O’zbekiston madaniyati va san’ati tarixi fanidan O’quv-uslubiy majmua namangan – 2018



Yüklə 0,77 Mb.
səhifə27/70
tarix05.10.2023
ölçüsü0,77 Mb.
#152439
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   70
Мa`ruza matnlari-fayllar.org

AKBARSHOH (1556-1605)
Akbarshoh 1542 yil 15 oktyabrda harbiy safar paytida tug‘ildi. Onasi Hamida Bonu begimdir. Akbarning yoshlik davri otasi Humoyunning uzluksiz jangu-jadallar va darbadarlikda yurgan davriga to‘g‘ri keldi. 1555 yil 22 iyunda Akbar rasmiy ravishda valiahd deb e’lon qilinadi. Shu yili noyabr oyida esa Humoyun o‘g‘li Akbarshohni Panjobga hokim qilib, Bayramxonni otabek qilib tayinlaydi. 1556 yil yanvar oyida Humoyun shohning to‘satdan vafot qilganligi xabari Panjobga etib keldi. 14 fevralda endi 13 yoshga kirgan Akbarni taxtga o‘tirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yillar o‘tgan sayin Bayramxonning o‘zboshimchalik xatti-harakatlari, qo‘pol muomalasi, Akbarshoh singlisini nikohiga olish da’vosi va boshqa g‘ayritabiiy qilmishlari saroy ahliga, ayniqsa, Akbarshoh oilasiga yoqmay qoldi. Natijada, Bayramxonni Makkai Madinaga haj safariga yuborish bahonasi bilan davlat ishlaridan chetlatadilar. 18 yoshga kirgan Akbarshoh endi davlatni o‘zi mustaqil idora qilishga kirishadi. Bayramxon esa Makkaga ketayotganda Lo‘xoniy afg‘on tomonidan o‘ldiriladi.
Akbarshoh hokimiyatga kelishi bilanoq, otasi Humoyunshoh davrida qo‘ldan ketgan erlarni yana imperiyaga qayta qo‘sha boshladi. U butun Shimoliy Hindistonni, hatto janubni ham fath etib, Gujarot, Bengaliya, Sind, Kashmir va Orissani o‘z tasarrufiga kiritdi. Markaziy va Janubiy Hindistonda ham g‘alaba qozonib, u erlardan o‘lpon undiradi. Akbarshoh Rajputan hokimliklari Mevar, Marvar hamda Gondvanadagi bir necha mayda xonliklarni ham o‘z qo‘li ostiga kiritdi. Shuningdek Malva, Berar, Xandesh va Ahmadnagardagi musulmon hokimlarning erlari, keyinchalik Qandahor ham Akbarshoh imperiyasiga qo‘shib olingan edi.
Gujarot qarshiliksiz taslim bo‘ldi. Akbarshoh o‘z lashkarlarini Surat shahriga yuborganda, u erda o‘zlarining savdo markazlarini o‘rnatib olgan portugalliklar mahalliy kuchlarga yordam bermoqchi bo‘lishadi. Lekin ular Akbarshohning g‘alabasini ko‘rib, u bilan murosaa qilishga qaror qilishadi. Portugalliklar Akbarshoh bilan musulmonlarni haj safari Makkaga bemalol o‘tkazish, dengizda ham ularning yo‘lini to‘smaslik haqida shartnoma tuzadilar. Akbarshoh imperiyasi Kobul, Qandahor, Sind, Multon, Loho‘r, Kashmir, Dehli, Agra, Ajmir, Ilohobod, Avad (Aut), Bihor, Bengaliya, Bengal ko‘rfazidagi Orissa, shuningdek Malva, Gujarot, Xondesh, Beror, Ahmadnagar kabi viloyatlardan tashkil topgan.
