O’zbekiston madaniyati va san’ati tarixi fanidan O’quv-uslubiy majmua namangan – 2018


Kamoliddin Behzod va uning tasviriy san’at maktabi



Yüklə 0,77 Mb.
səhifə23/70
tarix05.10.2023
ölçüsü0,77 Mb.
#152439
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   70
Мa`ruza matnlari-fayllar.org

Kamoliddin Behzod va uning tasviriy san’at maktabi.
Temuriy davrida tasviriy san’atning Shohruh Mirzodan keyingi taraqqiyoti Kamoliddin Behzod nomi bilan bog’liq. San’atshunoslar mazkur davrni sharhlaganda «Behzod va uning maktabi» degan iborani ishlatadilar. Bu bejiz emas, albatta.
Behzod Shohruh Mirzo zamonida Boysunqur Mirzo tomonidan asos solingan tasviriy san’atning Hirot maktabini takomilga yetkazadi. U hyech bir takrorlanmaydigan nafis va mazmunan boy, ajoyib tasvir namunalari yaratib, o’z nomini abadiylashtirdi.
«Moniyi soniy» ya’ni «ikkinchi Moniy», degan yuksak faxriy unvonga sazovor, hayotligidayoq zamondoshlari tomonidan «nodirlar nodiri», «yaxshilar yaxshisi», «musavvirlar peshvosi», «muhabbatlar yetakchisi» kabi sifatlar bilan ta’riflangan ustoz Behzod jahon tasviriy san’ati tarixida munosib o’rin egallagan. Hatto, yevropalik san’atshunoslar ham Behzod san’ati va mahoratidan hayratlanib uni «Sharq Rafaeli» degan yuksak muqoyasa bilan ulug’laganlar.
Behzodning shaxsi to’g’risida gapirganda, u haqda to’g’ilgan bir afsonani keltirish o’rinlidir: ma’lumki, 1514 yilning avgustida Janubiy Ozarbayjondagi Choldiron tekisligida Eron Shohi Shoh Ismoil (1501-1524) bilan turk sultoni Sulton Salim I (1512-1520) o’rtasida katta jang voqye bo’ldi. Shoh Ismoil jangga ketish oldidan: «Kim biladi, taqdirimda nima bor. Jangda dushman g’olib kelsa, o’larman yoki qochib qutularman. Eron mamlakati vayron va talon – toroj qilinar. Biroq Behzodning Sulton Salim Rumiy qo’liga tushishini aslo xohlamayman» degan andishalarga boradi va Behzodni qandaydir bir g’orga berkitishni buyuradi. Shundan so’ng, Behzodni xudoyi taolo panohiga topshirdim, deb o’zi jangga ketadi. U jangdan qaytib kelib, Saroy a’yonlaridan so’ragan birinchi gapi: «Behzod tirikmi? - degan savol bo’lgan». Shoh Ismoil uchun o’z mulki va xazinasining xavfsizligidan ko’ra, Behzodning salomatligi muhimroq bo’lgan. Mazkur rivoyat, garchi haqiqatdan yiroqroq bo’lsa ham, Kamoliddin Behzodning bebaho, noyob hunar egasi ekanligining, katta shuhrat sohibi bo’lganligining bir guvohidir.
Behzod 1455 yili Hirotda hunarmand kosib oilasida dunyoga keldi. Naqqoshlik va musavvirlikka bo’lgan qiziqish unda juda erta uyg’ondi. Behzod ota-onasidan yoshligadayoq judo bo’ldi. Sulton Husayn Mirzo kitobxonasining raisi Mavlona Mirak naqqosh yosh Behzodni shogirdlikka oladi, unga ustoz bo’ladi.
Mavlono Mirak naqqosh Hirotlik bo’lib, uni Said Mirak yoki Xo’ja Mirak ham deb yuritishar edi. U yoshligida o’qsoz edi. Madrasada o’qidi, quro’nni o’rgandi, so’ng xattotlikni egalladi. Otasi dunyodan o’tgach, o’q yoy yasab, shu hunari orqasida kun ko’ra boshlaydi. Imoratlarga kitoba yozish (devorga yozuvlarni naqsh bilan yozish va rasm solish) bilan ham mashg’ul bo’lgan. Musavvir sifatida tanila boshlagandan keyin u Sulton Husayn Mirzo kitobxonasiga boshliq qilib tayinlandi. Sulton Husayn davrida qurilgan imoratlarning aksari kitobasi shu Mavlono Mirak naqqosh qo’li bilan bajarilgan. U o’z hunariga shunchalik mohir ediki, zamondoshlarining yozishiga qaraganda, u bir yillik ishni bir oyda ham bajara olardi. Rivoyat qilishlaricha, Alisher Navoiy tashabbusi bilan Hirotdagi masjidi jome qayta tiklanayotgan paytda bu ishni tezroq bitirish zarur bo’lib qoladi. Biroq Mavlono Mirak, nima uchundir, kitoba ishini paysalga sola boshlaydi. Ishga Alisher Navoiy aralashadi-yu. Mirak naqqosh masjidni bezash va kitoba yozish ishlarini 15 kunda bajaradi. Masjidi jomeni hozirgi kunlarda ham ziyorat etgani kelgan har bir sayyoh yoki mehmon Mavlono Mirakning mazkur noyob san’atiga tahsinlar o’qib ketishadi.
Behzod Mavlona Mirak, Alisher Navoiy, Sulton Husayn Mirzo singari ma’rifatparvar olimlar davrasida tarbiyalanib, tezda mohir san’atkor naqqosh va musavvir sifatida tanildi. U o’z davrigacha bo’lgan tasviriy san’at sohasida erishilgan yutuqlarni mukammal egalladi va musavvirlikda yuksak insoniy fikrlar va boshqa ilg’or g’oyalar bilan sug’orilgan hayotiy tasvirlari bilan tezda shuhrati orta bordi. Mavlono Behzod oldin Alisher Navoiy kitobxonasida ishladi. Mazkur davrda u o’z kasbidagi san’atkorlardan ham mahorat, ham g’oyaviy yo’nalish va uslubda ancha ilgarilab ketdi. She’riy munozara va ijodiy majlislarda, anjuman va yig’inlarda Behzodning ham asarlari muhokama qilinib, har kim o’z mulohazasini bayon eta rva hal qiluvchi fikrni Alisher Navoiy aytardi.
Navoiy va Behzod zamondoshlaridan Zayniddin Vosifiy o’zining «Badoyiul-vaqoye’» asarida Behzod chizgan suratini shoir va uning maslakdoshini hikoya qiladi.
Vosifiy yozadi: «Behzodning san’ati va shuhrati kun va soat sayin oshardi. Uning har bir yangi asari unga g’alaba va shon – shuhrat keltirardi. Ma’lum bo’lishicha, bir kuni usta buyuk amir Alisher Navoiy majlisiga hayotiy mavzu tasvir etilgan miniatyura suratini olib keladi. Unda turli daraxtlar Shohlarida sayrayotgan rang-barang qushlar, har yerda jildirab oqayotgan jilg’alar, chaman gullarga to’la so’lim bog’ juda ko’rkam va tarovatli tasvirlangan edi. Alisher hassaga suyangan, uning oldida esa ehson uchun mo’ljallangan oltin va kumushga to’la idishlar. Miniatyurani ko’rar ekan, amirning yuragi ehtiroslarga to’la va «Ofarin!» deb olqishladi. Keyin majlisning boshqa ishtirokchilariga qarab murojaat qildi: «Bunday ajoyib tasvirga nisbatan sizlarda qanday olqishlar va hayrat paydo bo’ldi?». Xurosondagi mashhur kishilardan biri Alisherning ustozi mavlona Fasihiddin Shunday deydi: «Men bu gulshandagi gullarni ko’rganim hamono, ularning birini uzib olib, sallamga taqmoqchi bo’ldim». Alisherning doimiy suhbatdoshi va do’sti mavlono Sohibdori: «Menda ham Shunday xohish paydo bo’ldi. Lekin agar gullarga qo’limni cho’zsam, daraxtdagi qushlar cho’chib, uchub ketmasmikan deb andisha qildim», - deydi. Xurosonning oqil kishilariga doimo taqlid qilib, hazil – mutoyiba bilan Alisherga tegishib yuruvchi mavlono burxon Shunday deydi: «»Bunday ta’riflardan keyin, mulohaza bilan jim turishni maqul ko’rdim. Agar so’z qotadigan bo’lsam hazrat Mir yuzlarini burishtirib, qovoqlarini chimirishlari mumkin». Hirotning dono va aqllik kishilaridan biri, Alisher «latifatarosh» deb laqab qo’ygan mavlono Muhammad Badhiy deydi: «O mavlono Burxon, agar bu kaltabin va beadablik bo’lmaganida edi, sizning bu so’zlaringiz uchun men hazratimning qo’llaridagi hassa bilan naqd boshingizga tushunar edim». Hazrat Shunday deydi: «Muxtaram suhbatdoshlar ko’p yaxshi so’zlarni aytdilar va ma’no durlarini xo’b sochdilar. Agarda mavlono Burxon bunday qo’rslik va qo’pollikni qilmaganlarida edi, men mana shu tilla va kumushlarni sizlarning boshingiz uzra sochmoqchi edim». Shundan keyin Hazrat Navoiy Behzodga boshdan oyoq anjomlangan ot va majlisda hozir bo’lganlarning barchasiga qimmatbaho to’n taqdim etadi.
Bu dalillar musavvir asarlari zamondoshlari tomonidan qanchalar yuksak baholanganligini ko’rsatadi.
Behzodning doimo Alisher Navoiy va uning yaqin fikrdoshlari diqqat – e’tiborida bo’lganining isbotidir. Uning murabbiysi Alisher Navoiy garchi u haqda aniq bir fikr qoldirmagan bo’lsa ham, do’stlaridan biriga yozgan bir maktubidan o’sha davr musavvirlari orasidagi Behzod mavqyeini yaqqol tasavvur qila olamiz:
«Firoqnomakim yuborilibdur – tasvir qililsun deb, ani tasvir qila olur kishi Ustod Behzoddir va bu yaqinda Ustodi mushorunilayhni (Sulton Husayn) Mirzo tilab oldilar: o’z qoshlarida bog’da hujra yasatib ish buyurdilar. Yana andoq kishiki, ul kitobatqa munosib ish qila olg’ay – yo’q erdi». Ha, Sulton Husayn Mirzo naqqoshlik va musavvirlikda kamolot cho’qqisiga ko’tarila boshlagan. Behzodni o’z saroyida ishlatishni lozim ko’radi va uni o’z kitobxonasining raisi qilib tayinlaydi. Bu mansabni topshirish to’g’risidagi nomaning matni Xondamirning «Nomai nomiy» asarida keltiriladi: «Hirot kitobxonasining boshlig’i (mansabi) uchun Ustod Kamoliddin Behzod nomiga berilgan nishon…».
Yevropalik san’atshunos olimlar Behzodning Sharafiddin Ali Yazdiy (vafoti 1454) «Zafarnoma»siga chizgan suratlariga yuqori baho beradilar. Bu asardan 1467 yili sulton Husayn Mirzo xazinasi uchun sherali xattot nasta’liq yozuvida nusxa ko’chiradi. Har biri ikki sahifali oltita qo’shaloq suratlarda 1490 yil ko’rsatilgan. Qo’lyozmada jami bo’lib 12 ta tasvir bor. Demak, uni XV asrning 90-yillarida tasvir qilingan deyish mumkin. Qo’lyozmaning 69-sahifasida Shoh Jahongirning 1605 yilda o’z qo’li bilan yozgan quyidagi so’zlarini o’qiymiz: «Bundagi sakkiz surat Behzod qo’li bilan chizilgan. Kitob menga bobom Humoyundan qolgan. Taxtga chiqqan kunim yozdim – 1037 yil, h. 1605. Jahongir ibn Akbar».
«Zafarnoma»ning mazkur nusxasi hozir baltimordagi Jon Xopkins universiteti kutubxonasida saqlanmoqda (AQSh). Yevropalik olimlardan R.Etingauzen o’zining Islom qomusiga yozgan maqolasida barcha suratlar Behzod mo’yqalamiga mansubligini va ular Behzod ijodiyotining ilk davrida yaratilganligini yozgan. Ingliz sharqshunos olimi T.V.Arnold 1930 yili mazkur «Zafarnoma» nusxasidagi suratlarni rangli holda alohida kitob tarzida nashr etadi. U o’z kitobida «Zafarnoma»dagi Behzod chizgan suratlarga xos xislatlar haqida gapirib, Behzod suratgarligida ko’m – ko’k butazorlar bilan zamin sathi ziynatlangan bo’lishi, manzaralarning jonli va jozibali chiqishi undan oldin o’tgan va zamondosh musavvirlarnikidan afzalroq chiqadi, deb yozadi.
Mazkur qo’lyozmadagi Behzod chizgan suratlar turli tarixiy voqyelar, jang holatlari, saroydagi qabul marosimi, Samarqandda binokorlik ishlari va boshqalarni aks ettirib, faqat kitob mazmuniga taaluqli suratlardir. Bulardan birinchi qo’shaloq surat Amir Temurning bog’da o’tkazayotgan qabul marosimini tasvirlaydi: o’ng tomondagi sahifada Amir Temur va uning yaqin kishilari, so’l tomondagisida esa – tantanali qabul marosimiga kelgan turli mamlakat elchilari va Saroy mansabdorlari. Ulardan ikkitasi kursida, har xil kiyimli yana beshtasi esa, Amir Temur qarshisida tavoze bilan turishibdi. Elchilardan bir to’dasi eshik yonida to’planishgan. Amirlar ortida turgan xodimlar orasida ko’p habashlar ham bor. Ana shu sahnada o’nlab kishining tasviri bo’lishiga qaramay, musavvir o’z maqsadiga erishgan, kishilar surati jonli va tasvirdagi mazmun tushunarli va ishonarli chiqqan. Bu hol, yuqorida qayd etilganidek, faqat Behzod ijodiyotida mavjuddir.
