2. Boburiylar davrida Hindiston madaniyati Tarixdan bilganimizdek, Boburiylar sulolasi namoyondalarining aksariyati o‘zlari shoir va tarixchi bo‘lishi bilan birga olim, musavvir, musiqachi, me’mor va shu kabilarni qo‘llab-quvvatlab, taqdirlab, hamisha ularga homiylik qilganlar, fan va madaniyatning gullab-yashnashi, me’morchilik, rassomlik, qurilish, iqtisod va savdo-sotiqning yuksalishiga ulkan hissa qo‘shganlar. Xumoyun davrida oltita yirik tarixiy asarlar yaratildi, shu jumladan, Mirzo Xaydarning “Tarixi Rashidiy”, Ibrohim bin Jarirning “Tarixi Xumoyuniy”, Mehtor Javharning “Tazkirat al-voqeoti Humoyuniy”, Fayzi Sirhindning “Tarixi Humoyunshohiy”, Gulbadan begimning “Xumoyunnoma” va nihoyat boyazid Bayotning “Tarixi Xumoyun” asarlari insho qilindi.
Akbarshohning yarim asrlik hukmronligi davrida 25 dan ziyod tarixiy asarlar yozildi. Bular orasida umumiy tarix, Hindiston tarixiga bag‘ishlangan Mulla Ahmad Tattaviy rahbarligida bitilgan “Tarixi alfiy”, Orif Qandahoriyning “Tarixi Akbariy”, Nizomiddin Heraviyning “Taboqati Akbariy”, Abdulqodir Badauniyning “Muntaxab at-tavorix”, Abulfazl Muborakning “Akbarnoma” asarlari va boshqalar shular jumlasidandir.
Jahongirshoh davrida 22 ta tarixiy asar yaatildi. Ular orasida Tohir Sabzavoriyning “Ravdat at-Tohiriy”, Skandar Gujarotiyning “Mir’oti Skandariy”, Xokiyi Sheroziyning “Muntaxab at-tavorix”, Ne’matulloh Xeraviyning “Tarixi Shohjahoniy” asarlari alohida o‘rin tutadi.
Shoh Jahon hukmronligi davrida yaratilgan ilk asarlardan biri Muhammad Sharif Dekaniy qalamiga mansub “Majolis as-salotin” bo‘lib, u Jahongir paytida yoza boshlangan va Shoh Jahon hukmronligining birinchi yili yozib tugallangan. “Podshohnoma” asarining muallifi Muhammad Amin Qazviniy shoh Jahonning saroy tarixchisi edi va u o‘z asarini imperatorning farmoni bilan ta’lif etgan. YAna bir “Podshohnoma” asarining muallifi Shoh Jahon davlatining mashhur rasmiy tarixchisi Abdulhamid Loho‘riydir. Uning shogirdi Muhammad Voris Loho‘riy “Podshohnoma”ni yakuniga etkazdi.
Boburning o‘g‘li Humoyunshoh dunyoviy ilmlardan matematika va falakiyotga qiziqardi. Shuningdek musiqaga ishtiyoqmand edi. U saroydagi faylasuflar, munajjimlar, shoirlar, din peshvolari va boshqa ilm ahllari bilan suhbatlar o‘tkazardi. Humoyun Erondan ikki mohir rassomni Dehliga taklif etib, ulardan o‘ziga va o‘g‘li Akbarga rassomlikdan dars berishlarini iltimos qilgan. Uning she’riyatga iqtidori kuchli bo‘lib, turkiy va forsiy g‘azallar bitardi, g‘azallari devon shaklida tartib topgandir. Tarixchilarning guvohlik berishicha, Humoyunning ukasi Askariy Mirzo harbiy saohiyatli, adib va shoir tabiat kishi bo‘lgan, boshqa bir ukasi Hindol Mirzo ham dilovar va olim inson edi. Uning saroyida ulamolar, shoirlar va din ahllari tarbiya topganlar. U ham she’riyatga qiziqardi, o‘zi ham turkiy va forsiy tillarda g‘azallar yozardi.
Boburning qizi Gulbadan Begim o‘z zamonasining eng o‘qimishli, oqila va donishmand ayollaridan edi. U “Humoyunnoma” nomli ajoyib va qimmatli asar yozdi. Asar Bobur bilan Humoyunning hayoti va sarguzashtlarining muxtasar tarixi bo‘lib, mantiqan “Boburnoma”ning davomidir. Boburning o‘g‘li Komron Mirzo iqtidorli shoir bo‘lgan, Bobur an’analarini davom ettirib, o‘z atrofiga olimlar, shoirlar me’morlarni to‘plagan, bog‘-rog‘lar, kanallar, binolar bunyod etgan. Boburning xolavachchasi toshkentlik Mirza Muhammad Haydar ham Hindiston, Tibet, Qashqar atroflarini kezib, “Tarixiy Rashidiy” voqeanomasini yozib qoldirgan.
Akbarshoh davri uchun ikki asosiy madaniyat musulmon va hindu madaniyatlarining uyg‘unligi xarakterlidir. Chunonchi, Fatpur Sekri shahri qurilishida hindu elementlari o‘z ifodasini topgan, ya’ni unda bir-biriga ulanib ketgan gul shodalari shaklidagi hindcha naqshlar mavjud. Ba’zi bir karnizlar jonivorlarning tasviri bilan bezatilgan, saroy xonalarining biridagi devorda qushlar va hayvonlar aks ettirilgan. Keyinchalik Avrangzebning buyrug‘iga binoan devorlardagi bu naqsh-rasmlar o‘chirib tashlangan. Ma’lumki, islom aqidalariga ko‘ra jonzotlarning rasmini chizish taqiqlangandi. Ayrim shoirlar mashhur hind dostonlaridagi mavzularda ham ijod qildilar. Akbar davridagi yirik forsiyzabon shoirlardan Abul Fazliyning ukasi Fayziyning “Nal va Daman” asari shular jumlasidandir. Abul Fazl ham o‘zining “Oini Akbar” (“Akbarning ko‘rsatmalari”) asarida qadimgi Hindistonning falsafiy ta’limoti, hindularning urf-odatlari va og‘zaki adabiyotiga alohida e’tibor berdi.
Akbar hukmronligi davrida (1556–1605) maxsus davlat tasviriy san’at korxonasi va rasmlar bo‘lmasi – naqqoshxona ta’sis etilgan. Naqqoshxonada Hirot rangli nafis suratlar (miniatyura) maktabi namoyandalarining nodir tasviriy asarlari saqlanar va bu ijodiy kamolot namunalari asosida talabalarga dars berilardi. Adabiyot sohasida ham bir qator asarlar yaratildi. Akbarshohning farmoniga muvofiq “Boburnoma”, “Temurnoma”, “Chingiznoma”, Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, “Kalila va Dimna”, Jomiyning “Bahoriston”, Nizomiyning “Xamsa”si, “Mahabhorat”ning fors tilidagi tarjimasi, “Ramayana” va boshqa bir qancha asarlar qo‘lyozmasi rangli nafis suratlar bilan bezatildi. Bu ajoyib san’at namunalarini ijod etishda Mir Sayid Ali va Xo‘ja Abdusamad bilan birgalikda iqtidorli hind musavvirlari Basavan, Dasvant, Madxu, Miskin, La’l, Kesu va boshqalar ham faol ishtirok etganlar. Jahongir o‘zining bobokaloni Boburga taqlidan o‘z tarjimai holi va o‘n etti yillik hukmronlik davrini qamrab olgan “Tuzuki Jahongiriy” (“Jahongir tuzuklari”) nomli asarini yaratgan. Mazkur asar “Jahongirnoma” nomi bilan mashhurdir. JahongirShohning til va adabiyot, tarix sohasidagi is’tedodi mazkur asaridan ham ma’lum. U turkiy eski o‘zbek tilini mukammal bilishi bilan faxrlangan. Nihoyatda nazokatli va nozik ta’bga molik bo‘lgan Jahongir ayniqsa tasviriy san’at bilan qiziqqan. Buxorolik Abulhasan va Usta Mansur uning tarbiyasi va homiyligi tufayli tasviriy san’atda kamolot pog‘onalariga ko‘tarilganlar. Abulhasan mo‘yqalamiga mansub bo‘lgan asarlardan Jahongir va Shoh Jahonning suratlari bizgacha etib kelgan. Jahongir o‘z saroyiga olimlar, shoirlar, rassomlar, musiqachilar va turli kasb-hunar egalaridan etuk kishilarni yig‘ib, ularga homiylik qilardi. Saroyda g‘azalxonlik anjumanlari bo‘lib turar, Jahongirning o‘zi ham she’r aytardi.
Boburiylardan to‘rtinchi podsho Shoh Jahon fors tilida ravon gapirar, turk va hind tillarini ham yaxshi bilar edi. U qilichbozlik, ov qilish, she’riyat, musiqa va nafis san’atga juda qiziqqan. Boburiy malikalardan Shoh Jahonning qizi Jahonaro Begim (1614–1681) mashhur shoirlardan edi. Onasi mumtoz Mahalbegim vafot etganda u 17 yoshda bo‘lgan. Husn-latofatda, aql-idrokda va ilmu odobda benazir bo‘lgan. Jahonaro begim saltanat ishlarini boshqarish, ichki va tashqi siyosat hamda diplomatiya masalalarida otasiga o‘zining oqilona maslahatlari bilan yordamlashgan, me’morlik, obodonlashtirish ishlariga rahnamolik qilgan. Agrada qurilgan jome’ masjidining tarxini Jahonoro Begim chizgan. Shuningdek Dehli, Surat, Ambola, Behal va Panipat shaharlarida karvonsaroylar qurdirgan. Loho‘rda katta bog‘, Kashmirda “Pari mahal” (“Parilar saroyi”)ni bunyod ettirgan. Shohjahonobodda Alimardonxon ariq qazdirib, naqshinkor hovuz qurdirgan. Jahonoro begim g‘azallar bitgan, ilm-fanga bag‘ishlangan “Risolayi Sohibiya” (“Do‘stlik haqida risola”) nomli asar yozgan.
Shoh Jahon davrida ham ma’rifat, ilm-fan, adabiyot va san’at rivojiga katta e’tibor berilgan. Yirik shoir va olimlardan Abdul Hamid Loho‘riy “Podshohnoma”, Amin Qazviniy “Podshohnoma”, Inoyatxon “Shoh Jahonnoma”, Muhammad Solih “Amaliy Solih” asarlarini yozishgan. Ularda boburiylar saltanati tarixi batafsil yoritilgan.
Shoh Jahon Dehlining markazida Hindistondagi eng katta va salobatli jome’ masjidini, Agra shahrida esa qizi Jahonaro sharafiga katta jome’ masjidini qurdiradi. Dehlida qizlari Jahonaro va Ravshanaro sharafiga maqbaralar bino etilgan. Kashmirda nihoyatda go‘zal Shalimar va Nishot nomli bog‘lar barpo qilingan.
Shoh Jahonning to‘ng‘ich o‘g‘li Doro Shukuh boburiylar saltanatidagi iste’dodli olim va katta ma’rifatparvar shaxs edi. Boburiylar xonadoni u bilan faxrlanardi. U arab, fors, sanskrit tillarini yaxshi bilgan va she’rlar yozgan. Hindshunos tarixchi olim Ilyos Hoshimov ta’kidlaganidek, Doro Shukuh hind xalqining qomusiy kitoblarini, tasavvuf falsafasiga oid bir qancha kitoblarni fors tiliga tarjima qilgan. Avrangzeb davrida olimlardan Hafixon “Mutaxab ul-lubob” asarini yozib tugatadi. Mirzo Muhammad Kozim “Olamgirnoma”, Muhammad Soqiy “Maosiri Olamgiriy”, Sujan Ray Xatri “Xulosot ul-tavorix”, Bxemsen “Nushkai dilkusho”, Ishvar Das “Fatuxoti Olamgiriy” asarlarini yozganlar. Ularda Avrangzeb davri bilan birga boburiylar saltanati tarixiga oid qiziqarli ma’lumotlar berilgan.
Avrangzebning qizi Zebunniso begim zabardast shoira, etuk olima, mohir tanburchi, sozanda va go‘zal xattot edi. Arab va fors tillarining sarfu nahvini (morfologiya va sintaksis), fiqh (qonunshunoslik), mantiq, falsafa, tarix fanlarini puxta o‘zlashtirgan. U nasta’liq, nash va shikasta xatlarini zo‘r mahorat bilan yozgan. Shu bois, Qur’oni Karimni bir necha marotaba husnixatda ko‘chirgan va yoddan qiroat bilan o‘qigan. Zebunniso begim chiroyli she’riy devon tuzgan. Tasavvuf falsafasiga oid “Munis ul-arvoh” nomli asar ham yozgan. Tafsir sohasida “Zeb at-tafosir” (“Go‘zal tafsirlar”)ni yaratdi, ilohiyotga oid “Zeb an-nashoat” nomli asar yozib, uni o‘z ustoziga bag‘ishlaydi. Shuningdek Hindiston musulmonlari orasida dasturulamal bo‘lib qolgan “Fatvoyi Olamgiriy” (“Shariat qonunlari”) majmuasi asarini fors tiliga tarjima qildiradi. Zebunniso o‘z zamonasining olimlari, shoirlari va san’at ahllariga g‘amxo‘rlik va homiylik qilgan, ilm va fanning rivojiga munosib hissa qo‘shgan.
Adabiyot saroydan tashqarida ham, keng xalq o‘rtasida turli janrlarda taraqqiy etdi. Ayniqsa, bxakti poeziyasi katta e’tibor qozondi. Bxakti shoirlari ichida Tulsi Dasning (1532–1623) “Ramayana” asari hindi tilining har xil lahjalarida yaratildi. XVI asrning ikkinchi yarmida Rajastonda yashab o‘tgan Sur Das, maxarashtralik shoira Mirabai Ekanatx, assamlik Shankaradeva o‘rta asr hind adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdilar. Bengaliyalik Munkudorama Chokroborti o‘sha davr Bengaliya hayoti haqida “Chandimangal” (“Ma’buda Chandi tomonidan hadya qilingan”) nomli realistik hikoya yozdi. XVII asrda bxakti g‘oyalari maratxlar va sikxlar she’riyatida ham rivoj topdi.
O‘rta asr Hindiston adabiyotida urdu tilida ijod etgan shoirlar ham ko‘zga tashlanadi. Forsiyzabon shoirlarning ichida esa eng mashhurlari Fayziy va Bedil (1644–1721) edilar. Mirzo Abdulqodir Bedil Bengaliyaning Azimobod shahrida harbiy xizmatchi oilasida dunyoga keldi. Uning ota-bobolari Shahrisabz o‘zbeklaridan edilar. Bedilning hayoti Hindistonda boburiylar imperiyasi inqirozga yuz tutgan davrga to‘g‘ri keldi. U o‘zining 77 yillik hayotida 14 podshoni ko‘rdi. Shulardan 9 tasi shoir umrining oxirgi yillarida hukmronlik qilganlar. Shuning o‘zi ham mamlakatda o‘zaro nizolarining qay darajada kuchayganligini ko‘rsatadi. Shoir o‘z davriga befarq qaramadi, hindlar va musulmonlarni mamlakatdagi barcha xalqlarni birlashtirishga chaqirdi. Bedil o‘z asarlarida falsafa, tarix, tibbiyot, adabiyot va ilohiyotning xilma-xil masalalariga to‘xtalgan. “Nukot” risolasi borliq, materiya, zarrachalar, jonli mavjudot va narsalar tabiati haqida, nabotot olami to‘g‘risida so‘zlaydi. Borliq, yo‘qliq, fano, baqo singari falsafiy masalalar haqida fikr bildiradi. “Komde va Mudan” dostonida do‘stlik, muhabbat, vafodorlik, adolat, ilm-ma’rifat g‘oyalarini aks ettirgan. Asarlarining ko‘pchiligi 16 jildli “Kulliyot”iga jamlangan.
Boburiylar tarixi va madaniyatini o‘rganishda o‘sha davr saroy tarixchilari Abdulqodir Baduniy, Abulfazl Allomiy, Ferishta, Abdulhamid Loho‘riy, Nizomiddin Xeraviy, Muhammad Haydar, Rashid Nadvi, Xondamir, Javhar, Muhammad Soqiy va boshqalarning asarlari muhim qo‘llanmadir.
Boburiylar davrida Hindistonda bir qancha ajoyib tarixiy asarlar yozilgan. Hoja Nizomiddin Ahmad ibn Muhammad al-Xiraviyning “Taboqati Akbarshohiy” risolasi ana shular jumlasidandir. Asar Akbarshohning 38 yillik hukmronlik davrini qamrab oladi. Sunjon Ray Munshiyning “Xulosat at-tavorix” asari (1695) Avrangzeb Olamgir davrigacha Hindistonda bo‘lib o‘tgan tarixiy voqealar haqida hikoya qiladi. Muhammad Qosim Hindshohning “Tarixi farishta” asari Hindiston tarixini o‘rganishda katta ahamiyatga ega bo‘lib, “Gulshani Ibrohimiy” nomi bilan ham atalgan. Abdul Qodir ibn Malikshoh Badavoniyning (1615) “Muntaxab at-tavorix”, Abul Fazl Muborak Allomiyning “Akbarnoma” yoki “Tarixi Akbarshohiy” (“Oini Akbar”), Mirza Salim Nuriddin Muhammad Jahongirning “Jahongirnoma”, Muhammad Sharifning “Iqbolnomai Jahongiriy”, Abdulhamid Loho‘riyning “Podshohnoma”, Sayid Jamol ibn Mirjaloliddin Husaynning “Tarxonnoma” kabi asarlari Hindistonning o‘rta asrlar tarixiga oid muhim tarixiy hujjat hisoblanadi.
O‘rta asr Hindistonida aniq fanlar sohasida ham katta muvafaqiyatlarga erishildi.Astronomiya sohasini olsak, unda eng asosiy yutuq yangi astronomik asbob-uskunalarning ixtiro qilinishidir. O‘rta asr falakiyot ilmining eng oliy nuqtasi Savay Joy Singhning (XVIII asr) “Ziji-jadidi Muhammad Shohiy” nomli monumental asari bo‘ldi. Jay Singxning bu asari islom mamlakatlari madaniyatining hind jamiyatiga ta’sirini o‘zida aks ettirgan va yangi davrni boshlab bergan. Shuni ta’kidlash kerakki, Osiyo va Afrikaning turli joylaridan Hindistonga kelgan ilm-fan va hunarmandchilik vakillari qo‘lga kiritgan yutuqlar ham hind madaniyatiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Bunday ta’sir natijasida to‘qimachilik, zardo‘zlik, metallurgiya, shishasozlik, kulolchilik kabi sohalarning sifati va miqyosi ancha o‘sdi. Turli xil mexanik asbob-uskunalarning ishlab chiqarilganligi Hindistonda texnika sohasida ham mutaxassislar mavjud bo‘lganligidan dalolat beradi.
Me’morchilik sohasida Humoyun mashhur obidalar bunyod etmagan bo‘lsa-da, uning o‘ziga atab qurdirgan maqbarasi nihoyatda mashhurdir. Dehlida joylashgan bu maqbara Hindistonda boburiylar qurdirgan birinchi katta yodgorlik bo‘lib, u chorbog‘ usulida bunyod etilgan. Mashhur maqbarani Humoyunning vafotidan 9 yil keyin uning Hoji Begim nomi bilan tanilgan asli Beka Begim ismli xotini qurdirgan. Salkam yarim asr hukmronlik qilgan Akbarshohning kuch-qudrati va salohiyati u qurdirgan obidalarda to‘la namoyon bo‘lgan. Agra, Loho‘r va Ollohoboddagi qal’alar hamda Fatxpur Sekriy shahri Shunday obidalar jumlasidandir. Akbarshoh bunyod qilgan me’morchilik obidalari ichida eng sarasi, shubhasiz, Fatxpur Sekriy shahridir. Bu shahar Agradan g‘arb tomonda 38 km masofada joylashgan. Bu shahar aqlbovar qilmas darajada tez, atigi 4 yilda qurib bitkazilgan. Ammo Fatxpur Sekriyga suv chiqarish juda qiyin bo‘lganligi sababli poytaxt bu erda uzoq turmaydi, bir necha yildan so‘ng saroy ahli bu shaharni tark etadi. Agra shahrining yaqinida yana bir mahobatli obida qad ko‘tarib turadi. Bu Iskandardagi Akbarshoh maqbarasidir. Maqbara qurilishi 20 yil davom etib, 1613 yilda uning o‘g‘li Jahongir tomonidan nihoyasiga etkaziladi. Boshqa mashhur musulmon maqbaralaridan farqli o‘laroq, mazkur besh oshyonalik inshootda hindu, musulmon, buddaviy va, hattoki, xristian me’morchiligi uslublari uyg‘unlashib ketgan.
Jahongir davrida bunyod etilgan eng katta inshootlardan Itmoduddavla maqbarasi e’tiborga sazovor. Oq marmardan tiklangan maqbara devorlari chiroyli naqshlar bilan bezatilgan bo‘lib, lojuvard, yoqut, yashma, zumrad va billur kabi qimmatbaho toshlardan foydalanilgan. Maqbara “Itoduddavla”, ya’ni bosh xazinabon unvoni bilan mashhur Akobir Mirzo G‘iyosbek sharafiga barpo etilgan. U Jahongirning qaynotasi bo‘lgan. Mirzoning husnda tengsiz Nur Jahon suyukli xotini bo‘lib, “Itmodudavla” maqbarasi uning loyihasi asosida vujudga kelgan. Shoh Jahon 1638 yilda saltanat poytaxtini Agradan Dehliga ko‘chirib, Shohjahonobod (hozirgi Eski Dehli hududi) shahriga asos soldi. Shoh Jahon olamga dong‘i ketgan “Tovus taxt”ini yasattirdi, lekin uni 1739 yilda Dehliga bostirib kirgan Eron Shohi Nodirshoh olib ketgan. “Tovus taxt” 1628 yilda Shoh Jahonning saltanat taxtiga o‘tirish sharafiga yasalgan bo‘lib, uni yasashga 7 yil vaqt, 7 mln. rupiya sarf bo‘lgan ekan.
Shoh Jahon davridagi o‘lmas san’at va me’morchilik obidalari jumlasigi Dehlidagi “La’l qal’a”, uning ro‘parasidagi Masjidi jome’ maqbarasi ham kiradi. La’l qal’aning devorlari qizil toshlardan terilgan. Uning ichida juda ko‘p xonalar bo‘lib, ular podshohga, uning ayollariga, a’yonlariga, askarlariga mo‘ljallangan. Masjid esa binokorlikning ajoyib obidasi hisoblanadi. U eng toza, sof marmardan qurilgan bo‘lib, behisob ustunlari va devorlari nihoyatda murakkab naqshlar bilan bezatilgan. Masjidi jome’ Shoh Jahon tomonidan qurilgan bo‘lib, Hindistonda eng katta masjid hisoblanadi.
Dunyodagi etti mo’jizaning biri bo‘lmish Toj Mahal – Mumtoz Mahal vasiyatining ijrosigina emas, balki erning xotiniga cheksiz muhabbati, sadoqati ramzidir. Shuning uchun ham uni “Sevgi dostoni”, “Muhabbat va musibat koshonasi” “Oq marmar dostoni” kabi nomlar bilan ta’riflaydilar. Darhaqiqat, qariyb yigirma yil davomida 22 ming ishchi bo‘lgan bu muazzam maqbara uchun Shoh Jahon umrining katta bir qismini, butun dunyosini bag‘ishladi. Maqbara tarxini yaratishda Hindiston, Eron, Turkiya, O‘rta Osiyo, Arabiston, ayrim Evropa davlatlarining me’morlari, usta-hunarmandlari, rassomlari uzoq bosh qotirishadi. Toj Mahal uchun dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan eng qimmatbaho qurilish va bezak ashyolari topib keltirilgan. Zumradni olis Rossiyadan, haqiqni Bag‘doddan, granitni Nildan, yoqutni Badaxshondan, feruzani Tibetdan, sadafni Shri Lankadan, marvaridni Hind okeanidan olib kelishgan. Toj Mahalning dastlab ko‘zga tashlanadigan xususiyati uning dunyodagi biron-bir obida bo‘ylasha olmaydigan salobati, viqori edi. U uzoqdan tinch ummonda sezilar-sezilmas chayqalib turgan ulkan kemaga o‘xshab ko‘rinadi. Toj Mahal yorug‘ kunda ham, tunda ham o‘ziga xos tusga kirib tovlanadi. Shuning uchun bu ajoyib tarixiy, badiiy san’at asarini kunduz kuni ham, kechki oydinda ham tomosha qilish maroqlidir. Hind tadqiqotchisi B. Luniya “Toj Mahal Boburiylar san’atining go‘zal guldastasi, dunyoda er-xotin muhabbati, ahilligi va sadoqati sha’niga bunyod etilgan eng go‘zal, eng mumtoz obidadir”, deb yozgan.
Tojmahal – Hindistondagi boburiylar sulolasi davriga oid meʼmoriy yodgorlik (1631 – 1652). Agra shaxri yaqinidagi Jamna daryosi boʻyida Shoh Jahon suyukli xotini Arjumandga (Mumtoz Mahal begim, Mumtoz Bibika Rauza nomlari bilan mashhur boʻlgan) atab vafotidan (1631 y. 7 iyul) soʻng qurdirgan. Bu ulkan va go‘zallikda tengi yo‘q arxitektura ansamblining qurilishi 1632-yilda boshlanib 1653-yilda tugallangan.Keyinchalik oʻzi ham shu yerga dafn qilingan. Maqbara (loyiha meʼmori Usto Ahmad Lahori) turk meʼmori Muhammad Isoxon afandi boshchiligida bunyod etilgan. Tojmaxal murabba tarhli, 3 qavatli, 5 gumbazli. Marmar supa (104x|04x7 m) ustiga qurilgan. 4 burchagidagi ingichka minoralar (bal. 45 m) maqbaraga oʻzgacha husn bagʻishlagan. Devorlari oq marmar bilan qoplangan, turli rangdagi qimmatbaho toshlar (haqiq, marvarid, sadaf, qahrabo, zumrad, yoqut, fil suyagi va b.) dan qadama naqshlar ishlangan. Bosh tarzi (eni 56,7 m) peshtoq ravokli. Maqbaraning old tomoniga 2 qator daraxtlar ekilgan, favvorali hovuz, gulzorlashtirilgan uzun yoʻlka bor. Zinapoyalar bilan marmar supaga chiqib, oʻyma naqshli eshikdan maqbaraga kiriladi. Oʻrtadagi katta gumbazli xonada qora marmarli sagʻana (Shri Lankadan keltirilgan) qoʻyilgan. Tojmaxalning beqiyos husni bogʻning janubiy darvozasi orqali koʻzga yaqqol tashlanadi. Mahobatli bino qurilishida na faqat Hindiston, balki Oʻrta Osiyo, Eron, Vizantiya meʼmorlarining oʻziga xos uslublari oʻz ifodasini topgan. Maqbara qurilishida gʻisht teruvchi qandahorlik Muhammad Xanif, multonlik Muhammad Sayid, minorada mahalliy usta Ismoilxon Rumiy, samarqandlik Muhammad Sharif, lahorlik Kozimxonlar gʻamda koʻpgina naqqosh va xattotlar qatorida buxorolik ota Muhammad va Shukur naqqoshlar qatnashgan.
Olim Ansoriddin Ibrohimov1 bergan ma’lumotlariga qaraganda, Toj Mahal shu darajada katta hajmdagi beqiyos qurilish bo‘lgan ekanki, 22 yil davomida unga sarf qilingan xarajatlarning hisobini chiqara olmaganlar va shu boisdan bu haqda turli ma’lumotlar tilga olinadi. Bu ulkan qurilishga sarf qilingan xarajatlar bir yerda 6 million rupiya deyilsa, boshqa joyda 60 million rupiya deb qayd etiladi. Yana boshqa manbalarda 5 million, ba’zilarida esa hatto tiyin-tiyingacha ko‘rsatilib, 31 million 748 ming 28 rupiya, yoki 3 million 174 ming 802 funt sterling, deb ko‘rsatiladi. Toj Mahal g‘oyat mukammal va go‘zal ishlangan san’at asarining oliy namunasidir. Maqbara odatdagi musulmon an’analariga ko‘ra ikki qavatli qilib qurilgan. Birinchi, asosiy qavatda sakkiz burchakli katta va keng xonadi Shoh va malikaning sag‘analari yonma-yon qo‘yilgan. Shoh Jahon sag‘ana toshining yonlariga esa nilufar gullar, lola tasvirlari o‘yib ishlangan, ularga zumrad, yoqut kabi qimmatbaho toshlar qadalgan. Xona devorlariga aylanasiga turli gullar tasviri ishlangan. Gullar tagida esa marmar ichida yana bir qavatda ana Shunday tasvir chiroyli – gullar namoyon. Taniqli hind yozuvchisi Krishna Chandr: “Toj Mahalday go‘zal mo‘‘jizani tabiatning o‘zi yarata olarmikin? Go‘yo butun Hindiston xalqining mehr muhabbati mujassam bo‘lganu, yaltiroq oq marmardan libos kiyib, mana shu zaminda qad ko‘targan. Nazarimda, Toj Mahal bunyodga kelgandan keyingina er yuzining husni mukammallik kasb etgan” deb ta’rif beradi.
Toj Mahalni buyuk hind adibi Rabindranat Tagor “Muhabbat ko‘zlaridan tomgan bir qatra yosh bo‘lib, tushgan eridan qotib qolgan” degan bo‘lsa, boshqalar marmarlarda jo bo‘lgan orzu deb ta’riflagan. Agra shahri aholisi esa o‘zlarining bu go‘zal obidalarini “Toshdagi gavhar” deya ulug‘laydi.
Avrangzebning o‘g‘li A’zam tomonidan onasi Robiya Durroniy begim xotirasiga Avrangobodda bunyod etilgan maqbarani Hindistonda “Ikkinchi Toj Mahal” deyishadi. Haqiqatan ham bu muazzam va muhtasham obidaning tashqi shakli-shamoyili Toj Mahaldan ko‘chirilgan nusxadek.
“Toj Mahal” qissasi kitobining mualliflari J. Leshko, M. Jozef, S. Market “1526 yildan to 1707 yilgacha (Boburdan Bahodirshoh I gacha) buyuk sulolaning tojdorlari faqat bunyodkorlik bilan mashg‘ul bo‘ldilar”, deb ta’kidlaydilar.
Ingliz olimi Valdeman Xansen: “Hindiston va uning 8 ming yillik tarixi bamisoli bir tovus bo‘lsa, boburiylar sulolasining o‘sha ko‘p ming yillik tarixdagi 332 yillik davri ana shu tovusning gultojidir”, - deb yozadi.
Hindistonga kirib kelgan musulmonlar bu o‘lkaga o‘zlari bilan islom dini, madaniyati, ilm-fani, adabiyoti va san’atini ham olib keldilar. Bu madaniyat, san’at va ilm-fan Hindistondagi qadimiy boy madaniyat bilan uyg‘unlashib, mamlakatning, xalq ongining taraqqiy etishida muhim rol o‘ynadi.