SHOH JAHON (1628-1659) Shahzoda Hurram Jahongirshohning uchinchi o‘g‘li bo‘lib, 1592 yil yanvarda Loho‘rda tug‘ilgan. U 1612 yilda 21 yoshida Jahongirshohning xotini Nurjahonning jiyani, ya’ni Nurjahonning akasi Osafxonning qizi 19 yoshli Arjumand bonuga uylangan. Nurjahonning otasi E’timod ud-Davla saroyda bosh vazir, o‘g‘li Osafxon esa saroy boshqaruvchisi edi. 1622 yilda E’timod ud-Davla vafot etgach, Nurjahon begim bilan shahzoda Hurram orasida zimdan adovat vujudga keldi. Bunga sabab Nurjahon begimning Lodila begim ismli qizi bo‘lib, uning otasi saroy a’yonlaridan biri Nurjahon begimning avvalgi eri Sher Afkan edi. Lodila begim Jahongirshohning kenja o‘g‘li shahzoda Shahriyorga uzatilgandi. Nurjahon begimning niyati taxtga Shahriyorni valiahd qilib tayinlash edi. Bu paytda kasalmand bo‘lganligi sababli Jahongirshoh davlat ishlariga qaramay qo‘ygan, asosiy ishlarni esa Nurjahon begim olib borardi.
Shahzoda Hurram kelajagi haqida tashvishlanib, 1622 yilda o‘z qaramog‘ida turgan nogiron akasi shahzoda Xusravni pinhona o‘ldiradi hamda otasi Jahongirshohga sanchiq kasalidan vafot etdi, deb xabar beradi. Mana shu zaylda saroy ichida asta-sekin guruhbozlik avj olib, kundan-kun saltanatga putur etadi.
Ana shunday vaziyatni ko‘pdan beri kutib turgan Eron shohi Shoh Abbos 1622 yilda to‘satdan Qandahorni qamal qiladi va 45 kunlik qamaldan so‘ng shaharni qo‘lga kiritadi. Jahongirshoh shaharni qaytarib olish maqsadida katta qo‘shin to‘plab, shahzoda Hurram, ya’ni Shoh Jahon boshchiligida Qandahorga yubormoqchi bo‘ladi. Lekin Hurram bunday notinch vaziyatda Hindistondan uzoqlashishni istamay, Qandahorga borishdan bosh tortadi va bir necha kundan so‘ng otasi Jahongirshohga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradi.
1623 yil mart oyida Shoh Jahon Billachurdagi jangda engilib, Dekanga qochadi. Shahzoda Parvez bilan amir Mahobatxon boshchiligidagi Jahongirshoh qo‘shini uni ta’qib qiladi. Shoh Jahon Dekandan Bengaliyaga borib, Rajmaxalni zabt etadi, so‘ng Bixarni qo‘lga kiritadi. Bixarda qo‘shimcha kuch to‘plab, Ollohobodni qamal qiladi. Shu asnoda Jahongirshoh qo‘shini etib kelib, Shoh Jahon qo‘shinini tor-mor qiladi. Shoh Jahon qolgan qo‘shinini yig‘ib, Dekanga qochadi va u erda Malik Ambarga qo‘shilib, Burxonpurni qamal qiladi. Shahzoda Parvez bilan Mahobatxon yaqinlashib kelgach, Shoh Jahon shaharni qamaldan bo‘shatib, ulardan kechirim so‘raydi. Shoh Jahonning gunohi kechirilib, Balagxat hokimligi unga topshiriladi.
1636 yilda Shoh Jahon 50 minglik qo‘shin bilan Dekanga yurish qilib, Golkonda va Bijopurni imperiyaga bo‘ysundiradi, Ahmadnagargacha bo‘lgan erlarni ishg‘ol qiladi hamda o‘zining uchinchi o‘g‘li Avrangzebni Dekanga hukmron qilib, o‘zi poytaxtga qaytadi.
Shoh Jahon poytaxtni Agradan Dehliga ko‘chiradi. U 1639 yildan 1658 yilgacha Dehlida “qizil qal’a”, o‘rda, bog‘lar, masjid va boshqa bir necha inshootlarni barpo etadi. Bir masjidning qurilishiga bir million rupiya sarflanadi. Uning taxti tarixda “Shoh Jahonning tovus monand taxti” deb nom olgan bo‘lib, bu taxtning o‘sha davrdagi qiymati o‘n million rupiy deb belgilangan edi.
Umuman, Shoh Jahon hukmronlik qilgan davrda qurilish inshootlari ko‘payib, xazinaga ancha zarar etkazgan. Shuningdek mamlakatni birlashtirish uchun olib borilgan urush harakatlari yuz millionlab mablag‘ sarflashga majbur qilardi. Binobarin, bu davrda mamlakatning iqtisodiy ahvoli ancha zaiflashgan edi. Bir necha viloyatlarda vabo, ocharchiliklar bo‘lib, mehnatkash xalq yanada og‘ir ahvolga duchor bo‘lgan edi.
Jahongir Shohning salomatligi kundan-kun yomonlashib, davlat ishlarini Nurjahon begim boshqarardi. U o‘zining niyatlarini amalga oshirish maqsadida Jahongirning sodiq lashkarboshisi Mahobatxonni saroydan chetlatib, Bengaliyaga jo‘natadi va mol-mulkini ro‘yxatga oldiradi. Bundan norozi bo‘lgan Mahobatxon saltanatga qarshi bosh ko‘taradi. Bu voqeadan ko‘p o‘tmay Jahongir Nurjahon bilan birga poytaxtdan Kobulga safar qilishadi. Mahobatxon o‘zining rajputli qo‘shini bilan yo‘lga chiqib Shohni qo‘lga oladi. Mahobatxonning barcha shartlari Jahongir tomonidan nochor qabul qilinadi. Shoh karvoni Mahobat nazorati ostiga Kobulga yo‘l oladi. Qobulda Nurjahon begim Jahongirni Mahobatxon soqchilari qo‘lidan qutqarib oladi va Kobul qo‘shinini Mahobatxonga qarshi qo‘yadi. Endi Mahobatxon uchun qochishdan boshqa iloj qolmaydi. U Qobuldan qochib, Dekanda Shoh Jahonga qo‘shiladi.
Shoh Jahonning hukmronlik davrining oxirgi yillari taxtni o‘z o‘g‘illaridan muhofaza qilish bilan o‘tadi. 1658 yilda Shoh Jahon beshafqat o‘g‘li Avrangzeb tomonidan Jamna daryosining o‘ng sohilidagi qal’a xonalaridan biriga qamab qo‘yiladi. Xona darchasidan daryoning narigi qirg‘og‘idagi Toj Mahal yaqqol ko‘rinib turgan. Hamma narsadan judo bo‘lgan, hamma imkoniyatdan mahrum etilgan Shoh Jahon ana shu darchadan Toj Mahalga – xotini Mumtoz begim maqbarasiga tikilib, kunlarini alamli o‘tkazadi. Qarib qolgan Shoh Jahon kasalga chalinib, yig‘ining zo‘ridan ko‘zidan ham judo bo‘ladi va 1666 yilda vafot etadi. O‘z vasiyatiga ko‘ra uni Toj Mahalga – Mumtoz begim yoniga dafn etadilar. Avrangzeb esa otasining vafotidan oldinoq boburiylar taxtining egasi bo‘lib olgandi.