Kurs ishining mazmunini ochib berishga qaratilgan talablar. Kurs ishining asosiy qismlarini tartiblashtirish maqsadida ishrejasini bajarilish muddatlarini ko‘rsatib tuzish maqsadga muvofiqdir. Kurs ishining ish rejasiga quyidagi bosqichlarni kiritish mumkin:
1) mavzuni tanlash;
2) maxsus adabiyotlarni o‘rganish;
3) kurs ishi rejasini tuzish;
4) ilmiy rahbardan maslahat olish;
5) ishning amaliy tatbiqini o‘rganish;
6) ishning birinchi (qoralama) variantini yozish;
7) ishni ilmiy rahbarga ko‘rsatish va uning maslahatlarini olish;
8) ko‘rsatilgan kamchiliklarni tuzatish, ishni tahrir qilish va kafedraga kurs ishining tayyor variantini taqdim etish;
9) maʼruzani tayyorlash va ishni himoya qilish.
Kurs ishi quyidagi tarkibdan iborat bo‘ladi: a) titul varag‘i;
b) mundarija (reja);
v) kirish;
g) asosiy qism (3- 4 paragrafdan iborat bo‘lishi mumkin);
d) xulosalar;
ye) foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati;
j) ilovalar (zarurat bo‘lsa).
Kurs ishining hajmi А4 (297x210 mm) formatdagi qog‘ozga kompyuterda terilgan 20-25 betdan iborat bo‘ladi. Betlar soniga ilovalar kiritilmaydi. Qog‘ozga matn 1,5 intervalda, harflar o‘lchami 14, Times New Romanning o‘zbekcha variantida qog‘oz chetlarida chapdan 30 mm, tepadan 20 mm, pastdan 20 mm va o‘ngdan 15 mm joy qoldirib teriladi.
Kurs ishini tayyorlash jarayonida foydalanilgan barcha adabiy manbalarga iqtibos (ssilka) qilinishi shart.
Kurs ishlari mavzulari o‘quv yili boshida talaba taqsimlanib, ilmiy rahbarlar tayinlanadi va kafedra yig‘ilishida tasdiqlanadi.
Kurs ishining alohida bandlariga qo‘yiladigan talablar. Reja (Mundarija)da kurs ishining barcha bandlari, yaʼni kirish, asosiy qism, bob va paragraflar, xulosa va takliflar, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati bet raqamlari bilan birgalikda keltiriladi.
Kirish qismining hajmi 3-4 betni tashkil qiladi. Unda tanlab olingan mavzuning dolzarbligi asoslanadi, izlanishning maqsadi, vazifalari, nazariy va metodologik asoslari yoritib beriladi.
Аsosiy qism faqat paragraflar yoki boblar shaklida tasniflanishi mumkin. Bu qism kurs ishining umumiy hajmining tahminan 75-80 %ini tashkil qilishi kerak. Аsosiy qismda mavzuning asosiy nazariy va metodik masalalari ko‘rib chiqiladi, statistik maʼlumotlarning mazmuni tahliliy natijalar asosida ochib beriladi, o‘rganilayotgan jarayonlarning rivojlanish yo‘nalishlari va qonuniyatlari aniqlanadi, ularga taʼsir qiluvchi omillar ko‘rsatiladi hamda o‘rganilayotgan jarayonlarni takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Kurs ishining xulosa va takliflar qismi 2 - 3 bet atrofida bo‘lib, unda talaba va magistr ilmiy tadqiqotning xulosa va takliflarini keltiradi.