8,9-mavzular. Arxeologik yodgorliklar va ularning tarixni o‘rganishdagi ahamiyati
Reja: Arxeologik davrlashtirish.
Paleolit davri texnologik kashfiyotlari.
Mezolit, neolit va eneolit davri texnologik kashfiyotlari.
Jez va temir davri texnologik kashfiyotlari.
TAYANCHSO'ZLARVAIBORALAR:Arxeologiya, xronologiya paleolit, mezolit, neolit, eneolit, jez, ilk temir, chopping, chopper, bifas, neklues, tosh qurollar, makrolit, mikrolit, va h. K
ANNOTATSIYA: Kishilik jamiyatining moddiy madaniyati evolyutsiyasida paleolit, mezolit, neolit, eneolit, bronza davri, ilk temir davri, antik davr, o'rta asrlar davrlarida qilingan texnologik kashfiyotlar va ularning mohiyatini xarakterlash.
Qurol yasashni bilishi (tosh, suyak, daraxt navdasi). Tiplari. Evolyutsiyasi. Ho'jalik ishlaridagi texnologik kashfiyotlar. Tiplari.
Evolyutsiyasi. Qurilish ishlaridagi texnologik kashfiyotlar va boshqalar.
Tiplari.
Arxeologiyaningtarixfanlarisohasidatutgano‘rni.Bugungi kunda arxeologiyaning tarix fanlari sohasida tutgan o‘rni va ahamiyati borasida turli yondashuvlar mavjud. O‘z vaqtida arxeologiyaga nisbatan qadimgi buyumlar va ularning tarixi haqidagi fan sifatida qaralgan bo‘lsa, bugungi kunda tarix fanlari sohalaridan birimi yoki alohida fanmi mavzusida bahs-munozaralar ketmoqda. Arxeologiyaning tarix fanlari sohasida tutgan o‘rnini aniqlashda, birinchi navbatda, tarix fani tushunchasiga to‘xtalib o‘tish lozim bo‘ladi. Tarix – bu kishilik jamiyati taraqqiyotini uning o‘tmishini tadqiq etish asosida o‘rganadigan fan sohasidir. Tarix, o‘z navbatida, jamiyat haqidagi fan, aniqrog‘i uning tadqiqot obyekti jamiyat hisoblanadi. Tarix fanining predmeti esa o‘tmishdagi kishilik jamiyati taraqqiyoti hisoblanadi. Tarixiy jarayonlarni faqatgina tarixiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan manbalar asosida anglash mumkin. Bu kabi manbalarni arxeologik topilmalar, tarixiy xaritalar, yozma va boshqa manbalar tashkil etadi. Mazkur manbalar ichida ikkita asosiy, ya’ni arxeologik va yozma manbalarni ajratib ko‘rsatish lozim.
Arxeologik qazishmalar natijasida ko‘p sonli topilmalar qo‘lga kiritiladi. Bu topilmalar bazasi tahlili asosida ilmiy xulosalarga kelinadi va tarixiy rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Arxeologiya kishilik jamiyati tarixini moddiy manbalar asosida tadqiq etuvchi tarix fanlari sohasi hisoblanadi. Bu arxeologiyaga berilgan klassik ta’rifdir. Biroq, bugungi kunda zamonaviy axborot texnologiyalari taraqqiy etishi va aniq hamda tabiiy fanlarning yangidan-yangi usullarining kashf etilishi jarayonini kuzatmoqdamiz. Bu yutuqlar esa, o‘z navbatida, arxeologik tadqiqotlar jarayonida keng qo‘llanilmoqda. Buning natijasida arxeologiya asta-sekinlik bilan klassik ko‘rinishdan zamonaviy arxeologiya ko‘rinishiga o‘tmoqda. Bu jihatlarni inobatga olgan holda shuni ta’kidlashimiz lozimki, arxeologiya tarix fanlari sohasi bo‘lishi bilan birga ular o‘rtasida sezilarli farq ham mavjud. Arxeologiya o‘zining tadqiqot usullariga ega va ular takomillashib bormoqda. Arxeolog tadqiqotlar olib borish uchun nafaqat madaniy qatlam yoki yodgorliklar va topilmalar turlari hamda ularning ta’rifini keltirish, balki geofizika, geometriya, ximiya, geografiya va boshqa bir qator fanlardan tayanch bilimlar ham talab etiladi. U yoki bu fanning fanlar sohasida tutgan o‘rni va ahamiyati uning tadqiqot obyekti va predmetiga bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli arxeologiyaning tarix fanlari sohasida tutgan o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatishda uning tadqiqot obyekti va predmeti muammolarini yechish usullari bilan belgilanadi. Fanning tadqiqot obyekti va predmetidan kelib chiqqan holda tadqiqot usullari belgilanadi. Tadqiqot obyekti, predmeti va usullari asosida esa biz arxeologiya tarix fanlari sohalaridan birimi yoki alohida fanmi degan savolga javob berishimiz mumkin bo‘ladi. Nima sababdan tadqiqot obyekti va predmetini o‘rganish muammosi juda muhim? Chunki ular asosida tadqiqotning maqsadi va vazifalari, tadqiqot usullari va hokazolar belgilab olinadi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, arxeologiya kishilik jamiyati tarixini yoritishda moddiy va yozma manbalarga tayanadi. Yozma manbalar ma’lumotlarni matn
ko‘rinishida saqlash, tasvirlash va uzatish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yozma manbalarni o‘rganishda aynan matn tadqiq etiladi. Arxeologik manba esa fizik, morfologik va boshqa xususiyatlarga ega ashyo hisoblanadi. Ushbu jihatlarni hisobga olgan holda arxeologik tadqiqotlarda tabiiy fanlar usullari muhim ahamiyat kasb etadi. Yozuv ixtiro qilingunga qadar bo‘lgan davr tarixini yoritishda biz faqatgina moddiy manbalarga murojaat etamiz. Ma’lumki, tarixning zamonaviylikka asta- sekinlik bilan yaqinlashishi va yozuvning tarqalishi natijasida arxeologik manbalar o‘z ahamiyatini yo‘qota boshlaydi. Arxeologiyaning yozuv kashf etilgunga qadar bo‘lgan davrni o‘rganishdagi o‘rni muhimligidan kelib chiqqan holda bu yerda moddiy manbalarni tadqiq etish jarayonida tabiiy fanlar usullarining ahamiyati kattadir. Insoniyat paydo bo‘lgan davrdan boshlab tabiat bilan muloqotga kirgan va bir-biriga o‘zaro ta’sir ko‘rsatib kelgan. Bundan shunday hulosa qilish mumkinki, tarixiy rekonstruksiyada nafaqat moddiy manbalarga, balki geomuhitga ham tayanish lozim bo‘ladi. Arxeologiyaning tadqiqot predmeti esa ijtimoiy-tarixiy shart- sharoitlar, tarixiy jarayon va moddiy madaniyatlarning rivojlanishi qonuniyatlari bilan ifodalanadi. Umuman olganda, bugungi kunda arxeologiya o‘zining tadqiqot obyekti, predmeti va usullariga ega bo‘lgan tarix fanlari sohalaridan biri hisoblanadi.
2. Arxeologik manba va uning turlari. Arxeologik manbalar arxeologiya sohasidagi fundamental tushunchalardan biri hisoblanadi. Arxeologlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan manbalar to‘rt guruhga ajratiladi.
Arxeologiya ashyosi (artefakt) – ya’ni inson qo‘li bilan yaratilgan yoki ishlov berilgan obyektlar. Artefaktlarga tosh hamda suyakdan ishlangan ov va mehnat qurollari, turli bezak buyumlari, haykaltaroshlik namunalari, hunarmandchilik mahsulotlari va hokazolar kiradi. Bundan tashqari, artefaktlarga ma’lum bir turdagi buyumlarni tayyorlash yoki ularga ishlov berish jarayonida hosil bo‘lgan xom ashyo qoldiqlari ham misol bo‘ladi.
Arxeologik yodgorliklar. Mazkur guruhni turli davrlarga oid bo‘lgan inshootlar, ya’ni g‘or-makonlar, aholi manzilgohlari, diniy inshootlar, ko‘hna shaharlar va hokazolar tashkil etadi. Albatta, ushbu inshootlar bajargan vazifalari, unda istiqomat etgan aholi soni va me’moriy tarhi tuzilishiga ko‘ra alohida guruhlarga ajratiladi. Masalan: O‘tgan asrning 70-yillari o‘rtalarida amalga oshirilgan arxeologik izlanishlar natijasida arxeolog olim E.V. Rtveladze tomonidan Baqtriya, xususan, uning shimoli-g‘arbiy qismi qadimgi davr yodgorliklari to‘rt guruhga ajratilgan.
guruh. Eng qadimgi shaharlar sirasiga kiritilgan yirik shaharlar.
guruh. Yarim qishloq va yarim shahar ko‘rinishidagi yodgorliklar.
guruh. Qishloq tipidagi yodgorliklar. 4-guruh. Tog‘li qishloqlar.