«Zafarnoma»dagi ikkinchi surat Xiva qal’asining Amir Temur qo’shinlari tomonidan qamal qilinishini tasvirlaydi. Tasvir baland, mustahkam qal’a, yonda tok chirmashgan ulkan chinor… Musavvir jangning eng qizg’in paytini tanlab olgan: qal’a himoyachilari kungurali baland tik devor ustidan dushman ustiga o’q yog’dirib, katta xarsang toshlar irg’itishmoqda. Ammo Amir Temur askarlari qal’a darvozasiga kiraverishdagi ko’tarib qo’yilgan osma ko’prikni tushirishga muvaffaq bo’lganlar. Ilg’or qismdan suvoriylar qal’a ichkarisiga kirib bormoqda. Ba’zilariga o’q tegib, otdan ag’darilgan. Qal’a himoyachilari orasida xotin-qizlar ham bor. Tasvirning aniqligi, jangchi va otlarning tez, chaqqon va shiddat bilan harakat qilishi, jonliligi sezilib turadi. Jang shiddati chinor shoxlari, barglarni ham titratayotgandek tuyuladi.
Uchinchi surat tog’dagi jang manzarasidir. Amir Temur qo’shinlari Oltin O’rda xoni To’xtamish (1381-1395)ning qo’shinidan qolgan-qutganlarini tor-mor keltirmoqda. Musavvir Amir Temur qo’shini, uning tuzilishi, qurollari va afzalliklarini bilgan holda, uning har qanday sharoitda ham jang qila olish qobiliyatini ko’rsata olgan. Askrlar tog’ning chiqib bo’lmaydigan, tik, chuqur daralariga to’rt – besh jangchini zambilda chilvir bilan tushirmoqdalar. Bu Behzodning nihoyatda kuzatuvchan mohir musavvir bo’lganligining yana bir isbotidir. Keyingi suratlarda Samarqanddagi Amir Temur tashabbusi bilan avj oldirilgan binokorlik ishlari tarannum etiladi. Faqatgina shu Behzod asarlari tufayligina asrlar bo’yi jahon xalqlarini o’z muhtashamligi va ko’rki bilan hayratga solib kelgan me’morchilik obidalarining haqiqiy ijodkorlari ko’z oldimizda namoyon bo’ladi. Ular oddiy mehnatkash xalq vakillari; tarix sahifalarida ularning nomi deyarli qolmagan bo’lsa ham, o’zlaridan o’lmas yodgorlik qoldirdilar. Bu me’morchilik obidalari o’tmish madaniyatimiz taraqiyotidagi bir bosqichning jonli guvohidir.
Rasmlarning birida Bibixonim madrasasini bunyod etish jarayonidan bir lavha berilgan. Ustalar o’ziga tegishli ish bilan band, ular turli holatlarda, tinimsiz mehnat qilayotgandek. Binoning asosiy qismi – nafis gullar bilan bezatilgan ayvon esa qurilib bo’lingan: pastda ishchilarning bir qismi devor yuzasini qoplash uchun ishlatiladigan og’ir marmar taxtalarni tashimoqdalar, boshqalari bo’lsa, g’isht teruvchilar uchun loy tayyorlamoqdalar. Eng yuqorida qo’lida bir shaklni (binom odeli bo’lsa kerak) ushlab turgan kishi bor. Bu binoning bosh me’mori bo’lsa kerak.
Ikkinchi surat binoni pardozlash jarayonini tasvirlaydi. Duradgorlar taxta qirqib, randalashmoqda. Tosh yo’nuvchilar marmar taxtalarni o’yib, naqshlash, sirkor plitalarga pozik chiziqli gul tushirish bilan band. Nazoratchi ulardan birini kaltaklamoqda. Oldinda marmar taxtalar ortilgan arava… tasvirda qurilishga ishtirok etayotgan negr (hindu)larni ko’ramiz. Hindistonlik usta va ishchilar, fillar Temur Hindistonga qilgan harbiy yurishidan so’ng bu yerga olib kelangan. Tasvirning aniq va hayotiyligi naqqoshning Hirotda Alisher Navoiy tashabbusi bilan avj oldirilgan qurilish ishlaridan ilhomlanganining dalilidir. Navoiy Farhodning yaratuvchilik mehnatini kuylagan bo’lsa, mohir rassom buni to’g’ri angladi va ko’pchilik xalq mehnatini sharafladi. Bu jihatdan Behzod O’rta Osiyo xalqlari san’ati tarixida birinchi insonparvar rassomdir.
Behzod portret janrining boshlovchisi va mohir ustasi bo’lgan. Zahiriddin Muhammad Bobur Sulton Husayn Boyqaro davridagi hirotlik madaniyat arboblariga baho berar ekan, ta’kidlab aytadiki: «Mashhur musavvirlar qatoriga Behzod munosibdir. U badiiy mahoratning nozik jihatlarini egallagan. Lekin soqolsiz yuzlarni yomon tasvirladi. Ularni me’yoridan tashqari cho’zinchoq holatda berdi. Soqolli kishilarning chehralarini juda maromiga yetkazdi».
Behzodning homiysi bo’lgan Husayn Boyqaro tasvirangan bir qancha miniatyura ishlari yetib kelgan. Ular 1485 yilga (Tehron muzeyi to’plamlaridan) mansub ekanligi miniatyuralarda yozilgan. Ikki qismli asarning chap tomonidangullagan bog’ o’rtasida tantanavor holatda, qo’lida gul ushlab turgan Sulton, uning atrofida esa ko’pgina ayollar tasvirlangan. Ular Sulton haramiga mansub bo’lib ko’rkam gilamda o’tirgan, gullar oralab sayr etayotgan, shehr mutolaa qilayotgan, arfa – changlar salayotgan holatlarda, xizmatkorlar va sharobli jom va qadahlar bilan birgalikda aks ettirilgan (ma’lumki, Husayn Boyqaro mayning ishqibozi bo’lgan). Asarning unchalik katta bo’lmagan hajmi faqatgina umumiy ko’rinishni namoyish etadi.
Husayn Boyqaroning kishi diqqatini jalb etuvchi, uning o’ziga xos xususiyatlarini ochib beruvchi portret Behzod tomonidan XV asr oxirlarida qayta ishlangan. Unda Husayn Boyqaro shaxsi yorqin ochib berilgan. Boshqa miniatyurada Sulton oyoqlari yig’ilgan holatda o’tirgan, bir quli tizzasiga tushirilgan, biri yarim bukilgan, barmoqlari esa «muhokama qilayotgan» tarzda. Egnidagi Shohona qabosining yuqori qismi zariplarda naqshlangan, kamarbandida esa oltin to’g’nag’ich o’rnatilgan. Boshida jig’ali xushbichim salla. Uzunchoq soqoli yuziga o’zgacha ko’rk baxsh etgan: sultonning ko’zlari cho’zinchoq, bejirimgina labining ustki qismida, mo’ylovi bor. Ot ustida o’tirgan holatdagi boshqa miniatyuralarda ham. Sulton Husayn shu ko’rinishda (Buston Nafis san’ati muzeyi) tasvirlangan. Sulton Husaynga temuriylarning kenja shahzodalaridan biri Zahiriddin Muhammad Bobur ta’rif bergan. Ta’rifga ko’ra, uning qiyofasi bekami ko’st. Boshqa asarlarda sulton xushro’y, zabardast, tantanavor, kiyinishni juda xush ko’ruvchi, jasur sarkarda, zukko va teran aql – zakovatli, Shuningdek yuksak badiiy qobiliyat va iste’dod sohibi sifatida o’z atrofiga ilm ahli, shoirlar, din ahli, musavvir va musiqachilarni to’plagan holatda, namoyon etiladi. Behzod miniatyura portretlarida Sulton shu tarzda ko’rsatiladi.
Shayboniyxon 1505 yilda Hirotni bosib olgandan keyin Behzod uning portretini ham ishlagan. Portretda Shayboniyxon Husayn Boyqarodan boshqasa tarzda ifoda etilgan. Xon odmigina bezaksiz qaboda. Boshida qizil kulohga sala o’ralgan va unga jig’a qadalgan. Yuzi keng, soqollari hurpaygan. Bu ikki portret xuddi boshqa – boshqa rassom tomonidan butunlay farqlanadi. Sulton Husayn ochiq rangli libosda, u qiygan qabosining ko’krak va yelka qismlari zardo’zi naqshlangan. Shayboniyxon esa oddiygina ko’kish-kulrang qaboda. Bu esa u o’tirgan to’q qizil gilam rangiga zid ravishda olingan. Ranglar go’yo birining nafis qiyofasini, ikkinchisining esa o’ta jiddiy ekanligini ta’kidlaydi.
Behzodning portret juda real ishlanganligi haqida Mahmud Ziyniddinning Sulton Husayn davridagi Hirotning «Iste’dodli yoshlari» hikoyasi ham guvohlik beradi. Behzod kartinalaridagi dunyo maftunkor. U mukammal va latif bir nafosat bilan tasvirlangan. Borliq hodisalari orasidagi umumiylik va xususiylik maishiy turmush ziddiyatlarini bartaraf etuvchi shakl sifatida namoyon bo’ladi. Uning miniatyurasidagi odamlar faol harakatda, aniq ma’no anglatuvchi qilib tasvirlangan.
Kamoliddin Behzod Hirot, Buxoro, Samarqand, Bag’dod, Sheroz va Tabriz miniatyura tasviriy san’at maktablariga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Bu o’sha davr miniatyuralarida musiqiy asboblar tasvirida ham yaqqol ko’rinadi.
Alisher Navoiy Kamoliddin Behzodning ijodkor sifatida dunyoqarashi shakllanishiga ta’sir ko’rsatgan, unga muruvvat ko’rsatib, xomiylik qilgan. Shu boisdan Behzod ijodida musiqa olamiga alohida e’tibor qaratilgan. Miniatyura tasvirlaridagi ko’pgina musiqachilarning belidan belbog’lari ham e’tiborni tortadi. Ma’lumki, belbog’ so’fiylik tariqatiga kirgan kishi libosining ajralmas qismidir. Ayrim musiqa asboblari ham so’fiyona tariqat a’zolari hayotida alohida o’rin tutgan. Xususan, nay ular uchun poklik, adolat, to’g’rilik ramzi hisoblangan. Rumiy uni quyidagicha tasvirlaydi:
Tinglagil, nay ne hikoyat aylagay,
Ayriliqlardan shikoyat aylagay.
Nay ayriliq azobini tortayotgan qalb iztiroblarining ramzi hamdir. Miniatyuralardan birida Majnunning Layli chodiri yonida holati tasvirlanadi. Yuqori kompozisiyada ishq tufayli qalbi iztirobga to’lgan Majnun va nay chalayotgan cho’pon bir osmon tagida, bir makonda tasvirga olinadi. Sevgi dardida telbaga aylangan oshiq dardini ayriliqdan azob chekayotgan qalb ramzi bo’lgan nay hikoya qiladi-yu shu boisdan nay chalayotgan po’pon obrazi chuqur falsafiy ma’noga ega.
Kamoliddin yaratgan va uning maktabiga mansub miniatyuralardagi har bir jihat, rang, ishora, u yoki bu personaj davr, hayot, kishilar haqida falsafiy muShohada yuritish imkonini beradi.
XX asrda hammaga ma’lum bo’lgan «Behzod – sharq Rafaeli» degan o’xshatish unchalik to’g’ri emasga o’xshaydi. Unda sharqona g’ururga bir oz putur yetgandek, g’arbni baholashda biroz ortiqchalikka o’rin berilgandek tuyuladi.
Sharq naqshlarining aqlni lol qoldiruvchi jozibasi va Malevichning «Qora kvadrati»ing og’ir hislatlari, Jakondaning istehzoli tabassumi va Behzod miniatyuralarining aql bovar qilmas nazokati – bularning barchasi beqiyos ahamiyatga ega bo’lib, inson zakovatining qudrati va uning butun borliqni hayajonga solguvchi sirli liqat ekanligidan dalolat beradi. Behzodning «Bog’dodlik darvesh» nomli ajoyib portret uning yuksak mahoratidan dalolat beradi. Behzod bu portretda nihoyatda nozik ruhiy obraz yaratadi. Bu bilan miniatyurani rassomlarning yuksak mahoratga ega ekanliklarini, ular akademik qalam va rangtasvir an’analarini ham bilishlarini isbotlaydi. Behzod qo’l qovushtirib, jim o’tirgan odamning kayfiyati va yuz ifodasini muvaffaqiyatli ifodalaydi. Sala o’ralgan oq qalpog’ Behzod mansub bo’lgan naqshbandiya tariqatidagi darveshlarning ramzi hisoblanadi. Darveshning yelkasiga movut chakmonqabo tashlangan. Uning ustida ko’k ko’ylak ko’rinadi. Tomoshabinning ko’zi eng muhim narsa – diqqat bilan, osoyishta sirli boqib turgan ko’zlarga tushadi. Bu portretda g’ayritabiiy tarzda mavhumlik va borliq, maishiy kayfiyat va ma’naviy holat bir – biriga qorishib ketgan. Oltin rang fondagi nozik bezakli portretning har bir burchaklaridagi so’fiyona yozuvlar uning ta’sirchanligini oshirgan. Shu davrlarda Leonardo do Vinchining «Mona Liza Jakonda»si yaratildi («Darvesh portreti» 1500 yili chizilgan bo’lsa, «Jakonda» 1503-1506 yillarda yaratilgan). Bu asar Yevropa portret an’analarini biroz boshqacharoq tarzda namoyon qildi.
Bu asar Behzodning ishi bilan muqoyasa qilinganda unda obrazlar tashqi ta’sirida ham, lahzalik psixologik holatlar tasvirida ham mushtaraklik seziladi. Gavda, qo’llar holati, ko’z qarashlar, umumiy ruhiy holatlar nuqtai nazaridan har ikala portret bir – biriga yaqin keladi. Tashqi dunyo va hissiy holatni ulug’lagan antik estetikadan farqli o’laroq. Behzod va da Vinchi asarlarida hissiy talqindan ko’ra, ruhiy kayfiyat ustunroq turadi.
Behzodga ham, Leonardo da Vinchiga ham antik estetika yotdir. Ular aniq «hissiy ko’rinish»ni rad etib, har ikkalasi ham o’z obrazlarining ma’naviy holati va ichki hislarini berishga intilishadi. Ayna shu tarkibiy-musiqiy umumiylik «tushunadigan kuzatuvchiga ko’p ma’noli qarash qilayotgan» obrazlar talqinida rassomlikni birlashtiradi. Shunday qilib, har ikkala obrazning o’ziga xos xususiyatlariga qaramay, ularning talqinidagi umumiylik Behzod ijodi XV-XVI asrlar Yevropa badiiy an’analarni bilan shaklinigina emas, mohiyatan ham bog’liq ekanligidan dalolat beradi.
Ravshan hayotiy manzara, kishilar tasviridagi jonlilik mehnatkash xalq hayotiga, uning mashaqqatli mehnatiga ko’proq murojaat qilish, ortiqcha dabdabaning yo’qligi Behzod yaratgan tasviriy san’at asarlarining o’ziga xos xususiyatga ega ekanligini ko’rsatadi. Nom chiqargan har qanday mohir usta singari Behzodning ham o’nlab shogirdlari bor edi. Masalan, uning eng yaqin shogirdi Qosim Ali ustozidan qolishmadi va zamondoshlari tomonidan yuqori baholandi. Tarixchi Haydar Mirzoning yozishicha, Behzod shogirdlari Qosim Ali Chehrakusho (portretist)dan tashqari, Maqsud va Mulla Yusuf kabi naqqoshlar bo’lganini; Ali Mustafo Shayxzoda Xurosoniy va Og’a Mirak bo’lganini; Qozi Ahmad esa, Do’st Devona va uning otasi Muzaffar Ali bo’lganini eslab o’tadi. Qozi Ahmad Qohirada saqlanayotgan Sa’diyning miniatyurali «Bo’ston»ini (1488) yaratishda Behzodga yordam bergan Yori Muzahhibni ham Behzoddan ta’lim olgan deydi.
Safariy davri tarixchisi Iskandar Munshiy Behzodning Tabrizda yetishtirgan shogirdlaridan biri muzaffar Ali bo’lganini ta’kidlaydi.
Shoh Muzaffar (1481-1505). Mirza Haydar Mirzo zamonidagi musavvirlar haqida yozar ekan, uni birinchi bo’lib tilga oladi. Shoh Muzaffar haqida u quyidagilarni hikoya qiladi: «Shoh Muzaffar ustod Mansurning o’g’lidir. Sulton Abusaid zamonida bundan bextari bo’lmagan. Mo’yqalami borik (ya’ni ingizka) va noziklikda tengi yo’q edi. 24 yoshida vafot etdi. Umrimiz muddatida sakkiz majlisni tamom qildi. San’at ustodlari uni g’oyat hurmat qilishar edi». Zahiriddin Muhammad Bobirning «Bobirnoma» asaridan musavvir o’tmishdoshimiz Shoh Muzaffar haqidagi quyidagi qaydlarni topamiz: «Yana Shoh Muzaffar edi, tasvirni ko’p nozuk qilur edi. Tash’irni (ya’ni she’rni – sochni) xud guzaro nozuk qilur edi. Xili umr topmadi. Yana bir tasnifi bor, ul tasnifi tasavvuftadir, yomon emas… Taraqqiy mahalida – o’q olamdin bordi (ya’ni vafot etdi)». «tarixi Rashidiy» va «Boburnoma» asarlaridagi mazkur qaydlar Shoh Muzaffarning tasvir va xattotlik sohasida o’ziga xos original iste’dodga ega bo’lganini, o’z davrining mohir musavvirlaridan bo’lganligidan dalolat beradi.
Badiuzzamon Mirzo. Nasta’liq va boshqa xatlar ustasi: temuriyzoda sulton Husayn Boyqaroning katta o’g’li, Seiston va balx (1495-1505) hokimi. Alisher Navoiyning muxlisi va shogirdi. Otasidan keyin taxtga ega bo’lgan (1506) bo’lsa-da, bir yildan so’ngra ko’chmanchi o’zbeklar xoni Shayboniyxon tomonidan mulki olinib, Eron ahllari bilan Tabrizga ketadi. Turkiya Sultoni Salim Tabrizni 1514 yil istilo etganda uni Istambulga olib ketadi. Keyinroq 1517 yilda o’sha yerda vafot etadi. Badiuzzamon yaxshigina xattot va musavvir bo’lgan. Navoiy «Majolisun nafois» asarida uning to’g’risida Shunday yozadi: «Badiuzzamon Mirzo husin surat va husni siyrat bila orasta, jamoli zohiriy va kamoli botiniy bila piyrosta yigitdur».
Sulton Muhammad. Naqqosh va musavvirlikni Sulton Husayn zamonida egalladi. Sulton Husayn vafotidan so’ng mamlakatda besarishtalik avj olgach, u Tabrizga ko’chadi. U yerda Sulton Muhammad Hirot tasviriy san’at maktabida olgan bilimlari asosida qator shogirdlar yetishtirdi. O’g’li Ustod Mahdi Haraviy va Shoh Ismolning o’g’li tahmosi shulur jumlasidandir. Behzod vafotidan so’ng Tabrizda uning tasviriy san’atdagi an’analarini davom ettirdi, naqqoshlik va tasvirda o’z ustozi behzod uslubiga sodiq qoldi. Afg’on olimi Ali Ahmad Naimning yozishiga qaraganda, Sulton Muhammad XVI asrning so’nggi choragida vafot etgan.
Sulton Muhammad qo’li bilan chizilgan suratlarni ko’zdan kechirar ekanmiz, ularda Hirot tasviriy san’at maktabiga xos belgilarni ko’ramiz.
Mavlono muzaffar Ali naqqosh. Tabrizik. Ustod Behzodning jiyani (singlisining o’g’li) Mavlono Haydar Alining o’g’li. Naqqoshlar to’g’risidagi tazkira muallifi Sodiqiy kitobdor naqqoshlik musavvirlikni shu Mavlono Muzaffar Alidan o’rgangan. Shoh Taxmosi Muzaffar Alining ishlarini Behzodnikidan ustun qo’yar edi. Mavlono Mir Ali va Mavlono Sultonali singari yozuv ustodlarining qit’alarini ko’chirganda ularning yozuvidan hyech bir farq qilmas edi. Sodiqiy kitobdorning yozishiga ko’ra, u satranjni g’oyibona ham mohirlik bilan o’ynar ekan. Kazvinda vafot etgan.
Ustod Kamoliddin Behzod yaratgan badiiy tasvir maktabi an’analari O’zbekistonda bir hayotligi nihoyatda quvonarli hodisadir. O’zbek musavvirlarining yangi asarlarini jahonning yirik san’ati xazinalarida ko’rish mumkin.
Behzod tabiatan salobatli bo’lgan. U hayotni terang anglab, uning barcha qatlamlarini tasvir etishni orzu qilib, shu maqsad sari intilgan. Shu bois uning ilhombaxsh nafis san’ati hamisha odamlar qalbida hayrat va minnatdorlik tuyg’ularini uyg’otadi. Bu his – tuyg’ular ifodasini rivoyatlar va she’riy satrlarda uchratish mumkin.
Albatta, ustalarga Olloh bergan,
Ammo yaratmoqqa o’zlari ham jur’at bilan ishlashadi.
Hofiz yoxud Behzod qalb qo’rlari bilan,
Ilohiy bir go’zal olov yoqishdi.
Xanjar uchqun sochar – nur to’la Farhod uyi…
Agar sen daho bo’lsang, o’jarlik bilan mehnat qil…



Yüklə 0,77 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   70




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin