HUMOYUNSHOH (1530-1540, 1555-1556) Humoyun podShoh Boburning katta o‘g‘li bo‘lib, 1508 yilda Kobulda tug‘ilgan. Humoyun yaxshi ma’lumotli, yumshoq tabiatli odam edi. Garchi qahramonlikka xos himmatlari mavjud bo‘lmasa-da, qat’iyatsizlik undagi asosiy nuqson edi. U 1530 yil dekabrida 23 yoshida taxtga o‘tirdi.
Bobur vafot qilganda hali Bengaliya qo‘lga kiritilmagan, ko‘pgina afg‘on amirlari markaziy hokimiyatni tan olmas edilar. Bu ham etmagandek, Humoyun taxtga o‘tirishi bilanoq janjalkash ukalari har xil ig‘volarni qo‘zg‘ay boshladilar. U Qobul, Qandaxor, Panjob, Hind vohasi va Mevatni o‘z ukalariga in’om qilib, katta xatoga yo‘l qo‘ygan edi. Humoyunning bu ishi o‘z manfaatlariga zid bo‘lib, markaziy saltanat qudratini nihoyat darajada mushkul ahvolga solib qo‘ygan edi. Natijada markaziy saltanat, qo‘shinning moddiy taqdirini hal qiluvchi iqtisodiy nohiyalardan mahrum bo‘lib qolgan edi. Ikkinchidan, Gujarot podShohligi hamda Bengaliya va Bixarda hukmronlik qilayotgan zabardast afg‘on feodallari Humoyunga qarshi kurashga hozirlik ko‘rayotgan edilar.
Humoyun o‘z hukmronligining dastlabki yillarida afg‘on feodallariga qarshi kurashda katta mahorat ko‘rsatdi. Shuningdek marhum Ibrohim Lo‘diyning ukasi Muhammad Lo‘diyga qarshi qattiq janglar olib bordi. 1532 yilda Muhammad Lo‘diy mamlakatning sharqiy chegarasiga bostirib kiradi. Biroq Laknau yaqinidagi jangda qattiq zarbaga uchraydi. Shuni ham aytish lozimki, Muhammad Lo‘diyning tarafdorlaridan Sherxon (Shershoh) nomi bilan mashhur bo‘lgan afg‘on amiri bor edi. Sherxon yoshligida Dehlining sobiq hokimi Ibrohim Lo‘diyning saroyida bir guruh askarga boshchilik qilgan. Ibrohim Lo‘diy Bobur tomonidan tor-mor etilgach, Sherxon Bobur xizmatiga o‘tib, lashkarboshilik mansabiga ko‘tarilgan. Keyinchalik Bobur SHerxonni Bihor viloyatiga hokim qilib tayinlagan edi.
Bobur vafotidan so‘ng Humoyunning hukmronlik davrida ichki va tashqi nizolarning vujudga kelishidan foydalangan Muhammad Lo‘diy, qo‘lidan ketgan hokimiyatni, ya’ni akasi marhum Ibrohim Lo‘diyning hokimiyatini qayta tiklashga jazm qiladi. Muhammad Lo‘diy Bihorni bosib olganda Sherxon unga hayrixohlik bildiradi va uning tomonida turib Humoyunga qarshi kurashadi. Muhammad Lo‘diy navbatdagi janglardan birida o‘ldirilgach, Sherxon Bihor viloyatida o‘zini mustaqil hukmron deb e’lon qiladi. 1537–1540 yillar mobaynida Sherxon Humoyunga qarshi bir necha marta urush qilib, 1540 yilda Dehlini zabt etadi va Humoyunni ta’qib qilib, sekin-asta uning erlarini bosib ola boshlaydi. Nihoyat, oxirgi jangda Sherxon Humoyunni g‘aflatda qoldirib, uning deyarli barcha askarlarini qirib tashlaydi. Humoyunning o‘zi esa o‘ng qo‘lidan yaralanib, tasodifan omon qoladi. Hatto Humoyun haramining bir qismi ham Sherxonning qo‘liga tushib qoladi.