O'zbekiston milliy universiteti a. A. Abduazizov tilshunoslik nazariyasiga kirish oliy o’quv yurtlarining filologiya fakultetlari ucun darslik toshkent- 2010



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə26/68
tarix16.12.2022
ölçüsü1,21 Mb.
#75480
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   68
3c41fd8ed3ee62afcf35db36143ad8a5 Tilshunoslik nazariyasiga kirish.

TIL STRUKTURASIDA SO'ZNING O'RNI

Til strukturasida so'z alohida o'rin egallaydi. Ko'pchilik tillar uchun so'z mustaqil til birligi hisoblanadi. Ba'zi tillarda, xususan, polisintetik tillarda (eskimos, aleut tillarida) so'z alohida til birligi sifatida qaralmaydi. Bunday tillarda ma'no va mazmun nutq birliklarini biriktirish orqali amalga oshiriladi.


Tilshunoslik fanida so'z faqat leksikologiya va semasio­logiyada emas, balki boshqa sohalarda ham ilmiy tadqiq etiladi. Biroq so'zni har tomonlama o'rganish uchun unga alohida ta'rif berish talab qilinadi. So'zga berilgan juda ko'p ta'riflar uning barcha jihatlarini qamrab olmagan. Umuman, so'zning til strukturasida tutgan o'rni hech vaqt inkor qilin­maydi. Biroq so'zning ta'rifiga turlicha yondoshiladi. Chunon­chi, so'z tovush shaklida ifodalangan bir tushuncha va uning variantlaridir, degan ta'rif tilning og'zaki shakliga asoslangan. Tilning yozma shaklidan kelib chiqib, so'z grafik jihatdan bir yoki bir necha harflar birikmasidir deb izohlanadi. So'zning faqat fonetik tomoniga e'tibor berib, unga har ikki tomondan pauza bilan chegaralangan tovush yoki tovushlar birikmasi sifatida ta'rif beriladi. Bu ta'riflar juda tor bo'lib, so'zning til strukturasidagi mohiyatini keng ochib bera olmaydi.
So'zga berilgan boshqa ta'riflar ko'proq uning leksik, semantik va grammatik tomonlariga asoslangan. Xususan, so'z minimal chegaralangan gap yoki minimal sintaktik birlik bo'lib, uni gapda boshqa so'zlar yoki bir so'zning boshqa ma'nolari bilan almashtirish mumkin, degan qarash ham mav­jud. Boshqa ta'riflarda so'z o'zida fonetik, semantik va gram­matik belgilarni mujassamlashtirishi, u borliqdagi elementlarni ifodalashi, uning mustaqil va bir butun nutq elementi ekanligi ko'rsatiladi. Ko'rinadiki, tilshunoslik tarixida so'zga turlicha ta'rif berilgan. Lekin bularning birortasi so'zning asosiy belgilarini o'zida mujassamlashtira olmagan. Ta'rifda so'zning barcha muhim tomonlari o'z ifodasini topishi kerak. Umuman, so'zni quyidagicha izohlash mumkin: so'z borliqdagi hodisa va narsalarning ma'nosini ifoda etuvchi, grammatik jihatdan shakllangan va jamiyat a'zolari tomonidan bir xil tushunila­digan, tovush formasida ifodalangan mustaqil va markaziy til birligidir. Bu ta'rifda so'zning ikki tomonlama birlik ekanligi, ya'ni uning tovushlar orqali ifodalangan tomoni va ma'no jihati mujassamlashgan.
Til birliklari ichida so'z alohida o'rin egallaydi. Uning bu xususiyati, ayniqsa, grammatik jihatdan qaralganda ko'rinadi. Tilning eng kichik ma'noli birligi hisoblangan morfema oralig'ida so'zning ma'noli qismlari: o'zak, suffiks va hoka­zolar qaralsa, mustaqil so'z shaklidagi gaplar (masalan, nomi­nativ gaplar: Qish, Sovuq, Qorong'i kabi) sintaktik jihatdan alohida gap turlari sifatida izohlanadi. Bu esa so'zning gram­matik (morfologik va sintaktik) xususiyatlarini ko'rsata olsa ham, uning ta'rifida morfema yoki gapga asoslanish mumkin emasligini ko'rsatadi. Chunki so'z strukturasi semantik jihat­dan ma'noli qismlarga bo'linish xususiyatiga egadir. To'g'ri, bir morfemadan tashkil topgan so'zlar boshqa qismlarga bo'lin­maydi. Masalan, u, tosh, bosh, yo'l kabi. Biroq tildagi ko'pgina so'zlar ma'noli qismlarga bo'lina oladi va ular bir necha morfemalarning ulanishidan tashkil topadi. Masalan, toshloq, boshliq, boychechak, gulsafsar, qoidali kabilar. Bunday bir morfemali va ko'p morfemali so'zlarning o'zagi mustaqil ma'noga ega bo'ladi. Demak, so'z mustaqil ma'noga ega bo'lgan birlikdir. Lekin bunday qarash hamma tillarga ham to'g'ri kelavermasligini yuqorida aytib o'tdik. O'zbek, rus, ingliz, nemis, fransuz, ispan va boshqa ko'p tillarda so'z mustaqil birlik hisoblanadi. Uning mustaqilligi alohida olin­ganda ham, turli ma'nolarni ifodalashida va ba'zan fikr ifodalovchi gap holida kelishida ko'rinadi.
So'z butun birlik sifatida so'z birikmalaridan farq qiladi. So'z zanjirsimon ulanib ketgan qismlar – o'zak, suffiks va hokazolardan tashkil topadi. So'z birikmalari esa ayrim kom­po­nentlardan tashkil topib, umumiy ma'noga ega bo'lgan, ya'ni leksik va grammatik jihatdan shakllangan birliklardir. Masa­lan, kinoga bormoq, dars tayyorlash, kitob o'qish, yoshlar klu­bi kabi. So'z birikmalarining biror komponentini almashtirish mumkin (Qiyoslang: kinoga/ teatrga/ o'qishga/ maga­zin­ga/ bormoq kabi). Qo'shma so'zlar ba'zan tuzilishi jihatdan so'z birikmalariga o'xshasa ham, ular yaxlit ma'nosi bilan ajralib turadi: temir yo'l, gultojixo'roz, chinni gul, qo'lyozma kabi. Ba'zan so'zga fonetik jihatdan bir urg'u ostiga birlashgan bir qancha tovushlarning birikmasi deb ta'rif beriladi. Bu tamo­man noto'g'ridir. Chunki ba'zi ko'p morfemali uzun so'zlar va qo'shma so'zlar bir necha urg'uga ega bo'lishi mumkin. Masalan, gúltójixó'roz.
So'z shakli (tovush formasi) va mazmun birligiga ega bo'lib, semantik va grammatik yaxlitlikni o'zida mujassamlash­tiruvchi birlikdir. U til strukturasida formal va ma'no jihati bilan to'rt bosqichda ilmiy tadqiq etiladi:
1) fonologik jihatdan so'zning fonemalar tarkibi va uning aksent (urg'u) strukturasi o'rganiladi;
2) morfologik jihatdan so'zning morfemik tuzilishi ilmiy tahlil qilinadi;
3) leksik jihatdan so'zning atama birlik ekanligi, ya'ni nom qo'yish bilan bog'liq tomoni qaraladi;
4) semantik jihatdan so'zning turli ma'no tomonlari tadqiq etiladi.
Bunday o'rganishda so'zning 1- va 2-, ya'ni fonologik va morfologik tomonlari formal jihatini, 3- va 4- leksik va semantik tomonlari mazmun jihatini o'zida aks ettiradi. Biroq ulardan birortasini alohida olib tekshirish so'zning formal va mazmun jihatlarining uzilib qolishiga olib keladi. Shu tufayli ular bir-biri bilan uzviy bog'liq holda tekshirilishi zarur. Demak, so'z til strukturasining barcha sohalari bilan bog'liqdir.
So'zning tashqi, ya'ni shakl tomoni fonetika va fonolo­giya hamda grammatikada kengroq o'rganiladi. Quyida so'z­ning ichki, ya'ni mazmun jihatidagi asosiy masalalari ko'rib o'tiladi.



Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   68




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin