An'anaviy xalq madaniyatining mohiyati va xususiyati. Tarixiy-ma'naviy qadriyatlarni tiklash millatni tiklash demakdir. Xalq madaniyati an'analarini tiklash bu boradagi muhim ishlardan biridir. Chunki an'anaviy xalq madaniyati – ajdodlarimiz merosining tarkibiy qismi sifatida ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot jarayonida muhim o'rin tutib kelgan va hozirgi davrda ham jamiyatni ma'naviy kamol toptirishda katta ahamiyatga ega.
Respublikamiz mustaqillikka erishgach, milliy meroslarni tadqiq qilishga keng yo'l ochilishi natijasida, sho'rolar davrida taqiqlangan tarixiy meros, ma'naviy qadriyatlar, xalq madaniyati an'analari va ulardan foydalanish masalalariga doir qator izlanishlar paydo bo'la boshladi. Ayniqsa, bu borada I.Jabborov, M.Imomnazarov, N.Komilov, Q.Nazarov, S.Otamurodov, Sh. Rizayev, A.Erkayev, E.Yusupov kabi olimlar ishlari diqqatga sazovordir. Shuningdek xalq turmushi, ijodi, san'atini o'rganishda folklorshunoslar, etnograflar, san'atshunoslar va pedagoglar ham faollik ko'rsata boshlashdi.
Mazkur muammoga diqqat jalb qilish uchun, eng avvalo, adabiy, ilmiy, qomusiy va boshqa manbalardagi xalq madaniyati tushunchasiga izoh berish lozim. Agar mavjud manbalardagi bu atamaga oid turlicha izohlar umumlashtirilib, qisqa bayon qilinsa, unda «xalq madaniyati», birinchidan, muayyan joy (hudud)dagi aholi madaniyati; ikkinchidan, oddiy xalq va keng mehnatkash omma madaniyati; uchinchidan, etnos (ya'ni urug', elat, millat)lar madaniyati kabi ma'nolarda tushuniladi. (Aynan, uchinchi ma'no etnomadaniyat tushuncliasiga to'g'ri keladi). Endi ma'naviy merosning asrlararo shakllangan, avloddan avlodga o'tib, odatga aylanib qolgan qismi - «an'anaviy xalq madaniyati» tushunchasiga ta'rif berish maqsadga muvofiqdir.
An'anaviy xalq madaniyati – etnoslarning tarixiy-ma'naviy ehtiyojlari asosida vujudga kelgan, ularning aqliy-ijodiy faoliyati natijasida taraqqiy etgan, ming yilliklar mobaynida ajdodlar fikrlari, tajribalari, orzu-istaklari, an'analari va qadriyatlarini o'zida birlashtirgan avloddan avlodga o'tib, asrlar osha sayqallanib, murakkablashib borgan bebaho meros hamda jamiyatimizni axloqiy sog'lomlashtiruvchi va insonparvarligini barqaror etuvchi xalqning ma'naviy kamol topishiga xizmat qiladigan muhim omildir. An'anaviy o'zbek xalq madaniyatiga yaxlit ijtimoiy-ma'naviy hodisa va xalq turmushining tarkibiy qismi sifatida qarash madaniyatshunoslik fani doirasida «Etnomadaniyat konsepsiyasini yaratishga imkon beradi. Bu konsepsiya an'anaviy xalq madaniyatini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Mustaqillik sharoitida ko'pgina fan tarmoqlarining mazmunini, shu jumladan, madaniyatshunoslikning asosiy tushunchalarini ham qaytadan ko'rib chiqish lozim bo’lmoqda. Ayniqsa, «xalq madaniyati», «milliy madaniyat». «an'anaviy madaniyat», «etnomadaniyat» atamalari yangi izohni talab qilmoqda. Hanuzgacha kam o'rganilgan «etnomadaniyat» (yoki «etnik madaniyat») tushunchasi yuqoridagi boshqa atamalarni tushunishga qulayliklar yaratadi.
«Etnomadaniyat» tushunchasi tarixiy jarayonda urug', elat, millat madaniyatining shakllanishi va rivojlanishini aks ettiradi. «An'anaviy xalq madaniyati» tushunchasi esa aynan etnik madaniyatning tarixiy jarayonda shakllangan, sinalgan va an'anaga aylangan, avloddan avlodga meros bo'lib o'tayotgan muhim qismi sifatida namoyon bo'ladi.
Agar etnomadaniyatning tarixiy-madaniy xususiyatlarini belgilaydigan bo'lsak, u quyidagilardan tashkil topishi mumkin:
etnoslar tabiiy va tarixiy ma'naviy ehtiyoj asosida vujudga keladi;
o'z mohiyati va xususiyati, mazmuni va shakliga ega bo'lib, boshqa hayotiy sohalar bilan chambarchas bog'lanib ketadi;
xalq hayotida o'z o'rnini topib, turmushning tarkibiy ajralmas qismiga aylanadi;
ma'naviy - tarixiy ehtiyoj sifatida avloddan avlodga meros bo'lib o'tadi va davrlar osha taraqqiy etadi;