Sportchilarimiz erishgan natijalar
O‘zbekistonlik sportchilar 1952-yildan sobiq Ittifoq jamoasi tarkibida Olimpiada o‘yinlarida qatnasha boshladi. Respublikamiz vakillari Olimpiadada muvaffaqiyatli qatnashishlariga qaramay, ularni xalqaro musobaqalarga taklif etishga kam e’tibor berilardi. Ayniqsa, o‘zbek millatiga mansub sportchilar dunyoning eng nufuzli musobaqasiga borishlari uchun Olimpiada talablarini bajarishdan tashqari, sobiq tuzum qo‘ygan sun’iy g‘ovlarni yengib o‘tishi kerak edi. Shunga qaramay, o‘zbekning mard o‘g‘lonlari Olimp cho‘qqisiga yaqinlashishdi. 1976-yilgi Monreal Olimpiadasida mashhur bokschimiz Rufat Risqiyevning, 1980-yilgi Moskva Olimpiadasida taniqli qilichbozimiz Sobir Ro‘ziyevning kumush medalni qo‘lga kiritgani fikrimizning dalilidir. Darhaqiqat, cho‘qqiga ko‘tarilish oson emas. 1992-yilgi Barselona Olimpiadasida 17 nafar sportchimizdan birontasi shaxsiy musobaqada g‘olib chiqsa, uning sharafiga mustaqil O‘zbekistonimiz bayrog‘i ko‘tarilardi. Afsuski, bunday sharafga hech bir sportchimiz erisha olmadi. 1996-yilgi Atlanta Olimpiadasiga 76 nafar sportchimiz yo‘lga chiqdi. Ularning hech biriga Olimp cho‘qqisiga ko‘tarilish nasib etmadi. Ammo bu bizning Olimp cho‘qqisi tomon qo‘ygan dadil qadamimiz bo‘ldi. 2000-yilda Sidneyda bo‘lib o‘tgan Yozgi Olimpiadada vatandoshimiz Muhammadqodir Abdullayev boks bo‘yicha g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Undan so‘ng Afinada (2004) bo‘lib o‘tgan Olimpiadada kurashchilarimiz O‘zbekiston bayrog‘ini jahon sahnasida yuqori pog‘onaga ko‘tarishdi. 2016-yilda ham Rio de Janeiroda bo‘lib o‘tgan Jahon Olimpiadasida O‘zbekiston bokschilari oltin medallarga sazovor bo‘lib, yana bir bor O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori pog‘onaga ko‘tarishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, respublika yoshlarining «Kamolot» ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Kasaba Uyushmalari Federatsiyasi, «Nuroniy» jamg‘armasi, mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti, Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamkorlikda «Shunqorlar» harbiy sport o‘yinlarini o‘tkazib kelishmoqda. «Shunqorlar» musobaqasining asosiy maqsadlari yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, ularni Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga va harbiy bilim yurtlariga o‘qishga kirishga tayyorlash, ularda mardlik, qat’iyatlilik, kuch-g‘ayratni takomillashtirish, umuman olganda, sog‘lom avlodni tarbiyalashga qaratilgan «Shunqorlar» musobaqalarida o‘rta maktab, gimnaziya, akademik litsey, kasb-hunar kollejlarining 19 yoshdan oshmagan, «Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik» fanini o‘tagan o‘quvchilar ishtirok etadi.
Har bir jamoada 12 nafar ishtirokchi bo‘lib, musobaqa tuman, viloyat va respublika bosqichlarida o‘tkaziladi. Hozirda «Shunqorlar» harbiy sport o‘yini o‘z ramzi, madhiyasi va bayrog‘iga ega. Jamoalar, asosan, umumiy siyosiy tayyorgarlik, merganlik, saf ko‘rigi, harbiy varaqalar tanlovi, fuqarolar himoyasi va tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish, kross, yozgi biatlon bo‘yicha bellashadilar. Musobaqaning yakuniy respublika bosqichi har yilning may oyida o‘tkaziladi.
Birinchi Prezidentimiz I.Karimov Sohibqiron Amir Temurning chuqur ma’no-mazmunli iborasini qo‘llab: «Kimki bizning kuch-qudratimizni bilmoqchi bo‘lsa, o‘zbek pahlavonlarining jahon sport maydonlarida erishgan yutuq-zafarlariga e’tibor bersin, anglab olsin, deb bugun barala aytishimiz mumkin», degan edi.
Dostları ilə paylaş: |