TIL LUG'AT TARKIBINING O'ZGARISHI
Jamiyat va xalq hayotidagi turli o'zgarishlar natijasida til ham takomillashib, rivojlanib boradi. Sanoat, qishloq xo'jaligi, fan, madaniyat va texnikaning tez sur'atlar bilan rivojlanishi, birinchi navbatda tilning lug'at tarkibiga ta'sir qiladi. Tilning lug'at tarkibida yangi so'zlar, iboralar paydo bo'ladi, ayrim so'zlarning semantikasida o'zgarishlar yuz beradi, ayrim so'zlar esa eskirib qoladi. Bu barcha tillarning umumiy qonuniyatlaridir. Buni o'zbek tili materiallari asosida izohlaymiz.
Tilda hosil bo'lgan yangi so'zlar neologizmlar (grekcha neos – yangi, logos – so'z) deyiladi. Lug'at tarkibi neologizmlar hisobiga boyib boradi. Neologizmlar quyidagi xususiyatlari bilan lug'at tarkibida ajralib turadi:
1) yangi tushuncha, narsa yoki hodisaning nomini ataydi;
2) avval mavjud bo'lgan narsa yoki hodisaning belgilarini farqlaydi;
3) tildagi vositalarni tejaydi;
4) fikrni aniqroq ifodalash uchun xizmat qiladi.
Neologizmlar tilning ichki zahiralari va boshqa tillardan so'z qabul qilish, ya'ni tashqi ta'sir natijasida hosil bo'ladi.
Neologizmlar tildagi xususiyatlariga ko'ra avvalo ikki turga bo'linadi: leksik-semantik va leksik-grammatik. Leksik-semantik neologizmlar o'z navbatida leksik (unga boshqa tildan o'zlashgan so'zlar ham kiradi) va semantik (unga mavjud so'zlarning yangi ma'noda ishlatilishi kiradi) bo'ladi. Masalan, o'zbek tili lug'at tarkibida keyingi davrlarda paydo bo'lgan fazogir (kosmonavt), kosmodrom, kosmik kema kabilar leksik neologizmlar hisoblanadi.
Neologizmlar tarixiydir. Bir davr uchun neologizm bo'lgan so'zlar keyinchalik neologizmlik belgisini yo'qotib, faol leksik qatlamga o'tishi mumkin. Masalan, muzyorar, traktor kabi so'zlar tilda paydo bo'lganda neologizm bo'lgan. Lekin bugungi tilimizda bular yangi so'zlik belgisini yo'qotib, xalq tilida keng qo'llanadigan so'zlarga aylanib qoldi.
Semantik neologizm yangi ma'noli so'zdir. Masalan, yo'ldosh so'zi bugungi tilimizda yangi ma'noda (yer yo'ldoshi) qo'llanyapti. Bu hodisa ham tarixiydir. Bog'cha dastlab "детсад" ma'nosida qo'llanganda semantik neologizm bo'lgan. Hozir esa neologizmlik belgisini yo'qotgan. Leksik-grammatik neologizmlar tilning o'zidagi so'z yasash vositalari yordamida hosil qilinadi. Leksik-grammatik neologizmlar ham, tarixiydir. Traktorchi (traktorist) kabi so'zlar bugungi tilimizda faol leksik qatlamdan o'rin olgan.
O'zbek tili lug'at tarkibida ayrim so'zlar eskirdi. Bunday so'zlar ikki turga ajratiladi: istorizm va arxaizm.
Istorizmlar (grekcha historia – tarix) o'tmishda mavjud bo'lgan narsa-hodisalarning nomlaridir. Masalan, qozi, ellikboshi, mingboshi, yuzboshi, taxt, kanizak, omoch, sovut kabilar. Bunday so'zlar tarixiy asarlarda o'tmishni tasvirlash uchun sharoit taqozosi bilan ishlatiladi. Ba'zan frazeologik istorizmlar ham uchrab turadi (qozilik qilmoq kabi). Istorizmlardan arxaizmlarni farqlamoq zarur.
Arxaizmlar (grekcha arhaios – "qadimgi") bugungi kunda mavjud bo'lgan narsa-hodisalarning eski nomlaridir. Masalan, ta'til (kanikul), dudoq (lab), muhr (pechat), o'miz (ko'krak) va boshqalar. Bular badiiy nutqda ayrim stilistik talablarga ko'ra ishlatiladi. Istorizmlar va arxaizmlar tilning takomillashuvi, uning lug'at sistemasining rivojlanish jarayoni bilan bog'liqdir.
Dostları ilə paylaş: |