Kecha onang rahmatli tushimga
kiribdi. Negadir bezovta... Rahmatli
o‘zi bilan mehr-oqibatniyam olib
ketganga o‘xshaydi.
“
www.ziyouz.com kutubxonasi
14
www.yoshlikjurnali.uz / №9-10 (361) 2021
– Otam qayerda qoldi ekan? – deya so‘radi
kenja o‘g‘il Sanjar.
– Bilmayman... – to‘ng‘illadi to‘ng‘ich o‘g‘il
Nazarali.
– Yo araz urdimikan?
– Men qayerdan bilay?..
– Xudo saqlasin-u, biror kor-hol
bo‘ldimikan? – dedi o‘rtancha o‘g‘il Normat
bezovtalanib. – Izlasak-chi, aka?
O‘g‘illar maslahat soldi. Katta o‘g‘il otani
qidirmasdan, kutishni maslahat berdi.
– Nega qidirmas ekanmiz? – deya tutoqib
ketdi kenja. – Otam kelmasa, uyda qanday
chida-a-ab o‘tiramiz?
– Otam yosh bola emas, – dedi Nazarali
asabiylashib. – Keladi-da. Qayergayam borardi.
Qolaversa, arazlaydigan nima yomon ish qildik
biz? Ertalab bekordan-bekorga urishdi o‘zi.
Indamadik-ku...
– Baribir-da, aka. Sizlarni bilmadim-u,
men otamni izlab kelaman...
Nurmat ota ham, rahmatli ayoli ham,
mehribon bo‘lgani uchunmi, kenjani ko‘proq
suyib, unga boshqacha qarashar edi.
Kenja o‘g‘il kattalarning gapiga quloq
solmadi. Adir tomon ketdi. Yo‘l bo‘yi podadan
qaytayotgan cho‘pon-cho‘liqlar uchradi.
Ulardan otani so‘ray olmadi. Eshitgan quloq
malomat qiladi, elga gap oralaydi, deb o‘yladi...
U yog‘i adir adog‘igacha, bu yog‘i Kemtik
kanaligacha bordi. Otaning qorasiyam
ko‘rinmadi.
Suruvga qo‘shilib ketmasligi uchun
qishloq odamlari molini beriroqda – adir
etaklarida boqardi. O‘t-xashak kamaygan
paytlardagina mollarni kanaldan suv kechtirib,
olisroqlarga haydab ketishardi. Kenja otaning
uzoqlarga ketib qolmaganiga ishondi.
G‘ira-shira bo‘lsa-da, qo‘lini manglayiga
soyabon qilgancha, uzoq-uzoqlarga tikildi.
Dashtda ora-sira o‘tlab yurgan ushoq mollar
ko‘rinadi, onda-sonda o‘yinga andarmon bo‘lib,
kech qolgan eshakli cho‘pon bolalarning
qiyqirig‘i quloqqa chalinadi. Yengilgina mayin
shamol esadi.
Poyu piyoda yuraverib, kenjaning tinkasi
quridi. Tomog‘i qaqradi. Cho‘pon bolalardan
suv olib ichdi. Noiloj yurak yutib otasini
so‘radi. Bolalar cholni bugun emas, kecha
ko‘rishganini, eshagini yetaklab, podani
qayirib yurganini, ammo salom berishsa, alik
olmaganini aytishdi.
Kenjaning bezovtaligi ortdi.
Bir tomondan otani izlab
topolmayotganidan yuragi siqilsa, ikkinchi
tomondan padarining nega arazlagani,
kimdan xafa bo‘lgani va nima uchun uyga
qaytmaganini o‘ylab o‘yiga yetolmayotgani
g‘ashligini badtar orttirdi.
Otasi arazlagan bo‘lsa-ku mayli, arazi
tarqasa, hammasi iz-iziga tushib ketar. Ammo
biror kor-hol yuz bergan bo‘lsa-chi? Eshak
bekordan-bekorga o‘zi kelmaydi-ku. Poda
ham egasiz qaytdi. Nurmat ota hech qachon
molning o‘zini qo‘yib yubormagan edi.
Otasi endi uyga qaytmasa-chi? Odamlar
nima deydi?
“E, – deya o‘yladi kenja, – odamlarning gapi
bilan nima ishimiz bor. Otam topilsa bo‘ldi.
Lekin topilmasa-chi? Xudo ko‘rsatmasin-u...
Yo‘q-yo‘q, unday bo‘lmasin. Biz unda kim degan
odam bo‘lamiz? Odamlar cholni bolalari xarob
qildi demaydimi? Keksaygan chog‘ida boshiga
ko‘tarib, uyginasida parvarishlab o‘tirish
o‘rniga yetmish yoshdan oshgan odamga mol
boqtirib qo‘ydi, mana endi... deb malomat
qilmaydimi? Eng yomoni, cho‘pon ota o‘z uyi
– o‘lan to‘shagida emas, dashtda o‘lib qolibdi,
deyishmaydimi...”
Kenjani ter bosdi. Xayol bilan bo‘lib uzoq
yurib qo‘ygan ekan, biyday dashtda yolg‘iz o‘zi
qolibdi. Atrof-javonibda hech zog‘ ko‘rinmaydi.
Qishloq ham olisdan xuddi oq qog‘ozga tekkan
qora nuqtadek xira tortib qoldi.
Otadan esa darak yo‘q. Endi nima bo‘ladi?
Qanday topadi?
www.ziyouz.com kutubxonasi
15
adabiy-ijtimoiy jurnal
Kenjaning xo‘rligi keldi.
– Ota-a-a?! – deya qo‘lini karnay qilib
chaqirdi. Ufqqa tutashib ketgan biyday dashtda
ovozi ojizona chiqqanday, qay manzilda
gandiraklab yurgan otasi eshitishi tugul, besh-
olti qadam narida mullato‘rg‘ay ham pinagini
buzmay pitirlab turganini ko‘rib, alami keldi.
So‘ng bor kuchi bilan yana baqirdi: – Ota-a-a-a...
El bekorga otasi achchiq olma yesa,
o‘g‘lining tishi qamashar, demas ekan.
“Qur ketdi – qut ketdi degan ekan qadim-
gilar, – dedi kenja bo‘g‘zi achishib. – Uydan
halovat ketdi, ota. Isnodga qoldirmang-da endi...”
Kenja borgan sari oyoqlarida majol
qolmayotganini his qildi. Tashlayotgan har
qadami omonatlashib, tizzalari bukilib-bukilib
ketaverdi. To‘rt tomonga alanglayverib, ko‘zlari
toliqdi. Uydan chiqqaniga qancha bo‘ldi,
bilmaydi, ammo qishloqdan juda olisladi, madori
ketib, og‘zi quruqshadi. Bir payt ortiga qarab, tun
zulmatining biyday dashtni egallab olayotganini
angladi va qandaydir vahm bosdi. Xayolida
qishloq butkul ko‘zdan g‘oyib bo‘lganday, go‘yo
yer sharining noma’lum nuqtasiga, kimsasiz
manzillarga yetib qolganday tuyuldi. Na
tirik jon bor, na bir sas-sado. Bolaligida onasi
rahmatlining “shom paytida jin-ajinalar chiqib,
o‘yinni boshlaydi” degan gaplarini beixtiyor
eslab, vahimasi yana ortdi.
Bu qo‘rqinchli o‘ylar kenjaning ko‘nglini
battar qora qildi, g‘o‘ldirab kalima qaytargancha
tepalik ustida bir muddat tek qotib qoldi.
Tevarak-atrofga qarab alam bilan o‘yladiki,
mana, tinkasi quriguncha izladi, ammo otasini
topa olmayapti. Yana oldinga qarab ketavergani
bilan foyda bo‘larmikan? Bu tomonlarga katta
suruv boqadigan cho‘ponlar ham uncha-
munchaga kelavermasligini o‘ylab, battar
umidsizlandi. Qorong‘ilik enib, oy nuri nim
shu’la taratib turgan dashtga sinchiklab nazar
soldi. Bu alag‘dalikda dasht ham ko‘ziga xuddi
otasi misol yolg‘iz, g‘arib va bechorahol ko‘rinib
ketdi.