Akbarshoh hukmronlikni odamlarning millatini ham, dinini ham ajratmagan holda olib borganligi sababli u xalqning muhabbatini qozondi. Akbarshoh xalqni azobga solayotgan jiz’ya solig‘idan ozod qildi. Mahalliy xalq vakillari quyidan tortib yuqorigacha bo‘lgan davlat ishlarida ishtirok etishdi. Akbarshoh hindular va o‘z amirlari o‘rtasida qarindoshchilik aloqalarini o‘rnata boshladi. Ilgarigi hindular bilan musulmonlar o‘rtasidagi adovat yo‘qolib, ular o‘rnini o‘zaro hurmat, ixlos va muhabbat egalladi. Akbarshoh musulmon hukmdorlarining Hindistondagi siyosatini jiddiy isloh etdi. Soliq to‘lashda musulmonlar va hindular o‘rtasidagi farqlarni yo‘q qildi. Shuningdek dehqonlarning erlarini ularga mulk sifatida mustahkamlab qo‘ydi, ilgarigi qarzlaridan kechib yubordi. Zamonaga mos keladigan qonun-qoidalar ishlab chiqdi. Balog‘at yoshiga etmagan o‘smirlarning turmush qurishini man qildi, beva qolgan hindu ayollariga turmush qurishga ruxsat berdi. Hindu olimlarini sanskrit tilini o‘rganishga rag‘batlantirdi.
Akbarshoh davrida hind, fors, turk va arab tillaridan tashkil topgan urdu tili hayotga chuqurroq joriy qilindi. Turk tili podshoh ahlining tili, fors tili davlat tili, arab tili esa islom dinining tili bo‘lib qoldi. Akbarshoh aql-idrok va o‘tkir zehn sohibi edi, u cheklanmagan hokimiyat egasi – musta’bid Shoh edi. Lekin hokimiyatni boshqarishda aql mezoni bilan ish tutib, o‘ta tadbirkorlik bilan dono siyosat yuritdi. Aynan Akbarshoh davridan boshlab, Bobur asos solgan davlat butun dunyoga mashhur bo‘ldi. Akbarshoh bobosi Boburshohga o‘xshash jangchi va iqtidorli sarkarda edi. U qilich bilan qozonilgan g‘alabadan ko‘ra, mehr-shafqat bilan erishilgan g‘alabani afzal ko‘rardi. U hind xalqining farovonligi yo‘lida juda ko‘p kuch va g‘ayrat sarfladi. Akbar Hindistonda mavjud bo‘lgan islom dini bilan hinduizm dinini bir-biriga yaqinlashtirishga harakat qildi. Natijada, uning o‘zi ijod etgan yangi din – “dini ilohiy”ni vujudga keltirdi. Ammo uning bu “yangi dini” ravnaq topmadi. Aksincha, musulmon ruhoniylarining g‘azabini keltirdi. Shunga qaramay, Akbar asta-sekin hind ommasining va hind zodagonlarining e’tiborini qozona boshladi. U musulmon bo‘lmagan aslzoda oilaga mansub bo‘lgan qizga uylandi, hind zodagonlarini o‘z saroyidagi eng yuqori mansablarga tayinladi. Zotan, Akbarshohning eng jasur lashkarboshilari, eng iste’dodli vazirlari hamda viloyatlardagi noiblarining ko‘pchiligi hindlardan edi. Mana Shunday tadbirkorlik natijasida u omma orasida zo‘r shuhrat qozondi. Akbarshoh o‘z atrofiga ko‘pgina salohiyatli, sadoqatli kishilarni to‘plashga erishdi. Akbarshoh xilma-xil din va mazhablarga mansub bo‘lgan ruhoniylarni yig‘ib, diniy mavzularda munozaralar olib borgan.
Akbarshoh peshonaga tika qilishni rasm tusiga kirgizdi, shu qatorda hindularga xos bo‘lgan ko‘p odatlarni o‘z saroyida joriy etdi. U hind xalqining samimiy hurmati va muhabbatini qozongan boburiylardan biri edi. Uning xizmatlari, faoliyati, shaxs sifatidagi xislatlarini hind daholari, olimlar, tarixchilar yuksak baholaydilar. Akbarshoh davridagi xorijlik millionerlar yozib qoldirgan xotiralarda uning butun ichki dunyosi yaqqol tasvirlab berilgan. “Jo‘shqin va o‘tkir aql-idrok sohibi, sog‘lom odam edi. Bu xislatlar unda buyuk ishlarni boshlovchi va nihoyasiga etkazuvchi kishilarga xos mardlik bilan qo‘shilib ketgan. U bilimga ishtiyoqmand kishi bo‘lib, ko‘p narsalarga qiziqardi, harbiy ishda va siyosat bobida chuqur bilimdon bo‘libgina qolmay, juda ko‘p kasb-hunardan xabardor edi”.
Hind xalqida bir urf qadimdan saqlanib kelardi, ya’ni beva qolgan hind ayollari erlarining ortidan o‘zlarini gulxanga tashlab halok bo‘lishlari lozim edi. Bu vahshiyona odatni amalga oshirish Akbarshoh tomonidan man etildi. Birgina shu dalilning o‘zi uning naqadar rahmdil, adolatli, insonparvar bo‘lganligidan dalolatdir. Shuningdek Akbarshoh harbiy asirlarni qul qilishni taqiqladi, xalqni ezib, abgor qiluvchi ayrim soliqlarni bekor qildi. Shuning uchun ham o‘rta asr Hindiston hukmdorlari orasida faqat akbargina “Ulug‘ Akbarshoh” degan unvonga sazovor bo‘ldi. Ingliz olimi Leyn Poul Hindistondagi mo‘g‘ul (boburiy) Shohlari ichida eng buyugi Akbardir degandi. Hind tarixchisi Ishvari Prasad: “Akbar Hindiston tarixidagina emas, butun dunyo tarixida eng buyuk Shohdir. Agar ovrupolik hukmdorlar bilan taqqoslanadigan bo‘lsa, Akbar ulug‘vorlikda ham, omadbarorlikda ham ulardan ustun turadi, deb aytgandi. Akbarshoh davlat hududini kengaytirgach, mamlakat bo‘yicha umumiy uzunlik va og‘irlik o‘lchovlarini hamda umumiy pul birligini joriy qilishga kirishdi. Natijada oltin bilan kumushning sarfini kamaytirib, ularni xazinada saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Ilgari turli viloyatlarda o‘lchov birligi har xil bo‘lgan. Bunga chek qo‘yish maqsadida, Akbar uzunlikni o‘lchashda 94 sm ga to‘g‘ri keladigan «gaz» o‘lchov birligini qo‘llaydi. Sochiluvchi narsalar og‘irligini o‘lchashda 388 grammga teng bo‘lgan «maund» o‘lchov birligini va pul sohasida asl, qimmatli metallardan yasalgan rupiya va mahuriylarni joriy qildi.
Bu islohotlar juda katta ijobiy ahamiyatga ega bo‘lib, savdo-sotiq ishlarining rivojlanishiga qulay sharoit yaratib berdi. Akbarshoh davrida pul zarb qilish bir qancha xususiy zarbxonalarda amalga oshirilardi. Akbarshoh joriy qilgan pullar bilan birga mamlakatda turli davlatlarning va davrlarning pullari ham muomalada bo‘lgan. Javoharla’l Neru Akbarshoh haqida shunday yozadi: “Akbar 1556 yildan 1606 yilgacha, qariyb ellik yil Hindistonda hukmronlik qildi, Akbar nomi Hindiston tarixida buyuk nom bo‘lib, ayrim jihatlarni Ashokani eslatadi. Ajablanarlisi shuki, Hindistonning miloddan avvalgi uchinchi asrida yashagan buddaviy imperator Ashoka bilan Hindistonda milodiy o‘n oltinchi asrda yashagan musulmon imperatori Akbar deyarli aynan bir xil mavzularni tilga olib, bir xil so‘zlarni ishlatishgan. Butun Hindiston shu ikki buyuk farzandining tilida so‘zlagan bo‘lsa ajab emas”. “Bobur singari Akbarshoh ham umumhindiston birligi mezonlarini diniy separatik (ayirmachilik) da’vo – intilishlaridan yuqori qo‘ygan. Bu sohada u katta yutuqlarga erishdi va ko‘p muvaffaqqiyatlar unga hamroh bo‘ldi”, deb yozadi Neru. Neru Akbarshoh haqida so‘z yuritib, agar qulay vaziyat, sog‘lom muhit mavjud bo‘lmasa, birorta odam o‘z oldiga qo‘ygan katta vazifalarni bajara olmasligini bayon qiladi. Buyuk kishilar, jumladan, Akbarshoh o‘z davri ustuvor sharoitlarining mahsulidir, deb aytadi. Neru Akbarshohni nihoyatda jasur va salohiyatli lashkarboshi deb ta’riflaydi. U Akbarshohni har tomonlama va batafsil ta’riflab, “u va unga o‘xshash shaxslar odamlarni o‘ziga ohangrabo kabi tortadi”, deb ta’kidlaydi.
Neru Akbarshohni ko‘hna hind jamiyatdagi turli xil elatlarni jipslashtirgani (sintez) va ularni bitta millatga birlashtirganiga alohida urg‘u beradi. Neruning fikricha, Akbarshoh o‘zini hindistonlik deb bilgan va garchand u mahalliy xalqqa nisbatan kelgindi hisoblansa-da, Hindiston uni sevib qoldi. Shuning evaziga Akbar Hindistonda muvafaqqiyat bilan hukmronlik qildi va mustahkam imperiya asosini qurdi. J.Neru yozadi: “Buyuk mo‘g‘ullar (boburiylar) davri butun Osiyo va Evropaga yoyildi. Agra va Dehlida qadimgi hind me’morchilik uslubining ajoyib zamonaviy namunalari bilan uyg‘unlashgan yangi, go‘zal inshootlar qad ko‘tardi”. J. Neruning fikricha, jasur va dovyurak sarkarda hamda marhamatli va rahmdil, yuksak axloqiy g‘oyalarga amal qiluvchi, orzu-armonlarga to‘la bo‘lgan Akbarshoh bir vaqtning o‘zida g‘ayratli inson, o‘z muxlislarining sodiq rahnamosi edi. Jangchi sifatida u Hindistonning bepoyon hududlarini zabt etgan bo‘lsa-da, uning orzu-umidlari insonlarning fikru-zikrlarini, qalblarini egallash edi. Akbarshoh zamondoshlarining dalolat berishlaricha, o‘z nigohi bilan kishilarni o‘ziga rom etardi, ko‘zlari esa “quyosh yog‘dusi tushgan dengiz singari” yarqirardi. Akbarshoh Hindistonni faqatgina siyosiy jihatdan, balki bir xalq sifatida davlatni qaytadan qurish orzusini tikladi. 1556 yildan boshlangan deyarli 50 yillik uzoq davom etgan hukmronligi davrida Akbarshoh shu maqsadga intildi. U boshqalarga bo‘ysunmagan ko‘plab mag‘rur rajputlarni o‘z tomoniga og‘dirdi, rajput malikasiga uylandi, o‘g‘li va vorisi Jahongir, bir tomondan mo‘g‘ul (boburiy), ikkinchi tomondan hindu-rajput edi. Jahongir o‘g‘li Shoh Jahonning onasi ham rajputlardan edi. Shunday qilib, turk-mo‘g‘ul sulolasi hind sulolasiga ham aylandi. Akbarshoh rajputlarga maftun edi, ularni o‘z ruhi-tabiatiga yaqin deb bilardi, nikoh aloqalarini o‘rnatish va boshqa yo‘llar bilan u rajputlarning hukmron sinfi bilan ittifoq tuzib, o‘z imperiyasini mustahkamladi. Bu mo‘g‘ul (boburiy) rajput hamkorligi keyingi hukmdorlar davrida ham davom etdi va Hindistonning davlat tuzumi, armiyani boshqarish usuli hamda mamlakat san’ati, madaniyati va turmush tarziga ta’sir ko‘rsatdi. Aynan Akbarshoh davrida Shimoliy Hindistonda hindular bilan musulmonlarning madaniy tutashishi ro‘y berdi. Akbarshohning o‘zi ham hindular, ham musulmonlar o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega edi. Mo‘g‘ullar (boburiylar) sulolasi chinakam hind sulolasiga aylandi.

Yüklə 0,77 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   70




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin