Tayanch tushunchalar:adabiyotshunos, adabiyotshunoslik, adabiyot predmeti, adabiyotshunoslikning vazifalari, adabiyotshunoslikning maqsadi, adabiyot tarixi, adabiy tanqid, adabiyot nazariyasi, matnshunoslik, manbashunoslik, bibliografiya.
Adabiyotshunoslik "adabiyot" Q "shinos", ya’ni o‘rganish, yaxshi bilish Q "lik" deganidir. "Adabiyot" so‘zi arabcha "adab" so‘zining ko‘plik shakli bo‘lib, u keng va tor ma’noda qo‘llaniladi. Keng ma’noda qo‘llanilganda "adabiyot" so‘zi o‘qishga mo‘ljallab yozilgan va chop qilingan barcha asarlarni o‘z ichiga oladi. Shunga qaramay, "adabiyot" so‘zi (termini) tor ma’noda ham juda faol ishlatiladi va bunda so‘z san’atiga daxldor bo‘lgan asarlar — badiiy adabiyot tushuniladi. E’tiborli jihati shuki, istilohning ayni shu tarzda (tor va keng ma’nolarda) qo‘llanilishi rus va boshqa bir qator tillarda ishlatiluvchi "literatura" so‘ziga ham xosdir. Zero, bu termin ham "litera" ("harf") so‘zidan olingan bo‘lib, keng ma’noda umuman chop etilgan mahsulotni, tor ma’noda badiiy adabiyotni anglatadi. Biz mutaxassis sifatida "adabiyot" so‘zining tor ma’nosini ishlatamiz va bunda badiiy adabiyotni nazarda tutamiz.
Demak, adabiyotshunoslikning o‘rganish sohasi - predmeti badiiy adabiyot ekan. Adabiyotshunoslik badiiy adabiyotning kelib chiqishi, rivojlanish qonuniyatlari, ijtimoiy aloqalarini har jihatdan va atroflicha o‘rganadi. Adabiyotshunoslikning predmeti bo‘lmish badiiy adabiyotga taalluqli ilmiy muammolar ko‘lami juda keng. Ularning bir qismi umumestetik (badiiy san’at sohalarining barchasiga xos) muammolar sirasiga kirsa, boshqa bir qismi sof adabiyotshunoslik muammolari sanaladi. Deylik, badiiy obraz va obrazlilik, badiiy obraz va reallik munosabatlari, dunyoqarash va badiiy ijod, badiiy ijod jarayoni xususiyatlari, badiiy asarni qabul qilish jarayoni xususiyatlari kabi qator muammolar umumestetik xarakterga ega. San’atning barcha turlariga taalluqli bu muammolarni adabiyotshunoslik badiiy adabiyot nuqtai nazaridan, badiiy adabiyot bilan bog’lagan holda va uning misolida o‘rganadi. Badiiy adabiyotning mohiyati, uning rivojlanish omillari va qonuniyatlari, badiiy (adabiy) asar tabiati, uning tuzilishi, badiiy (poetik) til xususiyatlari, adabiy tur va janrlar kabi qator masalalar borki, ular sof adabiyotshunoslik muammolari sanalishi mumkin.
Adabiyotshunoslik badiiy asarni tahlil qilib, unga joziba baxsh etayotgan, undagi ifodaviylik va tasviriylikni, badiiy ta’sir kuchini oshirayotgan unsurlarni, muallifning muayyan badiiy samaraga erishishiga yordam berayotgan usul va vositalarni ochib beradi. Adabiyotshunoslik bu ishni asrlar davomida bajarib kelmoqda. Ya’ni, adabiyotshunoslik badiiy so‘z san’ati yutuqlarini ochib beradi va umumlashtiradi. Adabiyotga taalluqli muammolarni atroflicha va chuqur ilmiy o‘rganish -adabiyotshunoslikning vazifasi; chiqargan ilmiy xulosa va umumlashmalari orqali badiiy adabiyot taraqqiysi, badiiy tafakkur rivojiga xizmat qilish, badiiy did tarbiyasiga ta’sir o‘tkazish uning maqsadidir.
Hozirgi zamon adabiyotshunoslik fani uchta asosiy tarkibiy qismdan, uchta asosiy sohadan tashkil topadi: adabiyot nazariyasi, adabiyot tarixi va adabiy tanqid. Mazkur sohalarning har biri adabiyotshunoslikning muayyan masalalar majmuini o‘z nuqtai nazaridan o‘rganadi. Shu bilan birga, mazkur sohalar o‘zaro mustahkam aloqada bo‘lib, biri ikkinchisini to‘ldiradi.
Adabiy tanqid hozirgi adabiy jarayon muammolarini o‘rganish, yangi paydo bo‘lgan asarlarni (shuningdek, o‘tmishda yaratilgan asarlarni ham) bugungi kun nuqtai nazaridan g’oyaviy-badiiy tahlil qilish va baholashni maqsad qilib qo‘yadi. Adabiy tanqid — adabiyotshunoslikning operativ, joriy adabiy jarayonga bevosita aralashadigan sohasidir. Adabiy tanqid adabiyotshunoslikning boshqa sohalaridan bir qator jihatlari bilan ajraladiki, bu narsa uning tabiati, o‘ziga xos maqsad va vazifalari bilan izohlanadi. Adabiy tanqid o‘zida adabiyotshunoslik ilmi, badiiy adabiyot va publisistikaga xos jihatlarni uyg’unlashtiradi. Ma’lumki, adabiy-tanqidiy asar faqat ilmiy doiralar uchungina emas, balki ancha keng auditoriyaga mo‘ljallab yoziladi. Shunga ko‘ra, uning tili — ilmiy-ommabop til. Boz ustiga, badiiy asar haqida so‘z borarkan, tanqidchi faqat tushunchalar vositasida emas, obrazlar vositasida ham fikrlaydi; mantiqiygina emas, hissiy mushohadalarga ham tayanadi. Badiiy asar haqida fikr yuritayotgan, uni bugungi kun nuqtai nazaridan baholayotgan tanqidchi o‘quvchi ommaga bevosita ta’sir qilishni ham ko‘zda tutadi. Ayni paytda, badiiy asarni tahlil qilayotgan tanqidchining fikrlari adabiyot nazariyasiga, adabiyotshunoslik ilmining yutuqlariga asoslanadi. Bularning bari adabiy-tanqidni adabiyotshunoslik, badiiy adabiyot va publisistika oralig’idagi hodisaga aylantiradi.
Adabiyot nazariyasi badiiy adabiyotning mohiyati, adabiyot taraqqiyotining umumiy qonuniyatlarini, jamiyat hayotidagi o‘rni va vazifalari, badiiy asar tabiati hamda uning tuzilishi kabi masalalarni umumiy tarzda o‘rganadi va shu asosda umumiy qonuniyatlarni ochib beradi. Adabiyot nazariyasi badiiy asarlarni tahlil qilish tamoyillari, baholash mezonlari, tahlil metodlarini ishlab chiqadi, adabiy-nazariy tushunchalar tizimini yaratadi. Adabiyot nazariyasi adabiyot tarixi va adabiy tanqid materiallarni umumlashtirsa, bu ikkisi o‘z faoliyatida adabiyot nazariyasi ochgan qonuniyatlar, u ishlab chiqqan ilmiy tushunchalar tizimiga tayanadi. Shu tariqa adabiyotshunoslikning har uchala asosiy sohalari bir-biri bilan bog’lanadi, yaxlit bir tizim - adabiyotshunoslik ilmini tashkil qiladi.
Mumtoz Sharq adabiyotshunosligida, jumladan o‘zbek adabiyotshunosligida adabiyot nazariyasining bir qator masalalari ancha keng o‘rganilgan. Keng o‘rganilgan masalalar sirasiga ilmi aruz (A.Navoiy, Bobur), ilmi qofiya, ilmi badia (A.Husayniy) kabilarni kiritish mumkin. Ko‘rib turganimizdek, bu masalalar adabiyotshunoslikning bir qismi – poetika doirasi bilan cheklangan edi. Sharqda "muallimi soniy" deb ulug’lanuvchi Forobiy esa yunon faylasufi Arastu ta’sirida va bevosita uning asarlarini sharhlash jarayonida badiiy adabiyot spesifikasi(mohiyati) masalalariga e’tibor qilgan edi. Biroq mumtoz adabiyotshunoslikda adabiyot nazariyasi ham muayyan bir tizim holiga kelmagan, tadbiqiy harakterdagi hodisa edi. O‘zbek adabiyotshunosligida adabiyot nazariyasining alohida tarmoq sifatida shakllanishi ham XX asrda amalga oshdi. O‘zbek adabiyotshunosligining ilk nazariyotchilari sifatida A.Fitrat, A.Sa’diylarni ko‘rsatish mumkin. Adabiyotshunosligimizning keyingi taraqqiyoti davomida I.Sulton, N.Shukurov, L.Qayumov, B.Sarimsoqov, B.Nazarov, T.Boboyev kabi qator nazariyotchi olimlarning tadqiqotlari adabiy-nazariy tafakkur rivojiga sezilarli hissa bo‘lib qo‘shildi.
Adabiyotshunoslikning yuqorida sanalgan asosiy sohalari bilan bir qatorda, ularning faoliyati uchun zarur bo‘lgan muayyan amaliy vazifalarni bajarish bilan shug’ullanuvchi matnshunoslik, manbashunoslik, kitobiyot (bibliografiya) kabi qator yordamchi sohalar ham mavjud.
Matnshunoslik. Matnshunoslik bobidagi ilmiy izlanishlarning oxir natijasi adabiyot tarixi va nazariyasi uchun manbaviy asos yaratib berish bo‘lganligidan unga adabiyotshunoslikning yordamchi sohalaridan biri sifatida qarab kelinadi. Shunga qaramay, matnshunoslikni filologik fanlarning alohida tarmog’i, mustaqil bir sohasi sifatida tushunish to‘g’riroq bo‘ladi. Negaki, birinchidan, matnshunoslik faoliyati adabiyotshunoslik, tilshunoslik va tarix fanlari kesishgan nuqtada kechadi; ikkinchidan, matnshunoslikning o‘zi ilmiy izlanishlarida qator yordamchi sohalarni (paleografiya, uslubshunoslik, arxeografiya va h.) o‘ziga xizmat qildiradi.
Adabiy matnlarni o‘rganish va nashrga tayyorlash matnshunoslikning vazifasidir. Matnshunoslikning boshqa yana bir vazifasi - asarning ilmiy-tanqidiy nashrini tayyorlashdir. Masalan, Alisher Navoiy asarlarining turli davrlarda, turli kotiblar tomonidan ko‘chirilgan qo‘lyozmalari mavjud. Matnshunos qarshisida ularni qiyosiy o‘rganish, birining kamchiliklarini boshqalari bilan to‘ldirish va shu asosda eng mukammal - ilmiy-tanqidiy matnni tayyorlash vazifasi turadi.
Tayyor bo‘lgan ilmiy-tanqidiy matnni nashr ettirish uchun matnshunos uni izohlar, sharhlar, lug’atlar bilan ta’minlashi kerak. Zero, matnda uchragan so‘z ma’nosini topish, undagi biror shaxs, joy nomi va shakllarga izoh berish uchun matnshunos juda ko‘p izlanishi, ko‘plab manbalarni ko‘rib, o‘rganib chiqishi zarur bo‘ladi.
Yuqoridagicha mustaqil tadqiqotlardan tashqari, matnshunoslik adabiyotshunoslikning ayrim muammolarini hal qilishda muhim yordamchi soha, tadqiqot usuli bo‘lib ham xizmat qiladi. Masalan, uning tadqiq usullaridan, tajribalaridan yozuvchi ijodiy laboratoriyasini, muayyan asarning ijodiy tarixini o‘rganish yo‘lidagi izlanishlarda keng foydalaniladi.
Adabiyotshunoslikning yordamchi sohalaridan biri sifatida manbashunoslik adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasiga oid manbalarni izlab topish, tasniflash, ro‘yxatga olish kabi amaliy vazifalarni bajarish, shuningdek, manbalarni qidirish va o‘rganish yo‘llarini ishlab chiqish bilan shug’ullanadi. Bu o‘rinda "manba" deyilganda adabiyotshunoslikka oid tadqiqotlarda qo‘l kelishi mumkin bo‘lgan barcha manbalar tushuniladi: asar qo‘lyozmalari, ijodkorlarning xatlari, kundalik daftarlari, adabiy jarayonga yoki muayyan ijodkor hayoti va ijodiga taalluqli hujjatlar va boshqalar. Keyingi yillarda o‘zbek adabiyotshunosligining manbashunoslik bobidagi izlanishlari, ayniqsa, XX asr boshlari adabiyotini o‘rganish bilan bog’liq holda faollashdi. Qatag’on qilingan adib va shoirlarning ijodiy merosini tiklash, ularning hayoti va faoliyatiga doir hujjatlarni izlab topish borasida N.Karimov, B.Qosimov, H.Boltaboyev, B.Do‘stqorayev, R.Tojiboyev, B.Karimov, M.Qarshiboyev kabi olimlarning izlanishlari samarali bo‘lib, ular asr boshidagi adabiy jarayon, unda faol ishtirok etgan ijodkorlar haqidagi tasavvurlarimizni boyitishga, davr adabiyotining xolis ilmiy tarixini yaratishga xizmat qildi.
Adabiyotshunoslik bibliografiyasi adabiyotshunoslikning ilmiy-amaliy sohasi sanalib, adabiyotshunoslikka oid ilmiy asarlar, maqolalar, shuningdek, badiiy asarlar ro‘yxatini, bibliografik qo‘llanma, ko‘rsatkichlar tuzish bilan shug’ullanadi. Yordamchi soha sifatida adabiyotshunoslik bibliografiyasi ilmiy-tadqiqotlarning samarali bo‘lishiga xizmat qilish, badiiy adabiyotni targ’ib qilish kabi maqsadlarni ko‘zlaydi. Bibliograflar tomonidan tuzilgan bibliografik ko‘rsatkich va qo‘llanmalar tadqiqotchilarga katta amaliy yordam beradi.
O‘zbek adabiyotshunosligining ilk kurtaklari tazkiralarga borib taqaladi. Shuningdek, mutaxassislar o‘tmish adabiy jarayoniga xos bo‘lgan mushoiralar, nafis majlislarda «og’zaki tanqid» mavjud bo‘lganligini ham ta’kidlaydilar. Biroq hozirgi tushunchadagi, yangi tipdagi o‘zbek adabiy-tanqidchiligining shakllanishi XIX asr oxiri-XX asr boshlariga to‘g’ri keladi. Yangi tipdagi adabiy tanqidchilikning shakllanishi milliy matbuotning shakllanishi bilan bog’liq holda amalga oshdi. O‘zbek adabiy tanqidchiligining shakllanishida jadidchilikning ko‘zga ko‘ringan namoyandalari M.Behbudiy, A.Fitrat, X.Muin; shuningdek, jadidchilik ta’sirida adabiyot maydoniga kirgan V.Mahmud, Cho‘lpon kabi ijodkorlarning katta xizmatlari bor. O‘zbek adabiy tanqidchiligi murakkab rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. Bu yo‘lda "vulgar sosiologizm", "partiyaviylik", "sinfiylik", "konfliktsizlik nazariyasi" singari g’ayriilmiy, g’ayriadabiy dogmalardan jiddiy talafot ko‘rdi. Afsus bilan qayd etish lozimki, O.Hoshim, S.Husayn, M.Solihov kabi adabiyotshunoslar, H.Olimjon, Uyg’un, K.Yashin singari ijodkorlarning qator adabiy-tanqidiy asarlari badiiy tafakkur rivojiga emas, balki ko‘proq chinakam so‘z san’atining zarariyu mustabid tuzumning hokim mafkurasiga xizmat qildi va shu bois ham ular bugungi kunda batamom eskirdi.
Yuqoridagicha yo‘qotishlarga qaramasdan, o‘zbek adabiy-tanqidchiligi badiiy didni tarbiyalash orqali adabiyotimiz rivojiga sezilarli hissa qo‘shganligini ham tan olish zarur. O‘zbek tanqidchiligining M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatov, S.Mirvaliyev, I.g’afurov, A.Rasulov, M.Mahmudov kabi qator namoyandalarining chiqishlarida, garchi ular ham mafkura tazyiqidan to‘la forig’ bo‘lmasa-da, adabiyotimizning dolzarb muammolari ko‘tarildi, ko‘plab asarlarning badiiy jozibasi ochib berildi va imkon qadar xolis baholandi.
Adabiyot tarixi o‘tmish adabiyoti (jahon yoki biror milliy adabiyotni)ni uzluksiz jarayon yoki shu jarayonning bosqichlaridan biri sifatida o‘rganadi. Adabiyot tarixining asosida tarixiylik prinsipi yotadi. Mazkur prinsipning mazmun-mohiyati shuki, u adabiy jarayonni konkret ijtimoiy-tarixiy sharoit bilan bog’liq hodisa sifatida o‘rganishni taqozo qiladi. Adabiyot tarixchisi sifatida konkret badiiy asar tahlil qilinganida ham o‘sha asar yaratilgan davr sharoiti, davr adabiy jarayoni xususiyatlarini ko‘zda tutish shart qilinadi. Adabiyot tarixini qiziqtiradigan masalalardan yana biri sifatida konkret ijodkor faoliyatini o‘rganishni ko‘rsatish mumkin. Zero, ijodkor faoliyatini o‘rganganda, uning ijodiy o‘sish jarayonini kuzatganda ham asosga qo‘yilgan prinsip tarixiylik bo‘lishi lozimdir. Adabiyot tarixi o‘tmish adabiyoti xususiyatlarini ochib berarkan, bu bilan, birinchidan, o‘tmish adabiyoti tajribalarini bugungi adabiyot xizmatiga safarbar etadi, ikkinchidan, keng ko‘lamli nazariy xulosalar chiqarish uchun zarur material hozirlaydi. Bulardan anglashiladiki, adabiyot tarixi badiiy tafakkur taraqqiyotida ham, adabiy-nazariy tafakkur rivojida katta ahamiyat kasb etadi.
O‘zbek adabiyotshunosligida adabiyot tarixi sohasining dastlabki kurtaklari sifatida tazkiralarni ko‘rsatish mumkin. Shuningdek, qator tarixiy asarlarda ayrim adabiy faktlar, muayyan ijodkor hayoti va faoliyatiga doir ma’lumotlar ham qayd etilganligi tayin. Biroq o‘zbek adabiyotini tarixiy aspektda ko‘lamli o‘rganish, demakki, o‘zbek adabiyotshunosligida adabiyot tarixining mustaqil tarmoq sifatida shakllanishi va rivoji XX asrga to‘g’ri keladi. O‘zbek adabiyot tarixchiligining shakllanishida A.Fitrat, A.Sa’diy, V.Zohidov, V.Abdullayev, H.Sulaymonov, g’.Karimov, N.Mallayev, A.Qayumov, A.Xayitmetov, A.Abdug’afurov singari olimlarning ulkan xizmatlarini alohida qayd etmoq lozim. O‘zbek adabiyoti tarixini o‘rganish borasidagi izlanishlar hozirgi kunda ham davom ettirilayotir. Bugungi kun o‘tmish merosimizga munosabatni o‘zgartirishni, qator adabiy hodisalar, faktlar, ijodkor shaxslar taqdiri va faoliyatini yangicha ilmiy talqin qilish zaruratini kun tartibiga qo‘ygani ma’lum. Demak, bugunda saboq olayotgan yosh adabiyotshunoslarni milliy adabiyotimiz tarixini ilmiy xolis o‘rganish, yangi "O‘zbek adabiyoti tarixi"ni yaratishdek ulkan va mashaqqatli, sharafli bir vazifa kutadi.