Nazarida, bekorga ovora bo‘lyapti. Otasini,
balki, boshqa tomonlardan izlagan ma’quldir.
Televizorda ko‘rgan: detektiv kinolarda
izquvarlar yo‘qolgan odamlarni yetti uxlab
tushingga kirmagan joylardan qidirib topadi-
ku. Boshqalarning izlashini bilgan odamlar
ham “yo‘qolish”ning yo‘lini doim puxta
o‘ylaydilar: hammaning xayoliga keladigan,
bir o‘ylashdayoq izlab kelinadigan joylardan
umuman boshqa tomonga bekinadilar.
Shunday ekan, ehtimol, akalari, yaqin
qarindoshlar bilan otani boshqa tomondan
– u topinib borishi mumkin bo‘lgan o‘zga
manzillardan qidirishi kerakdir. Balki, otasi
tushmagur podaning ketidan eshakni yolg‘iz
qo‘yib yuborib, o‘g‘illarni chalg‘itmoqchi
bo‘lgandir. Shu yo‘l bilan kun sayin oqibati
yemirilib borayotgan, onasidan keyin otaga
mehri kamayib, qarigan chog‘ida umrning
yolg‘izlikka g‘arq qilishi muqarrar tashlandiq
puchmoqlariga uloqtirishi mumkin bo‘lgan
farzandlarining esini kiritib qo‘yishni niyat
qilgandir. Bu niyatga yetish uchun ataylab
daladan qaytish paytini mo‘ljallab, podani
uyga qarata haydab yuborib, o‘zi boshqa joyga
ketgandir. Balki, sanoqda qolgan to‘rt-besh eski
qadrdon oshnalarinikiga gurungga borgandir.
Bu yorug‘ xayollar kenjaga biroz bo‘lsa-
da umid berdi, tetik qildi. Yana o‘ylab qoldi:
otasining oshnalarini yo‘qlab boradigan
odati yo‘q edi, shu uchun ba’zida teng-to‘sh
chollar o‘zlari daraklab kelishardi. Demak,
oshnalarinikidan izlashdan ham ma’ni yo‘qday.
Kenja uyga qaytib borgunicha qay
ahvolga tushishini taxmin qilib, birdan yuragi
orqaga tortib ketdi. O‘zini tasavvur qilib
ko‘rdi: shalpayib, ezgin bir ahvolda qishloqqa,
uyga kirib bordi... Akalari... qanday xotirjam
o‘tirishibdi ekan-a... Arava sinsa – o‘tin,
ho‘kiz o‘lsa – go‘sht deb o‘ylaydigan bo‘lib
qolgan og‘alarining o‘zini tutishlari kenjani
ranjitgani rost, hozir ularning oldiga borib,
otamni qidiraylik, qidirmasak bo‘lmaydi, desa
www.ziyouz.com kutubxonasi
16
www.yoshlikjurnali.uz / №9-10 (361) 2021
qanday javob olishini o‘ylab ijirg‘anib ketdi.
Ayniqsa, ertalab Nazaralining bejoligi ko‘nglini
og‘ritgan edi. Otasi ehtimol, og‘alarining ana
shu behurmatligidan ranjigandir, qadring yo‘q
joydan qoch deya uydan bosh olib ketgandir.
U otasi bilan Nazaralining gapi qochib
qolganini hali bilmas edi.
Kenja umidsiz bir ahvolda orqaga qaytishga
qaror qildi. To‘lin oy dashtni sutday yoritib
turgani shomdagi vahimalarni yo‘qotdi, lekin
ichki qo‘rquv uni charchatgan edi. Jiqqa ter bo‘lib
ketganini sezmagan holda ichi kuyib yerga o‘tirib
qoldi, sal o‘ziga kelgach, uyga qarab yo‘lga tushdi.
U qishloqqa tun yarmida oyog‘ini sudraganicha,
holdan toyib kirib keldi. Butun qishloq hali
shirin uyquda. Har zamonda itlarning akillashi
eshitilishini aytmaganda, olam bus-butun, suv
quygandek jimjit. Bo‘lar ish bo‘ldi – bunday
chog‘da og‘alarini uyg‘otish yaxshi emas.
To‘ng‘illab, asabni buzishgani qoladi.
Ertalab akalar kenjani o‘rtaga olishdi. Kenja
ko‘zlari qizarib ketgan, qovog‘i soliq, xunobi
oshgan ko‘yi akalariga yuzlandi.
– Agar otamni topmasak, nomusga
qolamiz, – dedi.
– Sen qidirib ketuvding, topolmabsan-ku, –
dedi Nazarali o‘smoqchilab.
– Topolmagan bo‘lsam ham qidirdim... –
dedi kenja.
– Endi nima qilamiz, aka? – deya o‘rtaga
qo‘shildi o‘rtancha o‘g‘il.
– Bilmadim, Normat, bilmadim, – dedi
to‘ng‘ich. – Yo biz ham izlasakmi, a, nima
deysan, kenja?
– Shuni aytaman-da... qarindoshlargayam
xabar qilib, ko‘pchilik bo‘lib izlamasak, keyin
kech bo‘ladimi, deb qo‘rqyapman, aka, – dedi
kenja.
– Ularga nima deb aytamiz? – dedi Nazarali.
– Borini. Rostini aytamiz...
– Baloga qolamiz-ku? Mol yo‘qolsa, hamma
tushunadi. Bu qishloqda hali biror marta odam
yo‘qolmagan bo‘lsa...
– Aka... Siz otamni o‘ylayapsizmi yo
o‘zingiznimi? – dedi kenja kuyinib. Hozir kimdir
yana bir og‘iz gapirsa, kenja yig‘lab yuborishi
tayin edi.
– Bo‘pti, – dedi Nazarali. – Unda erta kunni
kech qilmaylik...
Maslahatni bir joyga qo‘yib, kayvoni
xeshlarga xabar berdilar.
Birpasda ota jamoatdan o‘n chog‘li odam
to‘plandi. Amakilar kela solib aka-ukalarni
koyishga tushib ketdilar, xumordan chiqib
so‘kkanlari ham bo‘ldi. Aka-ukalarning qovog‘i
zilday osildi.
So‘ng qishloqdan chiqib, olislaguncha elga
bildirmaslikka, oldinma-ketin, yakka holda
qidirishga qaror qildilar.
Kenja belboqqa non o‘rab, idishga suv soldi.
Eshakni jabduqlayotgan edi, allaqayerdan
paydo bo‘lgan iti hurdi. Ikki kunki, ko‘rinmagan
it odatdagidan boshqacha hurganday bo‘ldi:
uzun-qisqa uvilladi. Kenja itga razm soldi,
jonivor ozib-to‘zib ketibdi. Tabiatan yuvosh,
lekin yomon odamni bir chaqirim naridan
taniydigan, niyati buzuq kishilarni uyga
yaqinlashtirmaydigan itning bor-yo‘qligi
hammaning esidan chiqqani g‘alati.
Kenja qoziqni sug‘urayotgan edi, it kelib
oyog‘iga suykaldi. Kenja tur, ket, dedi. It dumini
oyoqlari orasiga qisib, yana suykalmoqchi
bo‘lib keldi. Kenja rahm qildi. Engashib,
itning boshini siladi. It kutilmaganda shimi
pochasidan tishlab tortqiladi. Kenja uni
tishlamoqchi deb o‘ylab zarb bilan tepib
yubordi. It g‘ingshigancha tokzorga qarab
qochdi. Tok tagidan mo‘ltirab qarab qoldi.
Quyosh bir qarichcha ko‘tarilgan,
qarindoshlar asta-sekin yo‘lga tushib,
qishloqdan olislab borishar edi. Hammaning
yuzi tund, Nurmat otani qidirish qandaydir bir
noxushlik bilan tugamasaydi, degan hadik va
xavotirda edilar.
Dashtda ham mol siyrak, cho‘ponlar
har joy-har joyda ot-eshagining qozig‘ini
www.ziyouz.com kutubxonasi
17
adabiy-ijtimoiy jurnal
qoqib, o‘zlari xurjun ustida chaqchaqlashib
o‘tirishardi.
– Ha, bo‘lalar, hormangizlar! – dedi keksa
cho‘ponlardan biri.
– Assalomu alaykum, Bo‘ri buva! – dedi
Nazarali. Qolganlar ham imlab salomlashdi.
– Ertalabdan to‘da bo‘lib, nima izlab
yuribsizlar?
– Otamni ko‘rmadingizmi?
– Kimni? Nurmat buvanimi?
– Ha...
– Ko‘rmadik. Tinchlikmi o‘zi? Buvaga nima
qildi?
– Kecha dashtdan qaytmadilar. Shunga...
izlab yuribmiz...
– E, chakki bo‘pti-ku, – dedi cho‘pon
boshini sarak-sarak qilib.
Shu mahal cho‘ponning gavdasi hisori
qo‘chqorday keladigan ola iti hura boshladi.
Hamma yarq etib Olapar hurayotgan tomonga
qaradi. Olisda dumini likillatib oshig‘ich
kelayotgan o‘zining itini kenja darrov tanidi.
Itini zimdan kuzatib turdi. It hash-pash
deguncha yaqinlashdi. Bo‘ri cho‘ponning
Olapari unga qarab, orqa oyoqlari bilan yer
tirnagancha, junini tikkaytirib, huraverdi.
Kenjaning iti parvo qilmadi, vajohat bilan
to‘g‘ri kelaverdi. Ikki o‘rtada jang bo‘lishidan
hadiksiragan cho‘pon Olaparni chaqirdi. Olapar
egasiga so‘zsiz itoat etdi.
It to‘g‘ri kenjaning oldiga kelib, pochalariga
suykaldi. Shimidan beozor tishlab yana
tortqiladi.
Kenja angraygan ko‘yi itning nima
qilmoqchiligini bilishga qiziqdi.
– Ertalab ham tishlamoqchi bo‘luvdi,
tengini beruvdim, – dedi kenja.
– Shu jonivor-ku, bir narsani biladi-yov, –
dedi amakisi Nazaraliga qarab. Nazarali yelka
qisdi.
– Bu o‘zi bir it bo‘lsa, – dedi Normat. –
Nimani bilardi?
– It – aqlli jonivor-da! – dedi Bo‘ri cho‘pon.
– Izidan yurib ko‘ringlar-chi, balki, Nurmat
otaning oldiga olib borar...
Cho‘ponning gapi ma’qul ko‘rindi. Itga
ergashib ketaverishdi. Ammo jonivor mutlaqo
boshqa tomonga – Besh qir tarafga qarab yura
boshladi.
– E, bu tomonda nima qilamiz? – dedi
Normat. – U yoqqa hech kim mol boqmaydi-ku?
– Mol boqiladigan taraflardan chiqmadi-ku,
borib ko‘raylik-chi, bir gap bo‘lar... – dedi amaki.
Shu tariqa peshinga qadar it boshlagan
tomonga qarab yuraverishdi. It oldinda,
bir zaylda yo‘rtib borar, xuddi odamlar
ergashyaptimi-yo‘qmi, deya xavotir olganday,
onda-sonda orqasiga qarab qo‘yardi.
Qarindoshlar itga ergashib holdan toyishdi.
Charchagan oyoqqa ozroq dam beraylik desa, it
hadeb oldinga boshlar, yurishdan to‘xtamasdi.
Chor-nochor ortidan ketaverishdi.
Chamasi bir soatcha vaqt o‘tib, it yanada
jadallashdi. Endi unga ergashish oson emas edi.
Hammaning tinkasi qurigan, oyoqlari og‘rib,
zo‘rg‘a qadam tashlar edi.
Bir mahal it yugura boshladi. Hamma
hayron: bu itga nima bo‘lgan o‘zi? Qayerga
ketyapti?
Halloslab kelayotganlar taqa-taq to‘xtashdi.
Bu mahal it ikkinchi qirdan ham oshib,
ko‘rinmay qolgan edi.
– Oyoqda jon qolmadi-ku, – dedi amaki.
– Amaki, chidang, oz qolganga o‘xshaydi,
– dedi Normat. – Itimizga yetaylik. U bekorga
yugurmayapti chog‘i...
Yura-yura qirga chiqishdi. Ne ko‘z bilan
ko‘rsinlarki, qir ortida bir yakka daraxt turibdi,
tagida nimaningdir qorasi ko‘rindi. It uning
yonida cho‘kkalab o‘tirib olgan edi.
Hammaning ko‘ngli yorishib ketdi.
Nahotki, Nurmat ota bo‘lsa!
Qarindoshlar ildamlab yetib kelishdi. Rost
ekan, Nurmat ota daraxt tagida yotardi!
– Ota-a-a! – deya baqirib yubordi kenja
o‘g‘il.
www.ziyouz.com kutubxonasi
18
www.yoshlikjurnali.uz / №9-10 (361) 2021
Yugurib kelib yuztuban yotgan otani qo‘li
bilan o‘ngardi. Nurmat otaning yuzi tuproqqa
belangan, burnidan qon ketib, qotib qolgan,
ko‘zlari yumuq, ayanchli bir tarzda behush
yotardi.
Buni ko‘rgan o‘g‘illarning yurak-bag‘ri
ezildi. O‘g‘illar bir-biriga achingannamo
qaradilar. Qarindoshlar aka-ukalarga
sinovchan tikilib qoldilar.
It esa cho‘kka tushgan holda, qimirlamay
kuzatib turar edi.
Nurmat otaning yuziga suv sepdilar.
Ota hushiga keldi. Qo‘ltiqlab ko‘tarmoqchi
bo‘lishgan edi, ota dodlab yubordi:
– Oyog‘im!!
Kenja sekingina oyoqni silar ekan:
– Nima qildi, ota? – deya so‘radi
yig‘lamsirab.
– Eshakdan yiqildim, bolam, – dedi ota
ingranib.
Daraxt shoxlaridan sindirib, Nurmat
otaning oyog‘ini qo‘lbola taxtakachladilar.
Otani egarga o‘tqizdilar. Orqasiga o‘g‘illar
galma-gal mingashib, ushlab yurdilar.
Nurmat otani to‘g‘ri qishloqda nomi
chiqqan Gulmat tabibga olib bordilar. Tabib
inqillab yotgan Nurmat otaning singan
oyog‘ini dokaga asal bilan tuxum sarig‘ini
aralashtirib o‘rab, avaylabgina gips qilib
qo‘ydi.
Otani uyga olib kelib, qalin to‘shakka
yotqizdilar. Qariya inqillab yotdi. Amakilar
Nurmat otaga nasihat qilganday bo‘ldi. U
indamadi. Atrofini to‘ldirib o‘tirgan bolalariga
ham, kelinga ham so‘z qotmadi.
... Oradan bir haftacha o‘tibgina Nurmat
otaning qovog‘i ochildi.
Hech kim eslatmasa ham, so‘ramasa ham
bolalariga dashtdagi voqeani gapirib berdi.
Eshakdan qaltis yiqilib, oyog‘i singanida
og‘riqdan dunyo ko‘ziga tor ko‘rinib ketgani,
atrofda odam bo‘lmagani uchun hech kim
unga yordam berolmagani, eshagi ham
mollarga qo‘shilib uyga ravona bo‘lgani, ikki
kecha-yu ikki kunduz oyog‘ini qimirlatolmay,
og‘riqdan chinqirgani, oxiri taqdirga tan berib,
kimsasiz joyda o‘limini kutib yotgani, sekin
ko‘zlari yumilib yulduzchalar paydo bo‘lgani,
ular orasidan ayoli – bolalarining onasi
ko‘rinish berib, ko‘zlarida yosh bilan imlab
chaqirganidan gurung berdi.
Yana o‘sha azoblar ichida yotganida iti
yonidan ketmay, tunning etni junjiktirar
salqinida pinjiga kirib, isitib qo‘riqlab chiqqani,
hushdan ketib, ko‘zini ochganida ham birinchi
bo‘lib ko‘ziga shu iti ko‘ringanini aytdi.
– Iya, ota, birinchi itnimas, bizni ko‘rdingiz-
ku, – dedi Normat.
Nurmat ota o‘tkir nigohlarini o‘rtanchaga
qadab:
– E, shunaqami, sizlarni ko‘rdimmi... – dedi
talmovsirab. – O‘zimam nimamdir yo‘qoldi-yov,
dedim-a...
O‘g‘illar bir-biriga taajjublanib qarab
oldilar.
Kelin dasturxonga ovqat olib kirdi. Ota
yostiqdan boshini ko‘tarib, bir qoshiq sho‘rva
ichdi. Qaqrab ketgan lablari sho‘rva yuqidan
moy bo‘ldi.
– Go‘shtlaridan oling, ota, – dedi Nazarali
beo‘xshov tarzda mehribonlik qilib.
Ota sho‘rvaga qoshiq urar ekan, horg‘in
ovozda:
– Go‘shtni chiqarib itga beringlar, – dedi. –
Bir xil bolangdan it yaxshi ekan...
Shu mahal tashqaridan Nurmat otaga
qo‘shilib ikki kun qorasini ko‘rsatmagan itning
zo‘raki hurib qo‘ygani eshitildi...
www.ziyouz.com kutubxonasi
J
asorati, har qanday sharoitda ham haq so‘zni ayta
olishi, e’tiqodiga xiyonat qilmasligi hamda sokin tuyg‘ular aks
etgan she’riyati bilan tanilgan shoir Shukrullo shaxslikning
shonli yo‘lini bosib o‘tgan ijodkordir. Beshafqat o‘lim biroz
sabr qilganida oqsoqol shoirimiz Shukrullo bu yil yuz yoshni
qarshilab, to‘liq bir asrdan ko‘proq yashagan ilk o‘zbek ijodkori
sifatida tan olingan bo‘lardi. Shu holida ham Shukrullo domla
mavlono Lutfiy yoshiga yetib kelgan yagona o‘zbek adibi
sanaladi. Shoir bir zamonlar nafaqat O‘zbekiston, balki barcha
postsovet o‘lkalarida ham mashhur ijodkor edi. Ammo oqsoqol
adibimiz bugungi o‘zbek o‘qirmanlari va adabiyotshunoslari
tomonidan tushunilishga muhtojdir desam, xato bo‘lmaydi.
Negaki, avlodlarning almashinishi, milliy tafakkurdagi tub
evrilishlar xalqning adabiy didini ham tamomila yangiladi.
Natijada, kechagina binoyiday tuyulgan ifoda bugun g‘oyat
g‘arib ko‘rinishi ajablanarli emas. Har qanday ijodkor ham
tuyg‘u odami sifatida bitiklarida, avvalo, o‘z ko‘ngli royishlarini
aks ettirsa-da, baribir o‘zgalar tomonidan ham tuyilish va
tushunilishni istaydi. Chunki chin ijodkor ko‘ngil dardlari bilan
o‘rtoqlashish chidab bo‘lmas zaruratga aylangandagina qo‘liga
qalam oladi.
San’atkor uchun badiiy adabiyotning bosh vazifasini noto‘g‘ri
belgilash, uning ifoda yo‘sinini tayin etishda xato qilish esa foji
-
adir. Shukrullo aka va u kishi mansub ijodkorlar avlodi ana shun
-
day qismatni boshidan kechirishga mahkum bo‘lganlar. Har qan
-
day odam o‘z avlodi aura sida yashaydi. Davr qobig‘ini yorib chiqish
hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Buning ustiga, tabiatan
ta’sirchan bo‘lgani sabab ijodkor shaxsga davrning nuqsi boshqalar
-
ga qaraganda kuchliroq urishi ham bor gap. Ma’lumki, muayyan bir
davrda ya shab turib, undan tashqarida bo‘lish, uning ta’siriga beril
-
maslik deyarli mumkin emas. Ayniqsa, davr odamning fikr-u o‘ylari,
Jasoratning
yuz yili
19
TADQIQOT
Dostları ilə paylaş: |