning «Donishnoma», «Insof kitobi», «Najot kitobi», 10 jildli «Arab tili kitobi» yohud badiiy ijodga oid «Tayr qissasi», «Salomon va Ibsol», «Xayy ibn Yaqzon»asarlari buning yorqin ifodasidir. Tarix ilmida benazir bo’lgan Muhammad Narshahiy (899-959) o’zining «Buxoro tarixi» («Tarixi Narshahiy») asari orqali o’z davrining katta, ko’lamli masalalarini o’rtaga qo’yib, ularni haqqoniy tarzda yoritib berdi. Kitobda arablarning O’rta Osiyoni zabt etib, kirib kelishi, mashhur Muqanna qo’zg’oloni, shuningdek Somoniylar davridagi davlat boshqaruvi tizimi, pul munosabatlari, soliq tizimi, Buxoro davlatining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotiga oid ko’plab qiziqarli ma’lumotlar aks etgan. Ko’hna Xorazm farzandi Mahmud az-Zamahshariy (1075-1144)nomi ham fan osmonidagi yorqin yulduzlari safiga kiradi. Buyuk mutafakkir arab grammatikasi, lug’atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jug’rofiya, tafsir, hadis va fiqh (qonunshunoslik)ka oid 50 dan ziyod noyob asarlarning muallifidir. Uning «Al-Mufassal», «Muqaddimat ul-adab», «Asos al-balog’a» («Notiqlik asoslari»), «Xutbalar va va’zlar bayonida oltin shodalar», «Ezgular bahori va yaxshilar bayoni», «Aruzda o’lchov (me’zon)», «Nihoyasiga etgan masalalar», «Nozik iboralar», «Qur’on haqiqatlari va uni sharhlash orqali so’zlar ko’zlarini ochish» kabi asarlari butun Sharq va arab dunyosida e’tirof topgan. Shuningdek, Ismoil Jurjoniy, Mahmud Chag’miniy, Burhoniddin al-Marg’inoniykabi allomalarimiz yaratgan boy ilmiy-ma’naviy meros ham Vatanimiz shuhratini olamga taratdi. Shunday qilib, O’rta Osiyo hududida yuz bergan Uyg’onish davrida ko’plab favqulodda iste’dod sohiblari etishib chiqdiki, ular jahon fanining turli yo’nalishlarida betakror kashfiyotlar, chinakam mo’’jizalar yaratdilar. Bu bilan ular Vatanimiz shonu sharafini yuksaklarga ko’tardilar hamda kelgusi minnatdor avlodlar uchun bitma-tuganmas boy meros qoldirdilar. Badiiy adabiyot O’rta Osiyo Uyg’onish davri madaniyati xususida gap borar ekan, bunda uning muhim tarkibiy qismi, xalq dahosi mahsuli bo’lgan badiiy adabiyot va uning ajoyib namoyandalarining serqirra ijodi to’g’risida to’xtalib o’tmasdan bo’lmaydi. IX-XII asrlar adabiy jarayonining rivojiga jiddiy hissa qo’shgan, badiiy so’z qadrini yuksakka ko’targan daho adiblar to’g’risida so’z yuritganda Ahmad Yugnakiy, Mahmud Qoshg’ariy, Yusuf xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Abu Abdullo Rudakiy, Abulqosim Firdavsiy, Nosir Xusravsingari aziz siymolar nomlari ko’z o’ngimizda namoyon bo’ladi. Ularning har birining mangulikka muhrlangan hayotbaxsh ijodi necha asrlar osha hamon kishilar shuuri, qalbiga estetik huzur, quvonch bag’ishlab, ularni yuksak orzu, maqsadlar sari ilhomlantirib keladi. Turkiy (eski o’zbek) adabiyotining asoschilaridan sanalgan Mahmud Qoshg’ariy (XI asr)ijodi O’rta Osiyo Uyg’onish davri madaniy taraqqiyotida muhim o’rin egallaydi. Uning merosi o’sha davr badiiy adabiyoti rivojida ham, turkiy xalqlarning etnik tarkibi, jug’rofiy joylashishi, rango-rang urf-odatlari, udumlari, o’ziga xos an’analari va boshqa ko’plab hayotiy jihatlarini o’rganish, ilmiy tadqiq etishda ham birdek ahamiyat kasb etadi. Allomadan bizga qadar etib kelgan yagona «Devonu lug’atit turk» («Turk tilining lug’ati») asarining boy mazmuni bilan tanishish kishini yuqoridagi xulosaga olib keladi. Darhaqiqat, turkiy xalqlar, elatlar yashaydigan keng hududlarni kezib, ishonchli manbalar asosida o’sha xalqlar to’g’risida noyob qomusiy ma’lumotlarni o’z asari orqali keyingi avlodlarga armug’on etgan Mahmud Qoshg’ariy nomi mangu barhayotdir. Mahmud Qoshg’ariyga zamondosh Yusuf xos Hojib (XI asr)ijodi ham o’ziga xos badiiy sayqali, yuksak mahorati bilan ajralib turadi. Adib nomini yurtlararo, xalqlararo mashhur qilgan narsa, bu uning «Qutadg’u bilig» («Baxt va saodat eltuvchi bilim») asaridir. Ushbu kitob turkiy xalqlar, elatlar hayoti haqida yozilgan asar bo’lib, unda davrning juda ko’p o’ta muhim muammolari, axloq, odob va ma’rifat masalalari katta mahorat bilan yoritilgan. Bu kitobni chinlilar «Adabul muluk»,mochinlar - «Oyinul mamlakat», Sharq eli ulug’lari «Ziynatul umaro», eronliklar «Shohnomai turkiy», turonlilar - «Qutadg’u bilig», boshqalar «Pandnomai muluk» deb ataganlar. Turkiy (eski o’zbek) adabiyoti rivojining ilk sarchashmalarida turgan o’tmishdosh adiblarimizning yirik namoyandalaridan biri Ahmad Yugnakiy (XII-XIII asrlar)dir. Adib Ahmadning «Hibatul haqoyiq» («Haqiqatlar tuhfasi»)asari (484 misradan iborat)ni ko’zdan kechirarkanmiz, unda inson shaxsiyati, uning ta’limi, tarbiyasi bilan bog’liq juda ko’plab o’tkir, dolzarb masalalarning o’rin olganligini, ularni to’g’ri, xolis va ehtiros bilan yoritilganligini ko’ramiz. Adib Ahmad bilimning inson hayotidagi beqiyos o’rnini ulug’lash barobarida odamlarni bilimli, ma’rifatli bo’lishga da’vat etadi. O’rta Osiyo xalqlari Uyg’onish davri adabiyotini ayni chog’da forsiyzabon ijodkorlar ijodi bilangina qo’shib tasavvur etish mumkindir. Bu o’rinda Somoniylar davrining tengi yo’q zukko shoiri Abu Abdulloh Rudakiy (860-941)ijodi alohida ko’zga tashlanib turadi. Negaki, juda ko’p nufuzli manbalarda aytilishicha, fors-tojik tilida ijod qilgan shoirlarning birortasi ham unga teng keladigan darajada asarlar bitmaganlar. Ba’zi olimlarning fikricha, Rudakiy bir million uch yuz ming misragacha she’r yozgan. Biroq afsuski, shoirning boy adabiy merosidan bizgacha attigi ming bayt she’riy asarlar etib kelgan, xolos. Rudakiy asarlari, ayniqsa uning ruboiylari shu qadar ta’sirchan, ohangdorki, ular kishilar qalbini o’ziga beixtiyor mahliyo etadi. Shoir tabiat go’zalliklarini jozibali tarannum etish barbarida odamlarni yurt, Vatanni sevishga, unga farzandlik burchi bilanastoydil xizmat qilishga da’vat etadi. Uning ruboyilarida ifodalangan teran falsafiy fikrlar, hayotiy lavhalar bugungi avlod kishilari uchun ham ibrat bo’la oladi. Bu davr adabiyotining daho san’atkorlaridan yana biri Abulqosim Firdavsiy (940/941-1030)dir. Uni olamga mashhur, nomini tillarda doston qilgan, abadiylikka muhrlagan narsa-bu allomaning - betakror «Shohnoma» asaridir. Negaki, bu shoh asarda Eron va Turon xalqlarining ming yilliklar qa’riga borib taqaladigan uzun ko’hna tarixi, tutash taqdir - qismatlari, jangu jadallari, mislsiz jasoratu qahramonliklari katta mahorat bilan ifodalangan. 60000 baytdan iborat bunday yirik epik asarning dunyoga kelishi Firdavsiyning badiiy ijoddagi ulkan jasoratidir. Shoir Movarounnahr, Xuroson va Eronning katta o’tmishiy tarixiga murojaat qilib, uning qat-qatiga yashiringan noyob injularni shodaga chizib, xalq og’zaki ijodi durdonalarini chuqur o’rganib, ularni o’z zamonasining etilgan dolzarb masalalari, vazifalari bilan uyg’unlashtirib, shunday buyuk asar yaratdiki, mana necha asrlardirki, u bashariyat ahlining doimiy nazarida va nigohida bo’lib kelmoqda. Islom madaniyati IX-XII asrlar davri nafaqat dunyoviy fanlarning yuksaklab borishi bilan, shu bilan birga islomiy madaniyat va ma’naviyatning shakllanib, chuqur ildiz otib borishi, bu sohada talay etuk olimu ulamolarning etishib chiqib, Vatanimiz sha’nini olamaro, ulug’laganligi bilan ham tavsiflanadi. Garchand islom dini Arabistonda vujudga kelgan bo’lsa-da, biroq yangi ilohiy ta’limot Turkiston zaminida ravnaq topdi, takomiliga erishdi. Turkiston musulmon dunyosiga Xorazmiylar, Buxoriylar, Termiziylar, Nasafiylar, Samarqandiylar taxalluslari bilan ijod qilgan ko’plab noyob iste’dod sohiblarini etishtirib berdi. Islom va uning asosiy ta’limoti aks etgan «Qur’oni Karim» g’oyalarining o’lka hayotiga kirib kelishi va keng yoyilishi, shuningdek, mahalliy xalqlarning musulmonchilik tamoyillari va udumlarini qabul qilishi hamda ularga e’tiqod bog’lashi davomida asta-sekin islom madaniyati shakllanib, chuqur ildiz otib bordi. Bunda shu yurt zaminidan etishib chiqqan buyuk islomshunos allomalarning xizmati benazirdir.