Birinchi davr - eramizgacha II ming yillik Ilk davlatchilik tuzilmalarining yuzaga kelishi va shahar madaniyati va hunarmandchiligining paydo bo‘lishi. Birinchi davlat tuzilmalari nishonasi sifatidagi kichik shaharchalar shahar madaniyatining eng dastlabki shakli hisoblanadi, ularning yuzaga kelishini tadqiqotchilar eramizgacha II ming yillikka mansub beradilar (masalan, O‘zbekiston janubida 200 gektar maydonni egallagan yirik Jarqo‘ton manzilgohi yoki uy-joy, ma’muriy va sajdagoh majmui ko‘rinishidagi kichikroq Sopollitepa manzilgohi).
Dastlabki yirik shaharlar eramizgacha I ming yillikda yuzaga kelgan va qadimgi davrdayoq biz O‘zbekistonning barcha hududlarida shaharsozlikning shiddat bilan rivojlanganini kuzatamiz. Bu O‘zbekistonning janubi ham (Qiziltepa, Bandixon, Dalvarzintepa, Xalchayon, Kampirtepa va h.k.) va markaziy mintaqalar ham (Samarqand yoki yunon mualliflaricha Maroqand) va Farg‘ona (yunon mualliflaricha Kiropol) va Xorazm (Qal’aliqir, Tuproqqal’a va h.k.) hamdir. Bu davr moddiy va badiiy madaniyati hunarmandchilik va sajdagohlik san’ati shaklidagi yaxlitlik ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Ikkinchi davr - eramizgacha I ming yillikning birinchi yarmi Ilk davlatchilik tuzilmalari san’ati va hunarmandchiligi Bu Baqtriya, Sug‘d, Xorazmning tarixiy-madaniy viloyatlari shakllanishi davri bo‘lib, bunda siyosiy hokimiyatning tarmoqlangan tizimli davlatlarning dastlabki shakllarini ko‘rish mumkin. San’atda ikkita yorqin yo‘nalish namoyon bo‘ladi, ulardan biri sug‘oruvchi dehqonchilik, boshqasi ko‘proq ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi chorvachilik bilan mashg‘ul mintaqalarning rivojlanishi bilan bog‘liq. O‘zbekiston turli viloyatlarida ilk davlatchilik shakllanishiga muvofiq holda madaniyat va san’atning mahalliy xususiyatlari yuzaga kela boshlaydi.
Uchinchi davr - eramizgacha IV asr oxiri - eramizning IV asri qadimgi va antik davrlar san’ati va davlatchiliga tarixi. Bu O‘rta Osiyo viloyatlarining hokimlik sifatida Ahmoniylar davlati va Aleksandr Makedonskiy saltanati tarkibiga kirish doirasida mahalliy davlatchilikning shakllanish vaqti. Bir vaqtning o‘zida mahalliy davlatchilik uyg‘onishi jarayoni sodir bo‘ladi (Xorazm, Farg‘ona, Sug‘d, Qang‘yuy). Bu davr madaniyati va san’ati unga zamondosh bo‘lgan «eron-ahmoniy va sak-skif san’ati (Amudaryo xazinasi) bilan aloqada rivojlanadi». Yunon-Baqtriya va Xorazm antik san’ati rivoji mahalliy an’analariga tayanadi (Baqtriya, Xorazm) va unga mahalliy san’at bilan qorishib ketgan sharqiy ellinizm ta’siri sezilarli bo‘lgan. Mahalliy davlatchilikning asosiy belgilari bo‘lmish rivojlangan tanga tizimi, shaharsozlik va hunarmandchilik bilan birga Sug‘d va Xorazm mahalliy yozuvining paydo bo‘lishi uni yanada mustahkamladi va rivojlantirdi. Umuman, bu yaxlitlik tarixiy davr uchun Old Sharq, Hindiston va Uzoq Sharq mamlakatlari madaniyati an’analari bilan hamkorlikda san’atning jadal rivojlanishiga xosdir.
O‘zbekiston madaniyati va san’atida qadimgi va antik davrlar turli diniy, madaniy va badiiy an’analarning o‘zaro xamkorlik o‘zga madaniy an’analarni idrok etishdagi umumiy tolerantlik bilan ifoda etilgan. Bu ayniqsa o‘sha davr ma’naviyatining davlat tuzilishi xususiyatini izoxlaydi. Bu davrda madaniyati va san’atning mafkuraviy va ma’naviy-estetik funksiyasi birinchi marta oldingi jabhaga chiqdi, san’at esa davlatchilik va kuchli markazlashgan hokimiyat g‘oyalarini ifodalovchisi darajasiga ko‘tarildi. Bu ayniqsa O‘zbekiston janubidagi antik haykaltaroshlikda namoyon bo‘ldi.