O`quv ishlari bo`yicha prorektor A. Soleyev “ ” 2021-yil



Yüklə 0,74 Mb.
səhifə10/59
tarix01.03.2023
ölçüsü0,74 Mb.
#86041
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   59
ff546497c1ac2d220a1528bc30d845ce ADABIYOTSHUNOSLIK METODOLOGIYASI

SAVOL VA TOPSHIRIQLAR::

  1. Adabiyotshunoslik maktablari deganda nimani tushunasiz?

  2. Qaysi adabiyotshunoslik maktablarini bilasiz?

  3. O’zbekistonda qanday adabiyotshunoslik maktablari shakllangan?

  4. O’zbekistonda kimlar yaratgan adabiyotshunoslik maktablari bor?

  5. Uslub deganda nimani tushunasiz?

  6. «Uslub» atamasining ma’no turfaligini misollar yordamida ko’rsating.

  7. «Uslub - odam» degan qarashga munosabatingiz qanday?

  8. Adabiy yo’nalish nima?

  9. Boshqa-boshqa ijodkorlarning asarlarida tipologik umumiylikning kuzatilishi nimadan?

  10. «Adabiy maktab», «adabiy oqim» tushunchalariga izoh bering.

ADABIYOTLAR:

  1. Jo’raev M. O’zbek folklorshunosligi maktabi va uning taraqqiyoti.- O’TA, 2004, 1-son, 9-15 –b.

  2. Literaturno’y entsiklopedicheskiy slovar.-M.,1987.

  3. Mirzaev T. O’zbek folkloristikasining taraqqiyot tarixidan. –O’TA, 1972, 24-32-b. Yana: Folklorshunosligimiz ufqlari va vazifalari. –O’TA, 1987, 3-son, 3-12-b. Yana: Folklor bo’limi.- O’TA, 2004, 1- son, 3-9 t-b.

  4. Pospelov G.N. Problemo’ istoricheskogo razvitiya literaturo’.-M.,1972.

  5. Shoabdurahmonov Sh. Folklorshunosning kamoloti. –O’TA, 1987, 74-75-b.

  6. O’raeva D. O.Safarov. Ijodiy portret. – T.: Muharrir, 2010.



5-MA’RUZA.BILISH NAZARIYASI VA ADABIYOTSHUNOSLIK METODOLOGIYASI
REJA:

  1. Adabiyotshunoslik metodlari va ijodiy metodlar.

  2. Adabiyotshunoslik metodologiyasi – tadqiqot metodlari yig’indisi sifatida.

  3. Metodlarning dunyo adabiyotshunosligida tasnifi.

  4. Metodlar chegarasi va o’zaro uyg’unligi.

  5. Badiiy asarni tahlil metodlari.

Tayanch tushunchalar: ijtimoiy fan, san’at, so’z san’ati, amaliy san’at, badiiy san’at, estetik faoliyat, badiiy adabiyot, badiiy ijod, dialog, inson faoliyati, ruhiy faoliyat, ijtimoiy ong, ijtimoiy ong shakllari, badiiy adabiyot ijtimoiy ong shakli, badiiy adabiyotning ko’pvazifaliligi, bilish nazariyasi, falsafiy bilish, badiiy-kontseptual funktsiya, bilish (evristik) funktsiya. kompensatorlik funktsiyasi, estetik funktsiya, badiiy bashorat, tarbiyaviy (didaktik) funktsiya, kommunikativ funktsiya, induktsiya, deduktsiya, analiz va sintez.
Adabiyot nazariyasi doirasidagi ilmiy tushunchalarning barchasi adabiyotshunoslik metodologiyasiga ham daxldordir.
Adabiyotshunoslik metodlari va ijodiy metodlardan farq qiladi. Chunki adabiyotshunoslik metodlari bilan, asosan, adabiyotshunos olimlar ish yuritib, ilmiy-nazariy, tanqidiy asar yaratsalar, ijodiy metodlardan badiiy ijod ahli foydalanib, badiiy asar yaratadilar. Bunda ijodkorlarning romantizm, realizm, tanqidiy realizm, klassizim, sentimentalizm, modernizm va h.k. singari qator ijod metodlaridan foydalanishlari kuzatiladi.
Ijodiy metodlar "hayotni badiiy aks ettirish printsiplari" (G.Pospelov) bilan bog’liq bo’lib, bu tushuncha adabiyot nazariyasi va estetikaga oid ishlarda "ijod tipi" (L.Timofeev), "badiiy tafakkur shakli" (I.Sulton), "badiiy tafakkur usuli" (Yu.Borev) kabi qator atamalar bilan yuritiladi. Lo’nda qilib aytganda, bu o’rinda gap adabiy asarlarni ularda yaratilgan badiiy voqelikning real voqelikka munosabatiga ko’ra ikkita katta guruhga (realistik va norealistik) ajratish ustida boradi.
L.Timofeevning fikricha, voqelikdagi hodisalarni ular hayotda qanday bo’lsa o’shandayligicha ko’rsatishga intilish realizmga xosdir. (Timofeev L.I. Osnovo’ teorii literaturo’. - M.,1966.- S.1O1).
L.Timofeev ijod jarayonida "aks ettirish" va "qayta yaratish" amallari nisbatidan kelib chiqadi-da, ijodning realistik va romantik tiplari haqida so’z yuritadi.
G.Pospelov realistik adabiyot tabiatini asarda yaratilgan xarakterlardan kelib chiqib tushuntiradi. Olimning fikricha, realistik asarda: "... yozuvchi o’z qahramonlarini o’zlari yashagan davr va muhit ijtimoiy munosabatlari asosida shakllangan ijtimoiy xarakterlari xususiyatlariga, ularning ichki mantiqiga muvofiq tarzda harakat qilish(istash, o’ylash, his etish, gapirish)ga majbur qiladi". Buning aksi o’laroq, hayotni badiiy aks ettirishning norealistik ("normativ") printsipiga tayanilgan asarda esa: "... yozuvchi o’z personajlarini o’z xarakterlarining real, tarixan konkret xususiyatlari va imkoniyatlariga muvofiq tarzda emas, balki o’sha xarakterlarning yozuvchi qarashlari va ideallari asosida hissiy idrok etilgan, tarixiy konkretlilikdan ayro tushuvchi mohiyatiga muvofiq tarzda harakat qilish(istash, o’ylash, his etish, gapirish)ga majbur qiladi" (Pospelov G.N. Problemo’ istoricheskogo razvitiya literaturo’.- M.,1972.-S.258-270). E’tiborli jihati shundaki, bu xil yondashuvda badiiy voqelikdagi epik tafsilotlaru detallarning har vaqt ham hayotiy (ya’ni, real voqelikdagiga monand) bo’lishi talab qilinmaydi. Zero, bu o’rinda bosh mezon - personajlarning konkret ijtimoiy sharoitda shakllangan xarakterlari ichki mantiqidan kelib chiqqan holda harakat qilishidir.
Demak, hayotni badiiy aks ettirishning realistik printsipi xarakterlarning ularni shakllantirgan ijtimoiy-tarixiy sharoitga, ko’proq shu sharoit bilan belgilanuvchi xarakter mantiqiga muvofiq harakat qilishlarini taqozo qiladi.
Hayotni badiiy aks ettirish tamoyillari 30-40-yillar adabiyotshunosldigida "metod" deb yuritilib, unga ko’ra badiiy adabiyotda ikkita - realistik va norealistik ijodiy metodlar mavjud deb sanalgan. Keyinroq metod atamasi ostida badiiy asarning g’oyaviy mazmuni bilan bog’liq bo’lgan hayot materialini tanlash, badiiy idrok etish va baholash printsiplari tushunila boshlangan. Ya’ni, metod endi badiiy tafakkur tarzi sanalib, u badiiy adabiyot e’tiborini voqelikning u yoki bu qirralariga qaratishi, tipiklashtirishi va baholashida namoyon bo’luvchi hodisa sanalgan. Anglashiladiki, atamadagi keyingi ma’no ko’chishi adabiyotning mafkura quroliga aylanishini ilmiy asoslash jarayonida sodir bo’lgandir. Shunday bo’lsa-da, atamaning keyingi ma’noda qo’llanishi badiiy ijoddagi ikki muhim unsur - metod va uslubni alohida kategoriyalar sifatida tushunish va tushuntirish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir. Badiiy tafakkur tarzini anglatuvchi metod gnoseologik (ya’ni, badiiy bilish bilan bog’liq) kategoriya bo’lsa, uslub antropologik (ya’ni, ijodkor shaxsi bilan bog’liq) kategoriyadir. Bundan ko’rinadiki, metod g’oyaviylik hodisasi bo’lsa, uslub badiiylik hodisasidir. Uslub ijodkorning ijodiy individualligini belgilaydi, ijodiy individuallik esa u yaratgan badiiy asarning barcha sathlarida (badiiy matnning tuzilishi - ritorika, badiiy voqelikni yaratish printsiplari - poetika) namoyon bo’ladi. "Uslub - odam" degan qarashning vujudga kelishi bejiz emas: asar o’zida ijodkor shaxsini ifodalar ekan, buni uslubda namoyon etadi. Aytaylik, A.Qahhorga xos jumla tuzish, A.Qahhorga xos rivoya, A.Qahhorga xos badiiy detallar funktsionalligi, A.Qahhorga xos syujet qurilishi deya olishimizning boisi shundaki, bularning bari A.Qahhor uslubi bilan, uning ijodiy o’ziga xosligi bilan izohlanadi.
Adabiy yo’nalish tushunchasi biz yuqorida to’xtalgan hayotni badiiy aks ettirish printsiplari, metod va uslub tushunchalari bilan bevosita bog’liqdir. Adabiy yo’nalish badiiy tafakkur tarzi, metod va uslub kesishgan nuqtada yuzaga keluvchi tushunchadir. Gap shundaki, muayyan davrda yashagan bir qator ijodkorlar yaratgan ko’plab asarlarda tipologik umumiylik mavjud. Tipologik umumiylik hayot materialini tanlash, uni badiiy idrok qilish va baholash printsiplarida, asarlarning badiiy shakl xususiyatlari, uslubiy jihatlarida o’zini namoyon etadi. Uzluksiz adabiy jarayonning muayyan bosqichlarida kuzatiluvchi badiiy ijodning g’oyaviy-estetik tamoyillari asosidagi umumiylik adabiy yo’nalish haqida gapirish imkonini beradi. Adabiy yo’nalish adabiy jarayonning, badiiy tafakkur tarraqqiyotining muayyan bosqichini nazariy jihatdan umumlashtirish orqali uning mohiyatini anglash imkonini beruvchi muhim adabiy-estetik kategoriyadir. Shuni ham unutmaslik kerakki, tipologik umumiylik bir yo’nalishga mansub ijodkorning ham g’oyaviy, ham estetik jihatdan o’ziga xosligini inkor qilmaydi. Ya’ni, bir yo’nalish doirasidagi asarlarda turlicha ideallarning, dunyoqarashning aks etishi tabiiy hodisadir. Masalan, romantizm yo’nalishiga mansub bo’lmish Bayron bilan Gyote asarlarida aynan bir xillikni izlash xato, ulardagi yaqinlik chuqur qatlamlarda, katta o’lchovdagina namoyon bo’ladi.
Demak, bir adabiy yo’nalish doirasida turli oqimlar kuzatilishi mumkin. Zero, adabiy oqim adabiy yo’nalishning bir ko’rinishi, o’ziga xos bir varianti sanaladi. Adabiy yo’nalish va oqimdan farq qilaroq, adabiy maktab deganda nazariy jihatdan anglangan ijodiy dasturiga ega bo’lgan, tashkiliy tuzilma sifatida shakllangan ijodkorlar guruhi tushuniladi. Masalan, XX asr boshlari rus adabiyotidagi futuristlar, akmeistlar shu xil maktab sifatida ko’rsatilishi mumkin.
Adabiyotshunoslikda adabiy yo’nalishlarni ajratishda turlichalik bor. Jumladan, ayrim adabiyotshunoslar adabiy yo’nalish deganda anglangan g’oyaviy-estetik tamoyillarga, turli darajada amal qilinuvchi ijodiy dasturga ega bo’lishlikni shart qilib qo’yadilar. Biroq bu xil yondashuv chalkashliklar keltirib chiqarishi, mohiyatan bir xil adabiy hodisalarni turli atamalar bilan nomlashni keltirib chiqaradi. Masalan, bu holda klassitsizmni - adabiy yo’nalish, romantizmni adabiyot taraqqiyotidagi bosqich deb ataladiki, bu unchalik maqbul emas. Biz adabiy yo’nalishlarni Yu.Borev qarashlaridan kelib chiqqan holda ajratishni maqbul deb bilamiz. Unga ko’ra, o’tmish adabiyotidagi (mifologik realizm, o’rta asrlar simvolizmi, uyg’onish davri realizmi, barokko, klassitsizm, ma’rifatparvarlik realizmi, sentimentalizm, romantizm, tanqidiy realizm) hamda XX asr adabiyotidagi (realizm, sotsialistik realizm, syurrealizm, ekzistentsializm) yo’nalishlar ajratilishi mumkin.
Badiiy adabiyot –ijtimoiy ong shakllaridan biri. Badiiy adabiyot – insonning ruhiy faoliyati mahsuli.Adabiyotda borliq badiiy obrazlar vositasida idrok etiladi. Shuning uchun adabiyotshunoslik metodologiyasi falsafiy dunyoqarash bilan ham bog’lanadi. Bunda bilish nazariyasining adabiyotshunoslik metodologiyasida tutgan o’rnini aniqlashga to’g’ri keladi. Chunki u ham olamni bilishni falsafiy tushunishning bir ko’rinishidir.
Ma’lumki, badiiy adabiyot- ijtimoiy ong shakllari orasida o’ziga xos o’rin tutadi. Badiiy adabiyot — insonning ruhiy faoliyati mahsuli. Badiiy adabiyotni ruhiy faoliyat turlaridan biri deb atashga imkon beradigan narsa shuki, ijodkor o’zining "faoliyati" yo’naltirilgan predmetni (keng ma’noda borliqni) o’z ongida o’zgartiradi va badiiy obrazda aks ettiradi. Zero, adabiyot real voqelikni bevosita emas, bilvosita — dunyoni o’zgartiruvchini, INSONni o’zgartirish orqali amalga oshiradi.
Ijtimoiy ong deganda kishilik jamiyati taraqqiyotining muayyan bosqichida o’sha jamiyat a’zolarining ongida mavjud bo’lgan borliq (olam, odam, jamiyat) haqidagi bilimlar, tasavvurlarning jami tushuniladi. Ijtimoiy ong bevosita jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ma’rifiy taraqqiy darajasi bilan bog’liq bo’ladi. Aytaylik, ibtidoiy jamiyat kishisi bilan hozirgi zamon kishilari ongidagi olam va odam haqidagi bilimlar orasidagi farq er bilan osmoncha.
Ijtimoiy ongni, ya’ni, dunyo haqidagi bilim va tasavvurlarni hosil qilish, boyitishga xizmat qiluvchi sohalarning bari ijtimoiy ong shakllari deb yuritiladi. Din, ilm-fan, san’at, badiiy adabiyot, axloq, huquq, siyosat, — bular bari ijtimoiy ong shakllari sanaladi. Kishilik jamiyati taraqqiyotining ma’lum bir bosqichida bu sohalarning qaysidir bittasi etakchi mavqega ega bo’lishi, keyin etakchiik boshqasiga o’tishi mumkin. Masalan, kishilik jamiyatining tongida insonlarning tabiat hodisalarini anglashga intilishi natijasida yuzaga kelgan miflar etakchi mavqega ega edi (aniqrog’i, miflar u davrda ijtimoiy ongning asosiy shakli edi). Dunyoning, inson va boshqa jonzotlarning paydo bo’lishi, hayot va o’lim sirlari, tabiat hodisalarining sodir bo’lishi kabi inson bilishga qiziqqan masalalar miflarda o’z ifodasini topgan. Albatta, miflar qadim ajdodlarimizning bu masalalar mohiyatiga etmaganini ko’rsatadi, biroq miflarda ularning olam va odam haqidagi bilimlari – ijtimoiy ongi akslangani ham ayon haqiqatdir. Keyinroq, antik jamiyatda falsafaning etakchiligi kuzatilsa, o’rta asrlarga kelib ijtimoiy ong shakllari orasida din etakchi mavqe egalladi. Zero, o’rta asrlarda olam va odam mohiyati diniy ta’limotlar asosida tushunildi va tushuntirildi. Insonning dunyo haqidagi bilimlarining chuqurlashuvi XYIII asrga kelib fanning etakchiligini ta’minladi, endi ilmiy bilishning ahamiyati ortdi.
Ijtimoiy ong shakllarining keyingi davrlardagi, xususan, hozirgi holatiga nazar solsak, unda turlichalikka duch kelamiz. Zero, hozirda ularning bari parallel holda (umuman insoniyat miqyosida olsak, taraqqiyot darajasining turlichaligi bois mifologik tafakkurdan tortib to yuksak ilmiy bilishgacha) mavjud. Albatta, bu o’rinda insoniyatning ilg’orligini, rivojlangan jamiyatlarni nazarga olish to’g’riroq bo’ladi. Bu holda bilish jarayonida ijtimoiy ong shakllaridan bir qanchasi ishtirok etayotganiyu har birining o’z sohasi (fan, san’at, siyosat, huquq) borligiga amin bo’lish mumkin.
Ijtimoiy ong shakllari orasida badiiy adabiyot va san’at borliqni badiiy obrazlar vositasida idrok etishi bilan farqlanadi. Xususan, badiiy adabiyot so’z vositasida ish ko’radi. So’z esa universal bilish va ifodalash vositasi sanaladi. So’z vositasida ish ko’rgani uchun ham badiiy adabiyotning badiiy bilish imkoniyatlari anchayin keng: u hayotdagi turli muammolarni, uning turli jihatlarini badiiy tadqiq etish imkoniga ega.
Badiiy adabiyotning eng muhim vazifasi shuki, u insonni komillikka etaklaydi, jamiyatni mukammallashtirishga xizmat qiladi. Badiiy adabiyot inson(demakki, jamiyatni)ni o’zgartirish orqali dunyoni o’zgartiradi. Negaki, badiiy adabiyot real voqelikni aks ettiribgina qo’ymaydi, u ideal asosida fikrlaydi, voqelikni ideal asosida qayta yaratadi, chinakam san’at asaridagi badiiy hukm idealdan kelib chiqqan holda chiqariladi. Ideal esa, ma’lumki, o’zida mukammal inson, mukammal jamiyat haqidagi tasavvurlarni, orzu-intilishlarni mujassam etadi. Ijodkor sog’ingan ideal badiiy asar orqali o’quvchiga, o’quvchilarga ko’chadi va, bilingki, ideal sog’inchini o’ziga yuqtirgan o’quvchi endi o’zgargan insondir. Inson(insonlar)dagi o’zgarish esa, tabiiyki, jamiyatdagi o’zgarishlarning asosidir. Demak, badiiy adabiyotning eng muhim vazifalaridan biri jamiyatni ideal asosida qayta qurishdan iborat ekan.
Mutaxassislar san’at, xususan, badiiy adabiyot haqida so’z borganda ularning polifunktsionalligi, ya’ni, ko’p vazifalarni bajarishini ta’kidlaydilar. Badiiy adabiyotning ijtimoiy hayotda bajaruvchi vazifalari quyidagilardan iborat:
Bilish (evristik) funktsiyasi. Badiiy adabiyot borliqni badiiy bilish orqali kishining olam, odam va jamiyat haqidagi bilim va tasavvurlarini boyitadi. «Adabiyot – hayot darsligi», degan gap faqat chiroyli ta’rifgina emas, uning zamirida katta haqiqat yotadi. Badiiy adabiyot orqali o’quvchi o’zga insonlar tajribasi bilan o’rtoqlashadi, buning natijasi o’laroq u hayotga, insonlarga o’zgacharoq yondasha boshlaydi, chuqurroq tafakkur qiladi, fikrlash doirasi kengayadi. Zero, badiiy asarni o’qish davomida o’quvchi asar voqeligida yashaydi, asar qahramonlarining o’ylarini ongdan, hislarini qalbdan kechiradi. Ya’ni, badiiy adabiyot bamisoli hayot ichidagi yana bir hayot, inson qisqa umri davomida ko’proq ko’rishi, his qilishi, anglashi uchun berilgan qo’shimcha imkoniyat, aytish mumkinki, qo’shimcha «umr»dir.
Badiiy-kontseptual funktsiya. Badiiy adabiyot hayotni, jamiyatning joriy holatini badiiy tahlil qilish orqali olam va odam haqida yaxlit badiiy hukm — badiiy kontseptsiyani ishlab chiqishga intiladi. Bu jihati bilan badiiy adabiyot falsafaga yaqinlashadi. Falsafadan farq qilaroq, olam va odam kontseptsiyasini ishlab chiqishda badiiy adabiyot mantiq kategoriyalariga emas, ma’no serqirraligi bilan xarakterlanuvchi badiiy obrazlarga tayanadi. Jahon falsafiy tafakkuri Dante, Shekspir, Gete, L.Tolstoy, F.Dostoevskiy, T.Mann, A.Kamyu singari o’nlab ijodkorlar fikrlari bilan boyigani, o’z vaqtida ulardan turtki olganligi shubhasizdir. Xayyom ruboiylari yo hazrat Navoiy dostonlari, A.Qodiriy romanlari yo A.Qahhor hikoyalari, O.Yoqubov nasri yo A.Oripov she’riyati – borisida hayot, olam va odam haqidagi chuqur falsafiy mushohadalar ifoda etilgan. Ularda mavjudlikning o’tkir masalalari yuzasidan badiiy hukm-xulosalar chiqarilgan.
Kommunikativ funktsiya. Badiiy adabiyot shaxslararo, avlodlararo, millatlararo muloqotning amalga oshishiga xizmat qiladi. Badiiy asarni yaratish davomida ijodkor tasavvurdagi o’quvchi bilan muloqotga kirishsa, uni o’qish jarayonida o’quvchi ijodkor bilan muloqotga kirishadi. Muloqot jarayonida keng kitobxonlar ommasiga badiiy informatsiya etkaziladi, bu esa o’quvchining bilim va tasavvurlar doirasini kengaytiradi, informatsiyaga bo’lgan ehtiyojini qondiradi. Badiiy adabiyot vositasida amalga oshuvchi muloqot qarshisida davriy yoki xududiy chegaralar mavjud emas: uning vositasida o’quvchi o’zidan bir necha asrlar ilgari yashagan shaxs bilan ham, o’zidan minglab chaqirim olisda yashovchi shaxs bilan ham muloqot qila biladi. Masalan, ko’p mutolaa qilgan hozirgi kitobxon olis ajdodlarining turmushi, fikrlash tarzi, orzu-intilishlari bilan ham, olis dengiz ortidagi xalqning turmushi, fikrlash tarzi, orzu-intilishlari bilan ham yaqindan tanish bo’la oladi.
Tarbiyaviy (didaktik) funktsiya. Badiiy adabiyot shaxsni aqlan va ruhan kamolga etkazadi, jamiyatning ma’nan tozarishi va yuksalishiga xizmat qiladi. E’tibor berilsa, deyarli barcha milliy adabiyotlar taraqqiyotining ilk bosqichlarida didaktik funktsiya oldingi planda turgani ko’riladi. Adabiyotning tarbiyaviy ahamiyatiga juda qadim davrlardan ayricha e’tibor berib kelinishi bejiz emas. Xususan, qadimgi yunon faylasufi Aflotunning «Davlat» asarida adabiyotning tarbiyaviy tomonidan qanday foydalanish kerak, kimga, nimani va qanday o’qitish kerak degan masala keng qo’yilgan. Sharq xalqlarida ham yosh avlodni tarbiyalashda badiiy adabiyotdan keng foydalanilgan. Shu bois ham Sharq mumtoz adabiyotida «Guliston», «Bo’ston», «Qutadg’u bilik», «Hibatul haqoyiq», «Qobusnoma» singari didaktik asarlar yaratilgan. To’g’ri, adabiyot taraqqiyotining keyingi bosqichlarida sof didaktik xarakterdagi asarlar kamayib boradi, hatto oshkor didaktikaga berilgan asarlar badiiy mukammallikdan yiroq tushadi, deb hisoblanadi. Shunga qaramay, adabiyotning mazkur funktsiyasi hamon juda kuchli va sezilarlidir. Zero, chinakam san’at asarida ijodkor ezgulik, go’zallik, adolat singari umuminsoniy qadriyatlar tomonida turib fikr yuritadiki, ayni shu narsa badiiy adabiyotdagi tarbiyaviy funktsiyaning har vaqt mavjudligini ta’min etadi.
Kompensatorlik funktsiyasi. Badiiy adabiyotda inson o’z hayotida ko’rmaganini ko’radi, undan o’ziga etishmayotgan narsalarni topadi va shu asosda ruhiy qoniqish hosil qiladi. Bu jarayonning asosi shuki, badiiy asar mutolaasi davomida o’quvchi irreal olamda - badiiy reallikda yashaydi: shu irreal olamda real hayotida ko’nglidan kechirmagan hislarni kechiradi, umri davomida tushmagan vaziyatlarda «yashaydi».
Badiiy bashorat. Badiiy adabiyotning bashoratchilik funktsiyasi xalq og’zaki ijodidagi ertaklardayoq namoyon bo’ladi. Xususan, ertaklardagi «uchar gilam»lar, «oynai jahonnamo»lar aviatsiya va televidenie paydo bo’lishidan ancha ilgari bashorat qilingan edi. Insonning bugungi imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ertadan bashorat qilish yozma adabiyotda, xususan, fantastik va ilmiy-fantastik asarlarda ham kuzatiladi. Masalan, J.Vernning «Erdan Oyga» (1865), «Oy atrofida» (1869) asarlarida insonning Oyga sayohati, dengiz qa’rlarida sayohat qilishi tasvirlangan. Holbuki, mazkur asarlar yozilgan paytda insoniyat hali bularga qodir emasdi.
Badiiy adabiyot «kecha» yoki «bugun»ning badiiy tahlili asosida kishilik jamiyatining "erta"si haqida fikr aytishga intiladi.
Estetik funktsiya. Badiiy adabiyot insonda go’zallik tuyg’usini rivojlantiradi, badiiy didni tarbiyalaydi.

Yüklə 0,74 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   59




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin