Darsning maqsadi: a) ta’limiy: Ona tili fanining nazariy va amaliy asoslarini o’rganish jarayonida o’quvchilarda estetik did, estetik ong, ona tiliga muhabbat, badiiy tafakkur va tasavvurini kamolga yetkazish va barkamol avlod tarbiyasiga zamin yaratish. b) tarbiyaviy: Ona tili fani orqali o’quvchilarga DTS asosida dars berish.
c) rivojlantiruvchi: O’quvchilarni tafakkur va idrokini kengaytirish, ularni mustaqil fikrlashga o’rgatish.
Dars uslubi: an’anaviy, noan’anaviy (tagiga chizilsin)
Dars jihozi: Darslik, kompyuter, tarqatma materiallar, ko’rgazmali qurollar...
Dars shiori: Tilga ixtiyorsiz - elga e`tiborsiz. ( A. Navoiy ) Foydalaniladigan adabiyotlar: «Ona tili» 9-sinf uchun darslik. 9-sinf darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi: a) salomlashish b) sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash. a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu
11-mashq. Matnni o’qing, kesimlarni aniqlab, kesimlik shakllarini izohlang.
Amir sog’ayib, o’z vazifalarini o’tashga kirishgandan so’ng barcha tabiblarga mukofotlar berdi. Shunda ibn Sino bilan Buxoro amiri Nuh ibn Mansur o’rtasida shunday muloqot bo’lib o’tdi:
— Siz, - dedi amir, - bizga yaxshi xizmat qildingiz. Buning evaziga qanday mukofot istarsiz? Agar xohlasangiz, Buxoroi sharif yaqinidagi qishloqlardan ko’nglingiz tilaganini sizga in’om etaylik. Yoki shaharda ko’rkam bir imorat qurib beraylik. Agar oltin-kumush desangiz, bo’yingizga barobar sochamiz.
— Amir hazratlarining marhamatlaridan benihoya minnatdorman, dedi yosh tabib. — Sizdan bir o’tinchim bor. Yashamoqqa tayin joyim bor qilgan mehnatim evaziga kunim o’tib turibdi. Bo’yim barobar oltin-kumush menga ortiqchadir, ammo agar bir xazinangizdan to’la foydalanishga ruxsat bo’lsa, bu men uchun katta mukofot bo’lardi.
Qaysi biridan? — qiziqib so’radi amir.
Kutubxonadan, — dedi Husayn. (A.Qayumov) 12-mashq. Matnni o’qing, egalarni aniqlang. Ega bilan undalmaning o’xshash va farqli tomonlarini ayting.
Bir kuni yozuvchilar do’konida Abdulla Qodiriyni uchratdim.
— Zarifaxon, asal bermoqdalar, lekin menga kerak emas, bog’imda asalari bor. Menga tegishli asalni siz oling,— dedilar.
Abdulla Qodiriy 20-yillardayoq xalq o’rtasida mashhur bo’lgan yozuvchi edi. U Oybekni astoydil hurmat qilar, shu tufayli o’z nasibasini bizga in’om etmoqchi bo’lgan edi. (Z.Saidnosirova) 14-mashq, Matnni o’qing, gap bo’laklarini aniqlab, ularga izoh bering.
Buyuk bir donishmand odamzodning nopok istaklari va tuban ehtiroslarini bir uyga qamab qo’yilgan uch maxluq: odam, to’ng’iz va arslonga o’xshatgan ekan. U odam deganda aql-idrokni, to’ng’iz deganda insonning chirkin istaklarini, arslon deganda esa qahr-u g’azabini nazarda tutibdi. Bu uch maxluqning qaysi biri zo’r chiqsa, qamalgan uyda o’sha ustunlik qilar emish.
Bu qissadan hissa shuki, to’ng’iz bilan sher, ya’ni tuban ehtiroslar qanchalik zo’r bo’lmasin, aql-idrok, baribir, yenggusidir. (O. Yoqubov) 15-mashq. Gaplarni ko’chiring, gap bo’laklarining tagiga chizing.
1. Odamlarsiz yashama, odamlar orasida bo’l, Odamlar aybini ko’rma, o’z aybingni ko’r. (Yusuf Xos Hojib) 2. Inson go’zalligining asosi uning chiroyli xulqidir. (Xurramiy) 3. Muloyimlik - rizq sari yetaklovchi kalit. (Muhammad Zehniy) 4. O’z gunohingni so’rab eldin o’tin, Nafrat o’ti ichra bo’lmasdin o’tin. (Anbar Otin) 5. Muruvvat birla jonni nisor et, Hamisha yaxshilikni shior et. (Sayqaliy) 16-mashq. Baytni yodlang, undagi g’oya to’g’risida bahslashing. Gap bo'laklarining qaysi so’z turkumlari orqali ifodalanayotganini ayting.
Har kishi el uchun tortsa agar ranj,
Oqibat muyassar bo’lar unga ganj. (Majididdin Xavofiy)