ETIMOLOGIYA
So'zlarshshg kelib chiqish tarixini o'rganuvchi soha etimologiya (grekcha etymon – haqiqiy, logos – ta'limot) deyiladi. Etimologiya tilshunoslikning juda qadimiy sohasi bo'lib, eramizdan avvalgi faylasuf va filologlar ham so'zlarning dastlabki kelib chiqish tarixi bilan shug'ullanganlar. "Etimologiya" termini qadimiy Rumo olimlari Xrizipp va Varron nomlari bilan bog'liq ekanligi ehtimol qilinadi. So'zlarning haqiqiy va birinchi asl ma'nolari va shakllari til tarixi, boshqa tillar va dialektlardagi shu so'z to'g'ri kelgan o'zakka ega bo'lgan so'zlar bilan qiyoslash asosida aniqlanadi. Bunda so'zlarning avvalgi ma'nosi va shakllari chuqur o'rganiladi. So'zlarning kelib chiqish tarixi tarix, arxeologiya, geografiya, antropologiya, madaniyat va san'at kabi qator fanlar yordamida aniqlanadi. So'zlarning kelib chiqish tarixini o'rganish tamoyillari va metodlari ancha murakkab bo'lib, boshqa fanlarga murojaat etishni taqozo etadi. "Etimologiya" termini tilshunoslikda ikki ma'noda ishlatiladi: leksikologiyaning ma'lum tilda so'zlarning kelib chiqish tarixini o'rganuvchi sohasi ma'nosida hamda biror so'zning birinchi asl ma'nosi va shakli ma'nosida.
Yangi so'zning kelib chiqishini aniqlash oson, lekin eski so'zning qachon paydo bo'lgani va qaysi tildan yoki shevadan olinganini bilish ancha qiyin. Biror so'zning kelib chiqishini aniqlashda shu so'z qardosh tillardagi so'zlarning tovush strukturasi va ma'nolari bilan qiyoslanadi. Biroq doim ham shunday ilmiy izlanish aniq natijaga olib kelavermaydi. Chunki ba'zan so'zlarning' tashqi shakli, ya'ni tovush tarkibi bir-biriga yaqin bo'lsa ham, ularning ma'nolari turlicha bo'ladi. Masalan, ba'zi tilshunoslar “daftar” so'zini grek tilidagi devter – "ikkinchi teri" so'zidan kelib chiqqan deb hisoblaydilar. Biroq ko'pchilik tilshunoslar bu so'zni fors tilidagi daftar so'zidan kelib chiqqanligi va XI asr qadimiy uyg'ur tilida ba'zi o'zgarishlar bilan “tepter” shaklida ishlatilganini ko'rsatadilar. Bu so'z defter "тетрадь", "реестр" ma'nosida XV asr qo'l yozmalarida ham uchraydi. Biroq bu so'z rus tiliga дафтер, девтер, деотерь shakllarida o'zlashgan. Bu so'z qipchoq va bulg'or tillari orqali tatar va boshqird tillariga daftar shaklida o'zlashgan.1 Ko'rinadiki, daftar so'zining grekcha tovush tarkibiga yaqin bo'lgan "teri" ma'nosidagi so'zga deyarli aloqasi yo'q. Arxitektor so'zi esa ko'pchilik tillarda bor. U grekcha architecton – "quruvchi" so'zidan olingan. Biroq bu so'z har qanday quruvchini emas, balki faqat "haykal quruvchi yoki binoning loyihasini chizuvchi" ma'nosini bildiradi, ya'ni uning ma'nosi ancha toraygan.
Rus tilidan o'zbek tiliga qabul qilingan va kelib chiqishi ham ruscha bo'lgan samovar so'zi "choyxona" ma'nosida va shu so'zga sinonim bo'lib ishlatiladi. Demak, samovar so'zi o'z ma'nosini kengaytirgan, ya'ni u, birinchidan, choy qaynatadigan idishni, ikkinchidan, choy ichadigan joy ma'nosini ifodalaydi. So'zlarning etimologiyasini o'rganish jarayonida ularning tor va keng ma'noda qo'llanilishiga doir ko'plab ma'lumotlar ma'lum bo'ladi.
So'zlarning kelib chiqishini aniqlashga to'sqinlik qiluvchi, ularning bir o'zakdan kelib chiqishini bilish uchun qiyinchilik tug'diruvchi jarayon deetimologizatsiya (lotincha -de – "uzoqlashuv" prefiksi) deb yuritiladi. Ba'zi so'zlar dastlabki kelib chiqish davridagi ma'nolarini yo'qotadi. Masalan, akvarel (aquarelle – italyan tilidan olingan) va akvarium (lotincha aquarium) so'zlari o'zbek va rus tillarida ma'nolari jihatdan bog'lanmaydi. Biroq aslida ularning birinchi qismi lotincha aqua – "suv", "вода" ma'nosini ifoda qilgan. Hozir ularning birinchisi "bo'yoq", ikkinchisi "suvga solingan jonivor" (baliq) ma'nosida qo'llanadi.
Boshqa tildan o'zlashgan so'zni tushunarsiz talaffuz etish va ona tilidagi biror so'zga o'xshash talaffuz qilish jarayoni xalq etimologiyasi deyiladi. Masalan, mramor so'zi qaynar, kamar so'zining talaffuziga yaqinlashtirilib marmar deb aytiladi. Asli gollandcha bo'lgan zontik so'zi uning tarkibidagi ik elementi kichraytish (domik) affiksi deb faraz qilinib, zont shaklida ham talaffuz qilinadi. Barometr so'zining burimetr, mikroskop so'zining melkoskop deb talaffuz etilishi ham shu hodisaga kiradi. Xalq etimologiyasiga doir so'zlar badiiy adabiyotda nutqni jonlantirish maqsadida ham qo'llanadi.
Dostları ilə paylaş: |