Arktika sahrolari. Arktika sahrolarining tabiiy sharoiti og’ir bo’lganligi sababli o’simliklar yaxshi rivojlanmagan va ular bir-biridan ajralgan holda to’p-to’p bo’lib o’sadi. Bu yerda o’simliklar turi juda kam bo’lib, Frans Iosif Yerida 40 turga yaqin, Severnaya Zemlyada 50 turga yaqin va gulli o’simliklarning turi 40 turdan oshmaydi.
Tundra. Arktika sahrolaridan janubda, materikning Shimoliy Muz okeani qirg’oqlari bo’ylab tundra o’simlik tipi tarqalgan. Uning tarkibida moxlar, lishayniklar, butachalar va qisman butalar yetakchi rol o’ynaydi. Tundrada o’simliklarning yaxshi rivojlanishi uchun issiqlik yetishmaydi. Ular asosan yer bag’irlab o’sadi, bu esa o’simliklarga tuproqdagi issiqlik va namdan yaxshi foydalanish imkonini beradi.
O’rmon-tundra. Tundra va o’rmon o’simlik tiplari oralig’idagi o’tkinchi tor polosada o’rmon-tundra joylashgan. Bu zonada bir vaqtning o’zida ham o’rmonlar, ham tundra o’simliklar guruhlari uchraydi. O’rmon-tundradagi o’rmonlar o’ziga xos xarakterga ega bo’lib, ular siyrak, qing’ir-qiyshiq, uncha baland emas, daraxtlar birbiridan ancha uzoqda o’sadi.
O’rmonlar zonasi. Tabiatga inson xo’jalik faoliyatining ta’sir doirasi kuchaymasdan oldin Yer yuzida o’rmonlarning umumiy maydoni 7,5 mlrd. ga atrofida bo’lgan. Hozirgi vaqtda esa ularning maydoni 3,26 mlrd. ga ni tashkil etadi.
Tayga. Bu o’simlik zonasida asosan igna bargli o’rmonlar - tilog’ochlar, qarag’aylar va yellar hukmronlik qiladi. Fenoskandiya taygasida Yevropa yeli, Sharqiy Yevropa taygasida Yevropa va Sibir yeli, qarag’ay, uning shimoli-sharqida Sibir pixtasi, Sukachyov tilog’ochi, Sibir kedri ko’pchilikni tashkil etadi. Sibir taygasida o’rmon hosil qiluvchi asosiy daraxtlar yel, Sibir pixtasi, qarag’ay, Sibir va Dauriya tilog’ochi, kedr va oq qarag’aylar tarqalgandir. Bu daraxtlarning geografik tarqalishiga iqlim sharoiti bilan bir qatorda tabiatning butun tabiiy-tarixiy rivojlanish jarayoni ham ta’sir etgan.
Aralash o’rmonlar. Taygadan janubda aralash o’rmonlar zanachasi joylashgan bo’lib, ular materikning g’arbiy va sharqiy chekka qismlarida, okeanyoni sektorlarida, namlik yetarli bo’lgan mo’tadil iqlim sharoitida vujudga kelgan. Aralash o’rmonlar igna bargli, mayda bargli va keng bargli daraxtlardan tashkil topgan.