Jo‘nalish kelishigi Jo‘nalish kelishigidagi so‘zlar fe’lga bog‘lanib, harakat yo‘nalgan predmetni ko‘rsatadi. Jo‘nalish kelishigi affiksi -ga, -ka, -qashakllarida keladi: shaharga, eshikka, buloqqa.
Faqat jo‘nalish kelishigi shaklidagi otlarning variantlari mavjudligi sababli orfografiyaning fonetik tamoyili asosida yoziladi.
Jo‘nalish kelishigidagi so‘z asos bildirgan ma’noga qarab turlicha so‘roqqa javob bo‘ladi, gapdagi vazifasi ham shu asosda belgilanadi: Men masalaga (nimaga?) boshqacha qaradim. Kechqurun Tansiq uyga (qayerga?) qaytdi. Xullas, yer arzonga (qanchaga?) ketdi kabi.
Bu kelishik affiksining asosiy formasi -ga bo‘lib, u k, qtovushlari bilan tugagan asoslardan tashqari, barcha hollarda ishlatiladi: G‘ulom otasining so‘zi bilan hushiga keldi. Jo‘nalish kelishigida kelgan so‘z quyidagi ma’nolarni bildiradi:
Harakat va holat yo‘nalgan shaxs yoki predmetni: Komila qalam-qog‘ozni o‘rtog‘iga tutdi. Bir predmetning ikkinchi predmetga atalganligini: Bizning zamonda hamma san’at va hunarlarning darvozalari bizga ochilib turibdi. Shaxs, predmetlarning biror holatga o‘tishi, eski holatdan o‘zgarishi kabi ma’nolarni anglatadi: Hozir bizning qurtlarimiz ikkinchi uyquga kirdi. Harakatning qanday maqsad bilan bajarilganligini bildiradi: Ona o‘z o‘g‘li uchun minnatdorchilik bildirishga kelibdi. Harakatning bajarilish sababini bildiradi: O‘qiganimga juda xursand bo‘laman. Jo‘nalish kelishigida kelgan so‘z payt, o‘rin bildiruvchi so‘z bo‘lganda harakat qaratilgan vaqt, o‘rin ma’nolarini bildiradi: Kombinat bitib, uning ochilish marosimi ikkinchi fevralga belgilandi. Jo‘nalish kelishigidagi so‘z harakat yo‘nalgan shaxsni, predmetni anglatsa yoki bir predmetning ikkinchi bir predmetga atalganligini bildirsa, bunday so‘z vositali to‘ldiruvchi vazifasida keladi, kimga?, nimaga? so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi: Ko‘pchilikka ishongan maqsadiga yetadi. Boshqa ma’nolar ifodalanganida esa hol vazifasida keladi. Bu vaqtda qayerga?, nima uchun?, nima maqsadda?, nima sababli?, nimaga?, qachon?, qancha? kabi so‘roqlarga javob bo‘ladi:
a) o‘rin holi: Men Toshkentga ketishimni onamga aytmagan edim. b) sabab va maqsad holi: Men ham shu yerga kelganimga xursandman. c) payt va miqdor-daraja holi: Uch-to‘rt kunga Janubgaboraman. Kuniga yuzga yetkazayotgan ekansiz, tabriklayman!