ONA ShA’NIGA QASIDA (Bir hikoya talqini) Jahon adabiyotida hamisha ona-Vatan kabi bosh harf bilan yozilishga loyiq tabarruk Ona zotining mushkul damlarda tuqqan farzandiga beqiyos mehr-muruvvati xususida ko‘p va xo‘b yozilgan. Milliy nas-rimizda ham o‘shalar qatorida turishga loyiq asarlar bor. Ustoz Said Ahmad qalamiga mansub “Ufq” romanidagi Onaxonning gunohkor – qochoq o‘g‘liga nisbatan armon, alam-o‘kinch bilan yo‘g‘rilgan parvonaligi ifodasi adabiyotimizda jiddiy hodisa bo‘lgan edi. Zulfiya Qurolboy qizi “Yozsiz yil” hiokyasida ayni shu yo‘nalishda butunlay o‘zgacha Ona timsolini yaratdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, hikoyaning syujet qurilishi puxta ishlangan, voqealar tadriji personajlar ruhiy evrilishlari tahlili bilan uyg‘unlikda mohirona ifodalangan. Goh quvonch-taskin, tengsiz umid, goh dard xuruji, azob-uqubat, tahqiru nadomat, goh yilt etgan surur, xayoldagi aldamchi farog‘at, aslida esa adog‘i yo‘q musibatlar bilan o‘tgan ikki bandai ojiz – Ona va o‘g‘il ko‘rgiliklari – butun boshli bir romanga tatigulik beorom daqiqalar, kunlar, oylar, yillar silsilasi birgina hikoya bag‘ridan munosib joy olgan. Hikoyada tig‘iz vaziyatlar bot-bot takrorlanadi va har gal muallif benazir zot – Ona vujudida mujassam beqiyos mehrigiyoning yangi-yangi qirralarini kashf etishga erishadi.
Asar bilan tanish o‘quvchi biladi: Sobir avtohalokat tufayli nogiron bo‘lib qolgan. Bu mudhish falokatning azob, iztirobi o‘g‘lidan ko‘ra ham onaxon – Buvgul xola tani-jonini qovuradi. Hikoya davomida xola vujudini yondirgan otash, xasta o‘g‘il ko‘ngli, oromi deb chekkan zahmatlari alangasi taftini o‘quvchi har doim sezib, his etib turadi. Hayotning turfa nag‘masini qarangki, Sobir shu holda qishloqning tengi yo‘q suluv qizi Marvaridga ko‘ngil bergan, qiz ham, o‘z navbatida, yigitga oshiqu shaydo. Ularning Layliyu Majnun sevgi dostonini eslatadigan ishqiy muloqotlari har qanday tama, hirs va nafs mayllaridan xoli, ikki farishta oshig‘u ma’shuqaning sof qalb talpinishlaridan iborat. Ayni shu jihati bilan asar bugungi zamonaviy adabiyotda urf bo‘lgan ishqiy kechinmalar talqinidan butunlay farq qiladi. Ikki yosh orasida yashiradigan hech qanaqa sir yo‘q. Har ikki tomon ham oradagi mudhish ko‘rgilikdan voqif. Ammo bu hol ularning ko‘ngil mayllariga aslo to‘siq bo‘lolmaydi. Ular bir umrga birga bo‘lishga qat’iy ahd qilganlar. Visol damlarida Sobir dardini butunlay unutadi, yayrab-yashnab ketadi. Qiz ra’yi, istagiga ko‘ra, Onasini qiznikiga sovchilikka borishga undaydi…
Halokat, xastalik, nogironlik asoratlaridan ham ko‘ra mushkulroq dramalar ana shu daqiqalardan boshlanadi. Yigit tomonda johil, qalban so‘qir aka, qiz tomonda esa bag‘ritosh ota ikki oshiq – yoshlar mayliga tish-tirnog‘i bilan qarshi turadilar. Faqat Onaizorgina o‘g‘lon bilan qiz qalbining, qiyosi yo‘q chin muhabbatining yagona himoyachisiga aylanadi. Bilasiz, qishloq muhitida gap yotmaydi. Shaxsiy-oilaviy intim sir darhol oshkor bo‘ladi, har xil g‘iybat, past-baland gap-so‘zlar o‘rmalaydi. Bu hol katta o‘g‘il bilan qiz otasi xurujini alanga oldiradi. Ana shunday tig‘iz damlarda katta o‘g‘il dag‘dag‘alariga, qiz otasi yog‘dirgan malomat toshlari, odamlarning ta’na-dashnomlariga, tahqiru nadomatlariga, qo‘yingki, jamiki balo-qazolarga shu mushtipar Onaxongina mardona qarshi turib beradi. Xasta, ammo chin oshiq o‘g‘lon ko‘ngil mayli uchun har daqiqa jonini, jahonini berishga tayyor.
Nachora, johillar qo‘li baland keladi, Marvaridni yaqin qarindoshi o‘g‘liga zo‘rlab uzatadilar, u qaytib keladi, so‘ng uni oyoq yetmas tog‘ qishlog‘iga unashtiradilar. Oshiq yigit jim turolmaydi, xastaligiga qaramay qish chillasida uning izidan boradi, ma’shuqasining albatta qaytib kelish va’dasini olib, bir dunyo quvonch, yorqin umid bilan qaytadi… Endi ham o‘g‘lon, ham Ona ko‘ksida umidsizlik bir dam chekinib, yashash ishtiyoqi jo‘sh uradi.
Afsus, bu quvonchli daqiqalar uzoqqa bormaydi, va’da ushalmay qoladi.
Biz yuqorida o‘quvchini tanishtirish uchun keltirgan voqealar tafsiloti shunchaki quruq hikoya qilinmaydi, balki ruhiy-psixologik holatlar tahlili jo‘rligida kitobxonni larzaga soladigan tarzda beriladi. Hikoyani o‘qiy turib, ruhiy iztiroblar og‘ushida xayolga tolasan kishi: hayotda mo‘jizalar ham ro‘y berishi mumkin-ku! Ehtimol, bedavo darddan ham xavfliroq odamlar – johil, qahri qattiq kimsalar qarshilik qilmaganida, bu ikki yosh qovushganida Sobir butunlay sog‘ayib, to‘kis turmushga qaytishi ham mumkin edi-ku! Axir hayotda shu holda ham totuv yashab o‘tgan juftlik-lar bo‘lgan. Bundan keyingi hijron ifodasi, kundan-kun tanni yemirib borayotgan xastalik azoblarini o‘g‘il va Ona bab-baravar tortadi, ikki vujud bir jon-bir tan bo‘lib yonadi. Hijron alamlari xuddi mumtoz g‘azaliyotimizdagi poyonsiz fig‘onlar kabi avj pardalarda aks-sado beradi.
Galdagi lavha bundan-da hayajonli. Marvarid yangi yil arafasida kelishga va’da qilgan edi. Xas-ta Sobir ma’shuqasini intizorlik bilan kutayotir, ammo undan darak yo‘q. O‘sha topdagi Ona bilan bolaning mohir rassom gavdalantirgandek unsiz dramatik holatlari tasviri ko‘ngillarni zir titratadi. Aniq ko‘rib, his etib turasiz: derazadan ko‘chaga intizor tikilib turgan Sobirning bir mahal yelkalari silkina boshlaydi, Buvgul xola, ko‘ngli vayron holda, o‘g‘liga tomon talpinadi. Shu payt birdan Sobir Ona tomon o‘giriladi. Dunyoning butun dard-alami ko‘zlarida jam… Uning qonsiz yuzida yirik-yirik tomchilar dumalaydi. Endi Sobirga hammasi ayon, o‘zining uzoq yashamasligini ham, Marvaridning kelmasligini, keltirmasliklarini ham biladi, biladi-yu, onasidan yashiradi, xuddi onasi undan yashirganday… Mashhur “Asror bobo”dagi chol bilan kampirning mudhish sirdan voqif holda, bir-birini asrash niyatida bir-biridan sir saqlash holatini – ko‘ngillarni zir titratadigan vaziyatni eslatadigan, ammo taqliddan butunlay xoli noyob badiiy lavha!
O‘sha mudhish damlarda Ona vujudini kemirayotgan iztirobni bildirmaslikka harchand urinmasin, o‘zini tutolmaydi, bari bir onaligiga borib, o‘g‘li boshini ko‘ksiga bosadi. “Qaynoq ko‘z yoshlar endi uning ko‘ksini kuydirib, yuragiga tomchilar va undan qon bo‘lib, tomirlariga sizib oqardi” deb yozadi hikoyanavis. Bu jumlalarni qalamga tushirish chog‘i muallifning qo‘li titrab turganligini baralla his etasiz.
Bunday tig‘iz san’atkorona chizilgan lavhalarni sharhlash qiyin, har qanday sharh uning asl jozibasini, sehrli ruhini tushirib yuborishi mumkin. Eng muhimi, hikoyanavis personajlarni ana shunday mushkul vaziyatlardan eson-omon olib o‘ta biladi. Bu endi chin san’at mo‘jizasi.
Qarangki, oshiq yigitning hayot shami o‘chay deb turganida ham, hayotga ishtiyoqi, visolga umidi butunlay so‘nmaydi. Ajab, endi mavjud hayotda amalga oshmagan visol hayot-mamot yuzma-yuz kelgan damlarda, kechinmalar jazavasi avjida xayolda, tasavvurda sodir bo‘ladi. Mashrab qismatini yodga tushiruvchi oshiq yigit taqdirida mo‘jiza ro‘y beradi, go‘yo Mashrab yanglig‘ arshning kungurasida yor visoliga erishadi. O‘sha visol chog‘i Marvarid Sobirga qarata asl muddaosini oshkor etadi; faqat uning yuraginigina sevishini, boshqasi aslo qiziqtirmasligini dangal aytadi. “Boshqa hech bir ayol bunday demagan bo‘lardi. Shuning uchun ham uni telbalarcha sevib qoldim-da”, deya onajoniga so‘nggi dil rozini izhor etadi. Visol bazmi chog‘i Onaizor “Baxtli bo‘linglar, iloyim… Qo‘sha qarib yuringlar… iloyim”… deya duo qiladi. Shu so‘zlarni aytayotganida “Buvgul xola o‘kirib yuborishdan bazo‘r o‘zini tiydi” deb yozadi muallif. Shu lavhani o‘qiyotib, o‘quvchi ham ayni Ona holiga tushadi.
Tasvir yana zaminga, mavjud hayotga qaytadi. Katta o‘g‘il, hissiz nodon kimsalar go‘yo Onaizorni avaylash maqsadida uni kuni bitgan o‘g‘ildan ajratishga urinadilar, bu niyat o‘tmagach, o‘jar kampirni “iymonsiz”ga chiqaradilar. Shunda u “Mening iymonim – bolam!” deya hayqiradi. Nihoyat, o‘g‘il jon taslim qiladi, onaizorning ustunga suyanganicha “Men yomon qoldim, sen yaxshi bor, bolam” degan so‘zlarni duoday ojizona takrorlab turganini ko‘rib, yurak-bag‘ringiz ezilib ketadi. So‘ng bundan-da zalvorliroq holatga duch kelamiz. Pirovardida, onaizor birdan osmonga tikilib: “Odamni ermak uchun yaratib, uni eplay olmay qolganingdan keyin o‘limni o‘ylab topdingmi?” deya savdoyilarcha shivirlaydi.
Bunday isyonkorona shivirlash aslo taqdiri azal hukmiga nisbatan shakkoklik emas, balki Ona qalbidagi farzandiga bo‘lgan ilohiy mehrning so‘nggi – yakuniy tasdig‘i kabi yangraydi.
Milliy adabiyotimizda paydo bo‘lgan bu noyob yangilik – muazzam, mungli mehr-muhabbat qo‘shig‘i shu tarzda intihosiga yetadi, oxir-oqibat Ona sha’niga bitilgan qasida kabi yangraydi.
Ma’lum bo‘lyaptiki, hikoya personajlari qismati bilan bog‘liq ko‘rgilik, ruhiyatdagi iztiroblar boisi ijtimoiy omillardan aytarli xoli. Hayotda yuz berib turadigan tasodif, osiy, toshbag‘ir bandai ojizlarning qilmishlari oqibati tarzida talqin etiladi; Zulfiyaning bir vaqtlar tanqidchilikda mensimay qaraladigan, uncha xush ko‘rilmaydigan ijtimoiylikdan xoli sof “ko‘ngil mayllari nag‘malari” tahlili bobidagi adabiy tajribalar yo‘lidan borib yaratgan qator hikoyalari, ayniqsa, “Yozsiz yil” o‘zining badiiy-ma’naviy ta’sir kuchi jihatidan sof ijtimoiy yo‘nalishdagi yetuk asarlardan aslo qolishmaydi.
Adibaning inson sha’nini himoya qilish va ulug‘lashdek mo‘tabar mavzuni yanada teranroq va ko‘lamdorroq yoritish, muammolarning betakror yechimini topish yo‘lidagi izlanishlarida omad tilab qolamiz.