Abdugʻofur Rasulov 1937 yil 1 iyulda tugʻilgan. Oʻrta maktabni, hozirgi OʻzMUning filologiya fakultetini bitirgach, Qarshi Davlat pedinstitutida (1959–1968 yillar) oʻqituvchi boʻlgan. 1969 yildan hozirgi kungacha Oʻzbekiston Milliy universitetida dotsent, dekan, kafedra professori vazifasida faoliyat olib bormoqda. 1966 yilda filologiya fanlari nomzodi, 2002 yilda filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlagan.
“Ilmi gʻaribani qoʻmsab…” (1998), “Istedod va eʼtiqod” (2000), “Atoqli adib” (2001), “Tanqid, talqin, baholash” (2006), “Sharafli Sharafiddinovlar” (2006), “Badiiylik – bezavol yangilik” (2007), “Betakror oʻzlik” (2009) asarlarining muallifi.
1979 yildan beri Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi” (2003), “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi” (2007 yil).
Abdugʻafur Rasulov 2014 yil 17 sentyabr kuni vafot etdi.
Abdug’afur Rasulov
ALG’UL YULDUZI – IZTIROB RAMZI
Jahon ilmu faniga bebaho hissa qo’shgan siymolardan biri Mirzo Ulug’bekdir. XX asrning II yarmidan boshlab uning olimu podshohligi haqida ko’plab she’r, doston, qissa, roman, drama, ilmiy badia yaratildi.
Xurshid Davron badiiy ulug’bekshunoslikka “Alg’ul” (“Sharq yulduzi”, 2013 yil, 1-son) tragediyasi bilan hissa qo’shdi.
Asarda makon kengligi, vaqt aniqligi diqqatni tortadi. Xurshid Davron Mirzo Ulug’bek hayotining oxirgi kunini tasvirlaydi. Vaqt tig’iz: tajribasiz yozuvchi shoshib qolishi, xarakterlar va sharoitni qorishtirib yuborishi mumkin edi. “Alg’ul”da izchil marom, qahramonlar harakatlanadigan adabiy maydon, xarakterlarning betakror o’zligi aniq seziladi. Dramaturg maydonni kengaytirib, qahramonlarni ixcham gapirtirib, izchil harakat qildirib nimaga erishadi?
“Alg’ul” tragediyasida falsafiy mulohaza, voqea-qahramonlarni qiyoslash, uzluksiz rivojlanib, bir-birini to’ldirib borayotgan fikr tayanch nuqta vazifasini o’taydi. Dramaturg asarida ramz, qiyos, o’xshatish ko’p. U asarning badiiy ta’sir kuchini orttiradi. “Alg’ul” matniga quloq tutsangiz qaerdandir “Cho’li iroq”, “Tanovar”, “Segoh” singari kuylar borlig’ingizni sehrlayotganday bo’ladi.
Ulug’bek va Ali Qushchi aro suhbatlarda badiiylikka chulg’angan falsafiy qarashlar yoddan chiqmaydi:
Ulug’bek: Huv anovi yulduz Baytul Javzodur. Xuddi g’azabga mingan Abdullatif ko’zlariga o’xshaydur! Ali Qushchi: Shomliklar ani iblis ko’zi demishlar… Ulug’bek: Alg’ul yulduzini bilursan, Ali. Ali Qushchi: Filhaqiqat, Alg’ul g’alatdur. Uch kun yonib, so’ngra so’nadi-da, yana paydo bo’lub avvalgidek porlab turaveradi. Ulug’bek: Ko’ksimdagi iztirob ana shu Alg’ulga o’xshaydur, Ali! (60-bet) Alg’ul yulduzi, ruhdagi iztirob “Segoh” kuyi sehri sharhiga ulanib ketadi. Kuy haqidagi gap tragediya oxirigacha davom etadi. Asarga mantiqiy tarzda To’yjon timsolini olib kiradi.
Tragediya mantiqiy bog’liq voqea-hodisa, timsol, personajlardan iborat. Asar uch samarqandlik suhbati bilan boshlanadi. Shaharliklar Ulug’bek faoliyatidan, yurtdagi notinchlikdan boxabar. Lekin ularni turmush tashvishlari qiziqtiradi: “Men uchun zamin, oyu yulduz harakati emas, tegirmon toshining harakati muhimroqdir” (59-bet).
Ulug’bek – “Alg’ul”dagi voqealar markazi, bahs-tortishuvda yetakchi kuch. U Xoja Nizomiddin, Xoja Burhoniddin, Shamsiddin Miskinday saroyning tayanch kuchlari bilan uchrashadi. Bularning har biri o’z vazifasini yaxshi biladi, vaziyatga ko’ra ish yuritadi. Ota va O’g’il aro murosasiz jang yetilmoqda. Amaldorlar Abdullatifga maktub jo’natish tarafdorilar. Ulug’bek – Temur nabirasi, g’ururi baland zot. Avval ham Abdullatifga maktub bitilgan – kelishuvga da’vat qilingan. O’g’il shitob bilan Samarqandga yaqinlashmoqda: Otaga qarshi jangu jadalga oshiqmoqda. Ulug’bek jangari o’g’ilni yengishi tayin. Ammo u o’z farzandiga qarshi jang qilishni ep bilmaydi. Podshoh qalbida iztirob avjlanaveradi. Qolaversa, saroy amaldorlari tili bilan dili bir deb bo’lmaydi: do’ppi tor kelib qolsa, ulardan birontasi Abdullatif tomonga o’tib ketishi mumkin. Buni donishmand, siyosat maydonida bo’laverib pishib ketgan Ulug’bek ham yaxshi anglaydi. Arkoni saroy bilan uchrashuv Ulug’bek iztirobini kuchaytiradi.
Ulug’bek Bobo Husayn Turkistoniy, Mironshoh Qovchin, Sultonshoh Barlos, Shoh Vali singari amirlar bilan uchrashadi, ko’nglida quvonch uchquni yaltiraydi. Nega? Bir to’da amirlar Abdulatifga bosh urib bordilar, ayrimlar Abulxayrxon panohiga intiladilar. Eng dahshatlisi shundaki, Ulug’bek ko’kaldoshi, amir Vafodor qochib ketayotganida qo’lga olindi. Ulug’bek va Vafodorni donishmand Saroymulkxonim tarbiyalagan edi. Tragediyada amaldor, amirlar bilan uchrashuv, xoinu qochoqlar haqida ma’lumot olish Ulug’bek g’amiga g’am, iztirobiga iztirob qo’shadi. Podshoh har bir voqeani chuqur tahlil qiladi, amiru beklar qilmishini qalbidan o’tkazadi. Asarda ostki – asosiy oqim va voqea-hodisalar sirti tasvirlangan. Kitobxon fikr-tafakkuriga qarshi ikki oqimni qiyoslab boradi. “Alg’ul”ning tragediya sifatidagi mohiyatini ostki (falsafiy mushohadalar) va ustki (bevosita jarayon) oqim belgilaydi. Maydonning keng olinishi o’y, qiyos, fikrlashga imkoniyat beradi. Timsol, personajlar (Ali Qushchi, To’yjon singarilar istesno – A.R.) ham ikki tilda gapiradilar: tilida bir gap, dilida boshqa o’y. Ulug’bek bilan uchrashganlardan Vafodorning onasi va Bobo Turkistoniy obrazi alohida ajralib turadi. Ona podshoh huzuriga nodon o’g’li qilmishi uchun uzr so’ragani keladi. Farzandi gunohidan o’tishni so’ramaydi. Amir Vafodorni zahar berib o’ldirganini aytadi. Onaning bunday jasorati kamdan-kam uchraydi.
Bobo Husayn Turkistoniy, o’zga amirlar singari, Ulug’bekni nobakor o’g’ilga qarshi jangga kirishga undaydi. Amirlar podshohga xiyonat qilmaydilar. Ayni damda Ulug’bek o’y-xayolini chulg’ab olgan fikrlarni anglamaydilar.
Ulug’bek olim-faylasuf, tajribali yurtboshi, sarkarda, Amir Temur siymosini aniq tasavvur qiladi. U o’z jigarbandiga qarshi maydonga chiqqan. Ota – yurtboshilarni, oqpadarlik tamg’asini ilib Otaga qarshi kurashgan farzandlarni yaxshi biladi. Ulug’bek tirik ekan, o’g’liga qarshi jang qilmaydi. Uning olimlik, odil shohlik e’tiqodi shunday. “Alg’ul”ning kuchli asarligi ma’rifat va jaholat aro kurash mudom davom etishida ko’rinadi. Shu g’oya asarning o’q tomirlaridan biri. Insoniyat, adolat, ezgu niyat bor ekan, mazkur g’oya mangu yashayveradi. Ma’rifat nur manbai sifatida loqaydlik, xoinlik, beparvolik, dangasalik, ikki yuzlamachilikni fosh etadi. G’oyaviylik illatlarga qarshi o’t ochadi, ruhiy-ma’rifiy jasorat tomon undaydi. “Alg’ul”dagi fidoyi amirlar Ulug’bekka sodiqlikni har qanday yo’sinda isbotlashga tayyor. Abdullatif amir-beklar raqibi. Agar u otasiga qarshi kurashib taxtni egallasa, unga osoyishtalik, huzur-halovat begona. Bobo Turkistoniyning quyidagi gaplari ontday yangraydi: “Eshitinglar, shahzodaning bu yerdagi quloqlari ham eshitinglar: agar u Sizning joningizga qasd qilsa, Parvardigor haqi aytaman, men uni sog’ qo’ymayman. Ul nobakor Nizomiy hazratlari aytgan
hikmatni unutmasun: