AVRANGZEB (1658-1707) Avrangzeb Shoh Jahonning uchinchi o‘g‘li bo‘lib, 1619 yil 24 sentyabrda tug‘ilgan. Onasi Mumtoz Mahal begimdir. Avrangzeb yoshligidanoq aka-ukalariga nisbatan ancha qobiliyatli, uddaburon, hiyla va nayrang ishlatishga mohirligi bilan ajralib turardi. Dindorlik bilan nom chiqarishga harakat qilardi. U oddiy xalq ko‘ziga o‘zini avliyo qilib ko‘rsatardi. Zotan, Avrangzeb o‘qimishli va bilimdon kishi bo‘lib, Qur’oni karimni yoddan bilgan, talaygina g‘azallarni yoddan o‘qir, o‘zi ham g‘azallar yozardi. Ammo qattiqqo‘l, kuchli, irodali, qon to‘kish oddiy bir zarurat deb biluvchi toshbag‘ir kishi edi.
Otasi Shoh Jahon 1636 yilda Avrangzebni Dekan viloyatiga hokim qilib tayinlaydi. O‘sha vaqtdayoq Avrangzeb otasi Shoh Jahonga qarshi harakat boshlaydi. Shoh Jahon bu isyonkor o‘g‘lini Dekan hokimligidan olib, Balx viloyatida turgan qo‘shinlarga boshliq qilib jo‘natadi. Keyinchalik, Gujarot va u erdan Badaxshonga yuboradi. 1652 yilda Avrangzeb yana Dekan viloyatiga hokim qilib tayinlanadi. 1656 yil fevralda Avrangzeb Golkonda xonligiga qarshi urush boshlaydi. 1657 yilda Bijopur xonligini qo‘shib olish uchun otasi Shoh Jahonga soxta ma’lumot yuboradi. Shundan so‘ng Shoh Jahon Bijopur masalasini hal qilishni Avrangzebning ixtiyoriga topshiradi. Bundan foydalangan Avrangzeb, Bidorni zabt qiladi va Bijopurga tajovuzkorona hujum boshlaydi. Bijopur sultoni Ali Odil Shoh II Dehli bilan muzokaraga kirishadi. Shoh Jahon bu masalani adolatli hal qilishni katta o‘g‘li Doro Shukuhga topshiradi. Doro Shukuh ishni mufassal tekshirib ko‘rib, masalani Sulton Ali Odil Shoh II foydasiga hal qiladi. Shoh Jahon Bijopurga qarshi urush harakatlarini darhol to‘xtatish haqida Avrangzebga farmon yuboradi. Avrangzeb Bijopur sultoni bilan sulh tuzib, orqaga qaytishga majbur bo‘ladi.
Shoh Jahonning farzandlari o‘rtasida vujudga kelayotgan taxt uchun o‘zaro kurash qonli urushlarga aylanib ketadi. Otalari Shoh Jahonning kasal bo‘lganidan foydalangan aka-uka Avrangzeb, Shoh Shuj’o va Murod Baxshlar o‘zaro ittifoq tuzib, akalari Doro Shukuhga qarshi kurashishga bel bog‘laydilar. 1650 yil 14 fevralda aka-ukalar o‘rtasidagi birinchi urush Banosar yaqinidagi Bahodirpurda bo‘lib o‘tadi. Bu jangda Avrangzeb akasi Doro Shukuhning 35 minglik qo‘shinini tor-mor keltiradi. 1658 yil 15 aprelda har ikki tomonning qo‘shini Ujayn yaqinida to‘qnashadi. Jang Doro Shukuh qo‘shinining mag‘lubiyati bilan tugaydi.
1658 yil 29 mayda hal qiluvchi eng katta jang Agra yonidagi Samugarhda bo‘ladi. Bu jangda 50 minglik qo‘shinga Doro Shukuhning o‘zi qo‘mondonlik qiladi. Shunga qaramay, Doro Shukuh qo‘shini katta talofot ko‘radi va Panjobga qochadi. Avrangzeb Agraga kirib, bemor yotgan otasi Shoh Jahonni asirga oladi va uy qamog‘iga hukm qiladi.
Doro Shukuh Avrangzebning ayg‘oqchilari tomonidan qo‘lga tushiriladi. Avrangzeb farmoni bilan qatl qilinib, kallasini laganga solib uning huzuriga keltiradilar. Avrangzebning ikkinchi akasi Shoh Shuj’o va uning farzandalari keyinchalik vahshiylarcha o‘ldirib yuboriladi.
Avrangzeb 1658 yili taxtga o‘tirgach, o‘z hokimiyatini kengaytirish maqsadida to‘xtovsiz janglar olib boradi. Uning hukmronlik davrini tarixchilar ikki faslga bo‘ladilar. Birinchisi, 1658–1681 yillari bo‘lib, Avrangzebning diqqat markazida asosan g‘arbiy-Shimoliy va sharqiy-Shimoliy Hindistondagi voqealar turardi. Avrangzeb bu erda rajputlarga qarshi janglar olib borish va Shimoliy Hindistonning sharqiy va g‘arbiy chegaralarini mustahkamlashga harakat qilgan. Hukmronligining ikkinchi fasli 1682–1707 yillarga to‘g‘ri kelib, bu davrda asosan mamlakatning janubiy qismidagi voqealarga qaratadi. Zotan, bu erda SHivaja maratxlar davlatini tuzgan edi. Bu davlat aslida 1674 yilda rasman mustaqil deb e’lon qilingan bo‘lib, Avrangzeb saltanatiga tinchlik bermas edi.
Avrangzeb o‘zining deyarli 50 yillik hukmronlik davrida ota-bobolari kabi qurilish, adabiyot va san’at rivoji uchun qayg‘urmaydi, Akbarshohning dinlar tengligi siyosatiga amal qilmaydi. U islom dinidan boshqa dinni va sunna mazhabidan boshqasini tan olmas edi.
Avrangzeb hind xalqining boshiga ko‘p kulfatlar soldi. U 1679 yilda musulmon bo‘lmagan xalqlarga solinadigan juz’ya solig‘ini qaytadan joriy qiladi. Hind xalqining ibodatxonalaridagi oltin va kumush buyumlarni xazina foydasiga tortib olib, ibodatxona binolarini esa masjidga aylantiradi. Masalan, Udaypur va Chitorning o‘zida 200 ibodatxona buzib tashlangani tarixdan ma’lum. 1665 ibodatxonaga boj to‘lovi haqida farmon e’lon qilinadi. 1669 yili Avrangzeb barcha viloyat hokimlariga musulmon bo‘lmagan aholining hamma maktab va ibodatxonalarini buzib tashlashga farmon beradi. 1671 yilda barcha mahkamalarda ishlovchi kotiblar va boshqa xizmatchilar musulmonlardan bo‘lishi lozimligi haqida farmon beradi. Biroq kotiblar hindulardan bo‘lmasligi mumkin emasligi ma’lum bo‘lgach, yarmi hindulardan, yarmi musulmonlardan bo‘lishi lozimligi haqida qo‘shimcha farmon beriladi. 1695 yilda rajputlardan tashqari barcha hindular taxtiravonda yurishi, Shuningdek qurol olib yurishi man etiladi. Avrangzebning bunday ichki siyosati mamlakatda juda katta noroziliklarga olib keladi. Tinimsiz jangu jadallardan tinkasi qurigan xalq uchun bu farmon og‘ir yuk edi. Binobarin, mamlakatning har yer-har erida xalq qo‘zg‘olonlari, hokimlar fitnasi va amaldorlar isyoni ko‘tarila boshlaydi.
Bir tomondan fisq-fasodlar, taxt uchun talashlar, har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham hokimiyatni qo‘lga olishga intilishlar, ta’magirlik va talon-tarojlar, ikkinchi tomondan xalq ommasining qashshoqlashuvi boburiylar saltanatining parokandalikka yuz tutganligidan darak berardi. Avrangzebning uzoqni ko‘ra olmagan siyosati uning vorislari uchun juda qimmatga tushdi. Avrangzeb hayotligi paytidayoq maratxlar, rajputlar, jotlar va sikhlar bosh ko‘tarib chiqadilar. Bir qancha musulmon va hindu noiblari boburiylar sulolasining xarobalari uzra o‘z davlatlarini vujudga keltirdilar. Fe’l-atvori nihoyatda turfa, ziddiyatli bo‘lgan bu shaxsning ismi aslida Muhiddin Muhammad bo‘lgan. U keyinchalik o‘z ismi yoniga “Olamgir” (olamni zabt etuvchi) va “Avrangzeb” (taxt bezagi) degan so‘zlarni qo‘shgan.
Avrangzeb siyosati katta bobosi Akbarshohning ichki va tashqi siyosatiga mutlaqo qarama-qarshi edi. Uning “kofirlar mamlakati” bo‘lmish Hindistonni “musulmonlar mamlakati”ga aylantirishni asosiy shior qilib olgandi. Majburiy islomlashtirish siyosati xalqda qattiq noroziliklar tug‘ilishiga, isyonlar yuz berishiga sabab bo‘ldi. Natijada boburiylar davlatining mustahkam qal’asi aynan shu davrdadan boshlab emirila boshladi. Avrangzeb zarb qilingan tanga pullarga Qur’on karimdan oyatlar bitishni, Navro‘z bayramini nishonlashni man qildi. Saroydagi xonandalaru sozandalarni, raqqosalarni tarqatib yubordi, o‘yin-kulgularga chek qo‘ydi. Avrangzeb nisbatan ko‘p yashadi (88 yil) va uzoq, deyarli 50 yil hukmronlik qildi. Hayotining asosiy qismi jangu jadallar, isyonlarni bostirish va boshqa tashvishlar bilan o‘tdi. Avrangzeb 1707 yil mart oyida vafot etdi.
Hindistonning XVI-XVIII asrlardagi tarixi Boburiylar sulolasi bilan bog‘liq. Evropalik tarixchilar asarlarida Bobur va uning vorislari tomonidan tashkil etilgan davlat Buyuk Mo‘g‘ullar Imperiyasi deb atalib kelinmoqda.
Boburiylar Hindistonda 1526-1858 yillarda hukmronlik qilishdi. M.Nuritdinovning «Boburiylar sulolasi» kitobida quyidagi Boburiylar hukmdorlarining nomlari keltirilgan. Birinchi sana Hijriy, ikkinchisi Milodiy Taxtga chiqish sanasi ko‘rsatilgan.
932/1526 Zahiruddin Bobur
937/1530 Nosiruddin Humoyun
947-962/1540-1555 Dehlining Suriy sultonlari
962/1555 Humoyyun (ikkinchi marta)
963/1556 Jaloluddin Akbar
1014/1605 Nuruddin Jahongir
1037/1627 Dovar Baxsh
1037/1628 Hishobuddin Shoh Jahon I
1068/1657 Murod Baxsh (Gujarotda)
1068/1657 Shoh SHujo (Bengaliyada 1070/1660 yilgacha)
1068/1567 Muhyinuddin Avrangzeb Olamgir I
1118/1707 AzamShoh
1119/1707 Kom Baxsh (Dakanda)
1119/1707 Shoh Olam I BahodurShoh I
1124/1712 Azimu-sh-SHon
1124/1712 Muizzuddin Jahondor
1124/1713 Farrux Siyar
1131/1719 Shamsuddin Rafiu-d-Darajot
1131/1719 Rafiu-d-davla Shoh Jahon II
1131/1719 Nigu Siyar
1131/1719 Nosiruddin Muhammad
1161/1748 AhmadShoh Bahodur
1167/1754 Azizuddin Olamgir II
1173/1760 Shoh Jahon III
1173/1760 Jaloluddin Aliy Javhar Shoh Olam II
1202/1788 Bidorbaxt
1203/1788 Shoh Olam II (ikkinchi marta)
1221/1806 Muinuddin Akbar II
1253-1274/1837 Sirojuddin BahodurShoh II
Inglizlarning bevosita boshqaruvi