Harbiy tizim va huquqiy munosabatlar. Amir Temur manbalarda o‘z zamonasining mashhur sarkardasi va yirik lashkarboshi sifatida tilga olinadi. Uning harbiy iste’dodi hamda sarkardalik mahorati qo‘shinlarning tuzilishida, harbiy strategiya hamda taktikalarda namoyon bo‘lgan.
Qo‘shinning yuragini va qo‘mondonlik o‘zagini barlos urug‘i vakillari tashkil etgan. O‘sha davr voqealarining shohidi bo‘lganlarning guvohlik berishicha, barloslar harbiy qo‘nimsizlikka nihoyatda chidamli, kamondan o‘q o‘zishga juda usta, o‘z hukmdorlariga sodiq va sabr-toqatli bo‘lganlar.
Sohibqiron qo‘shini o‘nlik birikmalar asosida tuzilgan bo‘lib, lashkar tuman (o‘n minglik), hazora (minglik), xushun (yuzlik) va ayl (o‘nlik) qismlarga bo‘lingan. O‘n minglik lashkarni boshqarish uchun mirixazora, yuzliklar uchun xo‘shunboshi o‘nliklar uchun esa aylboshi kabi harbiy mansablar joriy etilgan. Qo‘shindagi bo‘linma boshliqlari – amirlar Sohibqironga tobe bo‘lgan qirq aymoq (urug‘)dan o‘n ikkitasi: barlos, arg‘in, jaloyir, tulkichi, duldoy, mug‘ul, suldo‘z, to‘g‘oy, qipchoq, arlot, totor va tarxonlar orasidan saylab olingan.
XV asr muallifi Abdurazzoq Samarqandiyning ma’lumot berishicha, harbiy safarda har bir jangchi o‘zi bilan bir yilga etadigan oziq-ovqat, kamoni bilan o‘ttiz o‘qli sadoq (o‘qdon), sovut, nayza va qalqon olgan. Har ikki suvoriyda bitta zahira chopqir ot, o‘rdagohdagi har bir o‘nlik qismda bittadan chodir, qozon, ketmon, o‘roq, bolta, bigiz, ikkita belkurak, yuzta igna, arqon, bitta oshlangan pishiq teri bo‘lishi shart edi. Harbiy safarbarlik paytida har bir viloyat oldindan belgilab qo‘yilgan asosiy (asl) hamda zahira (izofa) qismlarni to‘plab bergan. Viloyatlar toshotar (sangandoz), devor buzuvchi (manjaniq), o‘t otuvchi (ra’dandoz va naftandoz) kabi moslamalarni ishlatishni biladigan jangchilarni tayyorlab bergan. Viloyatlardagi askariy qismlarni to‘plash hamda markazga yoki tayinlangan manzilga jo‘natish bilan tavochi lavozimidagi amaldor shug‘ullangan.
Qo‘shindagi har bir harbiy – hoh amir, hoh oddiy sipohiy bo‘lsin belgilangan nizomni qat’iy bajarishga majbur bo‘lib, jangda ayovsiz va dovyurak bo‘lishi, omonlik istagan dushmanga yumshoq muomala qilishi hamda adolatli bo‘lishi lozim hisoblangan.
Harbiy safarlar paytida har bir qo‘shin qismlarining eng oldida dovyurak va botir askarlardan tanlab olingan xabarchi (xabargir) deb yuritilgan ayg‘oqchi-kuzatuvchilar bo‘linmasi yurgan. Ularning orqasidan soqchilar bo‘linmasi – yasovul borgan. Undan keyin qo‘shinning avangard qismi manglay harakatda bo‘lgan. Manglaydan keyin qo‘mondonning o‘rdagohi, uning yon tomonlarida izofa (zahira) qismlar joylashgan. Qo‘shinning asosiy jangovar qismi – markaz hamda o‘ng qanot (barong‘or) va chap qanot (javong‘or)lardan iborat bo‘lgan. Har bir qanotning oldida qo‘riqchi manglay – avangard, yon tomonlarida ham qo‘riqchi askariy bo‘linmalar - kanbullarjoylashtirilgan. SHu zaylda qo‘shin etti qism - qo‘llardan iborat bo‘lib, ulardan uchtasi – markaz, barang‘or va javong‘orlar mustaqil; to‘rttasi – ikki manglay va ikki kanbullar tobe qismlar bo‘lgan.
Sohibqiron birinchi marta jang usulida qo‘shinni etti qismga bo‘lishni joriy etgan edi. SHarofiddin Ali YAzdiy bu haqda shunday ma’lumot beradi: “... hazrat cherik (qo‘shin)ni etti qo‘l tartib ettikim, hech podshoh andoq qilmaydur erdi va eshitmaydur erdi. Va bu etti adadida xosiyat ko‘b turur va ko‘b sir yanda bor erdi...”
Amir Temur davlatida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan minglab kishilar mamlakatning bosh ma’muriy binosini, o‘rduni chegaralarni, davlatni qo‘riqlaganlar. Favqulodda holatlarda, mamlakat uchun katta xavf tug‘ilganda armiyani safarbar etish, zudlik bilan qo‘shin to‘plash qoidalari ham ishlab chiqilgan. SHuningdek, temuriylar davrida ham, ayniqsa, SHohruh Mirzo, Mirzo Ulug‘bek, amirzoda Umar, Husayn Boyqaro davrlarida ham davlat himoyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ammo, hokimiyat uchun bo‘lib turgan o‘zaro kurashlar bu jarayonning zaiflashuviga olib kelgan edi.
Ta’kidlash lozimki, Sohibqironning qat’iy va mustahkam harbiy tizimni shakllantirishdan asosiy maqsadi, eng avvalo, mamlakatni ichki va tashqi dushmanlardan himoya qilish, tobe hududlardagi tartibsizliklarni oldini olish, adolat, tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish, mazlumlarni zolimlardan himoya etish, insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalariga amal qilish hamda keng tarqatish, qonun ustivorligiga erishish, mamlakatlarni taraqqiyot yo‘liga solish, islom dini va baynalminal kelishuvchilikni ta’minlash, zo‘ravon davlatlar va guruhlarning g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik edi. Amir Temur harbiy yurishlaridan ko‘zlagan maqsadi haqida “Tuzuklar”da shunday bayon qilinadi: “Biron mamlakatda jabr-zulm va fisqu-fasod ko‘payib ketar ekan, asl podshohlar adolat o‘rnatish, fisq-fasodni, zulmni yo‘qotish niyatida ana shunday mamlakatga hujum boshlashi lozim.”
Shuningdek, “Tuzuklar”da keltirilishicha, Amir Temur qo‘shiniga asli toza, aql-farosatli, bahodir, dovyurak, tadbirkor, sergak, ehtiyotkor, oldi va ketini o‘ylab ish tutadigan, jang sir-asrorlarini biladigan uch yuz o‘n uch amirlar rahbarlik qilib, ularning kichigi kattarog‘iga bo‘ysungan. Bu amirlardan yuz nafari o‘nboshi, yuz nafari yuzboshi va yuz nafari mingboshi bo‘lgan. Jang paytida amir ul-umaro amirlarga, amirlar mingboshilarga, mingboshilar yuzboshilarga, yuzboshilar o‘nboshilarga boshchilik qilgan hamda buyruqlar so‘zsiz bajarilgan.
“Tuzuklar”ga ko‘ra, har bir harbiy mansabdorning aniq vazifasi belgilangan. Birorta oddiy navkar qilich chopib bahodirlik ko‘rsatsa, unga in’om tariqasida qimmatbaho toshlar qadalgan o‘tog‘a, kamar, turna bellik qilich va bir ot berilgan hamda o‘nboshilik martabasiga ko‘tarilgan. Agar birorta amir biron mamlakatni fath etsa, yoki g‘anim lashkarini engsa, u uch narsa: faholi xitob (faxriy yorliq), tug‘, nog‘ora bilan taqdirlangan. O‘zining nog‘orasiga, tug‘iga ega bo‘lgan amir majlislarda hurmat-izzatga ega bo‘lib, xos kishilardan hisoblangan.
Tadqiqotchilarning fikricha, Sohibqiron armiyasida muntazam qo‘shinga xos bo‘lgan ko‘pgina belgilar mavjud edi. Qo‘shin son jihatidan aniq va puxta tashkil etilgan, uning jangovar tartibi o‘zining takomil darajasiga ko‘tarilgan. Qo‘shin o‘z zamonasining eng ilg‘or qurol-yarog‘i, texnikasi bilan qurollangan. Har bir qism, bo‘linma aynan bir turdagi qurol-yarog‘, aslaha-anjom bilan ta’min etilgan. Bo‘linmalar, qismlar bir biridan kiyim boshi, ko‘targan bayrog‘i, hatto mingan otining tusi orqali ham farqlangan.
Sohibqiron o‘z qo‘shini tuzilishidan ixchamlikni, ularning bir biriga o‘zviy bog‘liqligini, bir biriga bo‘ysunishini, pog‘onalar tizimliligini ta’minlagan. Amir Temur harbiy sohadagi betakror merosi hamda an’analari temuriylar davrida ham davom etgan bo‘lsa-da, temuriylar ko‘proq mudofaa xususiyatidagi harbiy siyosat olib bordilar.
Ma’lumki, o‘rta asrlar davlatchiligi tizimida islom shariati qonun-qoidalari etakchi o‘rin egallagan. SHu nuqtai nazardan olib qaraganda Amir Temur davlatida ham huquqiy munosabatlar Qur’oni Karim hamda Hadisi sharifda bayon qilingan tartib-qoidalarga asoslangan ekan. Amir Temur va temuriylar davri davlatchiligidagi huquq va qonun-qoida asoslari “Tuzuklar”da o‘z aksini topgan. Bu manbada davlat yumushlari, harbiy soha, raiyyat va ijtimoiy tuzumning barcha qatlamlari haqida so‘z yuritilib, unda ta’kidlanishicha, mamlakatdagi dunyoviy jarayonlar oliy hukmdorning o‘zi, ya’ni, Amir Temur nazorat qilgan hamda kerakli jazoni ham aynan davlat boshlig‘i bergan. SHariat ishlarini boshqarish shariat qozisi zimmasiga yuklatilgan. Ammo, davlatning devonida, uning turli bug‘inlarida ham alohida qozilar, sud, jinoyat va jazo ishlarini bajarganlar. Mamlakatdagi huquq tizimi quyidagicha bo‘lgan: