Protestantizmda taqdiri azalga ishonish mavjud. Unga ko‘ra, xudo
kishining tug‘ilishidan oldin taqdirini belgilab qo‘yadi. Odamning yerdagi
hayotida xudo uning taqdirini qanday belgilaganini bilib bo‘lmaydi. Lekin
insonning mehnatsevarligi, ishdagi omadliligi, tijoratdagi yutuqlari,
badavlat va baxtli yashashi kabilar unga xudoning nazari tushganligi va
poklanish belgilari sifatida qabul qilinadi.
Protestantizmda diniy marosimlar soddalashtirilgan va ortiqcha
xarajatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Ibodatlar va’z va duo o‘qish, psalom (diniy
qasida va ashula)lar kuylash, Injildan parchalar o‘qish bilan cheklanadi.
Marhumlar ruhiga, Bibi Mariyam, avliyolar va ikonalarga sig‘inish,
a’rofga ishonish kabilar bekor qilingan. Ibodatxonalardan hashamatli va
ko‘p chiqim talab qiluvchi jihozlar (qo‘ng‘iroqlar, mehroblar, ikonalar,
haykallar va boshqa bezaklar) olib qo‘yilgan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, protestantizm yo‘nalishi G‘arbiy
Yevropada katolik cherkovining zo‘ravonligi, odamlar taqdiriga befarqligi,
ma’naviy aynishi, boylikka o‘chligi, ijtimoiy va madaniy hayotdagi
taraqqiyparvar o‘zgarishlarga to‘sqinligiga qarshi bo‘lgan yangi ijtimoiy-
siyosiy kuchlar mafkurasi sifatida vujudga kelgan. Qayd etish joizki, katolik
cherkoviga qarshi qaratilgan ijtimoiy-siyosiy harakat dahriylik harakati emas,
balki cherkovdagi illatlarga, ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi
siyosiy katolitsizmga qarshi qaratilgan harakat edi.
Dostları ilə paylaş: