O‘zbekistonda soliq to‘lovchilarning soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashlari natijasida soliqlarning undiriluv (yig‘iluv)chanlik darajasi yaxshi emas. U taraqqiy etgan mamlakatlardagi darajadan ancha past. Aslida, hisoblangan soliq summalari o‘z vaqtida budjetga to‘liq o‘tkazilishi kerak. Ammo amaliyotda bu vazifani to‘liq uddalashning iloji bo‘lmayapti. Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlariga nisbatan moliyaviy jazo qo‘llaniladi. Moliyaviy jazo qo‘llanilmasa, o‘rnatilgan tartib-qoida buzilaveradi, unga qat’iy va to‘liq rioya qilmaslik davom etaveradi, natijada majburiyat va soliq to‘lash burchi bajarilavermaydi.
Soliqlarning undiriluv (yig‘iluv)chanlik darajasi nisbatan past bo‘lsa, moliyaviy jazoning darajasi, aksincha nisbatan yuqori bo‘lishi kerak. Uning ana shunday darajasi soliqlarning undiriluv (yig‘iluv)chanlik darajasining ko‘zlangan darajasiga yetgunga qadar saqlanib turmog‘i lozim. Unga erishilganidan keyin moliyaviy
jazoning darajasi, ma’lum bir muddatda saqlanib turilganidan so‘ng, pasaytirilishi mumkin.
Davlat soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlarga nisbatan haddan tashqari qattiq moliyaviy jazolarni qo‘llashdan manfaatdor emas. Davlat soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlarga nisbatan ta’sirchan moliyaviy jazolar tizimini qonuniy tarzda joriy etishi lozim bo‘ladi. Ashaddiy bo‘lmagan soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlarga nisbatan sharoitga va ularning moliyaviy holatlaridan kelib chiqib, moliyaviy jazo summalarining undirilish muddatlarini ta’sirchan tarzda ortga surish, moliyaviy ahvolini yaxshilab olishga imkon berish, bir- ikki marta “kechirish”, shu bilan birga ashaddiy soliq to‘lashdan bo‘yin tovlovchini aniqlab, unga nisbatan qattiq moliyaviy jazo qo‘llash orqali boshqalarga namuna qilib ko‘rsatish choralari amalga oshiriladi. Ammo soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlar uchun juda ham kam miqdorda moliyaviy jazo qo‘llanishi hech qanday samara bermaydi va uning samaradorligini va ta’sirchanligini yo‘qqa chiqarishi mumkin92. Jahon tajribasi ko‘rsatadiki, rivojlangan mamlakatlarda soliqni o‘z vaqtida to‘lamaslik va ularni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari uchun qattiq moliyaviy jazo, hatto jinoiy ishlar qo‘zg‘atiladi. Masalan, taniqli sport ustalari, san’atkorlarning soliqni o‘z vaqtida to‘lamaganliklari yoki undan bo‘yin tovlaganliklari uchun butun dunyo ommaviy axborot vositalarida sharmanda qilinganliklari va jinoiy ishlar qo‘zg‘atilganligi to‘g‘risida bot-bot xabarlar tarqatiladi. Masalan, o‘z vaqtida mashhur nemis tennischisi B.Bekker 1992-1996 yillar mobaynida olgan daromadlarining bir qismini soliq tashkilotlariga kamaytirgan holda ko‘rsatganligi uchun sud unga nisbatan shartli ravishda 2 yil qamoq jazosi belgilangan. Italiyalik mashhur tenor L.Pavarotti soliq qonunchiligiga qisman rioya etmaganligi uchun soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanib, ommaviy axborot vositalari orqali butun dunyoga sharmandai sharmisor qilingan. Mashhur kinoaktrisa S. Lorenga nisbatan ham shunday munosabat bildirilgan edi93. Yaqin yillar ichida mashhur futbolistlar Leonel Messi, Krishtian Ronaldular ham soliq to‘lashdagi xatoliklari uchun jazoga tortilish xavfi ostida soliq va jarimalarni to‘lab qutilib qolishgan edilar.
92Маликов Т.С., Жалилов П.Т. Бюджет-солиқ сиёсати.-Т.:Akademnashr, 2011.-398-398-бетлар.
93O‘sha yerda, 399-400-betlar.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi soliq to‘lovchining soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq yuzaga keladigan majburiyatini soliq majburiyati, deb e’tirof etib, uning tizimini belgilab beradi. Shunga mos ravishda soliq to‘lovchi tomonidan ushbu majburiyatlar tizimini buzish bilan bog‘liq huquqshunoslik sodir etilganda qo‘llaniladigan jazo tizimi umumiy shartlari ham Soliq kodeksida belgilangan. Soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlik boshqa turdagi huquqshunosliklar uchun qo‘llaniladigan jazo bilan choralaridan farq qiladi. Ushbu toifaga kiruvchi huquqshunosliklar faqat ma’muriy yoki jinoiy jazo bilan chegaralanmaydi. Soliqqa oid huquqshunoslik uchun qo‘shimcha ravishda moliyaviy jazo choralari qo‘llaniladi (6.4.1-jadval).