Sintez quyidagi metodik yondashuv bo`yicha olib boriladi:
Kesma harflardan foydalanib, bo`g`in hosil qilish.
Hosil qilingan bo`g`inlardan so`z tuzish.
3. Berilgan so`zlardan gap tuzish.
4. Kichik gaplardan matn yaratish.
D harfi misolida sintez metodining o`tkazilishiga namuna.
Tarbiyachi o`rganilayotgan D tovushi talaffuzini orfoepik me’yorda o`rgatadi va uning bosma harf shakli bilan tanishtiradi. D harfiga tanish bo`lgan unli harflarni qo`shib turli bo`g`inlar hosil qilinadi. Da, do, du, di, ad, od, id, ud. Hosil qilingan bironta bo`g`in tanlab olinadi va unga boshqa bo`g`inni qo`shish orqali so`z tuziladi. Da – la Tuzilgan so`z ishtirok etgan gap tuziladi. Dalada ish qizg`in. Tuzilgan gap mazmuniga mos yana kichik gaplar tuzilib matn hosil qilinadi.
Kuz keldi. Dalada ish qizg`in. Dehqonlar hosilni yig`ib olmoqdalar. Sintez mashqlari. 1. Tovush tomonidan analiz qilingan so`zni yoki bo`g`inni talaffuz qilish va uni kesma harfdan tuzish (yozish); shu so`z yoki bo`g`inni o`qish.
2. O`rganilgan undosh yoki unli bilan (na, ni, no; la, lo, li; ay, uy, oy, ...) bo`g`in jadvalini tuzish; bo`g`in jadvalini kitobdan yoki matndan o`qish; kesma harflardan bo`g`in jadvalini tuzish.
3. Bola-lola-tola, boy-soy-loy, baxt-taxt, ona-ota, mosh-bosh kabi bir undosh harf bilan farqlanadigan yoki ona-ana, ukki-ikki, osh-ish kabi bir unli harf bilan farqlanadigan so`zlarni o`qish (bunday so`zlarni bolalarning o`zlari topib o`qishlari mumkin).
4. So`zning boshiga yoki oxiriga bir harf qo`shib, yangi so`z hosil qilib o`qish: ola-lola, osh-bosh, oy-toy, boy, soy, loy; o‘roq-so‘roq; ol- xol, sol; sava-savat; son-oson; ayiq-qayiq; olti-oltin.
5. Tovushni yoki bo`g`inni tushirib qoldirib, yangi so`z hosil qilish va o`qish: anor-nor, gulnor-gul, yelkan-yelka, bog`la-bola.
6. Bo`g`in qo`shib yangi so`z hosil qilish va o`qish: bog`-bog`bon, gul-gulzor, paxta-paxtakor.
Sintez metodidagi bunday ish turlari tovush ustida ishlashni harf ustida ishlash bilan birga qo`shib olib borishni talab qiladi. Bu ish usullari qiziqarli bo`lib, mashg`ulot jarayonini bolalar uchun zavqli, qiziqarli eng muhimi o`quv materialini bolalar tomonidan tez va puxta o`zlashtirilishiga asos bo`ladi. Umuman, savodxonlikka o`rgatish jarayonida analiz-sintez usullari tizimi bolaning faol fikrlashini, bilish mustaqilligini ta’minlaydi, bolalarda kuzatuvchanlikni, ziyraklikni o`stiradi.
Savodxonlikka o`rgatish mashg`ulotlarida o`quv-didaktik vositalar sifatida kesma harflar, kesma bo`g`inlar va harf terish (taxtali, magnitli, interfaol)doska, abak (harakat qiladigan lentali ko`rgazma), videoproyektor (ekrani bilan), multimedia, taqdimot (Power Point), didaktik materiallar(rasm, kartochka, plakat, pazllar) kabi ko`rsatma vositalardan ham foydalaniladi; tovushlarning talaffuzi ustida ishlash uchun, shuningdek, yozib olingan ifodali nutqni (asosan, badiiy asarni) takroriy eshittirish uchun kompyuter video va audio materiallarni qo`llash tavsiya etiladi.