ANIMIZM. Ingliz olimi Eduard Taylor tomonidan fanga kiritilgan. Animizm-bu kishi ruhining mavjudligiga ishonishdir. Animizm tabiatdagi buyumlarni ilohiylashtiradi, har bir jismda rux bor, tanadan tashqarida ham jon bor deb hisoblaydi. Ibtidoiy odamlar uyquni jonning tanani vaqtincha tashlab ketishi, tushni esa kishi uxlab yotganida boshqa uzoq joydagi kishilarning yoki o`lgan kishilarning joni bilan uchrashuvi deb tushunganlar. Dastlabki animistik tasavvurlar jonni soya yoki nafas bilan aynan bir narsa deb bilar edilar. Masalan, Shimoliy Amerika xalqlarida soya bilan jon, qadimgi arablarda, yaxudiylarda jon bilan qon, Grenlandiyada esa nafas bilan jon bitta nom bilan ataladi.
TOTEMIZM-«uning urug’i» ma`nosini anglatadi va odam ko’pincha qandaydir bir hayvon yoki o`simlik bilan, ba`zan jonsiz narsa bilan hatto tabiat hodisalari bilan aloqasi borligi to`g’risidagi tasavvur hamda e`tiqoddir. Totem hisoblangan hayvonni o`ldirish mumkin bo`lmagan. Agar o`ldirish zarur bo`lsa, albatta, undan uzr so`raganlar. Uni o`ldirganliklari uchun ularning gunohini kechirishni iltijo qilib so`raganlar.
MAGIYA (SEHRGARLIK, AFSUNGARLIK)-insonga, hayvonga yoki tabiat hodisalariga g’ayri tabiiy yo`l bilan ta`sir ko`rsatish maqsadida bajariladigan hatti-harakatlar. Buyum va xodisalarning afsonaviy kuchga ega ekanligiga ishonish baxt keltiruvchi yoki turli xil balo-qazolardan saqlovchi har xil buyumlar va tilsimlarning paydo bo`lishiga, yaxshilik va yomonlikdan iborat turli irim-sirim xamda harakatlarning kelib chiqishiga sabab bo`lgan. Biror kishiga qilinayotgan hatti-harakatda o`sha shaxsga tegishli bo`lgan narsalar (uning sochi, tirnog’i, kiyimi) ustida afsun qilish, masalan, kuydirish yoki boshqa irimlar (kinna) juda samarali natija beradi deb hisoblaganlar.
Odamlar quyoshning chiqishi, yomg’irning yog’ishiga sehrgarlik yordamida ta`sir qilish mumkin, degan tasavvurga ega bo`lganlar.
FETISHIZM – moddiy predmetlardagi g’ayritabiiy xususiyatlarga ishonish, jonsiz narsalarga sig’inishdir. Ibtidoiy odamning ongida har xil moddiy buyumlarning tosh, daraxt, o’simlik keyinchalik turli xayvonlarning suyagi, pati, tumor, sanam va boshchalarda g’ayri tabiiy kuchlar bor, degan xayoliy tasavvurlar paydo bo`lgan.