II BOB Oraliqdagi so‘zlarning turlari 2.1 Oraliqdagi so‘zlar haqida ma’lumot Barchaga ma’lumki, leksik sath birliklari ikki katta guruhga bo‘linadi: mustaqil so‘zlar va yordamchi so‘zlar. Bular orasidagi zidlanishni ma’noviy va vazifaviy nomustaqillik tashkil etadi. Bu ziddiyat belgisiga ko‘ra yordamchi so‘zlar belgili, mustaqil so‘zlar esa belgisiz a’zo mavqeini egallaydi. Yordamchi so‘zlar hech qachon mustaqil qo‘llanmaydi, bog‘liq qurshovlardagina kela oladi. Mustaqil so‘zlar esa mustaqil qo‘llanilish va ma’no ifodalash qobiliyatiga egadir.
Leksemalarning ma’noviy tasnifida ilk bosqich belgisi “ma’noviy mustaqillik” emas, “ma’noviy nomustaqillik” bo‘lishining sababi mustaqil leksemalarning bu belgiga nisbatan betarafligidir. Chunonchi, katta guruhni tashkil etuvchi atoqli otlar (Temir, Anor, Gavhar) guruhida, mavhum otlarda mustaqil ma’noning mavjudligi kishini shubhaga soladi. Mustaqil so‘zlarda “ma’noviy mustaqillik” belgisi shartlidir. Assimilyatsiya tilshunoslikda boshqacha, biologiyada esa tamoman o‘zgacha talqin etiladi. Loy adabiy tilda boshqacha, otarchilar nutqida esa boshqacha izohlanadi. Shunga o‘xshash hodisalarni sifat, fe’l, ravishlar ichida ham ko‘plab uchratish mumkin. Bularning barchasi “ma’noviy mustaqillik” belgisi mustaqil leksemalarda nisbiy tushuncha, nisbiy belgi ekanligini ko‘rsatadi. Mana shuning uchun leksemalarning ma’noviy tasnifida ilk bosqichning belgisi “ma’noviy mustaqillik” emas, balki “ma’noviy nomustaqillik” bo‘la oladi. Ushbu belgi asosidagi ziddiyatda ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklamalar kuchli (belgili) a’zoni tashkil etadi. Sof ko‘makchi, sof bog‘lovchi, sof yuklamalar hech qachon mustaqil ma’noli so‘zlar xususiyatiga ega bo‘la olmaganligi tufayli ularning guruhiga o‘ta olmaydi. 8 Yordamchi so‘zlarning “oraliq uchinchi” tabiatiga egaligi. Tilshunoslikda yordamchi so‘zlarning leksemalar va qo‘shimchalar orasida “oraliq uchinchi” bo‘lib, ham leksemalar, ham grammatik morfemalar xususiyatini o‘zida mujassamlashtirishi aniqlangan. Ular shaklan leksema, mazmunan qo‘shim-chadir ( qiyos: Kitobni akamga/akam uchun oldim.) Shu tufayli bo‘lsa kerak, til tizimida yordamchi so‘zlarning o‘rni turlicha baholanadi ayrim olimlar ularni qo‘shimchalarga, ayrimlari nutq bo‘lakchalariga, ba’zilarini yordamchi so‘zlarga nisbat beradilar.
Yordamchi so‘zlarning so‘zmi, qo‘shimchami yoki mustaqil so‘zlarning yordamchi so‘zlar bilan bog‘lanishi so‘z birikmasimi ekanligi hanuzgacha munozara mavzui bo‘lib qolmoqda. Chunki yordamchi so‘zlar guruhi ichida shunday birliklar borki, ular ham “ma’noviy mustaqillik”, ham “ma’noviy nomustaqillik” xususiyatiga ega (ot+ko‘makchilar, yordamchi va ko‘makchi fe’llar). Chunonchi, “tortib” mustaqil so‘z sifatida ravishdosh kabi qo‘llaniladi: Baliq qarmoqni bir tortib, qochib ketdi. Shu so‘z Farhod tog‘idan tortib Shirin yayloviga qadar Sirdaryo bo‘ylab tizilib ketgan yetmish ming xalq bu sovuqlarni pisand qilmaydi (Oyd.) gapida yordamchi so‘z vazifasida kelgan. Tortib mustaqil va yordamchi ma’nolarga ega bo‘lishiga qaramay, mustaqil leksemalar tipiga kiradi.
Uchun, sayin, uzra, kabi, va ga o‘xshagan yordamchi so‘zlar aniq bir tushunchani ifodalay olmaydi, ammo turli munosabatlarni yuzaga chiqarib va ular yordamchi so‘zlar guruhidan joy oladi. Yuqoridagilardan anglashiladiki, “alohida qo‘llanila olish yordamchi leksemalarni mustaqil leksemalar bilan yaqinlashtirsa, turli-tuman munosabatlarni ifodalash kabi umum-lashgan ma’no ularni morfemalarga, qo‘shimchalarga yaqin-lashtiradi va leksemalar va morfemalar ziddiyatida “oraliq uchinchi” vazifasida keladi. 9 Yordamchilarni so‘zlarga quyidagilar yaqinlashtiradi: a) shaklan alohida ajralib turish; b)lug‘aviy ma’noning mavjudligi (sifat ko‘makchilar, ot ko‘makchilar, fe’l ko‘makchilarda…); v)ko‘pincha ularning mustaqil so‘zlarga yaqinlashishi, ulardan kelib chiqishi. Yordamchi so‘zlarning grammatik morfemalarga o‘xshash tomoni ularning morfemalar kabi mustaqil nominativ funksiya bajarmasligi (ammo, va, sayin, kabi), qo‘shimchasimon shaklda bo‘lishi (-u, -yu, -da; -ki (-kim); -dek (-day), -cha) va boshqalar. Biroq yordamchi so‘zlarning grammatik morfemalardan farqli tomoni shundaki:
1) ular gap bo‘lagi, so‘z birikmasi, gap sathida sintaktik xarakterdagi vazifa bajaradi. Bu xususiyat ko‘makchilar uchun xos. Chunonchi, 1. Yaxshi bilan yursang yetarsan murodga, Yomon bilan yursang qolarsan uyatga (Maq.) 2. To‘lqinlarning kuchli na’rasi, Yulduzlarga qadar yetardi. (Uyg‘.)
2) gap bo‘laklari yoki gaplarni o‘zaro bog‘laydi. Bunday funksiyada, asosan, bog‘lovchilar va yuklamalar keladi:
1. Xonaga baland bo‘yli, biroq oriqqina yigit salom berib kirdi. (S.A)
2. Saida bu gapni aytdi-yu, chiqib ketdi. (S.Ahm.)
3) so‘roq, inkor va sh.k. gap ma’nolarini ifodalashga xizmat qiladi (yuklamalar).
Yordamchi so‘zlar mustaqil so‘zlar va so‘z-gaplar оralig‘ida «оraliq uchinchi» maqоmini оladi. O‘z navbatida, yordamchi so‘zlar ham o‘z ichida umumiy bеlgilariga ko‘ra оraliq uchinchini ajratib chiqaradi. Ya’ni bоg‘lоvchilarda bоg‘lash, yuklamalarda gap mundarijasiga ta’sir qilish mоhiyatni bеlgilash darajasida bo‘lsa, ko‘makchilarda sanalgan har ikki bеlgi mushtarakdir. Bu ularning «оraliq uchinchi»lik mavqеini ko‘rsatadi.