O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” faniga kirish. Fanning predmeti, maqsadi va vazifalari



Yüklə 296,23 Kb.
səhifə44/96
tarix09.10.2023
ölçüsü296,23 Kb.
#153229
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   96
Seminar mavzulari — копия (6)

3. Oila, bolalar va yoshlar
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb ataladi. 2023 yilning 30 aprelda o’tkazilgan referendumdan keyin amalda bo’lgan yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ushbu bob o’z ichiga 76-80-moddalar, ya’ni 5 moddani o’z ichiga oladi. Oldingi Konstitutsiyada bu bob 63-moddadan 66-moddagacha bo’lgan 4 moddani qamrab olar edi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 76-moddasida ”Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir. Nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi. Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratadi”,-deyilgan.
1998 yil 1 sentyabrda kuchga kirgan O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 13- va 14-moddalarida nikoh tuzishning tartibi va ixtiyoriyligi belgilab berilgan. Ularga ko’ra nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Nikoh tuzish ixtiyoriydir. Nikoh tuzish uchun bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Nikoh tuzishga majbur qilish esa ta’qiqlanadi. O’zbekistonda nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun ham bir xil 18 yosh etib belgilangan.
Oila erkak va ayolning nikohdan o‘tib, bir yostiqqa bosh qo‘ygan kunidan boshlanadi. Uning eng muhim vazifasi naslni davom ettirish, shuningdek, ota-bobolarining eng yaxshi an’ana va udumlarini davom ettirish, turmushni mustahkamlashdan iboratdir. Oila jamiyatning boshlang'ich hujayrasini tashkil etib, unda aholini ko‘payishi va yosh avlodni tarbiyalash vazifalari bajariladi. Uning muhim ijtimoiy vazifalari quyidagilardan iborat: birinchidan, u jamiyatning demokratik hujayrasini tashkil etib, odamlar shu muqaddas koshonada tug‘ilib o‘sib, jamiyat tarkibini tashkil etadi. Ikkinchidan, oila - muhim bo‘g ‘in bo‘lib. unda biz mehnat jarayonida sarf qilgan kuchlarimizni tiklaymiz. Uchinchidan, oila - muhim tarbiya o‘chog‘I va oxiri to‘rtinchidan, oila - nodir ruhiy muhitdir. Olimlarning fikricha, odamlar hayotining birdan-bir to‘g ‘ri yoli oilaviy hayot ekan. Yolg'iz bo‘lib yashash har xil falokatlarga va fojealarga olib kelar ekan.
Boy ilmiy-madaniy merosimiz, qadimiy urf-odat hamda anʼanalarimizdan ayonki, har qanday zamon va makonda ham oila biz uchun muqaddas qadriyat sanalgan. Binobarin, tarbiyaviy, maʼnaviy-maʼrifiy, ruhiy-axloqiy, iqtisodiy-huquqiy munosabatlarga asoslangan ijtimoiy birlik hisoblanmish oila qanchalik mustahkam boʻlsa, jamiyat ham shunchalik barqaror taraqqiy etishini ajdodlarimiz juda yaxshi anglashgan.
Shu bois ota-bobolarimiz oilaga juda katta eʼtibor bilan qarashgan. Buyuk allomalarimiz Mahmud Koshgʻariy, Ahmad Yugnakiy, Kaykovusdan tortib Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulugʻbek va boshqalargacha oʻz asarlarida oilaviy masalalar, xususan, oila aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar, bola tarbiyasida ota-ona, bobo-buvining oʻrni, komil va vatanparvar shaxsni yetishtirishda bu muhim ijtimoiy institutning roliga alohida yondashib, ibratli hikoyatlar, rivoyatlar, farzandlarga maktublar, hikmatli soʻzlar, sheʼriy satrlar orqali pand-nasihatlar, hayotiy xulosalar yozib qoldirganlar. Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi maʼrifatparvarlarimiz ham odob-axloqi goʻzal, jismonan va maʼnan yetuk avlodni tarbiyalashning yagona yoʻli — barqaror oila qurish ekanini, oilani mustahkamlamasdan davlat va jamiyat taraqqiyotiga erishib boʻlmasligini taʼkidlashgan.
