Leksikologiya. Sirdaryo tilshunosligi maktabi vakillari O’zbek tili leksikologiyasini o’rganish sohasida ham sezilarli ish qildilar. Bu soha bo’yicha ham Xudoyberdi Doniyorov o’zining juda ko’p fikr va mulohazalarini bildirgan maqolalar, monografiya, qo’llanmalar yaratdi. Chunonchi, «Qipchoq dialektlarining leksikasi» (Toshkent, 1979), «Hozirgi o’bek adabiy tili» (Toshkent, 1980) nomli kitoblarida o’zbek adabiy tili leksikasining boyish manbalari haqida qimmatli fikrlari va bu boradagi o’z tavsiyalari beriladi. Shuningdek, bu yo’nalishda «So’z va she’riy ifoda» (1994, Q.Samadov), «Oybekning so’z davlati» (1993, Q.Samadov), «O’zbek tilida sinonimlar» (A.Doniyorov), «O’zbek halq topishmoqlarining leksik semantik xususiyatlari» (1994,J.Abdullaev) nomli ishlar yuzaga keldi.
Leksikografiya. Leksikografiya tilshunoslikning eng murakkab sohasi sifatida qaraladi. Sirdaryo tilshunosligi maktabi vakillari professor X.Doniyorov tavsiyasi asosida ushbu murakkab sohaga ham qo’l urib ko’rdilar. Ayni chog’da X.Doniyorov ma’sul muharrirligida «Tuganmas boyliklar bulog’i» (T.,1991, 10 b.t hajmida B.To’ychiboev, S.Shirinov, Q.Qashqirli,) «Xalq tili va o’quvchi nutqi» (T.,1994, B.To’ychiboev, Q.Qashqirli) nomli risolalar nashr etildi.
Dialektologiya. O’zbek tili ko’p shevaliligi jihatidan deyarli barcha turkiy tillardan farq qiladi. Shubhasiz, bu Abdurauf Fitrat ta’biri bilan aytganda, «O’zbek tilining baxti». Professor Xudoyberdi Doniyorov o’z ilmiy faoliyatining asosiy qismini «til baxti»ni ta’minlovchi, adabiy tilni oziqlantirib turuvchi manba – xalq tilini o’rganishga bag’ishladi. Lahjalar ichida eng katta guruhni tashkil etuvchi qipchoq lahjasini har jihatdan sinchiklab o’rgandi. Uning adabiy til taraqqiyotida tutgan o’rnini belgilashga harakat qildi. Qipchoq lahjasini fonetik, leksik, grammatik xususiyatlarini hisobga olgan holda guruhlashtirdi. O’zining «Sharqiy qipchoq («J»lovchi) shevalari va ularning o’zbek adabiy tili taraqqiyotidagi ishtiroki» (1977) mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Domla bu soha bo’yicha juda katta meros qoldirdi. Jumladan, «O’zbek xalqining shajara va shevalari» (T., 1976), ««J»-lovchi qipchoq dialektlarini o’zbek adabiy tili bilan qiyoslab o’rganish tajribasi» (T.,1975, rus tilida), «Qipchoq dialektlarining leksikasi» (T.,1979) kitoblari asosida Sirdaryo tilshunosligi maktabida «O’zbek tili turk-barlos shevasi» (B.Hasanov), «Turk-barlos shevasi fonetikasi» (B.Hasanov), «Poyariq shevasi» (O’.Saidov), «Turkiston qarluq tip shevalarida to’y marosimi nomlari» (2001, Sh.Nurillaeva) mavzusidagi ishlar yuzaga keldi. Shuningdek, mazkur maktab a’zolari tomonidan «Tuganmas boyliklar bulog’i» (T., 1991 B.To’ychiboev, S.Shirinov, Q.Qashqirli), «Xalq tili va o’quvchi nutqi» (T.1994, B.To’ychiboev, Q.Qashqirli) nomli o’quv qo’llanmalari va «O’zbek dialektologiyasi» (T., 2004, B.To’ychiboev, B.Hasanov) darsligi yaratildi. O’zbek xalq shevalari misli bir xazina. Tuganmas boyliklar bulog’i. Bu sohada dialektologlar qilishi lozim bo’lgan dolzarb masalalar o’z tadqiqini kutmoqda.
Atamashunoslik. Professor Xudoyberdi Doniyorov o’zining ilmiy ishlarida atamalar masalasiga ham jiddiy e’tibor berdi. Atamaning bir necha so’z yoki birikmalar orqali ifodalanishiga ko’pda qarshi bo’lib, ularning ko’proq xalq tilidagi qisqa va aniq shakllarini tavsiya etardi. Domlaning bu sohadagi qarashlari qator ilmiy ishlarida o’z aksini topgan.
Sirdaryo tilshunoslik maktabi a’zolari tomonidan keyingi yillarda «O’zbek tilida g’allachilik terminlari» (O.Qurbonov), «O’zbek tilining zargarlik terminologiyasi» (I.Pardayeva), «O’zbek tilining harbiy terminologiyasi» (H.Yodgorov) kabi ishlar tayyorlanildi. Shu mavzuda yuqoridagi mualliflar tomonidan nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi.
Uslubiyat. O’zbek milliy adabiy tilining uslubiyati sohasida anchagina ishlar qilindi. Sirdaryo tilshunoslik maktabida uslubiyat ishini ham o’zining «So’z san’ti» (Badiiy til va badiiy mahoratning ayrim masalalari, hammuallif S.Mirzaev) asari bilan X. Doniyorov boshlab bergan. Keyinchalik bu sohadagi qarashlarini (B.Yo’ldoshev hammuallifligida) o’zining «Adabiy til va badiiy stil» nomli monografiyasida davom ettirgan. Ushbu muammo atrofida mazkur maktabda yana bir qancha ishlar yuzaga keldi. Chunonchi, «Oybekning til mahorati» (T.,1981, Q.Samadov), «O’zbek tili uslubiyati. Badiiy uslub» (G.,1991, Q.Samadov), «O’zbek tili uslubiyati» (Guliston, 1992, Q.Samadov); «Hozirgi o’zbek adabiy tilida sintaktik sinonimika» (T.,1988, B.To’ychiboev), «Xalq og’zaki ijodi tili – nutq o’stirish manbai» (T., 1999, B.To’ychiboev), ««Alpomish» va xalq tili» (T.,2001, B.To’ychiboev) kabi qo’llanma va monografiyalar nashr etildi.
Uslubiyat g’oyat keng qamrovli soha. Shu bois bu yo’nalishda hali qilinmagan va lekin qilinishi zarur bo’lgan ishlar juda ko’p.
O’zbek tilshunosligi tarixi. O’zbek tilshunosligi tarixi fan sifatida shakllanib ulgurgan soha. Bu yo’nalishda ham professor Xudoyberdi Doniyorov samarali qalam tebratdi. «Alisher Navoiy va o’zbek adabiy tili» (T., 1972), keyinchalik «Alisher Navoiy – o’zbek adabiy tilining asoschisi» nomli risolalarini chop ettirdi. Shuningdek, Sirdaryo tilshunosligi maktabida «Bobur – tilshunos» (T.,1993, B.To’ychiboev), «Fitrat - tilshunos» (T.,1995, B.To’ychiboev) nomli risolalar tayyorlanib, ilmiy jamoatchilik hukmiga havola etildi.
Yangi alifbo. Professor Xudoyberdi Doniyorov alifbo, imlo masalasiga e’tibor berar, bu borada, xususan, yangi alifbo haqida qator maqolalarida o’z mulohazalarini bildirgan edi. Shuning uchun mazkur maktab tomonidan tayyorlanib nashr etilgan «Yangi alifbo va imlo»(Q.Samadov), «Alifbomiz ufqlari» (2000, B.To’ychiboev) nomli risolalarda domlaning fikrlari davom ettirilgan.
O’rni bilan shuni alohida qayd etish lozimki, Sirdaryo tilshunosligi maktabi ustoz boshlab bergan an’anani davom ettirib, Respublikamiz oliy o’quv yurtlarining aksariyati bilan aloqani davom qildirmoqda.
Xususan, O’zRFA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti bilan kafedraning aloqasi mustahkam. Insititutning sermahsul xodimi, filologiya fanlari doktori, professor E.A.Begmatov bir necha yildan beri «O’zbek tilshunosligi» kafedrasida o’rindosh sifatida faoliyat ko’rsatmoqda. Juda ko’p yoshlarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilmoqda. Talantli tilshunos olim N.Mahkamov esa ilmiy maslahatchi sifatida Sirdaryo tilshunoslik maktabiga ko’mak berib kelmoqda.
Sirdaryo tilshunoslik maktabida hozir, aytish mumkinki, uchinchi avlod voyaga etdi. Ular «Mahmud Qoshg’ariyning fonetik qarashlari» (M.Misliddinova), «Qo’shimchalarning joylashish tartibi»(M.Latipov), «Sh.Xolmirzaev asarlarida iboralar» (M.Xolbekova), «Arabiy izofalar» (O.Murodqulov), «Forsiy izofalar» (L.Dehqonova), «Affikslarda polisemiya hodisasi» (Sh.Xudoyqulova), «Avloniy asarlari tilining leksikasi» (S.Normamatov), «Professor X.Doniyorovning tilshunoslik merosi» (Sh.Muhammadjonov), «Harakat tarzining ifodalanishi» (F.Sharipov) mavzularida ilmiy ish olib bormoqda.
Kafedra keyingi yillarda viloyat teleradio kanalida «Tilga e’tibor – elga e’tibor» mavzusida eshittirish tashkil etib, har oyda bir marta muntazam ravishda til, nutq madaniyati, so’z, so’z qudrati haqida suhbat uyushtirilmoqda.
Sirdaryo tilshunoslik maktabi bir nechta Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferentsiyalar o’tkazdilar. Chunonchi, «X.Doniyorov tavalludining 70 yilligiga bag’ishlangan ilmiy-amaliy xotira anjumani» (1997), «X.Doniyorov ilmiy merosi va O’zbek tilshunosligining dolzarb masalalari» (2004) mavzularida o’tkazilgan konferentsiyalarning materiallari to’liq chop etilib, ilmiy jamoatchilik hukmiga havola etildi. Ushbu munosabat bilan «Professor Xudoyberdi Doniyorovning kabinet-muzeyi» tashkil etildi. Shuningdek, muzeyda «X.Doniyorov nomidagi kichik tilshunoslik maktabi» faoliyat ko’rsatadi.
Umuman, professor Xudoyberdi Doniyorov tomonidan asoslangan Sirdaryo tilshunoslik maktabi domlaning chirog’ini yoqib, o’z ovoziga, o’z so’ziga, iziga ega bo’lgan holda, o’zining 40 yoshlik to’yini munosib kutib oldi.