TIL LUG'AT TARKIBI TARAQQIYOTINING ASOSIY
YO'LLARI
Tilning lug'at tarkibi jamiyat taraqqiyoti bilan bog'liq holda doim rivojlanishdadir. Bu har bir tilning ichki zahiralari hamda boshqa tillardan so'z o'zlashtirish hisobiga bo'ladi. Odatda, yangi so'zlar, so'zlarning yangi ma'nolari eskirib qolayotgan so'zlarga nisbatan ancha ko'p paydo bo'ladi. Bu yangi so'z va ma'nolar ma'lum qonun-qoidalar asosida yuzaga keladi. Lekin, shu bilan birga, tilda biror qoida bilan bog'liq bo'lmay, sun'iy hosil qilingan so'zlar oz bo'lsada mavjud. Bunga adabiyotlarda liliput, neylon, gnom, kodik kabi so'zlar misol qilib keltiriladi. BMT kabi qo'shma qisqartma so'zlar esa analitik nomlash va so'zlarni qisqartirish qoidalari asosida hosil bo'lgan.
Til lug'at tarkibi taraqqiyotining, asosan, to'rt usuli mavjud: grammatik usul, fonetik usul, semantik usul, so'z o'zlashtirish usuli.
Grammatik usul. Til lug'at tarkibi taraqqiyotining grammatik usuli tilning so'z yasash modellari va so'z yasash usullariga asoslanadi. Har bir tilning o'ziga xos so'z yasash modellari va usullari bor.
Grammatik so'z yasash usullari so'z yasash asosi va yasalgan so'z hamda so'z yasovchi vositalarga ko'ra o'zaro farq qiladi. So'z yasash asosi va yasalgan so'zga ko'ra bir so'z turkumi doirasida hamda turli so'z turkumi doirasida bo'ladi: xizmat – xizmatchi – xizmatchilik, son – sana – sanoq.
So'z yasash vositalariga ko'ra so'z qo'shish va affiksal (morfologik) usul bilan so'z yasash farq qilinadi. So'z qo'shish usulida yangi tushuncha ifoda qilish uchun ikki yoki undan ortiq so'z biriktirilib, bir so'z holiga keltiriladi. Bu usul bilan qo'shma so'zlar hosil qilinadi: muzyorar, temiryo'l, so'z boshi va boshqalar. So'zlarni qisqartirish va qo'shma qisqartma so'zlar (abbreviatura – lotincha abbrevio – qisqartarish) hosil qilish qoidalari ham shunga kiradi: O‘zMU – O‘zbekiston Milliy universiteti.
So'z qo'shish yo'li bilan so'z yasash barcha tillar uchun xosdir. Bu usul ayniqsa qo'shimchasiz, masalan, xitoy, indonez tillarida keng rivojlangan.
O'zbek tilida morfologik (affiksal) usul bilan so'z yasashning quyidagi ko'rinishlari mavjud: 1) suffiksal usul: temir – temirchi, bosh – boshliq; 2) prefiksli usul: davlat – badavlat, tashvish – betashvish, gap – sergap; 3) suffiksal-prefiksal usul: sergaplik, baquvvatlik.
Dostları ilə paylaş: |