Bugungi shiddat bilan oʻzgarib borayotgan globallashuv davriga kelib ham Oʻzbekiston oʻz istiqboli va kelajagini oilani rivojlantirish, uni eʼzozlashda, deb bilayotgani yuqoridagi anʼanaviy qadriyatlarimizni yanada boyitgan holda zamonaviy, namunali va farovon oilani barpo etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanganida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Oxirgi yillarda davlatimiz tomonidan oila institutiga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, 2018 yilning 29 iyunida chiqarilgan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash Konsepsiyasini tasdiqlash to’g’risida” qarori, Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan milliy hamda maʼnaviy qadriyatlarimiz asosida ushbu sohada yillar davomida toʻplanib qolgan, eʼtibordan chetda qolib kelgan muammolar yechimi yuzasidan tegishli davlat organlari hamda jamoat tashkilotlari oldiga eng muhim va dolzarb vazifalar qoʻyildi. Mazkur Farmonga binoan, Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi oila instituti sohasida yagona davlat siyosatini yurituvchi tizim sifatida tashkil etildi. Markazning asosiy vazifasi davlat va jamoat tashkilotlari, parlament, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini Oʻzbekiston oilalarini mustahkamlash gʻoyasi atrofida birlashtirish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirib borish, mamlakatda faqat sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat ustuni boʻla olishini aholi ongiga singdirish, ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish orqali oila institutini mustahkamlash etib belgilangani mamlakatimizda bu borada mutlaqo yangi bosqichdagi saʼy-harakatlar boshlanganidan dalolat beradi.
“Oila kichik vatan, oila tinch bo‘lsa, baxtli bo‘lsa, vatan tinch bo‘ladi. O‘sha baxtli kunlarni, vatanimizning, yoshlarimizning kamolini hozir niyat qilayotganimiz kabi ko‘rish hammamizga nasib etsin!”, — deya ta’kidlagan edi O‘zbekiston Prezidenti31.
Konstitutsiyaning 77-moddasida: “Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlaydi, shu maqsadda xayriya faoliyatini rag‘batlantiradi”,-deyilgan. Bu modda mazmuni oldingi asosiy qonunimizdagi 64-moddaning mazmuniga ko’ra birmuncha kengaytirilgan. Davlat va jamiyatning yetim va ota-ona vasiyligidan mahrum bo’lgan bolalarning sog’lig’i, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlashligi ta’kidlangan.
Oldingi Konstitutsiyaning 65-moddasining mazmuni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 78- va 79-moddalarida aks etgan va kengaytirilgan. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya 78-moddasida “Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir.
Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”,-deyilgan. Ushbu moddada bolalarning qonun oldida tengligi tamoyili o’z aksini topgan va shu bilan birga bolalarning qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan muhofazasi xususiyatlari aniq berilgan hamda bolalarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi to’g’risidagi jumlalar bilan boyitilgan.
79-moddada “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”,-deyilgan. Ushbu modda o’z mazmuniga ko’ra tamomila yangi bo’lib, davlatimizni jamiyatimizning qariyb 64 foizini tashkil etuvchi qatlami bolgan yoshlarga nisbatan siyosatini aks ettiradi.
2021 yil 19 yanvarda kuchga kirgan “O’zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to’g’risida” Vazirlar Mahkamasining qarori32 davlatimizning yoshlarni kelajagimiz davomchilari sifatida qarab, ularga alohida e’tiborini ifodalaydi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 80-moddasi oldingi Konstitutsiyaning 66-moddasi bilan bir xil mazmunga ega bo’lib, o’zgarishsiz qoldirilgan va u quyidagi mazmunga ega: “80-modda. Voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”. Ushbu moddada voyaga yetgan farzandlarning o’z ota-onalari oldidagi majburiyati aks etgan. Farzandlar qarigan va kuchdan qolgan ota-onalarini yolg’iz qoldirmasdan, ularning sog’lig’ini tiklashi hamda to’laqonli hayot kechirishi uchun tegishli moddiy va ma’naviy shart-sharoitlarni yaratishlari lozim. Bu moddada xalqimizning azaliy urf-odat va qadriyatlari ko’zga tashlanmoqda. “Qarisi bor uyning parisi bor”, “Katta kelsa oshga, yosh kelsa ishga”, “Kattalar hurmatda, kichiklar izzatda” kabi xalq maqollarida o’z ifodasini topgan ming yillik udumlar asosiy qonunimizda o’z o’rniga ega.
Shunday qilib, xulosa o’rnida aytish mumkinki, yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIV bobi yoshlarga oid bitta moddaga ko’paygan va mavjud moddalar mazmuni boyitilgan. Davlatning oila va bolalar oldidagi majburiyatlari mazmuni kengaygan va aniqlashtirilgan.



Yüklə 296,23 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   96




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin