10.MAYDALASH JARAYONINING ASOSIY VAZIFALARI Ishlab chiqarish sanoatning turli sohalarida maydalash jarayoni keng qo’llaniladi. Aniq yiriklikdagi bo’lakchalardan tashkil topgan qattiq jismlardan sochiluvchan material olish uchun ular turli usullar bilan maydalanadi. Qattiq jismni maydalashni ikki usuli bor: oddiy va tanlab maydalash.
Agar maydalanadigan mahsulot kimyoviy tarkibi bo’yicha bir turli bo’lsa va barcha uning qismlari struktura-mexanikaviy xossalari bo’yicha bir xil bo’lsa, aniq yiriklikkacha maydalangan qattiq jism aniq maqsad uchun qo’llash mumkin bo’lgan sochiluvchan massaga aylanadi. Bunday ta’sir usuli oddiy maydalash deb qabul qilingan.
Agar maydalanadigan qattiq jism kimyoviy tarkibi va strukturali-mexanik xossalari bo’yicha turlicha bo’lsa, yo’naltirilgan maqsadlar ta’sirini kuchaytirib, qattiq jismning tarkibiy qismini turli xossalarini kuchaytirish mumkin. Turli usullarni qo’llab, qattiq jismni maydalashda bir xil kuch ta’sirida yirikligi va kimyoviy tarkibi bo’yicha farq qiluvchi zarrachalar olish mumkin. Bu maqsadga erishishda bir bosqichli maydalash etarli emas, uni ko’p marotaba takrorlash kerak. Bunda har gal har bosqichda turli yiriklikka va sifatga ega bo’lgan maydalangan fraktsiyalar elab olinadi.
Maydalashning bunday usuli tanlab olish usulida maydalash deyiladi. Un tortishga tayyorlangan bug’doy va javdardan bir necha xil un navlarini olishda tanlab maydalash usuli asosiy hisoblanadi.
Un tortishga tayyorlashda bug’doy va javdarning anatomik qismlaridagi strukturali-mexanik farqdan foydalangan holda, gidrotermik ishlov berish usullarini qo’llab, mag’iz va qobiqning o’zaro farqli xossalari kuchaytiriladi. Navli un tortishda ko’p marotabali maydalashdan asosiy maqsad qobiqlarni maydalamasdan maksimal darajada qobiqlarsiz mag’izni ajratib olish. Shuning uchun navli un tortishda tanlab maydalash usuli keng qo’llaniladi. Maydalash uskunalarining optimal ko’rsatkichlarini mos tushishi donni yuqori samaradorlikda qo’llanishini va yuqori navli unning maksimal chiqishini ta’minlaydi.
Boshoqli ekinlarni maydalash uchun un tortish natijalarining maqsadli qo’llanilishidan bog’liq holda texnologik jarayonning turli bosqichlarida turli maydalovchi mashinalar qo’llaniladi.
Un tortish tegirmonlarida asosiy va energiya ko’p talab qiladigan texnologik uskunalar – maydalash mashinalaridir.
Tegirmonlarda don va don mahsulotlarini maydalashda quyidagi maydalash mashinalari qo’llaniladi:
a) jo’vaning ishchi yuzasi riflilangan yoki mikro g’adir-budirli ikki jo’vali maydalagichlar (jo’vali stanoklar);
b) darralari radial yoki uzunasiga joylashgan maydalagichlar (darrali mashinalar, detasherlar);
v) entoleytorlar.
Yorma zavodlarida arpa, makkajuxori va bug’doy donlaridan maydalangan yorma olishda donlarni maydalashda jo’vali stanoklar va djerminatorlar qo’llaniladi.
Omuxta em zavodlarida don va boshqa xom – ashyo mahsulotlarini maydalash uchun bolg’ali maydalagichlar qo’llaniladi.
Bug’doy donidan navli un tortishda maydalash texnologik jarayoni strukturasi bo’yicha uchta bosqichdan iborat bo’ladi:
1. Birinchi va ikkinchi sifatli yormali mahsulotlarni hosil qilish va qobiqli mahsulotlarni maydalash (yanchish jarayonlari);
2. Oraliq mahsulotlarini boyitish ( sovurish – elash va silliqlash jarayonlari);
3. Boyitilgan mahsulotlarni mayin yanchish (un tortish jarayoni).
Yuqori unumdorli uskunalar bilan jihozlangan tegirmonlarda don va donni maydalangan mahsulotlarini zararsizlantirishda, hamda jo’vali stanoklardan keyin hosil bo’lgan mahsulotlarni qo’shimcha maydalashda entoleytorlar va detasherlar ishlatiladi.