O’Genri (1862-1910; AQSh)
Asl nomi Uilyam Sidni Porter bo’lgan amerikalik yozuvchi. Aptekachi, sotuvchi, kitob bezakchisi, noshir va boshqa kasblarda ishlagan; asar, feletonlar yozishni mashq qilgan (1896 yilgacha), qamoqdaligida (1897—1901) yozgan hikoyalarini O’Genri taxallusi bilan yashirin chop ettirgan.
1904—10 yillarda 9 novellalar to‘plami («Yonayotgan sham», «G‘arb qalbi», «Yoqimtoy o‘g‘ri» va b.), vafotidan keyin yana 7 tasi bosilib chiqqan. «Qirollar va karam» (1904) romani sarguzasht-yumoristik novellalardan tashkil topgan.
O’Genri amerika hikoyachiligining o‘ziga xos tipini yaratdi. Yumorning kuchliligi, kinoya, qiyos, parodiya kabi usullarning ko‘p ishlatilganligi, eng muhimi, muallifning oddiy mehnatkash — «kichik inson»ga samimiy muhabbati, olijanoblik va sofdillikni madh etish va boshqa O’Genri hikoyalariga olamshumul shuhrat keltirdi («To‘rt million», 1909).
Asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. G‘. G‘ulom («Mening o‘g‘rigina bolam»), A. Qahhor («Anor») va boshqa o‘zbek hikoyachiligini O’Genri ijodining ilg‘or tomonlari bilan boyitdilar.
SO‘NGGI YAPROQ (HIKOYA)
Vashington Skverning g‘arbidagi kichik bir dahada ko‘chalar chalkashib ketgan va “tor ko‘chalar” nomini olgan yo‘lakchalarga bo‘linib ketgan edi. Bu “tor ko‘chalar” ajabtovur burchaklar va egri chiziqlar hosil qilgandi. Hattoki, bir ko‘cha o‘zini-o‘zi bir yoki bir necha marta kesib o‘tardi. Bir paytlar bir musavvir bu ko‘chaning noyob xususiyatini kashf qilgan ekan. Do‘kondan kelgan pul yig‘uvchi kishi bo‘yoq, qog‘oz va bo‘z uchun to‘lov qog‘ozlarini qo‘lida tutgancha shu ko‘chalarni aylanib o‘tayotib hisob bo‘yicha bir tsent ham undirolmay qaytib ketayotganini ko‘rib qolishini bir tasavvur qilib ko‘ring!
Shunday qilib, ajib maskan bo‘lmish Grinvich Villij dahasiga shimolga qaragan derazalar, XVIII asr naqshli peshtoqlari, gollandcha qiya shiftli boloxonalar va arzon ijara haqlari ilinjida san’at namoyandalari har tarafdan ko‘chib kela boshladilar. So‘ngra ular oltinchi avenyudan bir necha qalay krujka va bir yoki ikki dona ovqat pishiradigan cho‘g‘donlarini olib kelib, bu yerda “san’atkorlar gurungi”ni tashkil qilishdi.
Baland bo‘lmagan uch qavatli g‘ishtin binoning yuqori qavatida Syu va Jonsilarning ustaxonlari joylashgandi. Do‘stlari Joannani erkalab Jonsi deb chaqirishardi. Biri Mayn shtatidan; boshqasi esa Koliforniyadan kelgan edi. Ular Sakkizinchi ko‘chadagi “Delmoniko” oshxonasining tabldoti* atrofida tanishib qolishgan va ularning san’at, sachratqi salati va urf bo‘lgan keng yengli ko‘ylaklar borasidagi qarashlari shunchalik mos kelgan ediki, natijada ular birgalikda ustaxona ochishga qaror qilishgandi.
Bu may oyida sodir bo‘lgan edi. Noyabrda esa shifokorlar Zotiljam deb ataydigan kutilmagan sovuq va berahm bir mehmon tashrif buyurdi. U shu turar joylar atrofida kezib yurar va yo‘lida uchragan kimsaga rahm-shafqat qilmay ajal iskanjasiga tortardi. Sharqiy hudud bo‘ylab bu o‘lim xabarchisi hech narsadan tap tortmay ortidan o‘nlab qurbonlarni qoldirib shaxdam qadamlar bilan odimlab bordi, ammo baqato‘n bosib ketgan o‘sha xarob va chalkash “tor ko‘chalar”ga kelganda qadami sekinlashdi.
Zotiljam degan janobni siz zinhor olijanob mo‘ysafid kishi deb atamagan bo‘lardingiz. Aks holda mushtlari qizargan, hansiroq bu qari galvars Jonsidek azobga umuman bardoshsiz, nimjongina bir ayolni raqiblik uchun tanlamagan bo‘lardi. Afsuski, u ayni shu qizni ma’qul ko‘rdi. Jonsi esa holsiz-madorsiz ahvolda bo‘yalgan temir yotoqqa mixlanib yotib qoldi. U kichkina golland deraza oynasidan tashqariga, qo‘shni g‘ishtli binoning bo‘m-bo‘sh devoriga nogohini tikkancha jimgina yotardi.
Bir kuni ertalab bezovta bo‘lgan shifokor Syuni oqarib ketgan paxmoq koshlari bilan imlab dahlizga chaqirdi.
– Uning tuzalib ketishini men, aytaylik, o‘ndan bir ehtimol degan bo‘lardim, – dedi u termometridagi simobni silkitarkan. – Shunda ham bu imkoniyat uning yashashga bo‘lgan intilishi bilan bog‘liq. Agar bemor go‘rkovga ishi tushishini shunchalik xohlayotgan bo‘lsa, dorishunoslik kitoblarimizdagi ko‘rsatmalardan hech qanday foyda yo‘q. Xonimchangizning hayotiga bo‘lgan qiziqishi so‘nib bo‘lgan. Uning fikru xayolini nima band etgan?
– U bir kun kelib Neapolitan ko‘rfazini har xil bo‘yoqlarda tasvirlashni diliga tugib qo‘ygandi, – dedi Syu.
– Nima? Tasvirlash? Qo‘ysangiz-chi! Men haqiqatdan ham o‘y surishga arziydigan narsa haqida gapiryapman! Masalan, biror yigit haqida o‘ylamaydimi?
– Yigit? – dedi Syu, ovozi xuddi chanqovuz kabi jarangdor yangrab. – Nahotki yigitlar bunga arzisa... Yo‘g‘-ey, doktor, hech ham unday emas.
– U holda, bu shunchaki darmonsizlik oqibati bo‘lsa kerak, – dedi shifokor. – Men fan vakili sifatida bor mahoratim va ilmimni ishga solib ko‘raman. Ammo bemor o‘zining janoza marosimi haqida o‘ylashni bas qilmas ekan, dorilar shifobaxsh kuchining yarmi yo‘qqa chiqaveradi. Agar siz uni qishda qanaqa yengli liboslar urf bo‘lishi haqida savol so‘rashga qiziqtira olsangiz, uning tuzalib ketish imkoniyatini men o‘ndan bir emas, beshdan bir ehtimol deb bemalol aytgan bo‘lardim.
Shifokor ketgandan keyin Syu xonasiga kirib ketdi. U yerda yig‘layverganidan yaponcha dastro‘molini ham ho‘l qilib yubordi. So‘ngra u qaddini tutib, qo‘lida molbert bilan regtaym chalgancha Jonsining xonasiga kirib keldi.
Jonsi ko‘rpaning tagida bilinar-bilinmas yotar, ko‘zlari esa deraza tomon qadalgandi. Syu Jonsini uxlab qolgan deb o‘ylab hushtak chalishni bas qildi.
U tezda molbertni hozirladi va oynomadagi bir hikoya uchun siyohda rasm chizishni boshladi. Yosh rassomlar katta saneatga ilk qadamlarini oynomalarda bosiladigan hikoyalar uchun suratlar chizish bilan qo‘yishadi, o‘z navbatida bunday hikoyalar orqali yosh yozuvchilar adabiyot olamiga kirib kelishadi.
Syu monokl taqqan bashang kiyimdagi aydaholik chavandoz yigit suratini chizayotgan vaqtda qulog‘iga shivirlagan bir ovoz eshitildi, so‘ngra bu ovoz bir necha bor takrorlandi. U darhol Jonsining yotog‘i tomon shoshdi.
Jonsining ko‘zlari katta ochiq edi. U nigohini derazadan tashqariga qadagan ko‘yi sanardi – teskari tartibda sanardi.
– O‘n ikki, – dedi u va sal o‘tmay: – o‘n bir, so‘ngra – o‘n, to‘qqiz, undan so‘ng esa: – sakkiz, yetti, – deb sanardi u deyarli bir maromda.
U xavotir olgancha derazaga qaradi. U yerda sanaydigan nima bor? Mahzun ko‘rinishdagi bo‘m-bo‘sh hovli va yigirma qadamcha naridagi g‘ishtli binoning tep-tekis devoridan boshqa hech narsa ko‘zga tashlanmasdi. Izlaridan chiriy boshlagan, egri-bugri qari pechakgul g‘isht devorning yarmigacha chirmashib ketgandi. Kuzning sovuq nafasi uning barglarini ayovsiz to‘kib yuborgan, deyarli yalong‘oya bo‘lib qolgan novdalari esa uqalanib ketayotgan g‘isht devorga jon holatda tirmashib turardi.
– Nima haqida gapiryapsan, dugonajon? – so‘radi Syu.
– Olti, – dedi Jonsi pichirlab. – Ular endi tezroq to‘kila boshladi. Uch kun avval ular yuztacha edi. Sanayverib boshim og‘rib ketardi. Endi esa osonroq bo‘lib qoldi. Ana, yana bittasi to‘kildi. Hozir atigi beshtagina qoldi.
– Beshta nima, azizim? Do‘sting Syudiga aytsang-chi!
– Barglar. Pechakgul yaproqlari. Ularning so‘nggisi to‘kilganda, men ham hayot bilan vidolashaman. Men buni uch kundan beri sezib kelyapman. Shifokor senga hech narsa demadimi?
– Bunday bo‘lmag‘ur gapni birinchi bor eshitishim! – deb javob qaytardi Syu shikoyatomuz ohangda, o‘zini dugonasining gaplarini e’tiborga olmagan qilib ko‘rsatib. – Qari pechakgul yaproqlarining tuzalib ketishingga nima aloqasi bor? Axir sen u pechakgulni juda yoqdirasan-ku, quloqsiz qizaloq! Bo‘ldi, tentaklikni bas qil! Axir bugun ertalab doktor sening tez kunda tuzalib ketishingni ...o‘ndan ...hozir, eslab ko‘ray ...ha, o‘ndan to‘qqiz ehtimol deb aytgandi. Bu esa har birimiz Nyu Yorkda tramvayda ketayotib yoki yangi qurilayotgan uyning yonidan o‘tayotib duchor bo‘lishimiz mumkin bo‘lgan xavf-xatar bilan baravar degani-ku! Sho‘rvadan ozgina ichib olgin, o‘rtoqjoning Syudiga esa ruxsat ber, u chizayotgan suratini tugatsin va uni muharrirga pullab kasal qizalog‘iga portveyn sharobi, o‘ziga esa yumshoqqina cho‘chqa kotletidan olib kelsin.
– Endi sharob olishingga hojat yo‘q, – dedi Jonsi ko‘zlarini derazadan uzmasdan. – Ana, yana bittasi tushyapti. Bo‘ldi, boshqa sho‘rva ichgim kelmayapti. Hozir ular to‘rttagina qoldi. Qorong‘i tushmasidan oxirgisining tushishini ko‘rmoqchiman. So‘ngra men ham bu yorug‘ olamni tark etaman.
– Jonsi, jonginam, – dedi Syu uning tepasida egilarkan, – menga ko‘zlaringni yumib derazaga qaramay turishga so‘z berasanmi? Men ungacha ishimni tugatib olardim. Suratlarimni ertaga topshirishim kerak. Menga yorug‘lik zarur, bo‘lmasa pardani tushirib qo‘yardim.
– Boshqa xonada chizsang bo‘lmaydimi? – so‘radi Jonsi sovuq ohangda.
– Oldingda qolsam degandim. Undan tashqari, shu axmoqona pechakgul barglariga qarashingni xohlamayman.
– Tugatishing bilan menga ayt, – dedi Jonsi ko‘zlarini yumayotib. U mum haykal kabi rangi siniq va harakatsiz yotardi. – Chunki so‘nggi yaproqning tushishini ko‘rmoqchiman. Men kutishdan charchadim. O‘ylayverib ham charchadim. Meni bu dunyoga bog‘lab turgan barcha rishtalardan xalos bo‘lib, o‘sha hayotdan to‘ygan bechora yaproqlar misoli havoda uchgancha g‘oyib bo‘lishni xohlayman.
– Uxlashga harakat qil, – dedi Syu. – Bermanni chaqirib chiqishim kerak. Unga qarab umrini yolg‘izlikda o‘tkazuvchi konchi suratini chizmoqchiman. Bir daqiqa o‘tmay qaytaman. Kelgunumcha joyingda qimirlamay yotgin.
Qariya Berman pastki qavatda yashaydigan bir rassom edi. U oltmishdan oshgan, Mikelanjelo yasagan Muso haykaliniki kabi jingalak soqoli ixchamgina jussasiga yarashib turardi. Bermanning san’at sohasida omadi chopmadi. U qirq yil mo‘yqalam surgan, ammo hali-hanuz unga ilhom parisining etagidan tutib qolish nasib etmagandi. Har safar bu musavvir shoh asar yaratmoq uchun shaylanadi, lekin hozirgacha bu ishni boshlay olmagan ham edi. Mana, bir necha yildirki, ba’zan e’lonlar uchun tirikchilik yo‘lidagi o‘lda-jo‘lda ishlangan rasmlarini aytmasak, arzirli bir ish qilmagan ham edi. U professionalga qurbi yetmagan mahalliy yosh rassomlar uchun tirik manekenlik qilib kun ko‘rardi. Ichkilikka mukkasidan ketgan, shunga qaramasdan hali ham yaratajak shoh asari haqida gapirishdan tinmasdi. Umuman olganda esa, ko‘ngili bo‘sh odamlarni jini suymaydigan, o‘zini yuqorida yashovchi ikki rassom qizni himoya qiluvchi qo‘riqchi it deb hisoblaydigan badjahl bir chol edi.
Syu Bermanni pastki qavatdagi xira yoritilgan hujrasidan topganida, undan qora archa mevasining hidi anqib turardi. Xonaning bir burchagidagi molbertda esa yigirma besh yildan buyon shoh asarning ilk chizgilarini intiqlik bilan kutayotgan bo‘m-bo‘sh mato yotardi. Syu unga Jonsining xayolidagilarni, qizning o‘zi ham yaproq misoli yengil va nimjon bo‘lib qolganini, hayot rishtalari noziklashib qolib, shamoldagi yaproq kabi uchib ketishidan havotirda ekanini aytib berdi. Qizargan ko‘zlari yoshlana boshlagan Berman bunday xayolparastlikdan g‘ashi kelib baqirib yubordi.
– Nima? – deb o‘shqirdi u. – Hech jahonda la’nati bir pechakgul yaproqlari to‘kilgani uchun ham odam o‘ladimi? Bunaqasini sira eshitmagan ekanman. Yo‘q, sening o‘sha axmoq konchi surating uchun manekenlik qilishni xohlamayman! Qanday qilib bunday bo‘lmag‘ur fikrlarni uning miyasiga kelishiga indamay qarab turipsan? E-e-eh Jonsi xonim.
– U betob bo‘lib ancha zaiflashib qoldi, – dedi Syu, – isitmasi balandligidan alahsirab har xil be’mani narsalar haqida aljirayapti. Mayli, janob Berman, agar menga manekenlik qilishni istamayotgan bo‘lsangiz, sizni ovora qilib o‘tirmayman. Ammo nima bo‘lganda ham siz jirkanch qari ... qari ezma chol ekansiz!
– Eh, baribir zaifaligingga borasan-da! – qichqirdi Berman. – Manekenlik qilmayman deb senga kim aytdi? Bo‘laqol tezroq! Sen bilan boraman. Axir yarim soatdan beri senga shuni uqtiryapman-ku! Xudoyim-ey! Bu yer Jonsi xonimdek qiz uchun kasal bo‘lib yotadigan joy emas. Bir kun kelib men albatta shoh asarimni chizaman, keyin biz bu yerdan ko‘chib ketamiz. Albatta, bo‘lmasam-chi!
Ular yuqoriga chiqishganda Jonsi uxlab qolgan ekan. Syu pardani deraza tokchasiga tushirib, Bermanga boshqa xonaga o‘tishga ishora qildi. U yerda ular derazadan pechakgulga xavotir bilan qarashdi. So‘ng bir lahza lom-mim demay bir-birlariga tikilib qolishdi. Tashqarida yomg‘ir aralash qor to‘xtovsiz yog‘ardi. Berman o‘ngib ketgan ko‘ylagida yolg‘iz yashovchi konchi o‘laroq qoyatosh o‘rnini bosuvchi to‘ntarilgan qozon ustiga o‘tirdi.
Ertasi kuni ertalab Syu bir soatlik derazani yopib turgan yashil pardaga qarab turardi.
– Pardani ko‘tar, ko‘rishni xohlayman, – deb shivirladi u buyruq ohangida.
Syu horg‘in holda uning aytganini bajardi.
Ammo ne ajabki, tun bo‘yi sharros quygan yomg‘ir va esgan kuchli shamolga qaramay g‘isht devorda hali ham bitta yaproq ko‘rinib turardi! U pechakgul yaproqlarining so‘nggisi edi. Poyaga yaqin joylari hali-hamon to‘q yashil, arrasimon qirralari esa qurib sarg‘aya boshlagan bu yaproq yigirma futcha balandlikda matonat bilan o‘z novdasiga osilib olgandi.
– Bu so‘nggisi, – dedi Jonsi. – Uni kecha kechqurun albatta to‘kiladi deb o‘ylagandim. Shamolni eshitdim. U bugun to‘kiladi, shunda men ham o‘laman.
– Nafasingni yel uchirsin! – dedi Syu, so‘lg‘in yuzini yostiq tomon burarkan. – O‘zingga joning achimasa, menga rahming kelsin! Mening holim ne kechadi?
Ammo Jonsi javob qaytarmadi. Inson qalbi sirli, olis sayohatga hozirlik qilayotgan bu olamdagi barcha narsaga befarq bo‘lib qolarkan. Jonsini do‘stlik va hayotga bog‘lab turgan rishtalar birma-bir uzilarkan, u o‘sha xayoli ta’siriga tobora berilib ketayotganday edi.
Yana bir kun o‘tdi, g‘ira-shira bo‘lishiga qaramasdan hali-hamon novdasida osilib turgan o‘sha yolg‘iz yaproq ko‘ziga tashlanib turardi. Qorong‘i tushishi bilanoq shimoldan esayotgan shamolning yana jilovi bo‘shadi, bu payt yomg‘ir ham tinmay derazaga urilib, past golland tarnovlaridan chakkillab pastga oqardi.
Tong otishi bilanoq bag‘ritosh Jonsi yana pardani ko‘tarishni buyurdi.
Pechakgul bargi hali ham o‘z joyida edi.
Jonsi unga uzoq vaqt tikilib yotdi. So‘ngra gaz plitasida tovuq sho‘rvasini aralashtirayotgan Syuni yoniga chorladi.
– Qanchalik zaif bo‘lgan ekanman-a, Syudi, – dedi Jonsi. – U so‘nggi yaproq ham qanchalik zaiflik qilayotganimni ko‘rsatish uchun to‘kilmay turishga kuch topa oldi. O‘ziga o‘lim tilash katta gunoh. Bunday niyat qilganim uchun o‘zimdan o‘zim uyalib ketyapman. Hozir menga ozgina tovuq sho‘rvadan bergin, yana portveynli sutdan ham olib kel... Yo‘q, shoshma! Avval oynani keltir, yonimga yostiq ham to‘shab qo‘y, o‘tirib ovqat pishirishingni ko‘rmoqchiman.
Bir soatdan keyin u dedi:
– Umid qilamanki, bir kun kelib men albatta Neapolitan ko‘rfazining rangli suratini chizaman.
Tushlikdan keyin shifokor keldi, u ketayotganda esa Syu bir narsani bahona qilib uning orqasidan dahlizga chiqdi.
– Imkoniyatlar barobar, – dedi shifokor Syuning nozik, titrayotgan qo‘llarini siqib qo‘yarkan. – Yaxshi qarov bilan kasallikni albatta yengasizlar. Hozir esa men pastki qavatdagi bemorni ko‘rishim kerak. Uning ismi Berman ekan. Menimcha, rassom bo‘lsa kerak. U ham zotiljamga chalinibdi. Keksayib quvvatdan qolgan, kasali esa juda og‘ir. Hech qanday umid qolmagan, biribir kasalxonaga yuborsak tinchroq yotadi.
Ertasi kun shifokor Syudiga dedi:
– Uning hayoti xavf ostida emas. Sizlar yengdinglar. Unga yaxshi ovqat berib g‘amxo‘rlik ko‘rsatilsa, tez kunda oyoqqa turib ketadi.
O‘sha oqshom Syu mamnuniyat bilan to‘qiyotgan to‘q moviy va umuman keraksiz junli sharfini tutgancha Jonsining yotog‘iga keldi, bir qo‘li bilan qizni yostiqqa qo‘shib bag‘riga bosdi.
– Senga bir gap aytishim kerak, mening jajjigina oppoq quyoncham. – dedi u. – Bugun janob Berman kasalxonada zotiljamdan vafot etibdi. U atigi ikki kun betob bo‘lib yotibdi. Qorovul uni birinchi kuni ertalab pastdagi xonasiga og‘riqdan nochor ahvolda ko‘rgan ekan. Oyoq kiyimi va ust-boshlari jiqqa xo‘l va sovuqdan muzlab ketgan ekan. O‘sha mash’um kechada qaerda bo‘lganligini tasavvurlariga ham sig‘dira olishmabdi. Undan keyin ular hali ham o‘chmagan fonar, joyidan qo‘zg‘atilgan narvon, bir nechta sochilib yotgan mo‘yqalam bilan birga yashil va sariq bo‘yoqlarni topishibdi – derazadan tashqariga qaragin, qadrdonim, devordagi so‘nggi yaproqqa bir nazar tashlagin. U nega shamolda tebranmayotganiga hech e’tibor berdingmi? Eh, jonginam, bu Berman yaratgan shoh asar – uni u o‘sha so‘nggi yaproq to‘kilgan kechada chizgan ekan!
Ingliz tilidan Ma’ruf Abdullaev tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnalining 2011-yil, 4-sonidan olindi.
______________
* Tabldot – ba’zi bir mamlakatlardagi umumiy ovqatlanish stoli (dam olish maskanlarida, oshxonalarda, restoranlarda – tarj).
* * *
O‘Genri. So‘nggi barg (hikoya)
Suye va Jonsi — dugonalar. Ular Nyu-Yorkda katta uyda yashashadi. Suye Meyn shtatidan, Jonsi Kaliforniya shtatidan kelishgan. Suye Jonsiga qaraganda qoruvli. Jonsining jussasi kichkina, qarashlari o‘ychan, ko‘zlari katta, sochlari uzun, qorachadan kelgan qiz. Ular san’at va musiqaning, she’riyatning shaydosi, orzu qilishni, xayol surishni yoqtirishadi. Biri rasm chizishga, biri esa mashhur artist bo‘lishga qaror qilishgan. Pullari ko‘p bo‘lmasa-da, lekin o‘zlari yosh va orzulari bisyor.
Kuz kunlarining birida Jonsi kasal bo‘lib qoldi. Uni goh isitma zaptiga olar, goh sovuqdan “qalt-qalt” titrardi. U tez-orada cho‘pday ozib ketdi. Bir hafta o‘rnidan turmadi.
Bir kuni doktor Suyega: “Men sen bilan gaplashmoqchiman. Dahlizga chiqib tur”, dedi. Suye dahlizga chiqqach, doktor unga dedi: “Suye, dugonangning ahvoli yomon. Bu dori-darmonlar yordam bermayapti. U tushkunlikka tushib ketgan. Sening yordaming kerak”. Shunday deb doktor ketdi.
Suye xonaga kirdi. Jonsi derazadan tashqariga, kulrang devorli uyga qarab yotardi. Uni hech narsa qiziqtirmas, “churq” etib og‘iz ochmas, kun sayin ko‘zlaridagi umid so‘nib borayotgandi.
— Doktor ko‘proq sho‘rva, iliq sut ichishing, mevalardan yeyishing kerakligini aytdi, — dedi Suye.
Lekin Jonsi uni eshitmadi. U sanardi: “O‘n ikki”. Birozdan so‘ng “O‘n bir”, dedi. Keyin: “O‘n, to‘qqiz...”.
Suye Jonsi nimanidir sanayotganini angladi. U derazadan tashqariga qaradi, lekin tashqarida sanaladigan hech narsani ko‘rmadi. Tashqarida bog‘ va tosh devor bor, xolos. Daraxtlarda esa sariq va jigarrang barglar diydirab turibdi.
— Sakkiz, — dedi Jonsi. — Uch kun ilgari yuztacha edi, men ularni sanay olmasdim. Ammo hozir men ularni ko‘rayapman. Sakkizta qoldi.
— Sakkizta nima, azizim? Ayt menga!
— Barglar pechak gulniki. Qachon so‘nggi barg uzilsa mening jonim ham uziladi.
— Lekin sen tezda tuzalib ketasan. Jonsi, kel, iltimos, shu barglar haqida o‘ylamaslikka harakat qil. Men rasmingni chizib tugatdim. Agar sota olsam, senga yaxshi mevalar olib kelaman.
— Yo‘q meva sotib olma, men ularni yeyishni xohlamayman, — dedi Jonsi. — O‘ylashni ham, kutishni ham xohlamayman, faqat o‘lishni istayman.
— Jonsi, iltimos, unday dema.
— Ha, Suye, bilaman. Men qachon so‘nggi barg uzilsa, jonim ham uzilishini bilaman.
Suye hech narsa demadi. U nima deb javob berishini bilmasdi.
U unsiz yig‘lardi. Keyin dahlizga chiqdi va ovozini chiqarib yig‘lab yubordi. Uning yig‘laganini qari Berman ko‘rib qoldi.
Qiz Bermanga Jonsi haqida so‘zlay ketdi. Berman ham kambag‘al edi. U mashhur rassom bo‘lish orzusida yurar, ammo qirq yil o‘tibdiki, orzusi ushalmadi. Hozir yoshi oltmishda. Ba’zida rasmlarini sotib kun ko‘radi, hech biri ikki bo‘lmagan. U Suye va Jonsini yaxshi ko‘rardi. Ularga yordam bergisi keldi.
“Men unga shoh asarimni tuhfa etaman”, dedi ichida Berman va kichkina xonaga, Jonsining oldiga kirib ketdi...
— U betob, — dedi Suye. — Hali o‘ziga kelgani yo‘q, ahvoli og‘ir. U tugab borayotgan pechakgul barglarini sanayapti. Qachon so‘nggi barg uzilsa, mening ham jonim uziladi, deb o‘ylayapti.
Suye va Berman xonaga kirganlarida Jonsi uxlab yotardi. Berman pechakgulga tikilib qoldi va hech narsa demay chiqib ketdi.
Tun bo‘yi yomg‘ir yog‘di, kuchli shamol turdi. Suye uxlayotgan Jonsiga yaqinroq o‘tirdi, u tongga qadar uxlamadi. Jonsi uyg‘onib, tashqariga qaradi. U ham derazadan tashqariga boqdi. Bittagina pechakgul bargi qolganini ko‘rdi.
— Bu eng so‘nggisi, — dedi Jonsi. — Men kechasi qattiq shamol bo‘lganini sezdim, lekin nimaga uzilib ketmaganiga hayronman. Buni hozir tushundim, mening umrim tugashiga ozroq vaqt bor hali.
— Oh, Jonsi, — dedi Suye. — Men sensiz nima qilaman?
Ammo Jonsi hech narsa demadi.
Kun sekin o‘tardi. Har daqiqa bir soatdek. Kun botgach, yana shamol turdi, sovuq kuz yomg‘iri yog‘a boshladi. Tun bo‘yi yomg‘ir yog‘di, ertalab ikkala qiz derazadan tashqariga qarashdi. Barg bor edi!
Jonsi uzoq tikildi.
— Men tuni bilan shamol bo‘lganini sezdim, ammo bu mittigina jasur barg shamol bilan kurashdi. Suye, meni kechir. Bu so‘nggi barg mening hayotim uchun kurashganga o‘xshaydi, — dedi Jonsi.
Peshindan so‘ng doktor keldi: “Jonsi, agar qattiq kurashsang, albatta, dardni yengasan. Men hozir bir rassomning oldidan kelayapman. Uning ismi Berman, u keksayib qolgan, lekin tetik ekan“, dedi doktor.
Bir necha kundan keyin Suye Jonsining yotog‘iga kirdi va yoniga borib o‘tirdi.
— Men senga hozir bir narsa aytaman, azizim, — dedi u. — Janob Berman bugun kasalxonada vafot etibdi. Xonasida uning sariq va yashil rangda chizgan rasmlarini ko‘rdim. O‘sha qorong‘i tunda Berman devorning orqasiga pechak gul rasmini chizgan ekan. Bu so‘nggi barg — uning shoh asari!
Ingliz tilidan Zuhra Asqarova tarjimasi.
Dostları ilə paylaş: |