Somoniylar davlati, davlat boshqaruv tartibi, huquqiy munosabatlar. Reja: 1.Tohiriylar davlati.
2.Safforiylar davlati.
3.Somoniylar davlatining tashkil topishi.
4. Somoniylar davlatining davlat tizimi va boshqaruvi.
Tayanch so‘z va iboralar. Devon ad-dar, qavonin, maqosima, misoxa, xiroj, jizya, Tohiriylar, Safforiylar, mahalliy zodagonlarning kuchayuvi, Muqanna qo‘zg‘aloni, Abbosiylar, islomlashtirish siyosati, islom ruhoniylari, Somoniylar, Somonxudot, mahalliy zodagonlar, turk g‘ulomlari, Karmatlar harakati, dargoh, devonlar, harbiy-ma’muriy amaldorlar, hanifiylik, diniy me’morchilik
1.Tohiriylar davlati. Bu sulolaning ilk vakili Roziq ibn Sayqal Horun ar-Rashid davrida Seyiston hokimi Abumuhammad Talx ibn Abdulloh qo‘lida xizmat qilgan. Uning Mus’ab, Xusayn va Toxir degan o‘g‘illari bo‘lib, keyinroq Toxir Hirotdagi Bo‘shang shahrining hokimi bo‘ladi. Ma’lumki, Xorun ar-Rashid vafotidan so‘ng uning katta o‘g‘li Amin xalifa bo‘ladi. Ammo Xorun ar-Rashidning kichik o‘g‘li Ma’mun (Ma’mun-laqabi, asli ismi Abdulla) ham taxtga da’vogar edi. SHu bois 811 yildan boshlab aka-ukalar o‘rtasida toj-taxt uchun kurash boshlandi. Ushbu kurashda Tohir ibn Husayn Ma’mun qo‘shinlariga boshchilik qilib 813 yilda Bag‘dod shahrini egallaydi va Ma’mun xalifalik taxtiga o‘tiradi. Ma’mun xalifa bo‘lib olgach (813-833yy) Tohir ibn Husayn tez orada xalifalikning eng nufuzli kishilaridan biriga aylanadi va 815 yildan boshlab xalifalik qo‘shinlarining bosh sarkardasi lavozimida ishlaydi.
821 yilda xalifa Ma’mun Toxir ibn Husaynni Xuroson viloyatiga noib etib tayinlaydi. Toxir Xuroson noibligining poytaxti qilib Nishopur shahrini tanladi. U Huroson va O‘rta Osiyo viloyatlarini (Tabariston, Jurjon, Ray, Kirmon, Xuroson, Seyiston, Movarounnahrning janubi) mustaqil hokim sifatida boshqarib, 822 yilda xalifa nomini xutba namoziga qo‘shib o‘qishni ta’qiqladi. Bu esa ochiqdan-ochiq xalifadan o‘zini mustaqil deb e’lon qilish edi. Lekin Toxir ibn Husayinning bu rejasi amalga oshmadi. U to‘satdan vafot etdi. Taxmin qilishlaricha, bu holat xalifaning o‘z noiblari ustidan siyosiy hukmronligini mustahkam tutishga intilishidan dalolat beradi.
YUqoridagi voqeadan qat’iy nazar, xalifa Ma’mun Toxirning o‘g‘li Talxa ibn Toxirni Xuroson noibi etib tiyinlaydi. Zamonaviy adabiyotlarda berilishicha, mahalliy sulola vakillarini noib bo‘lib qolganligining sababi, xalifalikning aynan mahalliy hukmdorlarning kuchidan arablarga qarshi qo‘zg‘olonlarni bostirishida foydalanishi edi. SHuningdek, Xuroson noibining muhim vazifalaridan yana biri o‘ziga qarashli hududlarda ayrim viloyat hokimlarini saylash bo‘lgan. Jumladan, Toxir ibn Husaynning o‘zi Somoniylarni Samarqand, Farg‘ona va SHoshga hokim bo‘lishlarini rasman tasdiqlagan. O‘sha davrda Xuroson noibligiga quyidagi viloyatlar kirgan edi: Movarounnahr, Xorazm, Seyiston, Ko‘histon, Kermon, Ko‘mis, Tabariston va Jurjon. Ular hajmiga ko‘ra katta va kichik tumanlardan iborat bo‘lgan.
50 yildan ziyodroq hukmronlik qilgan Tohiriylar sulolasining vakillari qo‘yidagilar edi.:
Toxir ibn Husayn (821-822yy);
Talxa ibn Toxir (822-828yy);
Abdulloh ibn Tohir (828-844yy);
Tohir II ibn Abdulloh (844-862yy)
Muhammad ibn Tohir (862-873);
Tohiriylar mustahkam hokimiyat yaratish va qishloq xo‘jaligini tartibga solish borasida jiddiy chora-tadbirlarni amalga oshirdilar. Ular yangi kanallar bunyod etib suvdan foydalanishni yaxshilash choralarini ko‘rdilar. Abdulloh ibn Toxirning buyrug‘i bilan o‘lkadagi yirik qonunshunoslar sug‘orish uchun foydalaniladigan suv taqsimoti qonunlari to‘plami – Kitob al-kuniyni to‘zdilar. Ushbu qonunlar yuzlab yillar mobaynida Movarounnahrda suvdan foydalanishdagi bahs-munozaralarni hal etishda asos bo‘lib xizmat qilgan.
Tohiriylar shunday ijtimoiy-iqtisodiy siyosat yuritganlarki, bu siyosat asosan aholining hukmron tabaqalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan edi. Misol uchun, bizga qadar saqlangan Toxir ibn Husaynning o‘g‘li Abdullohga yozgan xatida shunday deyiladi: «SHuni bilginki, boylik ko‘payib xazina to‘lib toshganda ham u daromad keltirmaydi. U fuqaro zarurati, ular haq-huquqlarini ado etishga, ularni tashvish va qarzlardan ozod etish uchun sarflangan taqdirdagina ko‘payadi, ortib boradi; bu bilan xalq ommasining e’tibori qozoniladi; shu bilan xalq farovonligi ta’minlansa, bu hokimlarga zeb beradi, davronning emin-erkinligi shu bo‘ladi, shuhrat va qudrat bag‘ishlaydi; shu bilan birga agar shunday ish yuritsang, er solig‘ini katta miqdorda undirish imoniyatiga ega bo‘lasan va boyliging oshadi. Bu bilan sen xalq ommasiga saxovat qo‘lini ochsang, boyliging ortadi, kuch-qudrat egasi bo‘lasan, qo‘shin saqlaysan va hammani o‘zingga maftun etasan». Tohir o‘z o‘g‘lini mana shunday «mohirona» siyosat yurgizishga chaqiradi hamda Abdulloh ibn Tohir qaysidir ma’noda otasining maslahatlariga amal qilgan edi.
O‘z davrida Abdulloh yirik er egalari va davlat amaldorlari tomonidan ayrim erlardagi dehqonlarga nisbatan bo‘layotgan nohaqliklarni imkoniyat darajasida cheklashga harakat qildi. U dehqonlarning ahvolini birmuncha tartibga soluvchi maxsus farmon e’lon qildi. Manbalarning guvohlik berishicha, bu farmonda jumladan shunday deyiladi: «Olloh bizni ularning (dehqonlarning – E.B.) qo‘li bilan boqadi, bizni ularni og‘zi bilan olqishlaydi va ularga ozor berishni ta’qiqlaydi». Albatta, bu bilan Abdulloh butunlay ziroatkor-dehqonlarning manfaatlarini himoya qiluvchi hukmdor bo‘lgan, deb bo‘lmaydi. U «dehqonlarga ozor bermaslikni» talab qilishiga sabab, busiz davlat xazinasiga etarli soliqlar kelib tushmas edi.
Ahvolni yaxshilash uchun ayrim harakatlar qilingan bo‘lishiga qaramay, Tohiriylar davrida aholi ko‘pgina qatlamlarining ayniqsa, ziroatkor-dehqonlarning ahvoli og‘ir bo‘lib qolaverdi. Misol uchun, 844 yilda Abdulloh ibn Tohir ziroatkor-dehqonlardan olingan xirojdan 48 mln. dirham to‘plagan edi. Soliqlarning ko‘pligi dehqonlarning qo‘zg‘olon ko‘tarishiga olib kelgan. Tohiriylar bu qo‘zg‘olonlarni shafqatsizlarcha bostirib turganlar. Bu hol ijtimoiy-iqtisodiy ziddiyatlar bir qadar saqlanib qolganligini ko‘rsatadi.
Manbalarda Tohiriylarning islomlashtirish siyosatida mustahkam turganliklari qayd etiladi. Ular huquqiy munosabatlarni islom peshvolariga tayangan holda rivojlantirganlar. SHuning uchun ham Tohiriylar islom dinini xalq orasida keng yoyish siyosatini davom ettirib, islom ruhoniylarini asosiy tayanch deb bilganlar. Talxa ibn Toxir davrida zardo‘shtiylik dini saqlanib qolgan Ustrushonada ham islom dini qabul qildirilgan.
O‘z hukmronlik erlarida mustahkam tartib saqlanishini xohlagan Abdulloh ibn Tohir o‘ziga qarshi har qanday harakat yoki qo‘zg‘olonning oldini olishning eng muhim usuli – soliq yig‘uvchilarning suiste’molliklariga yo‘l qo‘ymaslikda deb hisoblar edi. U turli soliqlarning miqdorini kamaytirmagan bo‘lsa-da, soliqlar yig‘ishda turli jinoiy ishga qo‘l urganlarni jazolar edi. Amal va mansab egalarining o‘zboshimchaligini oldini olish va davlat xazinasiga ziyon etkazmaslik maqsadida Adbulloh o‘z qo‘l ostidagi o‘ziga sodiq kishilar orasidan ayg‘oqchilar tanlab, ularning xizmatidan foydalanar edi. Bunday maxfiy shaxslar joylarda hukmdorlarning yurish-turishi, har bir mansabdorning Abdulloh oldidagi majburiyatlarini qay darajada bajarishlari xususida noibga xabar etkazib turishgan. Demak, amaldor xoh viloyat hokimi bo‘lsin, xoh yirik dehqon bo‘lsin, Abdullohning nazorati ostida bo‘lgan.
Tohiriylar davlati ko‘p sonli bilimdon amaldorlarga muhtoj edi. SHu bois Abdulloh ibn Tohir aholining barcha qatlamlari ma’lumot olishini ta’minlashga harakat qildi. Manbalarning ma’lumot berishicha, Abdulloh otasi Tohir singari shoir bo‘lgan. Abdullohning Marv, Amul va Xorazmni boshqarib turgan jiyani Mansur o‘zining falsafiy asarlari bilan mashhur bo‘lgan. Abdullohning o‘g‘li Toxir II ham otasidan o‘rnak olishga harakat qilgan.
Umuman, Abdulloh va Toxir II hukmronliklari davri mahalliy madaniyatning qayta tiklanish davri bo‘ldi. Ammo, bu o‘ta murakkab va qiyin jarayon edi. Gap shundaki, Toxiriylar sulolasi vakillarining o‘zlari, xususan, Abdulloh ibn Toxir o‘zining arab madaniyatiga xayrixoxligini ta’kidlar edi. SHunga qaramasdan bizga qadar etib kelgan ayrim yozma manbalar va moddiy ashyolar mahalliy madaniyat rivojidan dalolat beradi.