Ilmiy-nazariy adabiyotlardan foydalanish. Kurs ishini sifatli bajarishning muhim shartlaridan biri tanlab olingan mavzu bo‘yicha mavjud maxsus adabiyotlarni chuqur o‘rganish hisoblanadi. Bunda ko‘rib chiqilayotgan savollarga tegishli rasmiy maʼlumotlarni, ilmiy asarlarni, darsliklarni, ilmiy maqolalar to‘plamlarini, ilmiy anjumanlar materiallarini, statistik maʼlumotlarni o‘rganib chiqish zarur.
Аdabiyotlarni o‘rganish jarayonida asosiy eʼtiborni birinchi navbatda maqola yoki kitobning kurs ishi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lgan qismlariga, yaʼni boblarga, paragraflarga qaratish kerak. Shu bilan birga kurs ishini yozish jarayonida zarur savollarni tushirib qoldirmaslik maqsadida har bir o‘rganilayotgan adabiyotni boshidan oxirigacha ko‘z yugurtirib chiqish lozim.
Аdabiyotlarni o‘qish va o‘rganish jarayonida kurs ishi bilan bog‘liq bo‘lgan savollardan parcha ko‘chirib olish zarur. Har bir parchada uning manbasi va manbadagi sahifasi ko‘rsatilishi shart. Аdabiyotlar bilan tanishish jarayonida muallif o‘z xulosalarini isbotlash uchun foydalangan tahlilning texnik usullarini, yaʼni jadvallar, shakllar, statistik maʼlumotlarni guruhlarga bo‘lish va boshqalarni yozib qo‘yishi zarur.
Chunki, ularning baʼzi birlaridan kurs ishini yozish davomida foydalanish mumkin.
O‘rganilayotgan adabiyotlardan ko‘chirib olinayotgan parchalarni alohida qog‘ozning faqat bir tomoniga, yozuv uchun hoshiya qoldirgan holda yozish maqsadga muvofiqdir. Аdabiyotlar bilan tanishish jarayonida vujudga kelgan g‘oyalarni shu holdayoq yozib qo‘yish maqsadga muvofiqdir.
Аmaliy va tahliliy maʼlumotlarni yig‘ish va qayta ishlash. Аmaliy va tahliliy maʼlumotlarni yig‘ishda tadqiqot obʼektining hisobotlaridan, ilmiy-amaliy anjumanlar materiallaridan, psixologik-sotsiologik tadqiqotlardan foydalanilishi mumkin. Bundan tashqari, tanlangan mavzu bo‘yicha mustaqil tadqiqotlar, kuzatishlar, so‘rov, testlar o‘tkazish va psixologik taxlil qilish ham muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Turlicha psixologik tahlil qilish uchun bir necha yillik kerakli maʼlumotlarni yig‘ish talab qilinadi. Kamida oxirgi uch yillik maʼlumotlar bo‘lishi lozim. Yig‘ilgan maʼlumotlarni alohida boblar va paragraflar bo‘yicha taqsimlash va shundan keyingina ularni har bir bo‘lim va paragraf maqsadi va vazifalariga mos ravishda qayta ishlashga kirishish maqsadga muvofiqdir.
Mundarijada kurs ishining barcha qismlari, yaʼni kirish, asosiy qism, bob yoki paragraflar, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar joylashgan sahifa raqamlari bilan birgalikda keltiriladi.