So‘zak (gonoreya, tripper)
So‘zak yuqumli tanosil kasalligi bo‘lib, asosan jinsiy yo‘l bilan
yuqadi. So‘zak yunoncha «gonoreya», ya’ni gone – urug‘, rhoia – oqish
demakdir. So‘zakda asosan siydik-tanosil a’zolari, ba’zan to‘g‘ri ichak,
ko‘z, og‘iz shilliq qavatlari ham zararlanadi.
So‘zak qadimgi tanosil kasalliklaridan hisoblanadi. Erkaklar so‘zagida
odatda uretradan sarg‘ish-gungurt yiringli suyuqlik chiqa boshlaydi, shu
klinik ko‘rinishni eramizdan avvalgi II asrda yashagan Galen «gonoreya»
deb atagan.
So‘zak eramizdan avvalgi V asrda Gippokratga ham ma’lum bo‘lgan,
lekin uni birinchi bo‘lib A. Neysser aniqlagan. U bemorlarning uretra
kanalidan kasallik qo‘zg‘atuvchisini topib, gonokokklar siydik-tanosil
168
a’zolarida yallig‘lanish jarayonlarini vujudga keltirishini ilmiy asosladi
(1879). Shundan buyon so‘zak mustaqil kasallik deb yuritiladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozir ham
so‘zak eng ko‘p tarqalgan tanosil kasalliklari qatoriga kiritiladi. Yer
sharida yiliga 200–250 mln aholi bu kasallikka chalinadi. Hatto
rivojlangan Yevropa davlatlarida ham so‘zak kasalligi soni bo‘yicha o‘tkir
yuqumli grippdan keyingi o‘rinda turadi.
Kasallik qo‘zg‘atuvchisi. So‘zak qo‘zg‘atuvchisi gonokokklar juft-juft
bo‘lib turadigan kokklar, ya’ni diplokokklardir (yunoncha diplos – juft
demakdir). Ular botiq tomoni bir-biriga qarab yotadigan dukkaklar
shaklida bo‘ladi.
Gonokokkni 1879 yili nemis olimi Albert Neysser topgan. YE. Bum
esa 1885 yilda uni maxsus oziqli muhitda undirishga muvaffaq bo‘lgan.
Gonokokklar bir xil kattalikda, ya’ni 0,7– 0,8 mk, bo‘yi 0,25 mk keladi.
Bemorga yetarli miqdorda antibiotiklar yoki sulfanilamid preparatlari
buyurilmasa, ularning katta-kichikligi, shakli o‘zgarib, sharsimon,
tuxumsimon yoki eritrotsitlar kattaligidagi zarrachalarga, ya’ni L –
shakliga tezda aylanib qoladi. Bu esa davolashni ancha mushkullashtiradi,
hatto ular ba’zi antibiotiklarga, masalan, penitsillinga qarshi penitsillinaza
fermentini ishlay boshlaydi.
Gonokokklar odam organizmidan tashqarida yuqori haroratga
chidamsiz, ayniqsa, 40–50
0
C dan yuqori harorat, dezinfeksiyalovchi
eritmalar ta’sirida tez o‘ladi. 1:100 nisbatdagi kumush nitrat eritmasi, yod
va spirt gonokokklarni shu zahoti o‘ldiradi. Ammo qurimagan qalin
yiringda va har xil buyumlarda yoki nam ichki kiyimlarda, sochiq va
boshqalarda bir sutka, ba’zan undan ortiq saqlanadi.
Kasallikning yuqish yo‘llari. So‘zak asosan sog‘lom odamga bemor
bilan jinsiy aloqa qilganda yuqadi. Kasallik manbai so‘zak bilan
og‘riganligini bilmay yurgan yoki surunkali so‘zakka chalingan bemorlar
hisoblanadi.
Ayniqsa ayollar o‘zlarining kasal ekanliklarini uzoq vaqtgacha bilmay
yurishlari mumkin. Bunday holat besoqolbozlik (gomoseksualizm) bilan
shug‘ullanvchilarda ham kuzatilishi mumkin. Ba’zan so‘zak bilan og‘rigan
qizlarning shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmasliklari tufayli,
ularning jinsiy a’zolaridan kelayotgan infeksiyali ajralmalar to‘g‘ri ichak
shilliq qavatiga tushib uni yallig‘lantiradi. Orogenital muloqotdan so‘ng
gonokokklar bodomcha bezlar va tomoq shilliq qavatini birlamchi
yallig‘lantirishi mumkin.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, so‘zak bilan og‘rigan bemorlarning
deyarli 95–99 % uni jinsiy aloqa oqibatida yuqtirib oladi.
Kasallik kechuvi. So‘zakkka qarshi tug‘ma immunitet ham, orttirilgan
immunitet ham yo‘q. Shu bois, kasaldan tuzalgan bemor yana qayta
169
kasallanishi mumkin, ya’ni bir kishi so‘zak bilan bir necha marta og‘rishi
mumkin (reinfeksiya).
So‘zakda asosiy patologik jarayon odatda qo‘zg‘atuvchi birlamchi
kirgan joydan boshlanadi. Shunga asosan, siydik-tanosil a’zolari (genital),
ekstragenital va metastatik so‘zak farqlanadi. Metastatik so‘zak genital va
ekstragenital so‘zaklar asorati hisoblanadi.
Erkaklar so‘zagi. Inkubatsion davr so‘zak bo‘lgan ayol bilan jinsiy
aloqa qilgandan so‘ng 3–5–7 kun davom etadi. Ba’zan esa 3 haftagacha
cho‘zilishi mumkin. Agar kasallik boshlanganiga bir oydan oshgan bo‘lsa,
u surunkali so‘zak deb yuritiladi. Shuningdek, kasalligi aniqlanmagan
bemorlar ham so‘zakning surunkali xiliga kiritiladi.
Inkubatsion davrdan so‘ng siydik chiqarish kanalidan sarg‘ish-
ko‘kimtir yiring ajrala boshlaydi.
Ba’zi kasallarda gonokokk bo‘lishiga qaramay, kasallik belgilari
kuzatilmaydi, bunday holat yashirin (latent) so‘zak yoki gonokokk
tashuvchilik deb yuritiladi.
Erkaklar so‘zagining quyidagi turlari mavjud:
1) yangi so‘zak; a) o‘tkir; b) o‘rtacha o‘tkir; v) sust kechadigan;
2) surunkali so‘zak;
3) yashirin (latent) so‘zak.
O‘tkir so‘zak uretriti. Kasallik siydik chiqarish kanalining old qismida
qichish, qizish va bir oz achishishdan boshlanadi. Bu belgilar ayniqsa
tongda bezovta qiladi. Bunda uretra kanali og‘zi yopishib qizaradi va
shishib ketadi. Siydikda shilimshiq va yiringli ipchalar ko‘rinadi. Bora-
bora bemor siyganida og‘riq turib, qattiq achishishdan, erreksiyada og‘riq
sezilishidan noliydi hamda siydik kanalidan juda ko‘p sarg‘ish-gungurt
yiring keladi. So‘ng yallig‘lanish kuchayib, ajralmalar qon aralash chiqib,
rangi sarg‘imtir-jigarrang tusga kiradi.
Kasallikning 3–4 haftalari oxirida yallig‘lanish uretraning old
qismidan orqasiga o‘tadi va o‘tkir total so‘zak uretriti avj oladi. Kasallik
belgilari zo‘rayadi (uretrotsistit). Bemor tez-tez siyadi, siyganida og‘riq
sezadi, siydigida qon bo‘lishi ham mumkin.
Sust kechadigan so‘zakda so‘zak uretritining klinik belgilari sust,
ya’ni siydik chiqarish kanali atrofi bir oz qizargan, shishgan bo‘lib, faqat
ertalablari ajralmalar kam miqdorda shilimshiqli va yiringli bo‘ladi.
O‘rtacha o‘tkir so‘zak uretriti belgilari yuqorida aytilgan har ikkala
uretritning oralig‘ida turadi.
O‘tkir so‘zak uretritida siydik kanalining orqa qismi zararlanib, unda
odatda prostata bezi va tuxum ortiqlari ham patologik jarayonga
qo‘shiladi.
O‘tkir so‘zakda umumiy belgilar: harorat ko‘tarilishi, ishtaha pa-
sayishi, umumiy quvvatsizlik kuzatiladi.
170
Surunkali so‘zak. Bemor o‘z vaqtida davolanmasa yoki pala-partish
davolansa, shuningdek parhez va davolash rejimiga rioya qilmasa, jarayon
o‘tkirdan surunkaliga o‘tadi. Kasallikning bu ko‘rinishi kechuvi jihatdan
sust kechadigan so‘zakka o‘xshaydi. Ba’zan surunkali so‘zak qo‘zib
turadi. Ayniqsa bemor achchiq, sho‘r taomlar iste’mol qilsa, spirtli
ichimliklar ichsa, jinsiy aloqa qilsa, yallig‘lanish zo‘rayadi. Bunda kasallik
belgilari xuddi o‘tkir yoki o‘rtacha o‘tkir so‘zakka o‘xshab ketadi.
Erkaklar so‘zagining asoratlari:
1) uretra strikturasi; 2) so‘zak prostatiti; 3) so‘zak kallikuliti (urug‘
do‘mboqchasining yallig‘lanishi) va vezikuliti (urug‘ pufakchalarining
yallig‘lanishi); 4) epididimit (moyak ortig‘ining yallig‘lanishi).
Ayollar so‘zagi o‘zining klinik ko‘rinishi va kechishi jihatidan
erkaklarnikidan bir oz farq qiladi – bu erkak va ayol siydik-tanosil
a’zolarining tuzilishidagi tafovutlarga bog‘liq.
Ayollarda so‘zak infeksiyasi uretra, bartolin bezlari, bachadon bo‘yni,
shuningdek to‘g‘ri ichakni bir yo‘la shikastlantiradi va jadal kechadi.
Infeksiya asosan jinsiy yo‘l bilan yuqadi, ammo nojinsiy yo‘l bilan
yuqish ham uchraydi.
Gonokokklar jinsiy aloqadan so‘ng avval uretraga keyin bachadon
bo‘yniga tushib, ularni yallig‘lantiradi. Keyinchalik katta vestibulyar
bezlar va to‘g‘ri ichakning quyi qismi zararlanadi.
Inkubatsion davr 3–5 kun, ba’zan 4–15 kungacha cho‘zilishi mumkin.
Kasallikning subyektiv belgilari sustligi tufayli ayollar infeksiya yuqtirgan
vaqtini tayin ayta olmaydi.
Ayollar so‘zagi klinik kechishiga qarab xuddi erkaklarnikidek tafovut
qilinadi: yangi so‘zak (o‘tkir, o‘rtacha o‘tkir, sust kechadigan); surunkali
so‘zak (ikki oydan oshgan so‘zak).
Siydik-tanosil a’zolarining faqat quyi qismi (qin dahlizi, bartolin
bezlari, uretra, bachadon bo‘yni) so‘zak bilan zararlangan bo‘lsa, bu asorat
bermagan, mabodo bachadonning ichki qismi, tuxumdon ortiqlari va
boshqa a’zolari ham zararlangan bo‘lsa, kasallik yuqoriga ko‘tariluvchi
asorat bergan so‘zak deyiladi.
Ayollar so‘zagining o‘tishi o‘tkir va surunkali bo‘ladi. Bemor
ayollarning 71–96 % da so‘zak uretriti kuzatiladi, bunga asosan ayollar
uretrasining qisqa va enliligi sabab bo‘ladi. Kasallikning o‘tkir davrida
bemorlar uretraning sanchib og‘rishidan, surunkali davrida esa tez-tez
siyishdan shikoyat qiladilar. Uretra shishib qizaradi, bosganda og‘rib,
oqish-sarg‘imtir ajralma keladi.
Ayollar so‘zagining yuqoriga ko‘tariluvchi asorat bergan ko‘rinish-
larida ichki jinsiy a’zolarning zararlanishi tufayli shu kasalliklarga xos
bo‘lgan belgilar namoyon bo‘ladi va subyektiv hamda obyektiv jihatdan
yaqqol va aniq belgilar bilan kechadi.
171
So‘zak bilan og‘rigan shaxslarni maxsus ro‘yxatdan chiqarish.
So‘zakdan davolanganlikning isboti bemorni to‘liq davolab, 1–2 oy mo-
baynida dispanser ko‘rigi o‘tkazilgach aniqlanadi. Bakteriologik tekshi-
rishlar vaqtida gonokokkning aniqlanmasligi to‘liq davolanganlik dalolati
bo‘la olmaydi, chunki gonokokklarning boshqa shakllarga o‘ta olish
ehtimoli tufayli hamda ularni yashirin o‘choqlardan chiqishga majbur
qiluvchi usullar qo‘llanilganidan so‘ng bu haqda fikr yuritish mumkin.
Bemorlarning to‘liq davolanganligini tasdiqlashda quyidagilarni
hisobga olish kerak:
1) hafta davomida tekshirilganda sinamalarda gonokokklarning
mutlaq uchramasligi;
2) prostata bezi va urug‘ pufakchalarida o‘zgarishlar bo‘lmasligi
hamda ajralmada leykotsitlarning uchramasligi;
3) siydik kanalida yallig‘lanish jarayonining kuzatilmasligi.
Dostları ilə paylaş: |