Mazkur guruhlar E.V. Rtveladze tomonidan, o‘z navbatida, alohida tiplarga ajratilgan.
tip. Katta maydonli arki-a’lo joylashgan va mudofaa istehkomi bilan muhofazalangan shaharlar (masalan: Tarmita-Termiz).
tip. Ko‘p sonli qishloqlar va boshqa turdagi inshootlarni o‘z ichiga olgan hamda arki-a’loli. Maydoni esa yagona mudofaa istehkomlari bilan muhofazalanmagan shaharlar.
tip. Bu tipdagi shahar-yodgorliklarni 2 ta asosiy ko‘rinishga ajratish mumkin. Birinchi variant. Umumiy maydoni 10 gektardan 30 gektargacha bo‘lgan shaharlar. Tarhi to‘g‘riburchak yoki to‘rtburchak shakldagi mudofaa istehkomlari va xandak- g‘ov bilan muhofazalangan hamda arki-a’loga ega bo‘lib, maydoni o‘rtacha kattalikdagi shaharlar. Mazkur guruhga Dalvarzintepa va Zartepa kabi shaharlarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Ikkinchi variant. Tarhi to‘g‘riburchak yoki ko‘p burchakli ko‘rinishda, umumiy maydoni 5 gektardan 10 gektargacha bo‘lgan hamda bir burchagida yoki undan alohida joylashgan arki-a’loga ega, shuningdek mustahkam mudofaa inshootlari bilan himoyalangan yodgorliklar. Mudofaa devorlari burjlar bilan mustahkamlangan. Markur variantga Hayitobodtepa, Jondavlattepa, Beshkapa va Degriztepa kabi yodgorliklarni kiritishimiz mumkin.
tip. Umumiy maydoni 1 gektardan 3 gektargacha bo‘lgan shaharlar. Bular tarhi asosan to‘g‘rito‘rtburchak yoki to‘g‘riburchak shaklida bo‘lib, ularning ma’lum burchagida arki-a’lo joylashgan. Burjlarga ega istehkomlar bilan muhofazalangan. Asosiy qismdan tashqarida tashqi shahar singari inshootlar mavjud. Bu turdagi inshootlar Shimoli-g‘arbiy Baqtriya hududida juda keng tarqalgan. Ularga Oqtepa, Ismoiltepa, Karvontushdi, Bobotepa, Hayrabodtepa kabilarni kiritishimiz mumkin.
Yarim shahar va yarim qishloq turkumidagi yodgorliklar tuzilishi va xususiyatlari bilan birinchi va uchinchi turdagi inshootlardan farq qiladi. Ularda arki-a’lo va mudofaa istehkomlari mavjud emas. Umumiy maydoni bir necha gektar maydonni tashkil etadi. Ushbu turdagi inshootlarga Xotinrabod, Kultepa, Oqtepa va Ayritomlarni misol qilib keltirishimiz mumkin.
Qishloqlar esa, o‘z navbatida, uchta tipga ajratilgan.
Birinchi tip. Umumiy maydoni 1 gektardan ortiqroq bo‘lib, tarhi to‘g‘riburchak shaklida, ba’zan arki-a’losi bor qishloqlar. Mazkur tipga Sherabod vohasidagi Oqtepa, Sho‘rchi tumanidagi Eshonbobo kabi yodgorliklarni kiritishimiz mumkin.
Ikkinchi tipni esa arki-a’lo va mudofaa devorlariga ega bo‘lmagan qishloqlar tashkil etadi. Ularning umumiy maydoni 1 gektar atrofida. Bu turdagi yodgorliklarning ma’lum bir burchagida ko‘shk joylashgan. Ushbu tipga Botirobodtepa, Do‘mbiraobodtepa kabilarni misol qilib keltirishimiz mumkin.
Uchinchi tip. Qishloq joylardagi hovlilar. Ular alohida joylashgan bo‘lib, maydoni 0,2 – 0,3 gektarni tashkil etadi.
Tog‘li qishloqlar. Bu turdagi yodgorliklar ko‘pburchakli ko‘rinishga ega bo‘lib, tog‘ yonbag‘irlari yoki tog‘li joylarda joylashgan. Ularga Ko‘hitang tog‘larida joylashgan Maydonqo‘rg‘on va Hisor tog‘laridagi Sina kabi yodgorliklarni misol qilib keltirishimiz mumkin.
XX asrning 70-yillarida Shimoli-g‘arbiy Baqtriyaning qadimgi davr yodgorliklarini tiplarga ajratish arxeolog olim V.M. Masson tomonidan ham amalga oshirilgan. V.M. Masson G‘arbiy Yevropa va Amerika olimlarining Mesopotamiya yodgorliklarini tiplarga ajratish borasidagi natijalariga tayanib Baqtriyaning qadimgi davr yodgorliklarini tiplarga bo‘lgan. V.M. Masson tadqiqotlari uchun yodgorliklarning umumiy maydonini asosiy ko‘rsatkich sifatida belgilab olgan. Olimning izlanishlari natijasiga ko‘ra, Shimoliy Baqtriyaning shahar va qishloqlari o‘rtasidagi chegara 5
gektarni tashkil etgan. Umumiy maydoni 5 gektardan ortiq yodgorliklar shahar va undan kam bo‘lganlari esa qishloqlar guruhiga kiritilgan.
Arxeolog olim Sh.R. Pidayev ham Shimoliy Baqtriyaning qishloqlar yodgorliklariga bag‘ishlangan asarida ham ayni shu usulda yondashgan.
E.V. Rtveladze, V.M. Masson, Sh.R. Pidayev kabi arxeolog olimlarning tadqiqotlari tufayli Shimoli-g‘arbiy Baqtriyaning qadimgi davr shaharlarini tiplarga, ya’ni shaharlar, shaharchalar, shahar turkumidagi qishloqlar, qishloqlar, diniy inshootlarga ajratish shu tariqa shakllandi va keyinchalik ushbu usul Shimoli-g‘arbiy Baqtriyaning ilk temir davri yodgorliklarini tasniflashga A.S. Sagdullayev, Sh.B. Shaydullayev tomonidan qo‘llanilgan bo‘lsa, Toxaristonning mil. V-VIII asrlar yodgorliklarini tasniflashda B.A. Litvinskiy, V.S. Solovyov va T.J. Annayevlar tomonidan davom ettirilgan.
Biologik qoldiqlar. Ushbu guruhni hayvon suyaklari, chig‘anoqlar, o‘simliklar gulchanglari, kuygan don boshoqlari, yog‘ochlar va hokazolar tashkil etadi. Agarda ushbu biologik qoldiqlarga inson tomonidan ishlov berilgan va biror bir buyumga aylantirilgan bo‘lsa, u holda ular biologik qoldiqlar hisoblanmaydi. Masalan: hayvon suyaklaridan yasalgan turli bezak buyumlari yoki ov va mehnat qurollari. Biologik qoldiqlarni ham uch asosiy guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruhni ovqat qoldiqlari tashkil etadi. Masalan: bronza davriga oid bo‘lgan Sopolli madaniyatini tashkil etuvchi yodgorliklarda amalga oshirilgan qazishmalar natijasida qabrlardan marhumlar bilan birga ularga tegishli bo‘lgan kuzatuv buyumlari ichidan ovqat solingan sopol idishlar namunalari ham qayd etilgan. Ikkinchi guruhni biologik xom ashyodan biror buyumni tayyorlash jarayonida hosil bo‘lgan biologik, aniqrog‘i xom ashyo qoldiqlari. Masalan: hayvon suyaklaridan bezak buyumlari yoki ov va mehnat qurollarini tayyorlash jarayonida ulardan hosil bo‘lgan qoldiq, ya’ni chiqindilar. Navbatdagi guruhni esa ekofaktlar namunalari tashkil etadi. Mazkur guruhga inson tomonidan ishlov berilmagan, balki u yashagan hududda tabiiy ravishda saqlanib qolgan manbalar tashkil etadi. Masalan: qadimgi o‘simliklar gulchanglari, chig‘anoqlar va hokazolar.
Yodgorlik hududida mavjud tuproq, tosh va boshqa geologik qatlamlar namunalari. Ular orasida ekofaktlar mavjud bo‘lib, ularning tabiiy muhiti va shakllanishi tarixi haqida ma’lumot olish mumkin bo‘ladi. Qatlamlardan olingan namunalarda qazishmalar jarayonida qo‘lga kiritish imkonsiz bo‘lgan biologik qoldiqlar va artefaktlarni kuzatish mumkin. Shu sababli arxeologik qazishmalarda qatlamlardan laboratoriyalarda ilmiy tekshiruvlar uchun namunalar olish amaliyoti mavjud. 3. Arxeologik yodgorliklar va ularning turlari. Arxeologik yodgorliklar turlicha ko‘rinishda bo‘lib, ularning tasniflashda ham ma’lum bir qiyinchiliklar yuzaga keladi. An’anaviy yondashuvga ko‘ra, yodgorliklar ikkita asosiy guruh, ya’ni aholi manzilgohlari va qabristonlarga ajratiladi. Yodgorliklarning katta qismi ayni shu ikki guruhga oid bo‘lib, qolgan yodgorliklar esa diniy inshootlar, hunarmandchilik ustaxonalari va boshqalarga oid. Mazkur turdagi inshootlar aholi manzilgohlari hududida yoki tashqarisida joylashgan bo‘lishi mumkin.
Tosh davriga oid yodgorliklar asosan ochiq va yopiq turdagi yodgorliklar guruhini tashkil etadi. Ushbu davrda ibtidoiy ajdodlar flora va faunasi boy bo‘lgan, tabiiy
muhofaza ega va suv manbai yaqinida joylashgan g‘orlardan panohgoh sifatida foydalanishgan. G‘orlar mavjud bo‘lmagan hududlarda esa ochiq turdagi makonlar yoki ustiga va yon tomonlariga hayvon suyaklari terilib, uning ustidan esa hayvon terisi yopilgan yerto‘la, yarim yerto‘la yoki chayla shaklidagi panohgohlar barpo etishgan. O‘rta Osiyo hududidan ham tosh davriga oid ko‘p sonli yodgorliklar aniqlangan. Ular sirasiga quyidagi yodgorliklarni kiritishimiz mumkin.
Selungur makoni. Oloy tog‘ tizmasining So‘x daryo vohasi, Chashma qishlog‘i yaqinida, dengiz sathidan 2000 metr balandlikda joylashgan tosh davri g‘or-makoni hisoblanadi. G‘or-makon qalinligi 8,5 metrni tashkil etib, unda beshta madaniy qatlam aniqlangan. Makondan 5 mingga yaqin tosh qurollar, tosh qurollar tayyorlash jarayonida hosil bo‘lgan tosh chiqindilari, ibtidoiy ajdodlar hamda yovvoyi hayvonlar suyaklari qoldiqlari aniqlangan.
Ko‘lbuloq g‘or-makoni. Mazkur g‘or-makon Toshkent viloyati Angren shahridan 5- 6 km masofa uzoqlikda, Qizil olma soyining chap sohilidagi shu nomdagi buloq yonida joylashgan. Ushbu g‘or-makon qalinligi 19 metrdan iborat bo‘lib, 49 ta madaniy qatlam aniqlangan. Bu yerda kam sonli tosh qurollar va hayvon suyaklari topilgan. Shuningdek, Yaqin va O‘rta Sharq hududida keng tarqalgan obsidiandan ishlangan yagona tosh qurol namunasi ham qayd etilgan.
Janubiy Qozog‘istonning Takali joy-makonlari. Mazkur makonlar majmuasi Qoratog‘ tizmasi yonbag‘ridagi Takali degan joyda joylashgan. Mazkur joy-makonlar majmuasidan 300 dan ortiq tosh qurollar namunalari qayd etilgan. Kichik Qoratog‘ning janubi-g‘arbiy tomonidagi qiyalikda esa Bo‘riqazigan va Tanirqazigan joy makonlari joylashgan. Ushbu makonlar majmuasidan chaqmoqtoshdan ishlangan qo‘l chopqilari, uchrindilar va har xil shakldagi nukleus tosh qurollari topilgan.
Teshiktosh g‘or-makoni. Mazkur tosh davri yodgorligi Boysun tog‘ining janubiy yonbag‘rida, dengiz sathidan 1500 metr balandlikda joylashgan. Teshiktosh makonining madaniy qatlami qalinligi 1,5 metrni tashkil etib, unda beshta madaniy qatlam aniqlangan. Ushbu madaniy qatlamlardan neandertal bola tana suyaklari, 3000 ga yaqin tosh qurollar va hayvon suyaklari namunalari topilgan.
Yevropaning tosh davri mashhur g‘or-makonlari sirasiga Ispaniyadagi Altamir va Fransiyadagi Lasko yodgorliklarini kiritishimiz mumkin.
Altamir g‘or-makoni Ispaniyaning shimolidagi Kantabriya provinsiyasi hududidagi Santilyana-del-Marda joylashgan. G‘or-makonning uzunligi 270 metrni tashkil etib, bir nechta bo‘limlardan iborat. Eng katta bo‘limning uzunligi 18 metr va balandligi esa 2-6 metrni tashkil etadi. Tadqiqotlar natijasida g‘or devorlaridan ko‘p sonli yovvoyi hayvonlar tasvirlari aniqlangan.
Lasko g‘or-makoni Fransiyaning Dordonna departamenti hududida, Perigyo shahridan janubi-sharqiy tarafda, 40 kmlar chamasi masofa uzoqlikda joylashgan. G‘or-makonning o‘lchamlari katta emas va bir nechta bo‘limlardan tashkil topgan. Bo‘limlarning umumiy uzunligi 250 metr va balandligi esa o‘rtacha 30 metrni tashkil etgan. Mazkur g‘or-makon devorlaridan ham yovvoyi hayvonlar, odamlar va ov marosimi jarayoni tasvirlari aniqlangan.
Mezolit davri Mochay g‘or-makoni. Ushbu yodgorlik Hisor tog‘ tizmasining tarmoqlaridan biri – Ketmonchopti tog‘ining janubiy yonbag‘rida, Machay
daryosining o‘ng sohilidagi Yuqori va O‘rta Machay qishloqlari oralig‘ida joylashgan. U daryo sathidan 70 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, kirish qismi janub tomonga qaragan. Kengligi 20 metr, chuqurligi 11 metr va balandligi esa 3,5-5 metrni tashkil etadi. Mochay g‘ori ko‘p qatlamli yodgorlik bo‘lib, toshdan yasalgan 800 dan ortiq buyumlar va qurollar qayd etilgan. Aholi manzilgohlari keng tushuncha bo‘lib, davriy sanasi, vazifasi va me’moriy tarhi tuzilishiga ko‘ra ma’lum bir guruhlarga ajratiladi. Ular sirasiga qishloqlar, shahar turkumidagi qishloqlar, shaharlar, harbiy istehkom-qal’alar, diniy inshootlar-ibodatxonalar, qo‘rg‘onlar va boshqalarni kiritishimiz mumkin. Neolit davriga kelib tog‘li hududlarda toshlardan, tekistliklarda esa loy xom ashyosidan yasalgan guvala yoki quritilgan g‘ishtlardan, o‘rmon hududlarda yog‘och konstruksiyalardan barpo etilgan yerto‘la yoki yarim yerto‘la va cho‘l zonalarida esa loy va qamishlardan iborat chayla shaklidagi aholi manzilgohlari paydo bo‘ladi. Masalan: Yaqin Sharqda joylashgan Iyerixon madaniyatiga oid Tell as-Sulton (Sulton tepaligi) manzilgohi. Shuningdek, mazkur yodgorlik Tel Iyerixon yoki Qadimgi Iyerixon nomlari bilan yuritiladi. Ushbu yodgorlik Iyerixon markazidan shimoliy tarafda, taxminan 2 km masofa uzoqlikda joylashgan. Eng qadimgi manzilgoh hisoblangan Sulton tepaligi umumiy maydoni 40 000 kvadrat metrni tashkil etadi. Turar joylar aylanasimon shaklda bo‘lib, quyoshda quritilgan loy va somonli loy g‘ishtlardan barpo etilgan va rejali tarhga ega emas. Uylar devorlari loy suvoq qilingan. Har bir aholi turar joylari kengligi 5 metrni tashkil etib, uy ichida va tashqarisida o‘choqlar mavjud bo‘lgan. Manzilgoh yirik tosh devorlari bilan muhofazalangan bo‘lib, balandligi 3,6 metr va kengligi esa 1,8 metrni tashkil etgan. Mazkur arxeologik madaniyatning ikkinchi bosqichida esa manzilgoh to‘g‘riburchakli inshootlardan tashkil topgan bo‘lib, inshootlar tosh asos ustida barpo etilgan xom g‘ishtlardan barpo etilgan. Inshootlar xonalari o‘lchamlari 6,5x4; 7x3 metrni tashkil etadi. Aholi turar joylari markazida hovli joylashgan bo‘lgan. Marhumlar esa turar joylar poli ostiga yoki tashlab ketilgan turar joylarda kuzatuv buyumlari bilan birga dafn etilgan.
Mil. avv. III ming yillikning ikkinchi yarmida zamonaviy Afg‘oniston, Pokiston va qisman Hindiston hududida o‘troq dehqonchilik madaniyati, ya’ni Xarappa sivilizatsiyasiga asos solinadi. Mazkur madaniyatga oid ko‘p sonli aholi manzilgohlari aniqlangan bo‘lib, ularning eng yirik markazlari Rakxigarxi (350 gektar), Moxendjo-Daro (300 gektar), Xarappa (150 gektar), Lotxal (60 gektar) va Dxolavira (47 gektar) hisoblanadi. Markaziy shahri Moxendjo-Daro (marhumlar tepaligi)ning madaniy qatlami qalinligi 20 metrni tashkil etadi. Mazkur yodgorlik ikki qismdan, ya’ni to‘g‘rito‘rtburchak tarhiga ega sitadel va quyi shahardan tashkil topgan. Har ikkala qism devorlar bilan muhofazalangan. Ark qismda ko‘p sonli ustunlarga ega katta inshoot va diniy marosimlarda poklanish uchun mo‘ljallangan hovuz joylashgan. Shuningdek, arkda majlislar zali, bilim yurti, hammom, don saqlash uchun mo‘ljallangan omborxona va aholi turar joylari mavjud bo‘lgan. Mahallalarni ko‘chalar bilan ajratib turgan va ko‘chalar tagidan esa sopol quvurlar o‘tkazilgan bo‘lgan. Quyi shahar aholi boy qatlami turar joylari mavjud bo‘lib, murakkab suv ta’minoti tizimi va kanalizatsiya uchun sopol quvurlar izlari kuzatilgan.
Bronza davrining so‘nggi bosqichida O‘rta Osiyoda ilk shahar madaniyati, ya’ni shahar turkumidagi qishloq Jarqo‘ton yodgorligi shakllanadi. Mazkur yodgorlik Surxondaryo viloyatining Sherabod tumani Bo‘stonsoy etaklarida joylashgan. Umumiy maydoni 100 gektardan oshiqroq bo‘lib, ark, shahar va qabriston qismdan iborat bo‘lgan. Ark qismi maydoni 3 gni tashkil etgan bo‘lib, yodgorlikning shimoli- g‘arbiy qismida joylashgan. Qalinligi 1,5 metr bo‘lgan mudofaa devori bilan o‘ralgan. Devorlar esa, o‘z navbatida, xom g‘ishtlardan barpo etilgan. Ark hududida saroy va aholi turar joylari mavjud bo‘lgan. Saroy o‘ziga xos monumental inshoot bo‘lib, markazida hovli joylashgan yo‘laklar, ularning atrofida esa yo‘laklar bilan kirish qismi orqali bog‘langan xonalar joylashgan bo‘lgan. Asosiy kirish qismi inshootning g‘arbiy qismi markazida bo‘lib, o‘z navbatida, uning yon tomonlarida minoralar mavjud bo‘lgan. Ibodatxona qism tarhi to‘g‘rito‘rtburchak shaklida bo‘lib, o‘lchamlari taxminan 60x44,5 metrni tashkil etgan. Shuningdek, yodgorlik hududidan turar joylar va xo‘jalik qismdan iborat ko‘pxonali uylar, qabriston qismidan esa bronza (jez) davriga oid 2000 dan ortiq qabrlar qazib ochilgan.
Tarixiy o‘lka Baqtriya hududida amalga oshirilgan tadqiqotlar natijasida Sherabod, Boysun, Surxon, Kofirnixon, Vaxsh, Panj, Qizilsuv, Dashtli, Furukobod, Oltin-Dilyor va Naibobod dehqonchilik o‘lkalarida joylashgan Qadimgi Baqtriya madaniyatiga oid bir nechta yodgorliklar o‘rganilgan. Qadimgi Baqtriya madaniyati yodgorliklarini quyidagi tiplarga ajratish mumkin:
Shaharlar. Ular har bir dehqonchilik o‘lkasida bittadan joylashgan bo‘lib, ikki qismdan (ark va shahardan) iborat. Umumiy maydoni 22 gektargacha yetadi. Ark va shahar qism mudofaa devorlari bilan muhofaza qilingan (Qiziltepa, Hayitobodtepa, Jondavlattepa va boshqalar). Mudofaa devorlar 6-8 metr qalinlikda bo‘lib, Hayitobodtepada mudofaa devorining sahn ustida qurilganligi kuzatilgan. Hamma mudofaa devorlar burjlar bilan mustahkamlangan. Huddi shu davrda Baqtriyada mudofaa devorlar va burjlarga shinaklar o‘rnatish boshlangan. Shinaklar to‘g‘rito‘rtburchak shaklga ega.
Arkli qishloqlar. Shu toifadagi qishloqlarning faqat ark qismi mudofa devorlari bilan o‘ralganligi bilan xarakterlanadi (Kuchuktepa).
Arksiz qishloqlar. Tarqoq holda joylashgan tepaliklar majmuasidan iborat bo‘lgan yodgorliklar (Bandixon II yodgorligi atrofida joylashgan yodgorliklar majmuasi).
Harbiy istehkomlar. Doira va kvadrat shaklida qurilgan qal’alar. Ushbu tipga oid yodgorliklar kuchli mudofaalanganligi va harbiy xarakterga egaligi bilan ifodalanadi. (Talashqontepa I, Bandixon I, II). Qal’aning ichki qismi ochiq hovlidan iborat bo‘lib, yashash uylari faqat mudofaa devorlari bo‘ylab qurilganligi kuzatilgan.
Qo‘rg‘onlar. Shaharlar va qishloqlar atrofida joylashgan kichik yodgorliklar (Qizilcha I, VI).
Aholi manzilgohlari hududida yoki tashqarisida joylashgan ustaxonalar sirasiga masalan: Xo‘ja Gulsuyar – Burgutlar makoni yodgorligi kiritishimiz mumkin. Tarmita-Termizning Kushon podsholigi davri inshootlarining qurilishi va
bezatilishida qo‘llanilgan toshtaroshlik namunalari Termizdan 30 kilometr masofa uzoqlikda, Oks-Amudaryo bo‘ylab joylashgan Xo‘ja Gulsuyar mavzeidan qazib olingan. Kushon podsholigi davriga oid ushbu yodgorlik bu davrda oqtoshni qayta ishlaydigan ustaxona vazifasini o‘tagan.
Aholi manzilgohlari hududida yoki tashqarisida joylashgan diniy inshootlar sirasiga, shuningdek, Surxondaryo viloyati Eski Termiz yodgorligidan shimoli-sharqiy tarafda joylashgan Zo‘rmola yodgorligini kiritishimiz mumkin. Mazkur yodgorlik buddaviylik stupasi, ya’ni diniy inshoot hisoblanadi. Yodgorlik o‘lchamlari 32- 33x32-33x12 sm bo‘lgan xom g‘ishtlardan barpo etilgan inshoot. Inshoot tana qismi xom g‘ishtlardan qurilgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi, o‘lchamlari 22x16 m va balandligi 1,40 m bo‘lgan asos-sahn ustida barpo etilgan. Sahn ustida esa yodgorlikning balandligi 13 m va diametri 14,50 m bo‘lgan silindrsimon tana qismi joylashgan. Stupaning poydevor qismi oqtoshdan ishlangan blok va plitalar bilan qoplangan bo‘lgan. Tadqiqotchining fikriga ko‘ra, XI-XII asrlarga oid termizshohlar saroyi poydevorida topilgan buddaviylikning jataka (jātaka – “tug‘ilgan”, Buddaning turli siymolarda yerda kechirgan ibratli hayoti haqidagi qadimgi hind masallari to‘plami. Mazkur to‘plam taxminan 547 ta masallarni o‘z ichiga olgan) mavzularidan biriga oid bo‘lgan tosh gorelyef Zo‘rmola stupasini bezatishda qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin. Yon-atrofdan aniqlangan topilmalarga ko‘ra, stupaning yuqori qismi qizil rangdagi pishiq g‘ishtlar bilan qoplanganlini aniqlangan. Janubiy qismida unga olib boruvchi zinalar joylashgan, yuqori qismida esa muqaddas buyumlar yoki xarmika (“xarmika” - sanskritcha “xarmya” - “qoya”, “saroy”, “qala” so‘zidan kelib chiqqan. Xarmika stupaning yuqori qismida o‘rnatilgan oqtoshdan ishlangan konstruksiya bo‘lib, unda buddaviylik ta’limotining asoschisi xoki yoki unga tegishli muqaddas hisoblangan buyumlar saqlangan) o‘rnatilgan ichki konstruksiya mavjud bo‘lgan deb taxmin qilingan.
Mahobatli Zo‘rmola stupasi G.A. Pugachenkovaning fikriga ko‘ra, parinirvana ramzini ifodalaydi. Zo‘rmola stupasi buddaviylikdagi 8 ta stupadan biri bo‘lgan Parinirvana stupasi guruhiga oiddir.
Bundan tashqari, XX asrning 90-yillaridan boshlab o‘zbek-fransuz ekspeditsiyasi tomonidan Eski Termiz qal’asi hududida tizimli ravishda arxeologik tadqiqot ishlari olib borilishi natijasida qal’adan shimoli-g‘arbiy tarafda joylashgan bandargoh hamda qal’a vazifasini bajargan Chingiztepa yodgorligi o‘rganiladi. Mazkur yodgorlik qal’a, shuningdek, turli davrga oid A va B, ya’ni saroy hamda shahar ichida joylashgan buddaviylik ibodatxonasi qismlaridan iborat inshootlar majmuasidan tashkil topganligi qayd etiladi. Shuningdek, bunday turdagi yodgorliklarga Tarmita-Termiz hududida joylashgan Qoratepa, Fayoztepa hamda Muhammad Hakim Termiziy maqbarasi yaqinida joylashgan buddaviylik xarakteridagi g‘orsimon inshootlar majmuasini ham keltirib o‘tishimiz mumkin.