O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim, fan



Yüklə 3,37 Mb.
səhifə16/74
tarix07.01.2024
ölçüsü3,37 Mb.
#205016
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   74
Arxeologiyaga kirish O\'UM

Termolyuminissensiya va arxeomagnetizm usullari. Dastlabki termolyuminissensiya izlanishlari 1664 yilda Robert Boyl tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlarda tilga olingan. Zamonaviy fanda termolyuminissensiyaning davrlashtirishda qo‘llanilishi 1953 yilda Ferington Deniyels tadqiqotlarida bayon etilgan. Mazkur usul XX asrning 60-yillaridan amaliyotda qo‘llanilishi boshlangan. Termolyuminissensiya kelib chiqishi yoki tarkibida mineral bo‘lgan topilmalar namunalarini qizitish natijasida tarqaladigan energiyani o‘lchash asosida davriy sanani aniqlashning fizik usuli hisoblanadi. Mazkur usul asosan sopol buyum topilmalari uchun qo‘llaniladi. Sopol buyumlar uchun mo‘ljallangan xom ashyo tarkibi turli tog‘ jinslaridan iborat bo‘lib, ularda kristall panjaralar mavjud bo‘ladi. Bu mikrodefektlar sopol buyumlarni pishirish jarayonida “o‘chib ketadi”. Natijada ushbu usul vositasida sopol buyumlarni pishirish jarayonidan toki hozirga qadar bo‘lgan davriy sanani aniqlash imkoniyati vujudga keladi. Arxeomagnetizm geomagnetizm bo‘limi hisoblanib, davrlashtirishning ushbu usuli fransuz geofiziklari Ye va O. Telelar tomonidan kashf etilgan. Arxeologik topilmalarning magnit davrlashtirish usuli namunalarni qizitish jarayonida tog‘ jinslarining magnit maydon kattaligi va yo‘nalishi haqida saqlangan axborotlarni tadqiq etishga asoslangan. Mazkur usul uchun asosiy namunalar loy xom ashyosidan tayyorlangan va olovda pishirilgan topilmalar hisoblanadi. Bu topilmalar esa, o‘z navbatida, o‘choqlar, kulolchilik xumdonlari va boshqa obyektlarni barpo etishda foydalanilgan.

  • Arxeozoologiya va arxeobotanika (paleoetnobotanika) usullari. Arxeozoologiya ilmiy yo‘nalish bo‘lib, hayvonlarning qadimiy yashash muhiti va inson xo‘jalik faoliyati o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni tadqiq etish bilan shug‘ullanadi. Bu jihatdan u, o‘z navbatida, qazishmalarda aniqlanadigan hayvon va o‘simliklar qoldiqlarini o‘rganish bilan shug‘ullanadigan paleoantologiyadan keskin farq qiladi. Mazkur yo‘nalish arxeologiya va zoologiya asosida kelib chiqqan bo‘lib, zooarxeologiya (hayvonot dunyosi arxeologiyasi), paleozoologiya (hayvonot dunyosi tarixi) va osteoarxeologiya (umurtqalilar tarixi) yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan. Fauna qoldiqlari arxeologik obyektlarda amalga oshirilgan qazishmalar jarayonida aniqlanadi. Masalan: hayvon suyaklari, tishlari va terilari, chig‘anoq qoldiqlari va hokazolar. Ushbu yo‘nalishga 1861 yilda Lyudvig Ryutimeyer va German Xrist tomonidan asos solingan. O‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab arxeozoologiya taraqqiy etgan. Arxeozoologlar tomonidan arxeologik qazishmalar jarayonida aniqlangan fauna qoldiqlarining makroskopik, mikroskopik va molekular ko‘rsatkichlari o‘rganiladi. Shu asosda insoniyat va uni o‘rab turgan fauna qanday mavjud bo‘lganligi, hayvonlarning qo‘lga o‘rgatilishi jarayoni qanday kechganligi, ma’lum bir davr hayvonlarining qirilib ketilishi sabablari va boshqa masalalarni tadqiq etish imkoniyatiga ega bo‘linadi.



    Arxeobotanika (paleoetnobotanika) yo‘nalish arxeologiya va botanika sohalari hamkorligida yaratilgan bo‘lib, insoniyatning hayoti faoliyatida o‘simliklarning o‘rni hamda ahamiyatini tadqiq etish bilan shug‘ullanadi. Insoniyat ozuqasida o‘simliklar yetakchi o‘ringga ega va arxeobotanikaning tadqiqot obyekti ham madaniy qatlamlardan aniqlangan o‘simliklar qoldiqlari hisoblanadi. Arxeobotanika manbalariga meva va urug‘lar, chang va sporalar, yog‘och qoldiqlari va boshqa topilmalarni keltirib o‘tishimiz mumkin. Mazkur yo‘nalishga oid dastlabki tadqiqotlar 1826 yilda S. Kuns va 1866 yilda G. Osvald tomonidan amalga oshirilgan. Dastlabki arxeobotanik tadqiqotlar madaniylashtirilgan o‘simliklarning kelib chiqishi, yer yuzining turli qismlarida dehqonchilikga asos solinishi va taraqqiyoti masalalarini tadqiq etish bilan chegaralangan bo‘lsa, keyinchalik tadqiqot doirasi kengayib insoniyat va o‘simlik dunyosining o‘zaro ta’siri masalalarini o‘z ichiga olgan. MDH davlatlarida XX asrning 60-80-yillaridan boshlab arxeobotanik tadqiqotlar amalga oshirilgan. Bugungi kunda Vatanimiz hududida amalga oshirilgan arxeologik qazishmalar jarayonida ham arxeobotanika (paleoetnobotanika) usuli keng qo‘llanilmoqda. Masalan: Xitoy Fanlar akademiyasining Paleontologiya va umurtqali hayvonlarning paleoantropologiyasi instituti, Madaniy meros kolleji va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti mutaxassislari tomonidan Amudaryoning shimoliy qirg‘og‘ida joylashgan bronza davridan boshlab arab istilosiga qadar bo‘lgan davrga oid 11 ta obyektda amalga oshirilgan qazishma ishlari jarayonida guruch qoldiqlarini topishga muvaffaq bo‘lishgan. Radiouglerod tahlili natijalariga ko‘ra, topilma miloddan avvalgi 236-194 yillarga to‘g‘ri kelgan va bu sana yer yuzida guruch yetishtirishning ilk boshlang‘ich davriga to‘g‘ri kelishi qayd etilgan. Mutaxassislarning fikricha, arxeologik topilmalar ushbu zaminda turli va murakkab
    qishloq xo‘jaligi tizimi shakllanganidan darak beradi. Bu yerda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari butun Osiyo bo‘ylab keng tarqalgan.
    Ekspeditsiya a’zosi L. Syaotsyanning ta’kidlashicha, “Arxeobotanika, mahalliy arxeologik hujjatlar va qazilma yodgorliklarning sanalarini aniqlash usullari bilan solishtirish orqali G‘arbiy Osiyoda guruchning tarqalishi hamda Buyuk Ipak yo‘li bo‘yidagi Sharq va G‘arb sivilizatsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro almashinuvga oid isbot- dalillarga ega bo‘lingan. “Masalan, Xolchayon guruchi “yapon” guruchi nomi bilan tanilgan navga mos keladi va arxeologik qazilmalar paytida topilgan o‘sha davrdagi sholi ekini qoldiqlariga o‘xshaydi. Ushbu guruchning tarqalish miqyosi Janubiy Xitoy va Shimoli-g‘arbiy Hindistonda kuzatiladi. Ushbu taxminlar Markaziy Osiyo guruchlari Janubiy Osiyodan tarqalganidan darak beradi”. Shuningdek, Janubiy Himolay tog‘lari bo‘ylab yo‘nalishlarda ilk qishloq xo‘jaligi ekinlarini almashinuv jarayoni, g‘allaning G‘arbga tomon tarqalishi va Sharq aholisining taomnomasidagi ushbu asosiy oziq-ovqat mahsuloti xususiyatlari haqida bilimlarni yanada chuqurlashtirishga imkon beradi.
    Xulosa sifatida shuni ta’kidlashimiz mumkinki, zamonaviy arxeologiyada tabiiy fanlar usullarini qo‘llash imkoniyatlari keng. Bugungi kunda mazkur tadqiqot usullarini qo‘llash asosida arxeologiyada mavjud ma’lum bir muammolarni yechish imkoni vujudga kelmoqda. Ular sirasiga, davrlashtirish masalalari, ishlatilgan xom ashyo turlari, tarkibi va tayyorlash texnologiyasi, dehqonchilik, chorvachilik, o‘simliklarning madaniylashtirilishi va tarqalishi areali, qadimgi landshaft va hokazolar.

    Yüklə 3,37 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
  • 1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   74




    Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
    rəhbərliyinə müraciət

    gir | qeydiyyatdan keç
        Ana səhifə


    yükləyin