84-modda. “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek viloyatlar, shaharlar, tumanlar tashkil qilish va ularni tugatish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining roziligi bilan amalga oshiriladi”.
Viloyat va respublikaga (Qoraqalpog‘iston Respublikasiga) bo‘ysunuvchi shaharlar turkumiga kamida 30 ming aholisi, muhim sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan istiqbolli iqtisodiy va madaniy markaz hisoblangan shaharlar kiradi.
Tumanga bo‘ysunuvchi shaharlar toifasiga sanoat korxonalari, kommunal xo‘jaligi, davlat uy-joy fondi, rivojlangan ijtimoiy-madaniy muassasalari, savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari mavjud bo‘lgan hamda aholisi 7 ming kishidan kam bo‘lmagan va uning uchdan ikki qismini ishchi, xizmatchi hamda ularning oila a’zolari tashkil etgan shaharchalar va boshqa aholi manzillari kiritiladi. Bunda mazkur aholi punktining ma’muriy ahamiyati va rivojlanish istiqbollari e’tiborga olinadi.
Shaharchalarham ma’muriy-hududiy birlik bo‘lib, uning turkumiga sanoat korxonalari, qurilishlar, temir yo‘l stansiyalari va boshqa muhim ob’ektlar yaqinida joylashgan hamda kamida ikki ming aholisi bo‘lgan aholi punktlari kiritilishi mumkin.
Qishloqlar – ma’muriy-hududiy bo‘linishning quyi bo‘g‘inlaridan biridir. Shahar hududlariga kirmaydigan, ma’lum aholi soniga ega bo‘lgan qishloq markazlari va ma’lum sanoat ob’ektlari atrofida istiqomat qiluvchi aholining yashash joylari qishloqlar bo‘lishi mumkin.
Ovullar esa qishloqlarga qaraganda kichikroq hajmdagi yashash va turar joylardan iborat aholi punktlaridir. Ovullarda, ko‘p hollarda, chorvador oilalar istiqomat qilib, ular, aso san, ko‘chib yuruvchi bir necha cho‘ponlar oilalaridan tashkil topadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi 85-modda. “Suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining suvereniteti O‘zbekiston Respublikasi tomonidan muhofaza etiladi”.
O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy bo‘linishi tizimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi alohida ahamiyat kasb etadi.
Har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash tamoyili asosida qoraqalpoq millati O‘zbekiston hududida o‘z davlatini muxtor Respublika shaklida tashkil etgan edi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishganidan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi mustaqil-suveren deb e’lon qilindi. Ushbu maqom O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik deklaratsiyasida, O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risidagi qonunda va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi40da o‘z ifodasini topdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topgan bo‘lib, 66-moddaga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlardan, shaharlardan, shaharchalardan, ovullardan iborat.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida eng yirik ma’muriy-hududiy birlik – bu tuman hisoblanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasining shimoliy-g‘arbida joylashgan. Maydoni 164,9 ming kv. km. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 15 ta tuman, 12 ta shahar, 16 ta shaharcha, 112 ovul bor.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining poytaxti Nukus shahridir.
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishida Toshkent shahri alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 6-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasining poytaxti – Toshkent shahri.
Poytaxt shahar bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Unda davlat va jamoat tashkilotlarining markaziy idoralari, davlat boshlig‘ining qarorgohi, chet el diplomatik vakolatxonalari joylashadi, davlatning asosiy siyosiy va iqtisodiy tadbirlari amalga oshiriladi
Toshkent shahri Toshkent viloyatining ma’muriy markazi bo‘lib, maydoni 256 kv. km.
Ma’muriy-hududiy bo‘linish – bu qonun asosida tuzilgan, ma’lum nomga, tegishli davlat-huquqiy maqomga ega bo‘lgan va boshqa ma’muriy-hududiy bo‘laklar bilan, boshqaruv va bo‘ysunish munosabatlari bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi hududining tarkibiy qismidir.
O‘zbekiston Respublikasi hududining ma’lum ma’muriy bo‘laklarga bo‘linishi, davlatning asosiy funksiya va vazifalarini amalga oshirishda zarur tadbir bo‘lib hisoblanadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ma’muriy-hududiy bo‘lakda o‘z vazifalarini shu davlat hududiy bo‘laklari orqali amalga oshiradilar. Demak, ma’muriy-hududiy bo‘laklarga mos ravishda davlat apparatining tegishli bo‘g‘inlari ham takomillashtiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida tumanlarni tuzish va tugatish Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining taklifiga muvofiq Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining roziligi bilan amalga oshiriladi.
Qishloqlar, ovullarni tuzish va tugatish tegishli tuman hokimlarining iltimosnomasiga asosan xalq deputatlari viloyat Kengashlari tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa – Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan amalga oshiriladi.
«O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy-hududiy tuzilish, toponimik ob’ektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida»gi qonunning 4-6-moddalariga binoan esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining chegarasi faqat uning roziligi bilan Jo‘qorg‘i Kenges qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan o‘zgartirilishi mumkin.
Viloyatlar va tumanlarning chegaralarini o‘zgartirish tegishli viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining iltimosnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga muvofiq Oliy Majlis tomonidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida tumanlarning chegaralarini o‘zgartirish tegishli tuman hokimlarining iltimosnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining taklifiga muvofiq Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan amalga oshiriladi.
Qishloqlar va ovullar chegarasini o‘zgartirish, aholi punktlarini birlashtirish tegishli tuman hokimlarining iltimosnomasiga asosan xalq deputatlari viloyat Kengashlari tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa – Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining poytaxtini belgilash va ko‘chirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining roziligi bilan Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan amalga oshiriladi.
Viloyatlarning ma’muriy markazlarini belgilash va ko‘chirish tegishli viloyat hokimlarining iltimosnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.
Tumanlar, qishloqlar, ovullarning ma’muriy markazlarini belgilash va ko‘chirish tegishli tuman hokimlarining iltimosnomasiga binoan xalq deputatlari viloyat Kengashlari tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa – Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan amalga oshiriladi.
Shaharlarning chegaralarini belgilash va kengaytirish tegishli viloyat, Toshkent shahri hokimlarining iltimosnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida shaharlarning chegaralarini belgilash va kengaytirish tegishli tuman, shahar hokimlarining iltimosnomasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining taklifiga muvofiq Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan amalga oshiriladi.
Shaharchalarning chegaralarini belgilash va kengaytirish tegishli tuman hokimlarining iltimosnomasiga asosan xalq deputatlari viloyat Kengashlari tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa – Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan amalga oshiriladi.
Viloyatlar, tumanlar, shaharlarga nom berish va ularning nomini o‘zgartirish tegishli viloyat hokimlarining iltimosnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida tumanlar, shaharlarga nom berish va ularning nomini o‘zgartirish tegishli tuman, shahar hokimlarining iltimosnomasiga asosan Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan amalga oshiriladi.
Shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomini o‘zgartirish tegishli tuman, shahar hokimlarining iltimosnomasiga asosan xalq deputatlari viloyat Kengashlari tomonidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa – Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan amalga oshiriladi.
Viloyatlar, tumanlar, shaharlarga nom berish va ularning nomini o‘zgartirish vaqtida O‘zbekiston Respublikasida mavjud bo‘lgan nomlarni berishga, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki ushbu viloyatda mavjud bo‘lgan nomlarni berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Viloyatlar, shaharlar, tumanlar, qishloqlar, ovullar, shaharchalar, aholi punktlariga odamlarning nomini berishga, shuningdek ularni tarixiy voqealar sharafiga nomlashga qoida tariqasida yo‘l qo‘yilmaydi.
Viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullarni tuzish, tugatish, chegaralarini o‘zgartirish, ma’muriy markazlarni boshqa joyga ko‘chirish, aholi yashaydigan punktlarni shaharchalar toifasiga ko‘chirish, ma’muriy-hududiy birliklarni nomlash, nomini o‘zgartirish masalasiga bag‘ishlangan qarorlar albatta O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasida chop etilishi lozim.