3c41fd8ed3ee62afcf35db36143ad8a5 Tilshunoslik nazariyasiga kirish.
Fonetik usul. Bunda so'z tarkibidagi tovush o'zgarishi hamda urg'uning o'rnini o'zgartirish yo'li bilan yangi so'z hosil qilinadi: aka-uka, yangi (yangi kitob) – yangi (hozir keldi).
Semantik usul. Til lug'at tarkibi taraqqiyotining bu usulida so'z ma'nolari o'zgarib boradi. Faqat so'zlar emas, ularning ma'nolari ham o'z tarixiga ega. So'z ma'nolari semantik jarayonlar va so'z ma'nolarining ko'chish qonuniyatlari asosida o'zgaradi. So'z ma'nolarining o'zgarishi ularning nutqda qo'llanishiga bog'liqdir.
So'z ma'nolarining o'zgarish usuli uch xil: so'z ma'nolarining ko'chishi, so'z ma'nolarining kengayishi, so'z ma'nolarining torayishi.
Til lug'at tarkibining taraqqiyotida semantik usul yana quyidagi ko'rinishlarga ega:
1) omonimlarning hosil bo'lishi: batareya (texnik termin – elektr batareyasi), batareya (harbiy termin – minomyot batareyasi), dasta (biror narsaning ushlagichi) – dasta (ansambl ma'nosida);
2) turdosh va atoqli otlar munosabati. Bunda turdosh otlar o'z ma'nosini toraytirib, atoqli otlarga aylanadi. O'zbek tilidagi Anor, Ra'no, Muhabbat, Bolta, Tesha, Temir kabi atoqli otlar mana shundaydir. Viktor (latincha victor – g'olib), Volga (ruscha волга – влага), Novgorod (ruscha новъ-город) kabi atoqli otlar ham turdosh otlardan hosil bo'lgan. Atoqli otlar o'z ma'nosini kengaytirib, turdosh otlarga aylanadi. Masalan, iprit (zaharlovchi modda) Belgiyadagi Ipr shahri nomi bilan bog'liq. Golife, donjuan, donkixot so'zlari ham ana shu tipdadir.
3) Konversiya (latincha converslo – aylanish) – so'z yasashning semantik-grammatik usulining alohida ko'rinishini tashkil qiladi. Bunda bir turkumdagi so'z ikkinchi bir turkumga o'tadi: uning leksik va grammatik ma'nosi o'zgaradi.
Konversiyaning asosiy ko'rinishlari: subyektivatsiya, adyektivatsiya va adverbializatsiya. Bunda boshqa so'z turkumlaridagi so'zlar ot, sifat va ravishlarga ko'chadi. Masalan, ot turkumiga kiruvchi aniqlanmish so'zi aslida fe'lning sifatdosh shakli, urush, o'qish, kirish, qurilish, tergov kabilar esa aslida fe'lning harakat nomi shaklidir.
Ravish turkumiga kiruvchi qo'rqmasdan so'zi aslida sifatdoshning bo'lishsiz shakli, birdan so'zi bir sonining chiqish kelishigidagi shaklidir. Endi ravishning yuklama vazifasida kelishi (nega endi men beraman), qahramon, kasal kabi sifatlarning otlashuvi ham konversiya hodisasidir. Rus tilidagi “столовая” so'zi ham sifat (столовая мебель), ham ot (oshxona) bo'lib keladi. Bu so'z ot vazifasida kelganda sifat shakli (женский род)ni saqlasa ham, rod kategoriyasi bo'yicha o'zgarmaydi.
Konversiya hodisasi qo'shimchasiz tillar hamda barcha so'z turkumlari taraqqiy etgan so'z shakllariga ega bo'lmagan tillarda keng rivojlangan. Bu hodisa ayniqsa ingliz tilida taraqqiy etgan.