Tayanch iboralar:
Ish yuritish
Hujjat
Hujjatlashtirish
Standart shakl
Yagona qoida
Mukammal tizim
|
Muayyan axborot
Asosiy unsur
Davlat tili
Unifikatsiya
Rekvizit
Funktsional vazifa
|
Muhokama uchun savollar:
Tashkilotlardagi ishlab chiqarish, iqtisodiy va boshqa munosabatlar bilan ish yuritish hujjatlarining qanday bog’liqligi bor?
Tashkilotlarning ichki va tashki iqtisodiy munosabatlarda qanday hujjatlardan foydalanadilar?
Nima sababdan hujjatchilik paydo bo’ldi?
Hujjatchilikka qachon asos solingan?
O’zbekiston Respublikasida hujjatchilikni rivojlanishi haqidagi birinchi qaror qachon va nima to’g’risida qabul qilingan?
Qachon va nima uchun o’zbek tiliga bo’lgan e’tibor rasman susaydi?
Tashkilotlarning iqtisodiy faoliyatida hujjatlarning o’rinlari muhim bo’lishiga qaramay, nima uchun hujjatchilik talab darajasida rivojlanmadi?
Tashkilotlar ish hujjatlarisiz faoliyat ko’rsata oladilarmi?
Tashkilotlardagi ish yuritish bilan ularning faoliyatlari (ayniqsa, iqtisodiy)ni boshqarishda bog’liqliklar bormi?
Hujjatlar, axborot, axborot almashishlarning tashkilotdagi ish yuritishga qanday aloqasi bor?
1.2.-mavzu. Ish hujjatlari va ularga qo’yiladigan asosiy talablar
Hujjat turlari va ularning xususiyatlarini o’rganish
Inson, hujjat, axborot, boshqarishning barcha pog’onalarini, shu kabi ish yuritishning ajralmas qismidir. Shuning uchun rahbar (menejment) ish yuritish oqilona hujjat, uslub, til, qoidalardan foydalanishi lozim.
Mukammal va oqilona tashkil etilgan hujjatchilik har qanday tashkilotdagi ish yuritishning asosi.
Ma’lumki, hujjatlar har xil va miqdoran juda ko’p. Hujjatlarning maqsadi, yo’nalishi, hajmi, shakli va boshqa bir qator sifatlari ham turlichadir. Shunday ekan, hujjatlar turiga, tiliga, mazmuniga, hujjatlarning tegishliligiga, ularning tayyorlanish xususiyati va qoidalariga, hujjatlarning xizmat mavqeiga qarab qo’yiladigan umumiy talablar bilan bir qatorda har bir turkum hujjatlar oldiga qo’yiladigan ko’pgina til talablar ham mavjud. Muayyan turdagi hujjat, albatta, o’ziga xos til xususiyat va sifatlar bilan belgilanadi. Bu xususiyat va chuqur tasavvur qilmasdan turib, mukammal hujjatchilikni yaratish haqida gap ham bo’lishi mumkin emas. Shuning uchun bu o’rinda hujjatlar tasnifi masalasi alohida ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi hujjatshunoslikda hujjatlar bir necha jihatlarga ko’ra tasnif qilinadi. Tasniflashda garchi mutlaqo bir xil guruhlashtirish mavjud bo’lmasada, har qanday, bir qadar yagonalashgan guruhlashtirish bor.
Hujjatshunoslikdagi ana shu an’anaga ko’ra ish yuritish (munshoot)dagi hujjatlar eng avvalo yaratilish o’rniga ko’ra tasnif qilinadi, bu jihatdan ichki va tashqi hujjatlar farqlanadi. Ichki hujjatlar ayni tashkilotning o’zida tuziladigan va shu tashkilot ichida foydalaniladigan hujjatlardir, muayyan tashkilotga boshqa tashkilot yoki ayrim shaxslardan keladiganlari esa tashqi hujjatlardir.
Hujjatlar mazmuniga ko’ra ikki turli bo’ladi:
sodda hujjatlar (muayyan bir masalani o’z ichiga oladi);
murakkab hujjatlar (ikki yoki undan ortiq masalani o’z ichiga oladi).
Mazmuni bayonining shakli jihatidan xususiy (individual), namunali va qolipli (trafaretli) hujjatllar farqlanadi. Matnning o’ziga xosligi, betakrorligi, hamisha ham bir andozada bo’lmasligi xususiy hujjatlarning asosiy belgilaridir (masalan, xizmat yozishmalari va shu kabilar). Bunday hujjatlarda ham muayyan doimiy tarkib mavjud bo’lsa-da, bevosita mazmun bayoni bir qadar erkin bo’ladi. Namunali hujjatlar tashkilot faoliyatini boshqarishning muayyan bir xil vaziyatlari bilan bog’liq, bir-biriga o’xshash va ko’p takrorlanadigan masalalar yuzasidan tuzilgan matnlarni o’z ichiga oladi. Qolipli hujjatlar, odatda, oldindan tayyorlangan bosma ish qog’ozlariga yoziladi, bunday hujjatlarda ikki turli axborot aks etadi, ya’ni o’zgarmas (oldindan tayyor bosma matnda ifodalangan) va o’zgaruvchi (hujjatni tuzish paytida mashinkada yoki qo’lda yoziladigan) axborotlar; shuning uchun bu tur hujjatlarga nisbatan ko’pincha “yozmoq” emas, balki “to’ldirmoq” so’zi ishlatiladi. Shu o’rinda aytish kerakki, hujjatlarning qolipli turlarini kengaytirish ish yuritishni takomillashtirishdagi istiqbolli yo’llardan biridir. Chunki bunday qilish hujjat matnlarini bir xillikka olib kelish va hujjat tayyorlash uchun ketadigan vaqt hamda inson mehnatini anchagina tejash imkoniyatini beradi. Qolipli hujjatlar sirasiga, masalan, ish haqi yoki yashash joyi haqidagi ma’lumotnomalar, ayrim dalolatnomalar, xizmat safarlari guvohnomalar va boshqa ko’plab hujjatlarni kiritish mumkin.
Hujjatlar tegishlilik jihatiga ko’ra, xizmat yoki rasmiy hujjatlar va shaxsiy hujjatlarga ajratiladi. Xizmat hujjatlari tayyorlanishiga ko’ra tashkilot yoki mansabdor shaxslarga tegishli bo’lsa, shaxsiy hujjatlar yakka shaxslar tomonidan yozilib, ularning xizmat faoliyatlaridan tashqaridagi yoki jamoat ishlarini bajarish bilan bog’liq masalalarga tegishli bo’ladi (masalan, shaxsiy ariza, shikoyat va h.k).
Hujjatlarning tayyorlanish xususiyati va darajasi ham benihoya muhim. Bu jihatiga ko’ra hujjatlar quyidagicha tasniflanadi: qoralama; asl nusxa; ikkinchi nusxa (dublikat); ko’chirma. Aksar hujjatlar dastlab qoralama nusxada tayyorlanadi, bu hujjat muallifi, ya’ni tayyorlovchining qo’lyozma yoki dastlabki mashinkalangan nusxasidir. Bu nusxa tuzatilib, qayta ko’chirilishi mumkin. Aytish lozimki, qoralama hujjat huquqiy kuchga ega emas. Asl nusxa har qanday hujjatning asli, birinchi rasmiy nusxasidir. Asl nusxaning aynan qayta ko’chirilgan shakli nusxa deb yuritiladi, odatda nusxaning o’ng tomonidagi yuqori burchagiga “namuna” degan belgi qo’yiladi.
Hujjatchilikda, shuningdek, aynan (faksimal) va erkin nusxalar ham farqlanadi. Aynan nusxa asl nusxaning barcha xususiyatlarini - hujjat zaruriy qismlarining joylashishi, mavjud shakliy belgilar (gerb, yumaloq muhr, to’rtburchak muhr, nishon kabi), matndagi bosma, yozma harf shakllari va shu kabilarni aniq va to’liq aks ettiradi, masalan, fotonusxani shu tur hujjatlar qatoriga kiritish mumkin. Erkin nusxada esa hujjatdagi axborot to’lasicha ifodalansa-da, bu nusxa tashqi xususiyatlar jihatdan bevosita muvofiq kelmaydi, ya’ni erkin nusxada asl nusxadagi muhr o’rniga “muhr” deb, imzo o’rniga “imzo” deb, gerb o’rniga “gerb” deb yozib qo’yiladi va h.k. Ba’zan muayyan hujjatga to’lasicha emas, balki uning bir qismiga ehtiyoj tug’iladi. Bunday hollarda hujjatdan nusxa emas, balki ko’chirma olinadi (masalan, majlis bayonidan ko’chirma, buyruqdan ko’chirma va h.k.). Nusxa va ko’chirmalar, albatta, notarius, xodimlar bo’limi va shu kabilar tomonidan tegishli tartibda tasdiqlangan taqdirdagina huquqiy kuchga ega bo’ladi. Asl nusxa yo’qolgan hollarda hujjatning ikkinchi nusxasi (dublikati) beriladi, ikkinchi nusxa asl nusxa bilan bir xil huquqiy kuchga egadir.
Ma’muriy-boshqaruv faoliyatida xizmat mavqeiga ko’ra hujjatlar hozirgi kunda, asosan, quyidagicha tasniflanadi: tashkiliy hujjatlar; farmoyish hujjatlari; ma’lumotsimon- axborot hujjatlari; xizmat yozishmalari.
Tashkiliy hujjatlar mazmunan tashkilot va korxonalarning huquqiy maqomi, tarkibiy tarmoqlari va xodimlari, boshqarish jarayonining borishida jamoa ishtirokining qayd qilinishi, boshqa tashkilotlar bilan aloqalarning huquqiy tomonlari kabi masalalarni aks ettiradi. Nizomlar, yo’riqnomalar, majlis bayonlari, shartnomalar ana shunday tashkiliy hujjatlar sirasiga kiradi.
Farmoyish hujjatlari guruhiga buyruq, ko’rsatma, farmoyish kabilar kiradi.
Ma’lumotsimon-axborot hujjatlari anchayin katta guruhni tashkil qiladi, bunday hujjatlarning ish yuritish jarayonidagi ishtiroki ham juda faol. Bu guruh dalolatnoma, ma’lumotnoma, ariza, tushuntirish xati, hisobot, ishonchnoma, tavsifnoma kabi hujjatlarni o’z ichiga oladi.
Xizmat yozishmalari mazmunan xilma-xil bo’ladi. Ularda tashkilot faoliyatining turli masalalari bilan bog’liq talab, iltimos, taklif, kafolat kabilar aks ettiriladi. Bu ma’noda xizmat yozishmalari hujjatlarning yuqorida ko’rsatilgan har uch guruhi bilan ham aloqadordir, ularning muayyan bir guruhiga xizmat hujjatlarini kiritish shuning uchun ham maqsadga muvofiq emas. Shularni hisobga olib, xizmat yozishmalari hozirgi zamon hujjatshunosligida mazkur guruhlardan keyin to’rtinchi alohida guruh sifatida tasniflangan va bu mantiqan o’rinli.
Dostları ilə paylaş: |