O‘zbek adabiyotshunosligida biografik metodda ham asarlar yozilayotganligi.
Tayanch tushunchalar:biografiya, metod, biografik metod, biografik asar, biografik roman, ijodiy portret.
Biografik metod vositasida, asosan, yozuvchining ijodiy lobaratoriyasi o‘rganiladi. Biografik metod ham o‘ziga xos imkoniyatlarga ega.
Biografik metod faqat ijodkor tarjimai holini o‘rganishdan iborat emas. Ijodkor hayotidagi ma’lum bir voqea-hodisalar uning yozgan asarlarida qaysidir tarzda o‘z aksini topishi aynan biografik metod vositasida o‘rganiladi.
Ma’lumki, konkret ijodkor merosini to‘laqonli tushunish va xolis baholash uchun uning hayot yo‘li haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish muhim ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, adabiyotshunoslikdagi tadqiqot metodlaridan biri — biografik metodning to‘la samara bilan ishlashi uchun konkret ijodkor hayoti va faoliyati haqidagi hujjatlarga ega bo‘lish lozim. Afsuski, ko‘plab ijodkorlarimiz haqida ma’lumot beruvchi hujjatlar hali to‘la yig’ilgan emas. Bu borada faqat Hamza arxivi yuzasidan qilingan ishlar (bunda professor L.Qayumov xizmatlarini alohida ta’kidlash lozim) bilangina maqtanish mumkin. Shuningdek, Oybek, A.Qahhor singari ulkan adiblarimizning uy-muzeylarida faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy xodimlarning sa’y-harakati bilan ular haqidagi hujjatlar yig’ilgan, tartiblangan. Bu manbalar mazkur adiblarning ijodiy merosini o‘rganish, qayta baholashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘ladi.
Adabiyotshunoslik bibliografiyasi adabiyotshunoslikning ilmiy-amaliy sohasi sanalib, adabiyotshunoslikka oid ilmiy asarlar, maqolalar, shuningdek, badiiy asarlar ro‘yxatini, bibliografik qo‘llanma, ko‘rsatkichlar tuzish bilan shug’ullanadi. Yordamchi soha sifatida adabiyotshunoslik bibliografiyasi ilmiy-tadqiqotlarning samarali bo‘lishiga xizmat qilish, badiiy adabiyotni targ’ib qilish kabi maqsadlarni ko‘zlaydi. Bibliograflar tomonidan tuzilgan bibliografik ko‘rsatkich va qo‘llanmalar tadqiqotchilarga katta amaliy yordam beradi.
Biografik metod badiiy asarni muallifining hayot yo‘li kontekstida o‘rganishni nazarda tutadi. Badiiy asarda ijodkor shaxsiyati akslangani bois undagi qator o‘rinlar muallif biografiyasi kontekstida yorqinroq anglashiladi. Shunga ko‘ra biografik metod asarga muallif tomonidan yuklatilgan mazmunni anglashda yetakchi ahamiyat kasb etadi. Masalan, A.Qahhorning "O‘g’ri" va "Dahshat" hikoyalari o‘tmishdan bahs yuritadi, biroq ularni biografik kontekstda olinsa, adib har ikki hikoyada ham ular yaratilgan davr muammolarini badiiy idrok etishga, o‘sha davr haqidagi, davr kishilari haqidagi fikrlarini ifodalashga harakat qilgani anglashiladi. Biografik metodning qanchalik samarali bo‘lishi ko‘p jihatdan tadqiqotchi qo‘l ostidagi biografik materialga bog’liq bo‘lib qoladi. O‘zbek adabiyotshunosligida biografik metodning yetarli darajada samara bilan qo‘llanilmay kelayotgani ayni shu narsa - biografik materialning yetarli emasligi bilan izohlanadi.
Ijodiy-genetik metod biografik metodga yaqin va u bilan birlikda qo‘llanib, badiiy asarning ijodiy tarixini o‘rganishni maqsad qiladi. Bu metod adabiyotshunosga hayot materialining badiiy obrazga aylanish jarayoni, badiiy matnning sayqallanish yo‘lini kuzatish imkonini beradi. Mazkur metod tadqiqotchining asar qoralamalari, uning turli nashr variantlari, tarixiy hujjatlar va h.ni chuqur o‘rganishini, konkret faktlar asosida asarning yaratilish tarixi va omillarini ochib berishini taqozo etadi. Adabiyotshunosligimizda ijodiy-genetik yondashuv samara bilan qo‘llangan tadqiqotlardan biri sifatida R.Qo‘chqorning A.Qahhor romanlarining ijodiy tarixi haqidagi ilmiy ishini ko‘rsatish mumkin.
Badiiy ijod namunasini biografik o‘rganish yo‘lidagi ilk qadamlar XIX asrning birinchi yarmi fransuz ilmiy-adabiy muhitida ko‘zga tashlanadi. Yevropa ijtimoiy muhitiga uyg’onish davridan meros o‘laroq shakllangan gumanizm konsepsiyasi inson shaxsiyatining ekssentrik tadqiq obyekti maqomini egallashiga olib keldi. Borliq va mavjudlik, voqelik va harakat, makon va zamon kabi global hodisalar inson va uning shaxsiyati negizida talqin etila boshladiki, mohiyatan ularning barchasini qamrab olish qudratiga ega bo‘lgan badiiy ijod muammosi ayni jarayondan chetda qolishi mumkin emas edi.
Jahon adabiyotshunoslari tomonidan biografik metodning asoschisi deb e’tirof etilgan Sharl Sent-Byov (1804-1869) 1821 yili Burbon nomidagi kollejda ta’lim olar ekan, falsafa o‘qituvchisi Damiron o‘z shogirdlariga har qanday ijod namunasi muallif shaxsiyati bilan bir butunlikda o‘rganilishi lozim, degan fikrni uqtirar edi. Damiron ma’ruzalariga asos bo‘lgan «Fransuz falsafasi tarixi» talaba Sharlning eng sevimli kitobiga aylanadi. Uning dastlabki ilmiy tadqiqoti ham aynan falsafiy mavzuda bo‘lib, «Barhayot ruh haqida» deb nomlanadi. Kollejda va keyingi ta’lim jarayonlarida tabiat, fiziologiya, ximiya, medisina, mantiq, til va adabiyot ilmlarini mukammal o‘rgangan Sent-Byov uchun Damiron fikrlari tayanch konsepsiya bo‘lib qoladi.
1825 yilda Parijda nashr etila boshlagan, Pushkin, Karamzin, Stendal kabi mashhur yozuvchilar asarlari chop qilingan «Glob» gazetasi nafaqat u davr fransuz ziyolilarining, balki umumevropa ziyoli qatlamining ilg’or qarashlarini aks ettirar edi. Gazeta chop etgan qator maqolalarda badiiy ijod namunasiga yangicha yondashuv masalasida bahs-munozaralar kuzatiladi. Xususan, badiiy asarni uning muallifi tabiati, iste’dodi, psixologik holatlari bilan sintez etaroq tadqiq qilish, ijod jarayoniga individual yondashish, o‘sha davr fransuz ilmiy-adabiy muhitining dolzarb muammosiga aylangan edi.
Sent-Byovning dastlabki taqrizlari, adabiy-tanqidiy maqolalari ham aynan «Glob» gazetasida nashr etilgan. Keyinchalik uning fransuz klassiklari Rasin, Bualo, Lofantenlar ijodiy merosiga, zamondoshi V.Gyugoning «Oda va balladalar» to‘plamiga doir jiddiy tadqiqotlari chop qilindi. Shuningdek, Sent-Byov XVI-XIX-asrlar fransuz she’riyati va dramaturgiyasi tarixiy taraqqiyoti xususida tadqiqotlar yozdi. Biroq bu kabi sof tarixiy-badiiy muammolar talqinida ham Sent-Byovga xos individual tahlil tamoyili yetakchilik qiladi. Bu jihat olimning har qanday tarixiy davr silsilasida muayyan ijodkorning o‘rniga urg’u berganida ko‘rinadi.
Uning ilk adabiy portretlari Kornel, Bualo, Lofanten va, ayniqsa romantizm adabiyotining qator vakillari haqida bo‘lib, 1829 yildan boshlab «Revyu Parij» jurnalida nashr etilgan. XIX-asrning 30-yillarida Sent-Byov Por-Royal adabiy-diniy maktabi faoliyatini o‘rgandi. Nafaqat fransuzlarning, balki butun Yevropa ruhoniy adabiyoti va tafakkur tarzini ifoda etuvchi bu maktab haqidagi tadqiqotlari besh jilddan iborat bo‘lib, 1838-1859 yillar orasida nashr etilgan. Sent-Byovning «Konetityusionnel» jurnali bilan qilgan ijodiy hamkorligi natijasi o‘laroq 15 jilddan iborat «Dushanbadagi suhbatlar», 13 jildlik «Yangi dushanbalar» nomli tadqiqotlari maydonga keldi. Ushbu tadqiqotlarning manbaviy ko‘lami nihoyatda keng. Ularda muayyan adabiy-tarixiy davrlar hamda alohida faylasuf, yozuvchi, shoirlar ijodi xususida so‘z yuritiladi.
Xullas, Sent-Byov tomonidan o‘z davri ilmiy doirasi uchun yangilik sifatida taqdim etilgan biografik tadqiq yo‘nalishi uch yirik omilga tayanadi. Bularning birinchisi, ildizlari antik dunyo ijtimoiy tafakkuriga borib bog’lansa-da, boshlang’ich aniq harakatni Uyg’onish davridan olgan shaxs konsepsiyasi. Ikkinchisi, Sent — Byov yashab ijod etgan jamiyatdagi fikriy yangiliklar, madaniy-tarixiy, falsafiy-psixologik, ilmiy-adabiy qarashlar. Uchinchisi, bevosita Sent-Byov shaxsiyati, ijodiy, ilmiy, ijtimoiy faoliyati hisoblanadi.
Sent-Byov tadqiqotlarida muayyan shaklga kirgan biografik metod keyinchalik uning qator izdoshlari tomonidan davom ettirildi, rivojlantirildi. Xususan, «Adabiyot tarixiga kirish» (1848) asarining muallifi Lakomb, «Adabiyotni ilmiy tadqiq etish usullari» (1900) asari muallifi Renar, o‘tgan asrning 20-60-yillarida biografik metod muammolari bilan shug’ullangan Maks Verli, Viktor Jiro, Valter Mushg, D.Shtolnis va boshqa qator olimlarning ishlari shu jumladandir.
Badiiy asar va ijodiy jarayonni biografik o‘rganish tarafdori bo‘lgan Yevropa olimlari orasida Sent-Byovdan qariyb yuz yil keyin yashagan Andre Morua (1885-1967) ijodi alohida ajralib turadi. Sent-Byovgacha va undan keyin maydonga kelgan ilmiy qarashlar, o‘ziga xos tadqiqotlar Andre Morua imkoniyatlarini nisbatan kengaytirgan edi. Bundan tashqari yosh Emil Erzog (A.Moruaning haqiqiy ismi sharifi) 1901 yilning oktyabr oyida Kornel nomidagi kollejda davrining yetuk mutafakkiri Alen bilan uchrashadi. Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridan boshlab, uning shogirdiga aylanadi. Yosh Emilga Alen tomonidan uqtirilgan gumanizm konsepsiyasi bo‘lajak olim ilmiy-falsafiy qarashlarining o‘zagiga aylanadi.
Andre Moruaning butun ilmiy-ijodiy faoliyati adabiy jarayonni biografik talqin etishga qaratilgan. Tadqiqotchilarning qayd etishicha, «Morua ijodiy evolyusiyasi Shellidan Balzakkacha bo‘lgan biografik tadqiqotlarda namoyon bo‘ladi».1 A.Moruaning «Labryuyerdan Prustgacha» (1964), «Prustdan Kamyugacha» (1963), «Jiddan Sartrgacha» (1965), «Aragondan Moterlangacha» (1967) sarlavhalari ostida nashr etilgan to‘rt jildlik yirik tadqiqotida biografik metodning ilmiy-nazariy prinsiplari o‘z ifodasini topgan.
Biografik metodning yevropacha talqindan bir qadar farqli ko‘rinishi sobiq sho‘ro davri adabiyotshunosligida ham kuzatiladi. XX asrning 20-yillarida G.O.Vinokurning «Biografiya va madaniyat» kitobi ayni muammo talqiniga qaratilgan edi. Ayniqsa, 60-70-yillarda nashr etilgan «Ilmiy ijod», «Ilmiy kashfiyot va uni qabul qilish», «Zamonaviy psixologiyada ilmiy ijod», «Adabiy va ilmiy ijod» kabi ilmiy to‘plamlarda biografik metod va ijodiy jarayon muammolari tadqiq etiladi. Shu yillari Fanlar akademiyasi tomonidan ushbu mavzuda bir nechta yirik simpoziumlar uyushtirilgan. «Ajoyib kishilar hayoti» (JZL) ruknida qator ilmiy biogrofiyalar nashr etila boshlaganki, ushbu an’ana bugungacha davom etib kelyapti. Yirik olimlar B.M.Kedrov, M.G.Yaroshevskiy, B.S.Meylax, A.Mashkovskiylarning qator tadqiqotlari aynan biografik metod masalalarini o‘rganishga qaratilgan.
XX asr o‘zbek adabiyotshunosligida ham yozuvchilar, olimlarining adabiy portretlariga bag’ishlangan risolalar, biografik o‘rganish muammolariga qaratilgan doktorlik va nomzodlik tadqiqotlari ma’lum. Ammo ularda bu metodni yangi konsepsiyalari bilan boyitadigan aniq xulosalar uchramaydi.
Ko‘rinadiki, biografik metod o‘zining manbaviy va xronologik ko‘lami, ta’sir doirasi jihatidan, muayyan salmoqqa ega. Jahon tan olgan yirik olimlar bu metodga e’tibor bilan qaraganlar. Uni jiddiy ilmiy muammolarga tatbiq etganlar. Ammo, shunga qaramasdan, biografik metodning markaziy konsepsiyalari, ilmiy-nazariy prinsiplari, metod sifatidagi o‘ziga xos jihatlari, boshqa tadqiq metodlari, fan sohalari bilan aloqadorligi masalalarini umumlashtiruvchi metodologik tadqiqotlar mavjud emas. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ilmiy-biografik tadqiqotlarda, tadqiqotchilik metodologiyasiga doir nazariy asarlarda, terminologik lug’atlarda bu metodning aniq ilmiy ta’rifi, spesifik jihatlari o‘z aksini topmagan. Barcha ilmiy tadqiqot metodlari kabi biografik metod ham doimiy rivojlanish, o‘zgarish xususiyatiga ega bulsa-da, turli davrlarda yaratilgan tadqiqotlarda bir qadar tarqoq holatda mavjud bo‘lgan konseptual fikrlarni umumlashtirish, biografik tadqiq usulining metodologik prinsiplarini belgilash, maqsadga muvofiqdir.
Biografik metod mohiyatida inson shaxsiyati turadi. Ayni jihati bilan mazkur metod universal xarakter kasb etadi. Ya’ni ijodkor va ijod mahsulini sintezda o‘rganish yo‘lidagi harakat, eng avvalo, barcha fanlar, falsafalar, tadqiq metodlarini istifoda etishni taqazo qiladi. Qolaversa, bugungacha mavjud har qanday tafakkur shakllarining inson fenomeni doirasida markazlashuvi ushbu metodning universallik darajasini oshiradi. Biografik metod obyekt tanlanmaydi. Uni ijodning har qanday turi (amaliy, nazariy) va har qanday shakli (fan-texnika, san’at, siyosat, madaniyat)ga nisbatan qo‘llash mumkin.
Ushbu metod ijodkor biografiyasidan faqat axborot manbai sifatida foydalanmaydi, balki bunda ijodkor biografiyasi bir butun tizim o‘laroq ijod mohiyatini ochishga xizmat qiladi. Bu shunday tizimki, ichki strukturasi jihatidan ko‘plab mukammal tizimchalarni o‘zida mujassam etadi. Shuningdek, ijodkor hayoti va faoliyatini atroflicha qamrab olishga qaratiladi.
Biografik metodning o‘ziga xosligi ijodkor individualligi muommosini tadqiqot markaziga qo‘yishida ekani bois, ularda genetik faktor yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Garchi sho‘ro davri olimlari ijodkor shaxsiyatini genetik-biologik talqin etish «vulgarcha, pozitivistcha xulosalarga olib kelgan»ligini qayta-qayta ta’kidlashgan bo‘lsa-da, biografik tadqiq ushbu faktorni chetlab o‘tishi mumkin emas. Qolaversa, adabiyotii o‘rganishda «irq», «muhit», «vaziyat» birligi nazariyasini ilgari surgan Ippolit Ten Sent-Byov bilan yaqin do‘st bo‘lgan va, tabiiy ravishda, unga o‘z ta’sirini o‘tkazgan.
Genetik nuqtai nazardan o‘rganilgan individuum ijodiy jarayonga xos o‘ta nozik holatlarni tushunishga qo‘l kelganiga shubha yo‘q. Ijodkor maishiy, ijtimoiy muhit ta’siri ostida o‘zlashtirishi ehtimoldan uzoq bo‘lgan, bir qarashda g’ayrioddiy tuyuluvchi ba’zi xususiyatlar ildizi uning qadim ajdodlari ongi va ruhiyatida yashagan «genetik xotira»ga borib tutashadiki, bunday holat talqini uchun albatta genetika tajribalariga suyanish lozim bo‘ladi.
Sent-Byov J.J.Russo haqidagi ishida ijodkor nutqidagi bir oz «qo‘pollik», «soddalik», «dangallik», «yashirin iztirob»larni uning shogirdi aristokrat Shatobrianga qiyosan izohlar ekan, shunday yozadi: «U ajdodlari bilan faxrlana olmasdi. Shu bois unda eslash bir oz og’irroq, sirli iztiroblarga yo‘g’rilgan, qashshoq ajdodlariga tortadigan nimadir yashar edi». Ijodkorga xos bu kabi holatlar badiiy asarda bir yoki bir nechta qahramon tabiatiga singgan bo‘lishi mumkin. Ba’zan esa asarning umumg’oyasi, tili, uslubi hatto kompozision qurilishigacha ta’sir o‘tkazishi ehtimoldan xoli emas. Gyotening «uslub-bu odam», Floberning «Bovari xonim-mening o‘zimman», degan obrazli fikrlarida shunga ishora bor.
Badiiy asarni o‘rganihda muallifning intim hayotiga urg’u berish Sent-Byov va uning g’arblik izdoshlari tadqiq usulidagi yetakchi xususiyat sifatida qaraladi. Ko‘pincha biografik metodning cheklangan tomonlarini ham shu bilan izohlashga bo‘lgan urinishlar kuzatiladi.
Aslida intim hayotning muallif biografiyasi va ijodini sintez qilib o‘rganishdagi o‘rni qanday? Haqiqatan ham bu jihat biografik metod imkoniyatlarini cheklaydimi?
Agar insonning tabiiy intilishlari, o‘z hissiy dunyosiga munosabatini xolis baholaydigan bo‘lsak, bu jihat jamiyat yoki muayyan inson faoliyatida katta o‘ringa egaligiga shubha qilmaymiz. Adoqsiz zamon va makon qatlamlarini o‘zida mujassam etgan eposlardan tortib, insonning lahzalik kayfiyatini aks etiruvchi kichik lirik asarlargacha, ijodning kollektiv shaklidan, individual ko‘rinishigacha intim holatlar muhrlanmagan biror asarni uchratish mumkin emas. Barcha mashhuru nomashhur shoirlar ijodining ilk namunalari albatta intim holatlarga bog’liq bo‘ladiki, bu tomonni chetlab biografik tadqiqot yaratib bo‘lmaydi. Intim hayotning ijod jarayoni bilan munosabatini o‘rganish, tadqiqotchidan so‘zsiz individual yondashuvni talab etadi. Chunki bu o‘ta nozik holat bo‘lib, uning individuum hayoti va ijod psixologiyasiga ta’sir darajasi, funksional jihatlari boshqa shaxs, holat yoxud vaziyatda hyech qachon takrorlanmaydi. Ba’zan esa intim hayot munosabatlari o‘zining g’ayritabiiy natijalari bilan bir-birini inkor etishi ham mumkin.
Yevropa dunyosini o‘zining ishqiy sarguzashtlari bilan hamon hayratga solib kelayotgan XVIII asr «Don Juani» J.J.Kazanova ijodining negizida tom ma’noda real jinsiy faoliyat yotadi. Tadqiqotchilarning qayd etishicha, uning barcha asarlaridagi, bir qarahda obrazli talqin bo‘lib tuyuladigan, voqealar, prototiplar, detallar, epitet va tashbehlar mana shu real faoliyatning mahsuli hisoblanadi. Ayni masalada Kazanovaning paradoksal shakli sifatida M.Prustni ko‘rsatish mumkin. Agar Kazanova ijodi jinsiy-avantyura negizida shakllangan, g’arb jamiyati nazarida muayyan cho‘qqini egallagan bo‘lsa, M.Prust talqinida birgina bo‘sa haqiqiy muhabbat tuyg’usiga putur yetkazadi.
Ijod dunyosi bilan bog’liq bu ikki holat ijodkor intim hayotini minimumdan maksimumgacha ifoda etadi. Ya’ni intim hayotning barcha boshqa shakllari shu ikki holat o‘rtasida mavjud bo‘ladi. Demak, har qanday ijod u yoki bu darajada intim hayotga bog’liq va biograf-tadqiqotchining bu nuqtaga urg’u berishi behuda emas.
Biografik metod tayanadigan omillardan yana biri ijodkorning maishiy turmushi sanaladi. Ijodkorning oila turmushi, qarindosh-urug’lari, do‘st-birodarlari bilan munosabati, yashash tarzi, unga doir odatlar (jestlar), buyumlar va hokazolarni qamrab oladigan bu omil bir qarashda unchalik muhim tuyulmasligi mumkin. Lekin ijodkor hayotida ro‘y beradigan g’ayrioddiy holatlar, olamshumul voqealarga nisbatan nihoyatda ko‘p foizni tashkil etuvchi odatiy hayot tarzi bevosita maishiy turmush bilan bog’liqki, bu ko‘p jihatdan ijod namunalarida o‘z muhrini qoldiradi. Shu bois, ijod jarayonini individual aspektda tahlil etuvchi barcha tadqiqotlarda ijodkor biografiyasi mumkin qadar qamrab olinadi. Chunki ijodkor biografiyasining xronologik talqini maishiy turmushga doir fakt va dalillarni muayyan ketma-ketlikda ifoda etadi. Sh.Sent-Byov yozadi: «Adabiy tanqid sohasida va adabiyot tarixida buyuk odamlar biografiyasi kabi yurakka yaqin, go‘zalroq, ibratliroq narsa kamdan-kam uchraydi». Uning ta’kidlashicha, biografiya muallif hayot yo‘lining shunchaki bayoni emas. Haqiqiy biografik tadqiqot yuzaga kelishi uchun tadqiqotchi ijodkor «ruhiyatiga kirishi», «uni turli qirralarini ko‘rsata bilishi, bu insonni harakat qilishiga, gapirishga, nafas olishiga majbur etishi», «eng muhimi, uni oila davrasida, o‘ziga xos odatlari bilan tasavvur eta olishi» lozim. Negaki, «buyuk ijodkorlar ham oddiy odamlar kabi mayda turmush tashvishlaridan xoli bo‘lmaydilar».
Adabiyot tarixida mashhur ijodkorlarning aynan tirikchilik vajidan asar yozganlari haqida dalillar ko‘plab uchraydi. Qashshoqlik, kundalik turmush sharoitning yomonligi ba’zi hollarda shedevr asarlarning dunyoga kelishiga sabab bo‘lsa, ba’zan teskari natija beradi. Sent-Byov buyuk fransuz mutafakkiri D.Didro haqidagi tadqiqotida bo‘lajak mutafakkirning bir kunlik yeyish-ichishiga bor-yo‘g’i olti so‘m sarflagani, shu bilan qanoatlanib qizg’in ijod bilan shug’ullanganini yozadi.
Adabiyot tarixida shunday dalillar ham uchraydiki, ijodkorning maishiy hayotida ro‘y bergan favqulodda hodisa keyinchalik o‘zining individuallik doirasidan chiqib, universal funksiya bajara boshlaydi. XVIII asr ingliz sentimental adabiyoti vakili Eduard Yungning (1683-1765) maishiy hayotiga doir bir voqea bunga yorqin misol bo‘la oladi. 1742 yilda Eduard Yungning xotini va tutingan qizi vafot etishadi. Shundan so‘ng u tamomila tushkun kayfiyatta yo‘liqadi. Bunday kayfiyat tabiiy ravishda uning ijodida ham aks etadi. Shoir tomonidan 1742-1745 yillar orasida yozilgan «Insoniyat yoxud hayot, o‘lim va boqiylik haqida tungi o‘ylar» poemasi ayni kayfiyatning mahsuli bo‘lib, unda insonning taqdir iplari bilan bog’lab tashlanganligi, ojizligi, umrning bevafoligi xususida so‘z yuritiladi. E.Yungning bu asari o‘z davri adabiy muhitiga katta ta’sir ko‘rsatadi va shu ta’sir negizida yangi bir she’riy yo‘nalish-«Qabriston she’riyati» maydonga keladi.
Umuman, ijodkorning maishiy hayoti va ijod jarayoni bilan bog’liq bunday holatlar biografik tadqiq jarayonida muhim o‘rin tutadi.
Badiiy asarni tadqiq etishda biografik metod tayanadigan omillardan yana biri ijodkor falsafasidir. Tadqiqotchi-biograf muayyan ijodkor asarini, ijodiga xos muhim nuqtani belgilashga urinar ekan, uning uchun bunday tadqiqotlar qanday falsafiy asosga ega ekanini bilish, muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki har qanday ijodkor hayoti davomida anglagan falsafasi asosida faoliyat yuritadi, ijod qiladi, muhim badiiy konsepsiyasini ilgari suradi. Falsafiy omil o‘ta keng tushuncha bo‘lib, ijodkor-shaxsning o‘zi bilangina bog’liq emas. Bunda ijodkor yashagan ijtimoiy muhit, u muloqotda bo‘lgan ilmiy-adabiy doiralar, u o‘qigan kitoblar, uning ijtimoiy mavqyei va hokazolarning o‘rni katta bo‘ladi. Shu va shu kabi qismlar birlashib, ijodkor falsafasi degan fenomenni tashkil etadi. Shuni ham unutmaslik kerakki, har qanday biografik tadqiqot falsafiy omildan xoli bo‘la olmaydi. Ammo tabiatan falsafiy-badiiy talqinga moyil ijodkorlarni o‘rganishda bu omil o‘ziga xos natija beradi.
Badiiy ijodda aks etgan falsafiy konsepsiyalar asos nuqtai nazari bilan ikki xil bo‘lishi mumkin. Bularning birinchisi, an’anaviy bo‘lib, ijodkor zamonigacha mavjud bo‘lgan va uning zamoniga doir falsafiy fikrlardan kelib chiqadi. Falsafiy-badiiy talqinning bunday shakli nisbatan universalroq mohiyat kasb etadi. Ya’ni har qanday yozuvchi, shoir yoki dramaturg inson fenomenini turli vaziyat va holatlarda tasvirlar ekan, umuminsoniyat tomonidan qabul qilingan falsafiy qarashlarni bilib yoki bilmay istifoda etadi. Biroq bu o‘rinda muallifning maqsadi falsafa yurgizish emas, asar qahramoni tabiatini yorqinroq ifoda etish, umumpoetik g’oyani teranroq yoritishdan iborat bo‘ladi. Falsafiy-badiiy talqinning ikkinchi shakli ham yuqoridagi elementlardan tamomila xoli bo‘la olmaydi. Shu bilan birga, bunda individual talqin yetakchiligi ko‘zga tashlanadi. Shu xarakterdagi asarlar mualliflari esa aynan falsafaga moyil ijodkorlar sirasiga kiradilar. Ular har qanday umuminsoniy voqelikdan falsafiy xulosalar yasashga moyil bo‘ladilar.
Yana bir narsani ta’kidlash joizki, badiiy ijodda falsafiy omilning namoyon bo‘lishi ijodkor hayotidagi tragik vaziyatlar bilan ham bog’liq bo‘ladi. Ma’lumki, qadim yunon adabiyoti nomayandasi Gesiod o‘zining mashhur «Mehnat va kunlar» nomli didaktik asarida umuminsoniy, umumfalsafiy muommolar ustida ham so‘z yuritadi. Insoniyat hayotini oltin, kumush, mis kabi turli davrlarga ajratib, uning davrlar oqimi bo‘ylab tubanlashib borayotganiga urg’u beradi. Uning bunday fojiaviy xulosaga kelishiga sabab esa noqobil, xudbin ukasi Persning qilmishlari bilan bog’liq edi. Yevropa Uyg’onish adabiyotining asoschisi Dante Aligyeri esa pok muhabbati Beatriche o‘limidan so‘ng (1290) butun vujudi bilan falsafaga sho‘ng’ib ketadi. Arseniy Gulo‘ga Fridrix Vilgelm Yozef Shelling (1775-1854) haqidagi biografik tadqiqotida shunga yaqin holatni qayd etadi. Bunga ko‘ra, XIX asr 90-yillari so‘ngida Shellingning go‘zal ma’shuqasi Avgusta Beler yuqumli kasallikdan vafot etadi. Bunday ayriliqdan chuqur qayg’uga tushgan Shelling butun alamini ishdan oladi. Shu yillari uning naturofilosofiya nazariyasi va san’at falsafasiga doir mashhur tadqiqotlari, «Gans Viderpostning epikurona ishonch ramzi» nomli poemasi dunyoga keladi.
Andre Moruaning «Adabiiy portretlar» asarida Labryuyerdan Alengacha bo‘lgan buyuk ijodkorlarga murojaat etilgan. Biroq bularning orasida faqat Antuan de Sent-Ekzyuperi ijodigina «Falsafa» degan alohida sarlavha ostida tadqiq etilgan. «Ba’zi odamlar,- deb yozadi Morua «Falsafa» bo‘limi debochasida, Sent Ekzyuperi uchun yozuvchiligi, samo sayyohi ekanligining o‘zi kifoya, deb o‘ylaydilar va aytadilarki: «Nega u faylasuf bo‘lmagani holda falsafa yuritishga urinadi». Menga esa uning aynan faylasufligi yoqadi». Sent-Ekzyuperiga xos, Andre Morua ta’kidlagan falsafa ijodkorning individual falsafasiga yorqin misol bo‘la oladi. A.Morua talqiniga ko‘ra, yozuvchining shaxsiy qarashlari badiiy voqelik qatlarida muayyan obraz falsafasi o‘laroq namoyon bo‘ladi.
Xullas, badiiy ijod jarayonida kuzatiladigan bunday jihatlar biograf-tadqiqotchining ham ma’lum ma’noda faylasuf bo‘lishini va jahon falsafasi tarixini bilishini talab etadi.
Sho‘ro davri tadqiqotchilari biografik metodning xorijdagi namoyondalarini ko‘pincha ijodkorni ijtimoiy muhit prizmasida o‘rganmaslikda ayblar edilar. (Ma’lumki, Ijodkor biografiyasiga markscha yondashuvning muhim sharti sifatida «yozuvchi yoki olim ijodini ma’lum ijtimoiy - tarixiy faoliyatning in’ikosi o‘laroq tadqiq etish» edi.) Biroq biografik metodning yirik vakillari Sh.Sent-Byov, A.Morua tadqiqotlariga xolis yondoshsak, bunday qarashlar o‘zini oqlamasligi ayon bo‘ladi. Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, biografik metodning kurtaklari bevosita ijtimoiy muhitdagi muayyan o‘zgarishlar ta’sirida maydonga kelgan. Xususan, Sent-Byov o‘zining matbuotdagi chiqishlari bilan ijtimoiy tafakkur vakili sifatida namoyon bo‘ladi. Uning: «Asl tanqidchi jamoatchilikdan yuqori turadi, ijtimoiy fikrni boshqaradi, agar jamiyat turg’unlikka yuz bursa, to‘g’ri yo‘ldan adashsa, bunday bo‘ron paytida baralla ovozda ularni to‘g’ri yo‘lga chorlaydi», degan so‘zlari rus tanqidchisi V.Belinskiy fikrlarini yodga soladiki, ba’zi sho‘ro tanqidchilari bu ikki olim qarashlarini ziddiyatda talqin etishga mayl ko‘rsatadilar. Ikkinchidan, Sent-Byov va A.Morualarning deyarli barcha tadqiqotlarida ijodkor-obyekt qizg’in ijtimoiy faoliyatda o‘rganiladi. Misol tariqasida A.Moruaning Shatobrian haqidagi tadqiqotini keltirish mumkin. Tadqiqot markazida Shatobrianning o‘ta shaxsiy va psixologik asari «Qabrdan maktublar» (Zamogilno‘ye zapiski) turadi. Agar sho‘ro tadqiqotchilarining g’arb biograf-tadqiqotchilari haqidagi fikrlariga ishonadigan bo‘lsak, A.Morua ushbu asar asosida Shatobrianning ruhiy dunyosiga, qalbining eng k,orongu nuk,-tasigacha kirishi, tom ma’noda individual talqinga berilishi lozim edi. «Qabrdan maktublar» asariga xos sentimental tasvir, tushkun kayfiyat, intellektdan ko‘ra hissiyotning ustunligi bunday talqinga yuz foiz izn berar edi. Lekin asar ko‘proq Shatobrian shaxsiyati, ij timoiy faoliyati, siyosiy qarashlarini yoritish maqsadida o‘rganiladi. Bunday tushkun ruhdagi asarning yuzaga kelishi ham Fransiyaning Germaniya va Angliyadagi elchisi bo‘lib ishlagan Shatobrianga nisbatan qilingan tazyiqlar, u kuzatgan xalqlarning turmush tarzi, uning ijtimoiy pozisiyasi nuqtai nazaridan talqin etiladi. Bunday misollarni xorijda yuzaga kelgan biografik tadqiqotlarning aksariyatida uchratish mumkin. Uchinchidan, biz yuqorida biografik metodning tom ma’nodagi ijtimoiy tushuncha- gumanizm bilan bog’liqligi haqida so‘z yuritdik. Holbuki, badiiy ijodga gumanistik yondashuv istasak-istamasak ijodkor va badiiy obraz, real voqelik va badiiy voqelik, hayot va poetik mazmun sintezni talab etadi. Bunday talqining esa ijtimoiy komponentdan xoli bo‘lishi mumkin emas. Bu haqda rus olimi M.Treskunov shunday yozadi: «Sent-Byov o‘zining tanqidiy etyudlarida biografik talqin orqali ijodkor shaxsiyatini tushunishga, tushuntirishga urinadi. Buni to‘g’ri anglamasdan turib, Sent-Byov tadqiqotlarini tarixiy nuqtai nazardan xolis baholash mumkin emas. Boshqa burjua tadqiqotchilaridan farqli o‘laroq, u yozuvchi shaxsiyatini badiiy ijodning yagona substansiyasi deb hisoblamagan. Aksincha, uning ishlarida ijodkor shaxsiyati makon va davr ruhiyatini aks ettiruvchi oyna sifatida tushunilgan».
Demak, biografik tadqiqotning ijtimoiy voqelik bilan mushtarak jihatlari talaygina. Aniqrog’i ijtimoiy voqelikdan yuz foiz uzilgan biografik tadqiqot hyech qachon o‘zini oqlamaydi.
Ijod jarayoni ma’lum darajada muallifning psixologik holatlari bilan bog’liq. Shu bois psixologik omil biografik metod uchun muhim sanaladi. Ko‘p hollarda bu metodning psixobiografiya deb atalishi ham shundan. Buni Sent-Byovning o‘zi ham e’tirof etib, shunday yozgan edi: «Mening tanqidim, ixtiyorsiz ravishda, har bir yozuvchi, har bir asarni psixologik tadqiq etishga qaratiladi». Uning fikricha, psixologik talqin iqtidoriga ega bo‘lgan tadqiqotchidan biror yozuvchi, ayniqsa, shoir o‘ta teran sirlarini ham yashira olmaydi.
Psixologik omil biografik tadqiqot uchun ikki yoqlama ahamiyat kasb etadi. Buning birinchisi, bevosita ijodkorning biografik dunyosi, real borlig’i bilan bog’liq bo‘lib, mazkur individuumga xos psixolobiologik, psixososiologik unsurlarni namoyon qiladi. Ikkinchisi, ayni unsurlarning badiiy asarda, voqelik va obrazlar talqinidagi o‘rnini aniqlashga xizmat qiladi. Buning ibtidoiy shakllari ilk biografik tadqiqotlarda ko‘ringan bo‘lsa, keyinchalik ijod psixologiyasi degan maxsus ilmiy yo‘nalishga asos bo‘ldi.
Sent-Byov o‘zining Viktor Gyugo haqidagi tadqiqotida badiiy ijodning yosh psixologiyasi bilan mushtarak jihatlariga e’tibor qaratadi. Xususan, «Byug Jargal» asarining dunyoga kelishi jarayonlari, asarning turli yillarda yozilgan variatlari haqida so‘z yuritadi. Uning yozishicha, mashhur «Byug Jargal» asarining ilk variantini Gyugo 16 yoshida, ikki hafta ichida yozgan. O‘spirin psixologiyasiga xos voqelikni romantik qabul qilish, tezroq hikoya qilib berishga intilish xususiyati ushbu variantning nisbatan noobyektiv chiqishiga, janr nuqtai nazaridan nomukammal bo‘lib qolishiga sabab bo‘lgan. Ijod jarayonida ko‘zga tashlanadigan bu kabi psixologik holatlarni Sent-Byov shunday tushuntiradi: «O‘spirinlik davrida dunyo ko‘zimizga nihoyatda betartibdek, hayot yorqin nur taratib turgan sirli minoradek, yo‘limizda uchragan odamlar esa juda yaxshi yo o‘ta axmoq, haddan ziyod jirkanch yoki o‘ta buyuk bo‘lib ko‘rinadi». Sent-Byov Gyugo ijodidagi bunday nozik jihatlarni nafaqat «Byug Jargal» va uning turli variantlari, balki yozuvchining boshqa romanlari bilan muqoyasada yoritadi. Psixolo gik holatlarni turli rakurslarda, butun nozikliklari bilan yoritishga urinadi. Shunday yondashuvni uning «Russo «Tazarrusi» nomli tadqiqotida ham kuzatamiz. Biroq shunga qaramasdan, Sent-Byovga xos psixologizm Andre Morua tadqiqotlaridagi psixologik talqinga nisbatan jo‘nroq, ibtidoiyroq tasavvur beradi. Aniqrog’i, Sent-Byov ishlarida asosiy psixologik talqin mashinasi rolini tadqiqotchining o‘tkir nazari, iste’dodi, tajribasi bajarsa, A.Morua ishlarida tizimli metodologik asos va tadqiqotchi fenomeni mushtarakligi kuzatiladi. Har ikki olimning J.J.Russo haqida tadqiqotlari bor. Har ikki tadqiqot uning «Tazarru» asariga bag’ishlangan. Ularga xos psixologik talqin prinsipidagi farq ham shu tadqiqotlarda yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Masalan, Sent-Byov Russo «Tazarru»sidagi chin iqrorni insoniyatga xos bo‘lgan umumpsixologik holatlar bilan asoslashga urinadi. Hatto Russoning: «Inson ichki dunyosi uning asl hayoti faqat ungagina ma’lum. Inson o‘z botiniy dunyosini tasvirlar ekan, aslida uni yashirishga urinadi. Go‘yo hayoti xususida rost gapni aytayotib, o‘zini targ’ib etadi. U hyech qachon o‘zini bo‘lgani kabi ko‘rsatmaydi, balki xohlaganidek ko‘rsatadi», degan muhim gaplarini e’tibordan chetda qoldiradi. Andre Morua esa Russoning «Tazarru» asarini hyech ikkilanmasdan «ayyorona roman» deb aytadi. Asar tadqiqiga kirishar ekan, Russoning «Monten haqgo‘y yolg’onchi» degan so‘zlariga replika tarzida «Russonning o‘zi «haqgo‘y yolg’onchi» bo‘lmaganmikan? Mutloqhaqgo‘y bo‘lish mumkinmi?» deya savol qo‘yadi. Xususan, Russoning seksual hayotiga doir iqrorining rostligini e’tirof etgan holda, «bunday rostgo‘ylikning asoslari uning tabiatiga xos eksgibsioniizmdan dalolat» ekanligini qayd etadi. Moruaning fikriga ko‘ra, de Barone xonim bilan insestual aloqalari haqida ochiq yozgan Russo, bundan cheksiz lazzat olgan va ayni paytda o‘quvchining jilovsiz qiziqishlarini nazarda tutgan. Andre Moruaning Marsel Prust haqidagi tadqiqotida ham yuqoridagi kabi chuqur psixologik talqin ko‘zga tashlanadi. Butun umr astmaning og’ir shakli bilan og’rib o‘tgan Prust bolaligida oila davrasida so‘ngsiz mehribonchiliklar ko‘rgan. Ammo u ulg’ayib o‘z yaqinlaridan birin-ketin ajraladi. Tabiiy ravishda bolaligidagi kabi nozik muomala, mehr-shafqat ham yo‘qlikka yuz tutadi. A.Morua ushbu holatni M.Prust ijodining negiziga qo‘yib o‘rganadi. Uningcha, Prust ijodining markazida bolalik hayotini, undagi mehr-muhabbatni qo‘msash turadi va bu armon Prustning barcha asarlarida ortiq darajada aks etgan.
Xullas, keltirilgan dalillarga asoslanib aytish mumkinki, biografik metodning dastlabki shaklida psixologizm tarzida namoyon bo‘lgan ushbu omil, A.Morua ijodida anchayin murakkab ko‘rinish olgan. Bu esa A.Moruaning Z.Freyd psixoanalizidan ta’sirlanganini, psixoanalitik konsepsiyalaridan o‘z tadqiqotlarida foydalanganini ko‘rsatadi.
Nazariy-estetik talqinda biografik o‘rganishning bevosita adabiy ijod bilan mushtarak jihatlari bosh masala hisoblanadi. Bundan kelib chiqadiki, yuqorida so‘z yuritilgan omillar biografik metod spesifikasi uchun naqadar katta rol o‘ynamasin, adabiy-estetik nuqtai nazardan yetakchi omil bo‘la olmaydi. Bu o‘rinda gegemonlik vazifasini filologik omil bajaradi. Badiiy ijod jarayonini filologik omilga tayanmasdan turib tadqiq etish, biograf-tadqiqotchini asl mohiyatdan uzoqlashtiradi. Buning sababi o‘ta oddiy bo‘lib, badiiy ijodning filologik komponetlar tizimidan iboratligi bilan izohlanadi.
Badiiy asarda har qanday poetik fikr, har qanday noyob hissiyot ifodalanishidan qat’i nazar, bu jarayon so‘z vositasida amalga oshadi. Biografik metod tayana digan asosiy fenomen - ijodkor ham faqat so‘z bilan ishlaydi. Badiiy ijod o‘rganilar ekan, istisnosiz tarzda, ijodkor ruhiyatida, miyasida kechadigan jarayonlar, uning leksikonida mavjud so‘zlar zahirasi emas, badiiy matn shakliga tushgan so‘zlar tizimi e’tiborga olinadi. Bir so‘z bilan aytganda, badiiy asar matni, uning ifoda usuli, unda mavjud tovushlar, so‘z komponetlari, gaplar, fabula, kompozision qurilish va hokazolar ijodkor shaxsiyati bilan sentez qilinadi hamda ma’lum natijalarga erishiladi. Ijodiy individualik, mahorat, u bunyod etgan poetik kashfiyotlar, uning muayyan tarixiy davr yoki muhitida tutgan o‘rni masalalari shu yo‘l bilan belgilanadi.
Yuqorida umumiy tarzda so‘z yuritilgan jarayonlar biografik metod vakillari asarlarida tarqoq holda bo‘lsa ham, ko‘p o‘rinlarda kuzatiladi. Jumladan, A.Morua XIX asr mashhur fransuz yozuvchisi Jon Kokto uslubi haqida shunday yozadi: «Men uning tasvirlash mahoratini ko‘p bor kuzatganman. U mudom shiddatkor va g’ayratli, so‘zni o‘ta iqtisod qiladi. So‘z topishdan oldin uzoq o‘ylanadi, qay yo‘l bilan bo‘lmasin nishonga aniq uradi». Morua J.J. Koktoning so‘z qo‘llash mahoratini M.Prust, P.Valerilar bilan qiyoslar ekan, uning quyidagi so‘zlariga urg’u beradi: «Tush uyquda tug’ilgani singari, poetik kashfiyot iborada tug’iladi». Yoki Sent-Byovning J.J.Russo haqidagi tadqiqotida yozuvchi tabiatiga xos nozik bir xususiyat aynan uslub, so‘z qo‘llash jarayoni orqali ochib beriladi. «Russo ijodida ayollar tasviri boshlangan joyda uslub o‘ta noziklashadi. Bir yaxshi tanqidchi to‘g’ri ta’kidlaganidek, uning ijodida ayollar katta rol o‘ynagan. Demakki, Russo uslubidagi bu xususiyat uning tabiatidagi ayolga o‘chligi, to‘g’rirog’i ishratparastligi bilan izohlanadi».
Xullas, shu va shunga o‘xshash ko‘plab dalillarga tayanib aytish mumkinki, filologik omil bir butun tizim sifatida biografik metodining yetakchi komponenti hisoblanadi.Nazarda tutish joizki, biografik talqin metodologik nuqtai nazardan bir necha shakllarga ega. Yuqorida so‘z yuritilgan nisbiy sanoqdagi tayanch omillar bu shakllarning barchasida u yoki bu darajada namoyon bo‘ladi. Biografik talqinning samarali va keng tatbiq etilgan shakllari, bizningcha, uchta. Bularning birinchisi ijodkor shaxsiyatini markaziy o‘ringa qo‘yib o‘rganishga asoslanuvchi, akademik yo‘nalishga yaqin, biografik tadqiqotlar hisoblanadi. Tom ma’noda ilmiy-nazariy salmoq va metodologik prinsiplar shunday tadqiqotlarda namoyon bo‘ladi va, ayni jihati bilan bu shakl yetakchi o‘rinda turadi. Bunga misol tariqasida Sh.Sent-Byov, A.Morualar nomi ostida nashr etilgan «Adabiiy portretlar» kitoblarini va sho‘ro davrida chop qilingan «Ajoyib kishilar hayoti» (JZL) seriyasidagi asarlarni ko‘rsatish mumkin. Ikkinchi shakl adabiy portret janri sifatida taqdim etiladi. Ammo bunday asarlarda dalillarga tayanish, hujjatlilik xos bo‘lsa ham, asosan, bayonchilik, publisistik talqin gegemonligi kuzatiladi. A.Moruaning «Uch Dyuma», «Prometey yoxud Balzak hayoti» yoki Yan.Parandovskiy, S.Sveyg kabilarning ma’lum asarlarini shu siraga kiritish mumkin. Uchinchi shaklga biografiya chegarasida fikr yuritish ko‘zda tutilsa ham, asosiy urg’u badiiy talqinga qaratiladigan, muayyan ijodkor-shaxshayoti asos qilib olingan biografik romanlar, biografik qissalar kiradi.
Xulosa qilib aytganda, biografik metodning shakllanishi va taraqqiyot jarayonlari jahon estetik tafakkuri tizimidagi qonuniy hodisa hisoblanadi. Shu sababli bu metod hozirgacha ma’lum ma’noda o‘z vazifasini o‘tab kelyapti. Unda, garchi sistemali bo‘lmasa ham, mavjud fanlar, oqimlar va qarashlarga doir elementlar mujassamlashgan. Shuningdek, biografik metod adabiyotshunoslik, tilshunoslik, falsafa, psixologiya, sosiologiya, tarix, geografiya kabi fanlar negizida yuzaga kelgan qonuniyatlarni istifoda etishga asoslanadi. Ammo ushbu metod tom ma’noda samarali va universal bo‘lishi uchun sanalgan omillar mohiyatiga chuqurroq kirishi maqsadga muvofiqdir.