Xufyona iqtisodiyot ijtimoiy taraqqiyotni jadallashtiruvchi omil sifatida
Jamiyat taraqqiyoti muntazam ravishda amalga oshirilayotgan innovatsiyalar bilan bog‘liqdir. Innovatsiyalar deganda ko‘pincha texnik xususiyatga ega ixtirolar nazarda tutiladi, aslida esa yangi institutlar (yangi “o‘yin qoidalari”)ning ixtiro qilinishi ham texnik ixtirolardan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga egadir. Masalan, aksiyadorlik jamiyatlarining “ixtiro qilinishi” kapitalistik iqtisodiyot taraqqiyoti uchun bug‘ mashinasi ixtirosidan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga ega bo‘lgan. Ammo institutsional novatorlik doimo har qanday jamiyatda ko‘pchilikni tashkil etuvchi an’anaviy qadriyatlar tarafdorlarining qarshiligiga duch keladi. Qonunchilik me’yorlari ko‘pchilikning
xohishini aks ettirgani sababli, yangi “o‘yin qoidalari”ning paydo bo‘lishi qonunchilikning buzilishi orqali amalga oshiriladi. Binobarin, institutsional novatorlik o‘zida albatta eski rasmiy (qonuniy) va yangi norasmiy (noqonuniy) amaliyotlar raqobatini mujassamlashtiradi.
Fridrix fon Xayek qayd etishicha, raqobat tadqiqot jarayoni sifatida juda muhim bo‘lib, raqobat vaqtida tadqiqotchilar foydalanilmagan imkoniyatlarni qidiradilar va boshqa insonlarga ko‘rsatadilar45. Bu “raqobat, ixtiro jarayoni kabi” o‘zida albatta qonuniy iqtisodiyotning yashirin iqtisodiyot bilan raqobatini ham mujassamlashtiradi. Yangi qoidalarning norasmiy xususiyati ularni amalga oshirishda qo‘shimcha xarajatlarini keltirib chiqaradi, shu sababdan eski rasmiy va yangi norasmiy o‘yin qoidalari o‘rtasidagi raqobatda an’anaviy tizim bilan taqqoslaganda katta afzalliklarni ta’minlovchi yangi qoidalar g‘olib chiqadi.
Xufyona iqtisodiyotning ushbu innovatsion roli tizimlararo siljishlarda (bir iqtisodiy tizimdan ikkinchisiga o‘tishda) yaqqolroq aks etadi. Sobiq ittifoqning so‘nggi o‘n yilligida yashirin iqtisodiyotning jadal rivojlanishi bunga yaqqol misol bo‘lishi mumkin.
1970-yillarda sovet xufyona iqtisodiyotining “kashf” etilishi xorijiy sovetologlar tomonidan “sotsialistik lager” mamlakatlaridagi markazlashtirilgan reja, total hisobot va nazoratga asoslangan mustaqil xo‘jalik faoliyati o‘rganilishi bilan bog‘liqdir. Birinchi tadqiqotchilar sobiq SSSR iqtisodiyotida amal qilayotgan mexanizmlar rasmiy e’lon qilingan va sovet matbuotida targ‘ib etilayotgan modeldan farq qilishini qayd etishgan. Bu borada Aron Katsenelinboygen ilg‘or surgan konsepsiya juda qiziqarlidir. Unda to‘liq rejalashtiriladigan sovet xo‘jaligida go‘yoki bozor munosabatlarini batafsil tasniflanishi amalga oshirilgan. Taklif etilayotgan yondashuvda yashirin munosabatlar g‘ayrioddiy hodisa emas, balki bozor aloqalari tizimining tarkibiy qismlaridan biri sifatida namoyon bo‘lgan. Maqola muallifi quyidagicha fikr bildirgan: “Sovet tajribasi marksistik yondashuvdan farqli o‘laroq
45Qarang: ХайекФ.фон.Конкуренция как процедура открытия // Мировая экономика и международные отношения. 1989. № 12. С. 13.
rejali sotsialistik tizim bozor elementlariga muhtoj ekanligini ko‘rsatdi. SSSRda mavjud bo‘lgan bozorlarning bir qator turlari haqida to‘xtalib o‘tish mumkin”46.
Shunday qilib, A. Katsenelinboygen sovet iqtisodiyotini rasmiy- rejali munosabatlarning bozor (qonuniy, yarimqonuniy va umuman noqonuniy) munosabatlari bilan o‘ziga xos sintezi sifatida o‘rganishni tavsiya etgan. Buning natijasida sovet xo‘jaligi tizimining yashirin ko‘pukladliligi masalasi ko‘tariladi. 1980-yillarda sovetologlar SSSRda to‘liq rejalashtirish va markazdan boshqarish pardasi ortida aralash tipdagi iqtisodiy tizim yashiringan degan fikrga kelishgan edi. Bunda norasmiy va nazorat ostida bo‘lmagan ishlab chiqarishning ahamiyati rasmiy ishlab chiqarishning ahamiyatidan kam emas.
1960-1980 yillarda SSSRda oddiy tovar va xizmatlarning yashirin bozori rivojlanishi “oddiy sovet odamini” bozor munosabatlari to‘g‘risidagi quyidagi ba’zi elementar tushunchalar bilan tanishtirdi: insonlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlarni o‘rnatish kerak – “sen – menga, men – senga” tamoyili asosida; pul – buyuk o‘lchov vositasi; savdo-sotiq tanlovga imkoniyati bo‘lishi va tomonlarning o‘zaro roziligi bilan amalga oshiriladi. Sovet tizimida deyarli barcha insonlar noqonuniy bozor munosabatlari ishtirokchisi bo‘lganligi, hamda yashirin bozor munosabatlarining ommaviyligi 1990 yillarda iqtisodiyotning bozor modernizatsiyalashuvi jarayonini yengillashtirdi – ko‘pgina bozor institutlari (masalan, vositachilik savdosi) bo‘sh joyda emas, balki shu yashirin tuzilmani oshkorlashtirish orqali vujudga keldi. Aynan sovet yashirin iqtisodiyoti (kam sonli dissidentlarning “chiqishlari” emas) ma’muriy-buyruqbozliq iqtisodiy tizimidan bozor xo‘jaligiga o‘tishni tayyorlashda katta rol o‘ynadi.
Xufyona iqtisodiyot faqatgina tizimlararo emas, balki tizim ichidagi siljishlarning ham tashabbuskoridir. Masalan, erkin raqobat kapitalizmidan “monopolistik” kapitalizmga o‘tish AQShda (boshqa mamlakatlarda ham) ochiqdan-ochiq qonunni buzuvchi “qaroqchi- baronlar”ning (Djon Rokfeller yoki Djon Morgan kabi) faoliyati bilan bog‘liqdir.
46Qarang: Каценелинбойген А. Цветные рынки и советская экономика / Советская экономика и политика. Книга третья. Boston, 1988.