Chiqish kelishigi Chiqish kelishigidagi so‘z shaxs va predmetning chiqish o‘rni, harakat va holatning boshlanish nuqtasi kabi ma’nolarni ifodalaydi, bu kelishikning affiksi -danbo‘lib, kimdan?, nimadan?, qayerdan?, qachondan?, qanchadan? so‘roqlardan biriga javob bo‘ladi. Chiqish kelishigidagi otning asosiy ma’nolari quyidagilar:
Harakatning boshlanish o‘rnini, nima bo‘ylab sodir bo‘lishini ko‘rsatadi: Rustamjon shahardan juda kech qaytdi. Shaxs va narsaning chiqish o‘rnini, manbaini bildiradi: Bu qadimiy ulug‘vor chinor, ehtimol, qachonlardir bitta urug‘dan unib chiqqandir. Narsaning ishlanish materialini: Archa yaprog‘ida muzdan pardalar. Bir narsani boshqa bir narsa bilan chog‘ishtirish, qiyoslash ma’nosini bildiradi. Chog‘ishtirilgan narsa chiqish kelishigida keladi va belgi anglatuvchi so‘zga bog‘lanadi: To‘g‘ri so‘z qilichdan o‘tkir. Bol shirin, boldan bola ishrin. Harakatning bajarilishida sabab, vosita bo‘lgan shaxs va narsani bildiradi: Usmonov shunday odamning qo‘lida ishlayotganidan xursand edi. Yerdagi baraka qadamingizdan. Harakat qaratilgan narsani ko‘rsatadi: So‘zni sizdan eshitamiz, yangisidan gapiring. Chiqish kelishigidagi so‘z payt bildiruvchi so‘zlardan bo‘lsa, harakatning bajarilishidagi dastlabki vaqtni, muddatni bildiradi: U yoshlikdan kitoblarni ko‘p o‘qirdi. Chiqish kelishigidagi so‘z harakat qisman o‘tgan narsa yoki narsaning bir qismi ma’nosini bildiradi: Bahri so‘ylar qilgan ishidan. Fe’ldan anglashilgan ish-harakatning belgisini, bajarilish holatini bildiradi: Do‘stlari uni chin dildan tabriklashdi. Chiqish kelishigidagi so‘zlar yana ko‘p ma’nolarni bildiradi. Bu ma’nolar o‘zaro bog‘langan so‘zlarning sintaktik munosabatlari orqali aniqlanadi.
Chiqish kelishigidagi so‘z ba’zan tushum, qaratqich kelishiklari bilan ma’no munosabati hosil etadi: Ra’no gullardan (gullarni) uzdi. Qarindoshlardan (qarindoshlarning) ketadigani ketdi, koladigani qoldi.
Chiqish kelishigidagi so‘z ko‘makchi bilan birgalikda analitik shakl hosil qiladi va ko‘makchining ma’nosiga qarab harakatning bajarilish payti, davom, takror, sabab, o‘xshatish kabi ma’nolarni bildiradi: Bu to‘qnashuvdan keyin ular rasmiyroq gaplashadigan bo‘lib qolishdi. Bolaligimdan beri o‘z qo‘lim bilan bog‘ qilishni orzu qilardim. Chiqish kelishigidagi so‘z predmet ma’nosiga ega bo‘lib, kimdan?, nimadan? so‘roqlariga javob bo‘lsa, vositali to‘ldiruvchi vazifasida keladi: Siz muhabbat zavqidan bahramandsiz. Chiqish kelishigidagi so‘z o‘rin, payt, holat, sabab ma’nolariga ega bo‘lib, qayerdan?, qachon?, qachondan?, nima sababli? kabi so‘roqlarga javob bo‘lsa, hol vazifasida keladi:
1) o‘rin holi: Usta Bahromning uyidan tong yorishmay xayrlashib chiqdi. 2) payt holi: U bolalikdan gullarni tomosha qilishni sevar edi. 3) sabab holi: Sevinchidan yuragi gurs-gurs urib ketdi. 4) kesim vazifasida: Men Farg‘onaning bir qishlog‘idanman.