Darsning maqsadi: a) ta’limiy: Ona tili fanining nazariy va amaliy asoslarini o’rganish jarayonida o’quvchilarda estetik did, estetik ong, ona tiliga muhabbat, badiiy tafakkur va tasavvurini kamolga yetkazish va barkamol avlod tarbiyasiga zamin yaratish. b) tarbiyaviy: Ona tili fani orqali o’quvchilarga DTS asosida dars berish.
c) rivojlantiruvchi: O’quvchilarni tafakkur va idrokini kengaytirish, ularni mustaqil fikrlashga o’rgatish.
Dars uslubi: an’anaviy, noan’anaviy (tagiga chizilsin)
Dars jihozi: Darslik, kompyuter, tarqatma materiallar, ko’rgazmali qurollar...
Dars shiori: Tilga ixtiyorsiz - elga e`tiborsiz. ( A. Navoiy ) Foydalaniladigan adabiyotlar: «Ona tili» 9-sinf uchun darslik. 9-sinf darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi: a) salomlashish b) sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash. a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu 1-topshiriq. Ko’chiring. Qo’shma gaplarni qismlarga ajrating. Bo’lsa, esa so’zlarining vazifasini aniqlang.
1. Rejadagi zarur ishlarni amalga oshirishga vaqt yetkaza olmayapman, sen bo’lsa(bo'lsang) faqat dam olaylik deysan. («Gulxan») 2. U kim bo’lsa bo’lsin, men esa arxitektor bo’laman. («G’uncha»)
Bilib oling.Bo’lsa, esa so’zlari bog’langan qo’shma gap qismlarini bog’lash bilan birga, ular o’rtasida qiyoslash va zidlash munosabati mavjudligini ifodalaydi. Bo’lsa, esa so’zlari qiyoslanuvchi bo’lakdan so’ng keladi.
73-mashq. Gaplarni ko’chiring, bog’lovchi vositalarni izohlang.
1. Tovus o’zining chiroyli patlarini ehtiyot qiladi, vijdonli odam esa o’zining sharaf-u shonini saqlaydi. 2. Egrilik insonni qabohatga yetaklaydi, to’g’rilik bo’lsa uni saodatga boshlaydi. 3. Yaxshilik qilmoqlik ulug’ fazilatdir, Buning qadriga yetmaslik esa illatdir. 4. Oy tunda kerak, aql esa kunda kerak. 5. To’g’ri til tosh yoradi, egri til esa bosh yoradi 6. Yaxshidan bog’ qoladi, yomondan esa dog’ qoladi.
74-mashq. Gaplarni o’qing, bo’lsa, esa so’zlarining gapdagi vazifasini tushuntiring.
1. Jahl - dushman, aql esa do’stdir. 2. Dono aybni o’zidan axtaradi ahmoq bo’lsa do’stini ayblaydi. 3. Aql ko’pga yetkazadi, hunar bo’lsa insonni ko’kka ko’taradi. 4. Rostgo’ylik odamni kamolotga yetaklaydi, yolg’onchilik esa uni halokatga olib boradi. 5. So’zning yumshog’i g'azabni so’ndiradi, so’zning qattig’i esa odamni o’ldiradi.
76-mashq. Matnni o’qing, bo’lsa, esa so’zlari va ayiruv yuklamalari ishtirok etgan gaplarni ko’chirib yozing. Bu so’zlarning vazifalarini tushuntiring. Bo’lsa, esa so’zlarini mosini qo’yib, gaplarni davom ettirib, qo’shma gaplar hosil qiling.
1. Halol mehnat ro’zg’orga qut-baraka olib keladi,… 2. Bulbul navosi ko`ngillarni shod aylaydi,… 3. Mehr-muruvvat, saxovat insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, ... 4. Mehnat bilan har kishi murodiga yetadi,… 5. Oqil-u donoga yo’ldosh bo’lgan kishi hech qachon yo’lidan adashmaydi, ...
77-mashq. Nuqtalar o’rniga qavs ichida berilgan so’zlardan mosini qo’yib ko’chiring. Bu so’zlarning gapdagi vazifasini ayting.
1. Siz uni tartibga chaqirib qo’ying, (bo’lsa, bo’lmasa, esa) ustidan arz qilaman. (Abdulla Qahhor) 2. Ulug’ Navoiy o’zigacha yashagan va o’ziga zamondosh bo’lgan shoirlarning baytlarini yig’ib «Majolis un-nafois» asarini tuzgan holda, avlodlar mulkiga aylantirdi, buyuk Sa’diy Sheroziy (bo‘lmasa, bo‘lsa, esa) xalq donishmandligining nodir namunalariga o’z iste’dodi shu’lasi bilan sayqal berib, «Guliston» va «Bo’ston» larni yaratdi. (E.Vohidov) 3. Aql — eskirmas kiyim, bilim (bo’lmasa, esa, bo’lsa) tuganmas buloqdir. 4. Yaxshi yaxshiga yondashtiradi, yomon (bo’lsa, -esa, bo’lmasa) yo’ldan adashtiradi. (Maqol) 5. Yaxshilik obro’ keltiradi, yomonlik (bo’lmasa, esa, bo’lsa) zulmatga olib boradi. (Maqol)