8. Harbiy sud vaziri – bu vazir alohida faoliyat ko‘rsatib, sipohiylar (harbiylar) ishlarini ko‘rib chiqib, muhokama qilgan.
9. Vaqf ishlari vaziri – bu vazirlikka sadr us-sudur (sadrlar boshlig‘i, sadrlar sadri) boshchilik qilgan bo‘lib, u vaqf mulklari bilan bog‘liq masalalarga mutasaddi bo‘lgan.
10. Habar va aloqa vaziri – bu vazir zimmasiga mamlakatning turli burchaklarida sodir bo‘layotgan voqealardan hukmdorni ogoh qilib turish, markazdan joylarga buyruq, farmon va ko‘rsatmalarni jo‘natish, markazga turli hujjat, hisobot kabilarni etkazishi, tashqi siyosiy-diplomatik munosabatlarni amalga oshirish hamda davlat yuklarini o‘z manzillariga etkazish yuklatilgan. Vazirlikning o‘zi devoni rasoil, devoni insho deb atalgan.
Mamlakatda ichki va tashqi favqulodda voqealardan voqif etib turuvchi ming nafar piyoda, ming nafar tuya mingan, ming nafar ot mingan choparlar bo‘lgan. Butun saltanat bo‘ylab bir kunlik yo‘l oralig‘ida yomxonalar tashkil etilgan bo‘lib, har bir yomda ellik boshdan ikki yuz boshgacha ot-ulov saqlangan. Tadqiqotlardan ma’lumki, Amir Temur va temuriylar davlatni ulus, viloyat va tumanlarga bo‘lib boshqarganlar. Temur davrida saltanat to‘rt ulusga bo‘linib, ularga o‘g‘il va nabiralarni hukmdor etib tayinlagan. SHuningdek, viloyat va tumanlarni ham asosan temuriy shahzodalar va harbiylar boshqarganlar. Ali YAzdiy ma’lumotlariga ko‘ra, Amir Temur janglarda, davlat ishlarida toblangan sadoqatli tadbirkor, oqil va bilimdon shaxslarni o‘g‘illari va nabiralari yoniga maslahatchi qilib tayinlagan hamda ularga yirik viloyat va hududlarni ishonib topshirgan. Amir Temur mahalliy hokimliklarni o‘ziga itoat etuvchi davlat maslahatchilari orqali ham muvofiqlashtirib turgan hamda mahalliy va markaziy hokimiyat aloqadorligini shu mansab orqali ushlab turishga harakat qilgan.
Mansablarga asoslangan zamonaviy tadqiqotlarda Amir Temur va temuriylar davri mansab va unvanlari haqida ko‘plab ma’lumotlar mavjudki, ular quyidagilardir: amin, arzbegi, bakovul, bakovulboshi, bovarchi, baxshiylar, bitikchi, vazir, daftardor, devonbegi, dorug‘a, dodxoh, jarchi, juybon, zobit, ixtisobchi, zinbardor, inoq, ichkilar, iqto, yasag‘lik, ko‘kaldosh, kulu, kalontar, kutvol, ko‘ragon, mavkab, mahdi ulyo (mahdi oliya), majlisnavis, miroxo‘r, mirob, muxtasib, oqo (og‘o), otaliq, parvonachi, pos (posbon), sadr, sadri a’zam, sohibi devon, tavochi, tarxon, uyo‘g‘lon, farrosh, xazinador (xozin), xattot, chuhra, shayxulislom, chuhraboshi, shiqovul, shixna, shuqurchi, yurtchi, yasovul, qozilar, qo‘rboshi, qushchi (qushbegi), qorovul, qopuchi, hojiblar.
Ushbu keltirilgan mansab va unvonlar Temur va temuriylar davrida mukammal ma’muriy tizim yaratilganini, bu tizim davlat ravnaqi va fuqarolarni himoya qilishga va ularning farovonligini ta’minlashga xizmat qilganini ko‘rsatadi. Bu davrda har bir mansabdor o‘z mansabini yuqori va quyi pog‘onadaligidan qat’iy nazar u mavjud qonun-qoidalar asosida ish yuritgan, qonunning ustivorligi tamoyiliga amal qilgan bo‘lib, ularning burch hamda vazifalari hokimiyat tomonidan belgilab qo‘yilgan edi.
Dostları ilə paylaş: |