O’ zbеkiston rеspublikasi oliy va o’rta maxsus ta\'lim vazirligi
2.5.2. Chigitli paxtani pnevmatik tashuvchi vositalarida tashish. Pnevmatik tashish vositalari paxta tozalash sanoatida juda keng
tarqalgan bo’lib, chigitli paxta va tolani sexlararo va sex ichida
tashishda ishlatiladi. Pnevmatik tashish vositalari havo so’rish va havo
haydash usullarida ishlaydi. Havo so’rish tizimida ventilyator
quvurdan havoni so’radi, shunda paxta havo bilan birga quvur ichida
harakatlanadi.
Havo haydash tizimida ventilyator havoni quvurga haydaydi va
havo uzatilayotgan chigitli paxtani yoki chigitni o’zi bilan olib ketadi.
Paxta tozalash sanoatida pnevmatik tashish vositalarining keng
tarqalishiga asosiy sabab, bu usulda chigitli paxta yoki uning
mahsuloti tashilganda nobud bo’lmaydi, bundan tashqari bu qurilma
ixcham bo’lib, uning quvurlarini zavod yoki paxta tayyorlash punktlari
hududida xohlagan yo’nalishda o’rnatish mumkin. Lekin pnevmatik
tashish vositasi boshqa qurilmalarga nisbatan ko’proq energiya
iste’mol qiladi. Odatda pnevmatik tashish vositasi paxta tozalash
zavodining hamma sexlarida uzluksiz texnologik jarayonga ulangan
bo’lib, uning me’yorida ishlashi paxta tozalash zavodi va quritish-
tozalash sexining ish unumiga katta ta’sir qiladi.
Chigitli paxta tashishda pnevmatik tashish vositasining uzunligi
har xil bo’lib, o’rnatilgan ventilyatorning tipiga qarab 250 metrgacha
bo’lishi mumkin. Shuningdek qurilmaning ish unumi ham har xil
bo’lib, soatiga 12 tonna va undan ortiq bo’lishi mumkin [4].
Paxta tozalash sanoatida odatda diametri 400, 420, 450 mm li
quvurlardan va sexlararo pnevmatik tashish vositalarida ham quritish-
tozalash sexlarida diametri 320-350 mm li quvurlardan foydalaniladi.
Quvurlarning bir-biri bilan ulangan joylari va uzluksiz jarayonga
ulangan boshqa quvurlar tizimi tashqi muhitdan jips yopiq bo’lishi
shart [5].